Bani Isroilning Muso alayhissalomga isyon qilishi, gaplarini nazarga ilmasligi
28.8.2015 5831

    Qur’oni karimning ko‘p oyatlarida Bani Isroilning Muso alayhissalomga nisbatan isyoni haqida hikoya qilingan. E’tiboringizni Moida surasidagi quyidagi oyatlarga qaratamiz: “Eslang, (ey Muhammad alayhissalom,) Muso qavmiga: “Ey qavmim, Allohning sizlarga bergan ne’matini – orangizdan payg‘ambarlar chiqarganini, yana sizlarni mulku davlat egalari qilib, barcha olamlardan biron kishiga bermagan in’omlarini sizlarga ato etganini eslanglar! Ey qavmim, Alloh sizlar uchun yozib – taqdir qilib qo‘ygan bu muqaddas yerga doxil bo‘linglar! Ortlaringizga qaytib ketmangiz, aks holda ziyon ko‘ruvchilarga aylanib qolasiz”, deganida, ular: “Ey Muso, u yerda zo‘ravon odamlar bor. To ular chiqmagunlaricha biz u yerga zinhor kira olmaymiz. Agar ular chiqib ketsalargina biz doxil bo‘lamiz”, dedilar. (Shunda) Allohdan qo‘rqadigan va uning in’om – marhamatiga muyassar bo‘lgan ikki kishi: “Ularning ustiga darvozadan to‘satdan kiringiz, agar unga kirib olsangiz, shubhasiz g‘olib bo‘lasizlar. Agar mo‘min bo‘lsangiz, Yolg‘iz Allohgagina suyaninglar!” dedilar. (Qavm) aytdi: “Ey Muso, modomiki, ular shu joyda ekan, biz hech qachon kira olmaymiz. Bas, bor, sen o‘zing va Parvardigoring ular bilan urushaveringlar. Biz esa mana shu yerda o‘tirib (kutamiz). (Muso) aytdi: “Parvardigorim, men faqat o‘zimga va birodarimga egaman, xolos. O‘zing biz bilan bu itoatsiz qavmning orasini ajrat”. (Alloh) dedi: “Endi qirq yil mobaynida bu yer ular uchun haromdir. Ular yerda adashib – uloqib yuradilar. Sen bu itoatsiz qavmdan mahzun bo‘lma” (Moida surasi, 20-26-oyatlar).
    Bu oyatlar bizga o‘zining balog‘atli uslubi bilan uzoq tarixda bo‘lib o‘tgan voqealarni hikoya qilmoqda. Unda Bani Isroilning naqadar johil ekani, payg‘ambariga isyon qilgani, o‘zining o‘tkinchi lazzatlarini o‘ylab, Alloh yo‘lida jiddu jahd qilishdan bosh tortgani zikr qilinmoqda.
    Mazkur qissaning qisqacha bayoni shunday: Alloh taolo Bani Isroil ko‘z oldida Fir’avn va qo‘shinini dengizga cho‘ktirib yuborganidan keyin Muso alayhissalom qavmi bilan Shom diyori sari yo‘lga chiqdi. Shunda Alloh taolo Muso alayhissalomga vahiy qilib, qavmidan o‘n ikki nafar rahbar tanlab olishni buyurdi. Shundan so‘ng o‘sha rahbarlarni Kan’oniylar yurti bo‘lgan muqaddas zaminga yuborishni tayinladi. Maqsad ularning yashash tarzi va ahvollaridan xabardor bo‘lish edi.
    Muso alayhissalom Alloh amr qilgan ishni bajardi. U rahbarlarni muqaddas zamin xalqi haqida ma’lumot olib kelish maqsadida yubora turib, “Ko‘rgan narsalaringizni mendan boshqaga ayta ko‘rmang!” deb ta’kidladi. Rahbarlar muqaddas zaminga kirishdi. Uning aholisi ahvolidan vofiq bo‘lishdi. Ularda kuch-quvvat ko‘pligi, tanalari baquvvat kishilar bisyorligiga amin bo‘lishdi. Rahbarlar qaytib kelishganda Muso alayhissalom Bani Isroil jamoasi ichida edi. Ular Musoga: “Biz seng yuborgan yurtga bordik. Ular sigirlardan juda ko‘p sut sog‘ib olar, asaldan ham ko‘p hosil olishar ekan. Mana shu ularning ba’zi mevalari. Ustiga-ustak u yerning aholisi ham juda baquvvat, shaharlari juda mustahkam ekan”, deyishdi. Rahbarlar o‘z qavmini urush qilishdan qaytardi. Faqat ularning ikki nafari qavmga nasihat qilib, Muso alayhissalomga itoat etish, u bilan birga Kan’oniylar ila urushishga chaqirdi. Ammo Bani Isroil o‘sha ikki rahbarning ham gapiga unamadi, qolgan o‘n nafar rahbar yo‘rig‘iga yurdi. Bir so‘z bilan aytganda, Bani Isroil urushdan bosh tortib, hamma yoqni boshiga ko‘tarib:

