ALLOHGA MAKONNI NISBAT BERISh
Savol: Assalomu alaykum qori aka. Alloh din yo‘lida qilayotgan xizmatlaringizni qabul qilsin! Bir iltimosim bor edi. Allohga makonni tayin qilish masalasida batafsil ma’lumot bersangiz. Oldindan rahmat!
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim. Nodon va johillar vasflagan barcha aybu nuqsonlardan pok bo‘lgan olamlar Rabbi Allohga hamdu sanolar bo‘lsin!Alloh haqida tafakkur qilishga chaqirib, zoti haqida o‘ylashdan qaytargan suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga Allohning salotu salomlari bo‘lsin! Barcha ishlarimizda ergashsak ayni hidoyatda bo‘lishimiz kafolatlangan sahobalar va ahli baytddan Allohning o‘zi rozi bo‘lsin!
Aslida bu savol va taklifning kelib chiqish manbasi haqida ikki og‘iz gapirib keyin savolga javob berishga o‘tsak maqsadga muvofiq bo‘lar edi. 2013 yil sog‘ligimni tiklash maqsadida chet elda jarrohlik amaliyotida bo‘lib qaytdim. Chet elda davolanib yurgan kezlarimda, xodimlarimizdan biri mening nomimdan "Alloh osmonda" nomli maqolani rasmiy saytimizda chop qilgan ekan. Mana shu maqoladan so‘ng, menga aynan ushbu mavzuda murojaat qiladiganlar ko‘payib qoldi.
Quyida yozadigan ma’lumotlar Allohga makonni tayin qilish masalasida mening shaxsiy fikr va qarashlarim bo‘lib, bu borada mening nomimdan yozilgan yoki qayerlardadir aytilgan so‘zlarga barham beradi degan umiddaman.
Ahli Sunna val-Jamoa e’tiqodida Allohga makonni nisbat berish joiz emas. Bu haqda e’tiqodimiz qoidalarining asoschisi Imom Moturidiy rahmatullohi alayh o‘zlarining "Tavhid" kitoblarida shunday deydilar:
"Allohni makon ila vasflab bo‘lmaydi. Zero hali hech narsa yaratilmasidan oldin ham Alloh bor bo‘lgan. Qur’ondagi: "Biz unga bo‘yin tomiridan ham yaqinroqdirmiz" (Qof:16), "Uch kishining o‘zaro shivirlashib gaplashishi bo‘lsa, albatta, ularning to‘rtinchisi U(Alloh)dir" (Mujodala:7) oyatlarini Alloh uch kishi gapirganda to‘rtinchisi bo‘lib o‘sha yerda turadi, deb bo‘lmaganidek, Toho surasining 5 oyatini ya’ni "Rahmon arshga istivo qildi" oyatini dalil qilib Alloh osmonda deb bo‘lmaydi. Zero makon nisbat berish Allohni ulug‘lash va buyukligini e’tirof qilish bobiga kirmaydi".(Iqtibos tugadi)
Agar: "Alloh arshda" yoki "Alloh osmonda", deb e’tiqod qilinsa, bu Allohga nisbatan nuqsonni keltirib chiqaradi. Chunki bu e’tiqod ostida Alloh bir holatdan ikkinchi holatga o‘tadi, ya’ni o‘zgaradi, degan yomon tushuncha yotadi. Kim Allohga nisbatan shunday e’tiqodda bo‘lsa. Uni mo‘min deb bo‘lmaydi. Chunki o‘zgarish xususiyati, inson va mavjudodlarda bo‘ladi. Alloh esa azaldan bor bo‘lgan, aslo yo‘q bo‘lmaydigan buyuk zotdir.
Shuning uchun "Fatovoyi hindiya" kitobida "Alloh osmonda" deb e’tiqod qiluvchilar borasida keskin fatvo berilib shunday deyilgan:
يَكْفُرُ بِإِثْبَاتِ الْمَكَانِ لِلَّهِ تَعَالَى فَلَوْ قَالَ : ازخدا هيج مَكَان خَالِي نيست يَكْفُرُ وَلَوْ قَالَ : اللَّهُ تَعَالَى فِي السَّمَاءِ فَإِنْ قَصَدَ بِهِ حِكَايَةَ مَا جَاءَ فِيهِ ظَاهِرُ الْأَخْبَارِ لَا يَكْفُرُ ، وَإِنْ أَرَادَ بِهِ الْمَكَانَ يَكْفُرُ ، وَإِنْ لَمْ تَكُنْ لَهُ نِيَّةٌ يَكْفُرُ عِنْدَ الْأَكْثَرِ ، وَهُوَ الْأَصَحُّ وَعَلَيْهِ الْفَتْوَى .
