Arab tili tarixi
Olamlarni yaratgan, oxirgi payg‘ambarini islom bilan xushnud qilgan hamda O‘zining nazdidagi din islom ekanligiga rozi bo‘lgan zot Allohga behisob-beadad hamd-u sanolar bo‘lsin. Qurayshlarning sayyidi, arablarning eng fasohatlisi bo‘lgan hamda ikki dunyoning chirog‘i bo‘lib dunyoni munavvar qilgan payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga cheksiz-cheksiz durud-u salovatlar bo‘lsin.
Arab tili somiy tillar oilasiga mansub bo‘lib, uning adabiy til normasi johiliyat davrida shakllangan. Uning taraqqiyoti uch bosqichga bo‘linib o‘rganiladi: qadimgi, klassik va hozirgi zamonaviy arab tili.
Klassik arab tili islom bayrog‘i ostida Yaqin va O‘rta Sharqqa, Markaziy Osiyo va Afrikaning ko‘p qismiga tarqaldi. Bunda albatta, sahobalarning o‘rni beqiyos hisoblanadi. Keyinchalik, u O‘rta Osiyoda uzoq vaqtlargacha xalqaro va bilim tili bo‘lib keldi. Bu tilda davlat dasturlari olib boriladi va hikmatlarga to‘la asarlar yoziladi. Shulardan Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr Forobiy, Muhammad Xorazmiy va Mahmud Zamaxshariy kabi o‘zlarining chuqur ilmiy mulohazalari bilan dunyo fanining ravnaqiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan fan daholari, buyuk vatandoshlarimiz ham shu tilda samarali ijod qilishgan. Klassik til hozirgi arab tilining shakllanishi uchun zamin bo‘ldi.
Hozirgi zamon adabiy arab tili Arabiston yarim oroli va undan shimolroqdagi hamda Shimoliy va Sharqiy Afrikadagi yigirmadan ortiq davlatlarning rasmiy tili hisoblanadi. Qadimgi tilining ba’zi yodgorliklari bizgacha yetib kelgan. Tadqiqotchilar shu yodgorliklardagi yozuvlar asosida uning grammatik qurilishini va qisman so‘z boyligini aniqlashga muvaffaq bo‘lishgan.
Klassik arab tilining namunalari esa bizgacha juda ko‘p miqdorda yetib kelgan. Unda mukammal grammatik qurulishga ega bo‘lgan, keng leksik tarkibli, johiliy davri nazmi va ta’sirdor qabilalar lahjalari nodir xususiyatlarini o‘zida umumlashtira olgan boy tilni ko‘rish mumkin. Arab davridagi haq dinni izlovchilarning nazmida:
فَيَا عَجَبًا كَيْفَ يُعْصَي الإلَهٌ أَمْ كَيْفَ يَجْحَدُهُ الْجَاحِدُ؟
Vo ajab! Qanday qilib ilohga osiy bo‘lish bor,
Yo inki inkor qiluvchining inkori bor .
Klassik arab tili takomilida arab qabilalari lahjasida eng e’tiborlisi quraysh lahjasi hisoblangan. Chunki ularning zamini Makkai mukarrama bo‘lgan. Makkai mukarramada esa, ulug‘ Qur’oni karim nozil bo‘lgan. Qur’oni karim arab tilida, quraysh lahjasida nozil bo‘lgan. Uning arab tilida nozil bo‘lganiga Alloh taoloning kalomida bir necha o‘rinlarda zikr qilingan. Alloh taolo Shuaro surasi 7-oyatida shunday marhamat qiladi:
وَكَذَلِكَ أَوْحَيْنَا إِلَيْكَ قُرْآَنًا عَرَبِيًّا لِتُنْذِرَ أُمَّ الْقُرَى وَمَنْ حَوْلَهَا وَتُنْذِرَ يَوْمَ الْجَمْعِ لَا رَيْبَ فِيهِ فَرِيقٌ فِي الْجَنَّةِ وَفَرِيقٌ فِي السَّعِيرِ
(Barcha) shaharlar onasi (Makka ahlini) va uning atrofidagi kishilarni ogohlantirishingiz uchun va shubhasi yo‘q «to‘planish kuni» (qiyomat kuni)dan ogohlantirishingiz uchun Biz Sizga mana shunday arab tilidagi Qur’onni vahiy qildik. (U kunda) bir guruh jannatda bo‘lsa, bir guruh do‘zaxdadir. Shu bois, Muqaddas Kitobni to‘g‘ri tushunish, uni anglash uchun arab tilini o‘rganishnish, xususan sarf va nahv qoidalarining ahamiyati beqiyosdir. Zero, arab tilini bilmaslik emas, aksincha bilib, unda xato qilgan insonlar malomat qilingan.
Abu Tib aytadilar: “Bilginki, arablarning kalomiga xalal yetkazgan va o‘rganishi eng ehtiyoj sezilarli narsa bu e’robdir. (E’rob bu – kalimaning oxiridagi harakat) Rivoyat qilinadiki, bir kishi Rasululloh salallohu alayhi vasallam huzurlarida so‘zlayotib, lahn (xato) qiladi. Shunda u zot:
أَرْشِدُوا أخَاكُمْ فَقَدْ ضَلَّ
Ya’ni, “Birodaringizni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llab qo‘ying, batahqiq u adashdi”, dedilar. Yoqut aytadilar: “Umar ibn Xattob raziyallohu anhuning oldilaridan kamon otishni yaxshi bilmaydigan bir qavm o‘tib qoldi. Ularga tanbeh berdilar, ular aytishdi: “Biz ta’lim oluvchi qavmmiz”. Umar raziyallohu anhuning g‘azablari keldi va dedilar: “Albatta, sizlarning tilingizdagi xatolaringiz kamon otishdagi xatolaringizdan ko‘ra yomonroqdir”. Sababi, haligi kamon otayotgan qavm arab tili qoidasiga zid qilib gapirishgan. Shu bois, Hazrat Umarning jahllari chiqadi.