– Ey, qaniydi, shaharda yoki odamlar ichida o‘lib ketsak edi, – deb yig‘lay boshladilar.

    Muso alayhissalom ularni qo‘rqoqlik va isyonkorlikdan qaytarib, zo‘ravon kimsalarga qarshi kurashishga chaqirdi. Ammo qavm ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar holida tug‘yonda davom etdi. Shunda Alloh taolo Muso alayhissalomga vahiy yuborib, o‘sha muqaddas zamin Bani Isroilga qirq yil harom qilingani, ular qilgan isyonlariga yarasha jazo olishlari uchun sarson-sargardon hollarida vatangado bo‘lib adashib yurishlarini ma’lum qildi.
     Bu qissaning qisqacha izohi edi. Uning tafsilotlari tafsir va tarix kitoblarida kelgan. Ba’zi mufassirlar o‘sha zo‘ravon kimsalarning sifatlarini shu qadar mubolag‘a bilan keltiradilarki, uni hech bir sog‘lom aql qabul qilmaydi. Balki Ibn Kasir aytganidek, ishonchsiz bo‘lgani sabab uni zikr qilishga kishi iymanadi. Endi yuqorida kelgan oyatlar izohini batafsilroq keltiramiz.
     “Eslang, (ey Muhammad alayhissalom,) Muso qavmiga: “Ey qavmim, Allohning sizlarga bergan ne’matini – orangizdan payg‘ambarlar chiqarganini, yana sizlarni mulku davlat egalari qilib, barcha olamlardan biron kishiga bermagan in’omlarini sizlarga ato etganini eslang!” Bu yerda Bani Isroildan ahdnoma olingach, ular va’daga vafo qilmaganlari zikr etilmoqda. Ya’ni, ey Muhammad, Sizga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqayotgan yahudiylarga ular ota-bobolariga Muso tomonidan qilingan xitobni eslating. O‘shanda Muso ularga nasihat qilib:

– Ey qavmim, Alloh sizlarga bergan ne’matlarini shukr va itoat bilan eslanglar! – degandi.

