Bani Isroilning Muso alayhissalomga odobsizlik qilishi
27.10.2015 8090

    Qur’oni karimni o‘qib, uning ma’nolarini tadabbur qilgan kishi turli o‘rinlarda Bani Isroil qavmining o‘jarligi, bir gapdan qolmasligi va Alloh taolo tarafidan yuborilgan payg‘ambarga nisbatan odobsizlarcha munosabatda bo‘lishini ko‘radi.
     Qur’oni karimning Baqara surasida shu xususda ibratli qissa keltirilgan. Alloh taolo shunday degan: “Eslang, Muso o‘z qavmiga: “Albatta Alloh sizlarga bir sigir so‘yishingizni buyuradi”, deganida, ular: “Ustimizdan kulyapsanmi?” dedilar. (Muso) dedi: “Unday johillardan bo‘lib qolishdan Alloh panoh berishini so‘rayman”. Ular dedilar: “Parvardigoringga duo qil, bizga uning qandayligini bayon qilsin”. (Muso) dedi: “U Zotning aytishicha, u qari ham, yosh-g‘o‘najin ham bo‘lmagan o‘rta bir sigirdir. Endi o‘zlaringizga buyurilgan ishni ado etinglar”. Ular dedilar: “Parvardigoringga duo qil, bizga uning rangini bayon qilsin”. (Muso) aytdi: “U Zotning aytishicha, u ochiq-mallarang sigir bo‘lib, ko‘rganlarning ko‘ngli chog‘ bo‘ladi”. Ular aytdilar: “Parvardigoringga duo qil, bizga uning qandayligini bayon qilsin, bu mol bizga shubhali bo‘lib qoldi. Inshaalloh, endi yo‘limizni topib olamiz”. (Muso) aytdi: “U Zotning aytishicha, u shunday sigirki, xor bo‘lib yer haydamaydi, u bilan ekin sug‘orilmaydilar, aybu nuqsonsiz, unda o‘z rangidan boshqa rang-bo‘yoq yo‘q”. Ular: “Endi haqiqatni aytding”, dedilar-da, uzoq mashaqqat chekib so‘ydilar. Eslang, (ey, Bani Isroil,) bir jonni o‘ldirib qo‘yib, uning (qotili) haqida janjallashib qoldingiz. Holbuki, Alloh yashirgan narsalaringizni (yuzaga) chiqaruvchidir. “Uni so‘yilgan sigirning bir bo‘lagi bilan uringlar”, dedik. Alloh o‘liklarni shu tariqa tiriltiradi va sizlarga aqllaringizni ishlatishingiz uchun o‘z oyatlarini ko‘rsatadi. So‘ngra keyin ham dillaringiz qotdi. Bas, u tosh kabidir yoki undan-da qattiqroqdir. Zero, shunday toshlar borki, ulardan daryo otilib chiqadi, yana shundaylari borki, yorilib ichidan suv chiqadi. Yana shundaylari ham borki, Allohdan qo‘rqqanidan pastga qulaydi. Alloh qilayotgan amallaringizdan g‘ofil emas” (Baqara surasi, 67-74-oyatlar).
     Mufassirlar zikr qilishicha, Bani Isroil qavmida bir boy odam bor edi. Uning amakisining o‘g‘li kambag‘al bo‘lib, o‘sha boyning undan bo‘lak merosxo‘ri yo‘q edi. Boy odamning o‘limi “cho‘zilib” ketgach, amakivachchasi sabr qilmay uni o‘ldirib, jasadini boshqa qishloqqa olib borib tashlaydi. Tong otganda o‘zini hech narsa bilmagandek ko‘rsatib, qarindoshi qasosini olishni talab qiladi va bir guruh odamlarni Muso alayhissalom huzuriga olib boradi. Shunda ular Muso alayhissalomdan Allohga duo qilib haqiqiy qotil kim ekanini ma’lum qilishini so‘rashadi. Muso alayhissalom Allohga duo qiladi va Alloh vahiy qilib, ularga bir sigir so‘yishni buyuradi. Bas, Muso alayhissalom ularga: “Albatta Alloh sizlarga bir sigir so‘yishingizni buyuradi”, deganida, ular: “Ustimizdan kulyapsanmi?” dedilar”.
     Bani Isroil qavmida jinoyat sodir etilganida ular qotil kimligi borasida ixtilofga tushdilar. Bu borada Muso alayhissalomga murojaat etib, Allohga duo qilishini va haqiqiy qotil kimligini bildirishin so‘rashdi. Shunda Alloh ularga sigir so‘yishni buyurdi. Ammo Bani Isroil bu gapdan hayron bo‘lib, tap tortmasdan:

 

– Ustimizdan kulyapsanmi, ey Muso? – deyishdi.