Hazrat Umar davrlarida u zotga voliylardan biri maktub yozadi va unda lahn qiladi. Bu Umar raziyallohu anhuga xush kelmaydi. Ibn Qutayba aytadilar: “Bir a’robiy bir muazzinning bunday deyayotganini eshitib qoladi:
أشْهَدُ أنَّ مُحَمَّدَّا رَسُول الَّله
Muazzin رَسُولُ so‘zini nasb (fatha harakati)da o‘qiydi. Haligi eshitib turgan kishi a’robiy bo‘lsada, ajablanib: “Sho‘ri qurigur, bu nima qilyapti o‘zi?”, deydi. Bir a’robiy bozorga kirib bozorchilarni lahn qilayotganini eshitib qoladi va “Subhanalloh, lahn qilishyapti. Biz esa lahn ham qilmaymiz, foyda ham ko‘rmaymiz”, deydilar. Ya’ni ular shuncha xato qilishsa ham, foyda ko‘rib yotishibdi. Biz esa to‘g‘ri so‘zlab, foyda ko‘rishni bilmaymiz deyishgan.
Asmoiy aytadilar: “To‘rt kishi na hazlida ham va na jiddiy gapida ham lahn (xato)ga yo‘l qo‘ymagan. Ular Sha’biy, Abdulmalik ibn Marvon, Hajjoj ibn Yusuf va Ibni Fariadir. Ularning ichida eng fasohatlisi Hajjoj hisoblanadi”. Bundan bilinadiki, bu insonlar hazil va jahl holatida ham arab grammatikasiga amal qilib so‘zlagan.
Bir kuni Hazrat Ali raziyalohu anhu bir kishining Tavba surasini noto‘g‘ri e’rob bilan o‘qiyotganini eshitib qoladilar va Abu Asvad ad-Dualiyni chaqirib qoida yozishga buyuradilar. Boshqa rivoyatda, aytadilarki, Abu Asvad hazrat Alining huzurlariga kiradi, Hazrat Alining qo‘llarida siyoh bor edi. Abu Asvad aytadilar: “Ya amiral mu’miniyn! Qo‘lingizdagi nima? Ali raziyallohu anhu: “O‘ylab qoldim, mana bu qizillarni arablarga aralashishi oqibatida arab tili buzilyapti. Men bu bilan bir narsa o‘rnatmoqchimanki, arablar ularga murojaat qilsin va unga suyansinlar. So‘ng qo‘llaridagi haligi narsani Abu Asvad tomon tashlaydilar . Unda quyidagicha yozilgan edi:
الكَلَامُ كُلُّهُ إسْمٌ وَ فِعْلٌ وَحَرْفٌ. فَلاسْمُ مَا أنْبَاءَ عَنِ المُسَمَّى. وَالفِعْلُ مَا أنْبِىءَ بِهِ. وَالحَرْفُ مَا أفاَدَ مَعْنَى
Ya’ni: “Kalomning barchasi ism, fe’l va harfdan iboratdir. Ism nomlangan narsadan xabar beradi. Fe’l esa u bilan xabar beriladi. Harf esa ma’no anglatmaydi”. So‘ng aytadilar: “Mana shu 3 narsadan keyin xayolingga nima kelsa, yozavergin”.
Shundan so‘ng arab tili qoidalariga katta e’tibor beriladigan bo‘ldi. Birinchi bo‘lib bu sohada Abu Asvad ad-Dualiy arab tiliga doir qonun-qoidalarni ishlab chiqaradilar. Bu sohada eng muvaffaqiyat qozongan shaxs bizning vatandoshimiz Mahmud Zamaxshariy hazratlari hisoblanadilar. Bu olim o‘z kitobida arablarning o‘zi o‘rganishga muhtoj bo‘lgan qimmatli ma’lumotlarni yozib qoldiradi. Hatto arablardan ba’zilari aytadi: “Agar bu inson shunday buyuk ishni qilmaganda biz o‘zimizning sof tilimizdan ayrilib qolardik”.
Biroq arab tilining grammatik normalari esa milodning XII-IX asrida ishlab chiqildi. Qur’oni karimning nozil bo‘lishi, payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom hadislarining yuzaga kelishi arab adabiy tilining yanada rivojlanishi, ta’sir doirasining kengayishi, arab bo‘lmagan boshqa xalqlar tomonidan ham arab tilini keng o‘rganilishiga yo‘l ochib berdi. Ayniqsa, Bag‘dod xalifaligida tashkil etilgan ilmiy markaz va unda arab olimlari bilan bir safda ko‘plab musulmon o‘lkalardan kelgan ajam olimlarining tadqiqot ishlari olib borishgani arab tilining ilm-fan sohasidagi mavqeyini yanada yuqori ko‘tardi. Natijada bu til butun musulmon sharqi hududida Evropadagi lotin tili kabi fan tiliga aylandi. Bundan tashqari, u ko‘plab musulmon sharq mamlakatlarida uzoq vaqt davlatlararo muomala tili bo‘lib ham xizmat qildi.
Kamolitdinova Habiba
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti 4-kurs talabasi