    Ha, Muso alayhissalom Bani Isroil Allohning amriga itoat etish, U Zot bergan ne’matlarga shukr qilish bilan yanada ko‘proq in’omlarga erishishi, ilohiy amrga bo‘ysunish orqali abadiy baxtu saodat topishini chin qalbdan istardi. Zero, Bani Isroilning hidoyati uni xursand qilar, itoatsizligi esa mushfiq payg‘ambarni g‘amga botirardi.
    “Orangizdan payg‘ambarlar chiqarganini, yana sizlarni mulku davlat egalari qilib, barcha olamlardan biron kishiga bermagan in’omlarini sizlarga ato etganini eslang!” Bu oyatda Alloh taolo Bani Isroilga ato etgan uchta katta ne’mat zikr qilinmoqda. Birinchi ne’mat: Bani Isroildan Muso Horun, Ishoq, Ya’qub va Yusuf alayhimussalom kabi payg‘ambarlar chiqarilishidir. Alloh taolo mazkur payg‘ambarlarni Bani Isroilni kufr, fisqu fujur va isyon zulmatidan hidoyat, toat va imon nuriga chiqarish uchun yubordi. Ikkinchi ne’mat: Bani Isroilning mulku davlat egalari qilib qo‘yilishi. Bani Isroil avvalda Fir’avn qo‘l ostidagi qullar bo‘lib, turfa xil azobu qiynoqlarni boshlaridan kechirishardi. Alloh ularni qullikdan ozodlikka, xorlikdan azizlikka olib chiqdi. Endi ular o‘zlari xohlagan ishni amalga oshira oladilar, erklari o‘z qo‘llarida edi ularning. Ustiga-ustak boshqa mamlakatlarni maskan tutishlari, xizmatkor ishlatishlari mumkin edi. Avval ular bunday imkoniyatlardan mahrum, o‘zlari birovlar qo‘lidan ertadan kechgacha og‘ir mehnat qilardilar. Qullikdan keyingi ozodlik, tanglikdan keyingi farovonlik kabi ulug‘ ne’matlarni faqat pokiza qalb egalarigina e’tirof etadilar, ularning qadriga yetadilar. Bu ne’matlarni saqlab qolish zulm, adolatsizlikdan tiyilish, Allohga shukr qilish bilan bo‘ladi. Uchinchi ne’mat: o‘sha zamonda Bani Isroildan boshqa biron qavmga berilmagan ulug‘ ne’matlar, ko‘rsatilgan lutfu marhamatlardir. Jumladan, ustlariga bedana va shirinliklar yog‘ilishi, o‘n ikki qabilaga yetadigan buloqning otilib chiqishi, dengizning ikkiga ajralib, narigi tarafga eson-omon o‘tib olishlari, ortlaridan kelgan Fir’avnning suvga g‘arq bo‘lishi va hokazo. Bani Isroil bundan boshqa yana qancha ne’matlar bilan siylangandi. Shuncha yaxshilikka erishgan qavm buning evaziga Allohning amriga so‘zsiz itoat etishlari lozim edi. Ammo unday bo‘lmadi. Bani Isroilga berilgan hisobsiz ne’matlar eslatilgach:

– Ey qavmim, Alloh sizlar uchun yozib – taqdir qilib qo‘ygan bu muqaddas yerga doxil bo‘linglar! Ortlaringizga qaytib ketmangiz, aks holda ziyon ko‘ruvchilarga aylanib qolasiz, – deyildi.

    “Muqaddas zamin” deyilishiga sabab, u yerni payg‘ambarlar maskan tutishgan. “Muqaddas zamin”dan murod “Baytul maqdis”dir. Ba’zilar buni “Ariyho” boshqalar “Tur tog‘i va uning atrofi”, deyishgan. “Alloh sizlarga yozib qo‘ygan”, deganda, sizlarning yashashingizni taqdir qilgan, sizlar payg‘ambarga imon keltirib, unga itoat etganingizda, o‘sha yerni sizlarga va’da bergan, ma’nosi tushuniladi. Yoki uning ma’nosi “sizlarga namoz va zakotni farz qilganidek o‘sha yerga kirishingizni farz qilgan”dir.

   “Ortlaringizga qaytib ketmangiz, aks holda ziyon ko‘rguvchilarga aylanib qolasizlar” oyatida ularni qo‘rqoqlik qilib, dushmandan qochib ketishdan ogohlantirilmoqda. Ya’ni, ey qavmim, Allohning amriga quloq tutinglar, mening ortimdan dushman sari olg‘a qadam tashlanglar. Zero, Alloh sizlarni muqaddas zaminga kirishga buyurdi. Biroq g‘animdan cho‘chib ortlaringizga qarab qochmanglar, menga itoat etishdan bo‘yin tovlamang! Aks holda dunyo va oxiratda g‘alabani qo‘ldan chiqarasizlar, afsus-nadomat qilib qolasizlar! Agar buyurilgan joyga kirmasangiz, Allohning yaxshiliklaridan mahrum bo‘lasizlar!
     Muso alayhissalom qavmini turli yo‘llar bilan ilohiy farmonga bo‘ysunishga, Alloh yo‘lida jiddu jahd qilishga chaqirdi. Insofli, mulohazali kishilar turli-tuman ne’matlarga burkab qo‘ygan marhamati cheksiz Zotning aytganlarini so‘zsiz bajarishlari lozim edi. Biroq Bani Isroil bu Bani Isroil edi. Ularga mudom va’z-nasihat qilinsa-da, lekin g‘ayratlari bo‘shligi, kuchsiz irodalari, buzuq tabiatlaridan voz kechkilari kelmasdi. Qilingan shuncha va’z-nasihatlardan keyin ham ular payg‘ambarga tik boqib:

– Ey Muso, u yerda zo‘ravon odamlar bor. To ular chiqmagunlaricha biz u yerga zinhor kira olmaymiz. Agar ular chiqib ketsalargina biz doxil bo‘lamiz, – deyishdi. Ya’ni, ey Muso, sen bizni kirishga undayotgan joyda g‘olib kishilar bor. Ular kim bilan jang qilishsa, albatta zafar quchishar ekan. Biz ular bilan kurashishga qodir emasmiz. Mana shu zo‘ravon kimsalar muqaddas zaminda ekanlar, biz hech qachon u yerga kira olmaymiz. Agar ular biron sabab bilan chiqib ketsalar, u yerga qiyinchiliksiz kirib olamiz.
    Bani Isroil qavmining bu gapi ularning naqadar quyonyurak bo‘lganliklaridan darak beradi. Sababi ular o‘z kuchlari, aql-farosatlari bilan g‘alabaga erishishni istamayaptilar, kimningdir zaiflashishi hisobga yerlarni egallab olish payidalar. Bular farovon hayotga munosib emaslar. Ular shunday hayotga erishish uchun biron ish qilganlari ham yo‘q.
     Bani Isroil qo‘rqoqlik qilib turgan bir paytda ular orasidan ikki mo‘min kishi chiqib, ularni Alloh yo‘lida jang qilishga, g‘ayrat ko‘rsatishga chaqirdi. Bu oyatda shunday ifodalangan: “(Shunda) Allohdan qo‘rqadigan va uning in’om – marhamatiga muyassar bo‘lgan ikki kishi: “Ularning ustiga darvozadan to‘satdan kiring, agar unga kirib olsangiz, shubhasiz g‘olib bo‘lasizlar. Agar mo‘min bo‘lsangiz, Yolg‘iz Allohgagina suyaninglar!” dedilar”.
    Bu yerdagi ikki kishidan murod Yusha’ ibn Nun va Kolib ibn Yuqnodir. Ular o‘ng ikki rahbar ichida edilar. Alloh taolo ularni ikki sifat bilan vasf qildi. Birinchisi, “Allohdan qo‘rqadigan”, ya’ni, Yolg‘iz Allohdan qo‘rqadigan, U Zotga taqvo qiladigan, Allohdan o‘zgadan qo‘rqmaydigan ikki kishi edi. Bu vasfdan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, Muso alayhissalom va o‘sha ikki kishidan boshqalar Allohdan emas, ko‘proq dushmandan hayiqishardi.
   Ikkinchi vasf, “Uning in’om – marhamatiga muyassar bo‘lgan”dir. Ya’ni, faqat Allohdan qo‘rqadigan, qalblarida U Zotdan o‘zgadan qo‘rqish hisi bo‘lmagan, Alloh ularga imon, sobitqadamlik, Allohning va’dasiga ishonish va U Zotning amriga itoat etishdek ulug‘ ne’matlar ila siylagan ikki mo‘min kishi:

– Ular ustiga darvozadan kiringlar, – dedilar. Ular bu bilan qavmdagi qo‘rquv va vahimani ketkazib, g‘ayrat va jasorat hisini uyg‘otmoqchi bo‘lishdi.