 

   Jumhur ulamolarga ko‘ra, sigir so‘yish haqidagi amr qotil kim ekani xususida munozara qilinganidan keyin bo‘lgan. Bu Baqara surasining 72-oyatida, ya’ni qissa so‘nggida zikr qilingan. Alloh taolo Bani Isroilga aynan sigir so‘yishni amr qildi. Sababi ular uning jinsidan bo‘lgan buzoqqa sig‘inishardi. Bu bilan ular ulug‘lab, ibodat qiladigan bu hayvon arzimas narsa, hurmatlashga, e’zozlashga yaramasligini bildirish maqsad qilingan bo‘lsa ajab emas. Zero, bu bilan “Bu buzoq ibodat qilinish uchun emas, balki dehqonchilik va shu kabi ishlarda xizmat qilish, so‘yilishi uchun yaratilgan”, deyilayotgandek.
    Bani Isroilning “Ustimizdan kulyapsanmi?” degan gaplari ularning ahmoq, nodon, payg‘ambarlari haqida yomon gumonda bo‘lganlari, uni hurmat qilmaganlari, Allohning ulug‘ligini tan olmaganlarini ko‘rsatadi. Aslida ular o‘zlariga buyurilgan ishdan bo‘yin tovlamay amalga oshirishlari kerak edi. Agar aqllarini biroz ishlatganlarida payg‘ambardek ulug‘ zotning so‘zini ikki qilmasdilar. Lekin qayoqda, deysiz. Ular aql yuritishdan mahrum edilar.
     Muso alayhissalom ularga Alloh buyrug‘ini yetkazganida qavm bundan shubhalandi, Musoni istehzo qilishda aybladi. Shunda Muso alayhissalom:

 

– Unday johillardan bo‘lib qolishdan Alloh panoh berishini so‘rayman, dedi.

 

     Ya’ni, men sizlarga Alloh tarafidan deb yolg‘on va botil narsalarni yetkazadigan nodon kimsalardan bo‘lib qolishdan panoh so‘rayman! Bu javobda hazil-mazaxdan poklik ma’lum qilinmoqda. Zero, bunday bekorchi va havoyi ishlar, jiddiy masalada mutoyiba qilish aqlli kishilarga, ayniqsa payg‘ambarlarga to‘g‘ri kelmaydi.
    Muso alayhissalomning mana shu javobi Bani Isroilga yetarli bo‘lib, ular Allohning amriga yurishlari va istalgan bir sigirni topib so‘yishlari lozim edi. Ammo ularning teskari tabiati yana savol berishga undadi: Ular dedilar: “Parvardigoringga duo qil, bizga uning qandayligini bayon qilsin”.
      Muso alayhissalom javobidan qoniqmagan nodon qavm payg‘ambarga odobsizlarcha muomala qildi:

 

– Ey Muso, Parvardigoringga duo qil, o‘sha sigirning holati va sifatlarini bizga to‘liq bayon qilib bersin!

 

    Bu qabilda savol tashlanishiga sabab, ular o‘z qo‘llari bilan so‘ygan sigirning ba’zi a’zosi o‘ldirilgan odamga jon ato qilib, uni hayotga qaytishiga sabab bo‘lishiga shubha bilan qaragan edilar. Yana ular bunday sigir boshqalaridan ko‘ra o‘zgacha ko‘rinish va belgiga ega bo‘lishi kerak, deb o‘ylardilar.
    Bani Isroilning “Parvardigoringga” degan so‘zlarida ham o‘ta odobsizliklari namoyon bo‘lmoqda. Go‘yo Alloh taolo faqat Muso alayhissalom Parvardigori, ularniki emasdek! Go‘yo bu ish faqat Muso va Allohga kerag-u, ular uchun bu ahamiyatsizdek!  Muso alayhissalom ularga javoban shunday dedi:

 

– U Zotning aytishicha, u qari ham, yosh-g‘o‘najin ham bo‘lmagan o‘rta bir sigirdir. Endi o‘zlaringizga buyurilgan ishni ado etinglar.
Alloh taolo sigirning sifati haqida xabar qilganidan keyin, Muso alayhissalom qavmiga yuzlanib:

 

– Sizlarga so‘yish buyurilgan sigir qari ham, yosh ham emas, shuning o‘rtasidadir. Bas, savol berishni bas qilib, buyurilgan ishni bajaringlar. Haqiqiy qotil kimligini yengil yo‘l bilan aniqlanglar! Alloh sizlarga kenglik yaratgan ekan, ko‘p savol berish bilan yo‘q joydan o‘zlaringizga qiyinchilik tug‘dirib olmanglar. Zero, savol berishda haddingizdan oshish sizlarga faqat ziyon keltiradi! – dedi.
      Bani Isroil qavmi so‘yilishi lozim bo‘lgan sigirning yoshini bilib oldilar. Endi ularga uning rangi qandayligi qiziq tuyulmoqda. Shuni bilish uchun yana Muso alayhissalomga yuzlandilar: Ular dedilar: “Parvardigoringga duo qil, bizga uning rangini bayon qilsin”. (Muso) aytdi: “U Zotning aytishicha, u ochiq-mallarang sigir bo‘lib, ko‘rganlarning ko‘ngli chog‘ bo‘ladi. Ya’ni, topish oson bo‘lishi uchun o‘sha sigirning rangi qandayligini bizlarga bayon qilishi uchun Parvardigoringga duo qil, – dedilar ular. Bunga javoban Muso alayhissalom:

 

– Alloh o‘sha sigir sariq rangli, ko‘rgan odam chiroyidan hayratlanadigan va qalbida xursandchilik paydo bo‘ladigan bir sigir bo‘lsin! – dedi.