"Alloh taologa nisbatan makonni ta’yin qilgan kishi kufr keltirgan bo‘ladi. Agar birov: "Allohdan biror makon xoli emas", desa (Ya’ni Alloh hamma makonda bor, deb makonni unga nisbat bersa) kufr keltirgan bo‘ladi. Agar: "Alloh osmonda", desa va bu so‘zi bilan Qur’on va hadisda kelgan so‘zlarning zohiriy ma’nosini aytayapman xolos, desa kofir bo‘lmaydi. Ammo bu so‘zi bilan Allohning makoni osmonda, demoqchi bo‘lsa kufr keltirgan bo‘ladi. Ammo bu so‘zni aytganda hech narsani niyat qilmadim, desa aksar olimlar nazdida u ham kufr keltirgan bo‘ladi. Mana shu eng to‘g‘risi va fatvo shungadir".
Biz Ahli Sunna val-Jamoaning bu boradagi e’tiqodini Ali roziyallohu anhuning quyidagi ikki og‘iz so‘zlari bilan ifodalash mumkin:
(كانَ اللهُ وَلَمْ يَكُنْ شَيْءٌ، وهوَ الآنَ عَلَى مَا كَانَ عَلَيهِ).
"Hali hech narsa yo‘q paytda ham Alloh bor edi. U hozir ham shunday".
Aynan Ali roziyallohu anhuning ushbu iboralarini Imom Moturidiy rahmatullohi alayh ham "Tavhid" kitoblarining ko‘p joyida zikr qilib o‘tganlar. Ba’zilar Ali roziyallohu anhu yuqoridagi so‘zlarini uydurma, deyishadi. Lekin bu da’volarini yo‘qqa chiqaruvchi Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning rivoyat qilgan quyidagi hadislarini tilga olishmaydi:
{ كَانَ اللهُ وَلَمْ يَكُنْ شَيْءٌ غَيْرُهُ }
Ya’ni: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Alloh bor edi. Undan boshqa biror narsa yo‘q edi", dedilar.
Ahli Sunnaning Alloh biror makonga ehtiyoji yo‘qligi va biror mavjudodga o‘xshamasligiga eng kuchli dalili Shuro surasining 11 oyatidir:
{لَيْسَ كَمِثْلِهِ شَيْءٌ وَهُوَ السَّمِيعُ الْبَصِيرُ }
"U Zotga o‘xshash hech narsa yo‘qdir. U o‘ta eshituvchidir, ko‘rib turuvchidir".
Yana ba’zilar: "Alloh osmonda bo‘lmasa, nima uchun qo‘llarimizni osmonga qarata duo qilamiz", deb e’tiroz bildirsa, ularga Alloma Ibn Hajar rahmatullohi alayhning "Fathul Boriy" kitoblarida keltirgan quyidagi so‘zlarini aytamiz:
{السماء قِبْلة الدعاء كما أن الكعبة قِبْلة الصلاة}
Ya’ni: "Ka’ba namozni ado qilish uchun qibla bo‘lganidek, osmon duo qilish qiblasidir".
Yana shuni bilib qo‘yish lozimki, Qur’oni karim, hadis sharif va boshqa manbalarda "Alloh osmonda" degan jumlalar majoziy ma’noda ishlatilgan bo‘lib, osmondan murod ulug‘lik va oliylik ma’nolari iroda qilingan. Bu esa shar’an va aqlan joizdir.
Hijriy 520 yilda yashab ijod qilgan Shayx Muhammad ibn Valid Andalusiy Molikiy rahmatullohi alayh ham "Duo qiblasi osmondir", deb javob berganlar.
Alloma Mullo Aliy Qori rahmatullohi alayh ham "Fiqhul akbar" kitobining sharhida shu fikrni bildirganlar.
Xulosa qilib aytganda Allohga makonni ta’yin qilish va nisbat berish Ahli Sunna e’tiqodiga xilofdir. Vallohu A’lam!
Odilxon Qori Yunusxon o‘g‘li