    “Agar mo‘min bo‘lsangiz, Yolg‘iz Allohgagina suyaninglar!” Bu yerda Bani Isroil sabablarni yuzaga keltirgach, ishlarini Allohga topshirishga, dushmanlari ustiga to‘satdan bostirib kirishga azm qilishga chaqirilmoqda. Bu hikmatli nasihatlarni eshitib, ularga “labbay”, deb javob berish uchun Bani Isroilda eshituvchi quloq, anglovchi qalb topilmadi. Aksincha qilingan shuncha pand-nasihatlarga bosh tortish ila javob berib qo‘yaqoldilar: 

– Ey Muso, modomiki, ular shu joyda ekan, biz hech qachon kira olmaymiz. Ya’ni, ular nasihatga parvo qilmay, tug‘yonlarida davom etib: – Ey Muso, o‘sha zo‘ravon va qudratli odamlar u yerda ekan, biz sen aytgan zaminga zinhor kira olmaymiz. Sababi ular bilan yakkama-yakka kurashishga, yuzma-yuz olishishga qodir emasmiz! – deyishdi.
     Qavm amr qilingan ishni bajara olmasliklarini ta’kidlash uchun “Hech qachon” deya o‘z qat’iyatsizliklarini ifodaladi. Bani Isroil muqaddas zamin aholisi hayot ekan, u yerga kira olmasliklarini bayon qilgach, endi uchiga chiqqan qo‘rqoq va beodobliklarini isbotladilar. Ular Muso alayhissalomga qarata yuzsizlarcha:

– Bas, bor, sen o‘zing va Parvardigoring ular bilan urushaveringlar. Biz esa mana shu yerda o‘tirib (kutamiz), dedilar. Ya’ni, mana shu zaminga kirish sen uchun kerak bo‘lsa, o‘zing va Parvardigoring borib, o‘sha qudratli qo‘shinga qarshi jang qilaveringlar va ularni yurtlaridan chiqaringlar. Biz esa mana shu yerda o‘tiramiz, oldinga bir qadam ham siljimaymiz. Sababi har bir g‘alaba va yaxshilik bizga zo‘ravonlar bilan urushish orqali keladi. Biz bunga muhtoj emasmiz, unga rag‘batimiz ham yo‘q.
     Qavm sarkashlikda davom etgach, Muso alayhissalom ilojsiz qoldi va qo‘lini ko‘tarib Allohga duo qila boshladi: – Parvardigorim, men faqat o‘zimga va birodarimga egaman, xolos. O‘zing biz bilan bu itoatsiz qavmning orasini ajratgin! Ya’ni, Muso alayhissalom barcha g‘am-g‘ussa va shikoyatlarini Allohga arz qilib, qavmining bosh tortishi va qo‘rqoqligini aytib turib: – Yo Rabbim! Bilasan, men o‘zim va birodarim Horungagina egaman. Boshqalarni bu ishga majburlay olmayman. Bizdan boshqalar Senga yaxshi va yomon kunlarda itoat etishiga ishonchim komil emas! Qavmim Senga itoat etmadi, fosiqlik ko‘chasiga kirdi. Shunday ekan, yo Alloh, ular bilan bizning yo‘limizni ajrat. Bizlarga o‘zimizga munosib hukm qil, ularga ham o‘zlariga mos hukm qil. Zero, Sen eng adolatli va hikmatli Zotdirsan! – deya iltijo qildi.
    Alloh Muso alayhissalom duosini qabul qildi. Bani Isroil ma’naviy zalolat qa’riga botganlari yetmagandek ular zohiriy-moddiy zalolatga ketishi bayon qilindi: (Alloh) dedi: “Endi qirq yil mobaynida bu yer ular uchun haromdir. Ular yerda adashib – uloqib yuradilar. Sen bu itoatsiz qavmdan mahzun bo‘lma”. Ya’ni, ey Muso, muqaddas zamin anavi qo‘rqoq va osiy kimsalar uchun qirq yil haromdir. Shu muddat ichida ular sahrolarda sarson-sargardon bo‘lib tentirab yuradilar, zinhor muqim bo‘lolmaydilar, biron joyni makon tutolmaydilar. Ularning bu azob-uqubatidan sira xafa bo‘lma! Toatimizdan bo‘yin tovlaganlari va payg‘ambarlariga odobsizlik qilganlari sabab Biz ularni shunday jazolaymiz.




Muhammad Sayyid Tantoviyning “Payg‘ambarlar tarixi” kitobi asosida tayyorlandi

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216023
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24513
  • 18976
  • 12772
  • 15737