 

   Bani Isroil so‘yiladigan sigirning yoshini ham, rangini ham bilib oldilar. Shuning o‘zi ularga yetarli bo‘larmikan? Yo‘q! Ular savol berish o‘rni emasligini bilib tursalar-da, yana nimalarnidir bilib olish ilinjida edilar: Ular aytdilar: “Parvardigoringga duo qil, bizga uning qandayligini bayon qilsin, bu mol bizga shubhali bo‘lib qoldi. Inshaalloh, endi yo‘limizni topib olamiz”. (Muso) aytdi: “U Zotning aytishicha, u shunday sigirki, xor bo‘lib yer haydamaydi, u bilan ekin sug‘orilmaydilar, aybu nuqsonsiz, unda o‘z rangidan boshqa rang-bo‘yoq yo‘q”. Ular: “Endi haqiqatni aytding”, dedilar-da, uzoq mashaqqat chekib so‘ydilar”. Ya’ni, bizga o‘sha sigirning boshqa sifatlarini ham to‘liq aytsin. Sen vasf qilgan sigirlar ko‘p. Ularning qay birini so‘yishni bilmay qoldik. Zora mana shu safar to‘g‘ri yo‘lni topib, buyurilgan ishni bajarsak!
     Muso alayhissalom bunga javoban:

 

– U shunday sigirki, bemalol o‘tlab yurgan, og‘ir ish qilmagan, suv tashimagan, har qanday nuqsondan xoli, unda sariq rangdan boshqa rang yo‘qdir, – dedi.
Muso alayhissalom ta’rifini “mukammal” deb topgan johil qavm:

 

– Ana endi to‘g‘ri aytding. Hammasi tushunarli. Biz uchun mavhum narsa qolmadi, – dedilar va sigirni qidirishga tushdilar. Uni arang topib so‘ydilar. Sal qolsa so‘yolmay qolishlari hech gap emasdi.

 

    Shundan so‘ng Alloh taolo Bani Isroilni nima sababdan sigir so‘yishga buyurgani bayon qilinadi: “Eslang, (ey Bani Isroil,) bir jonni o‘ldirib qo‘yib, uning (qotili) haqida janjallashib qoldingiz. Holbuki, Alloh yashirgan narsalaringizni (yuzaga) chiqaruvchidir. “Uni so‘yilgan sigirning bir bo‘lagi bilan uringlar”, dedik. Alloh o‘liklarni shu tariqa tiriltiradi va sizlarga aqllaringizni ishlatishingiz uchun o‘z oyatlarini ko‘rsatadi”. Ya’ni, ey Bani Isroil, bir odamni o‘ldirib qo‘yib, u haqida munozara qilganingizni, har kim o‘zini oppoq qilib ko‘rsatganini eslang! Alloh siz berkitayotgan narsani oshkor qiladi.
    Alloh bu ishni amalga oshirdi, payg‘ambari Muso alayhissalom tilidan: “O‘likni sigirning ba’zi a’zosi bilan uringlar!” dedi. Bas, ular mayyitni urgan edilar, Allohning izni bilan tirilib, qotili kimligini aytib berdi.
    Sizlar o‘ldirgan mana shu mayyitni Alloh qanday tiriltirgan bo‘lsa, qiyomat kuni hisob-kitob qilish uchun o‘liklarni xuddi shunday tiriltiradi. U Zot sizlar aqllaringizni ishlatarsizlar, deb O‘zining har narsaga qodirligiga dalolat qiluvchi mo‘’jizalarini ko‘rsatadi.
    Shundan so‘ng qalblarga kuchli ta’sir qiluvchi bu mo‘’jizani ko‘rgan, o‘lik odam Alloh amri bilan tirilganiga shohid bo‘lgan Bani Isroil qavmi a’zolari bu voqea oldida kiprik qoqmay turganlari, ta’sirlanmaganlari bayon qilinadi: “So‘ngra keyin ham dillaringiz qotdi. Bas, u tosh kabidir yoki undan-da qattiqroqdir. Zero, shunday toshlar borki, ulardan daryo otilib chiqadi, yana shundaylari borki, yorilib ichidan suv chiqadi. Yana shundaylari ham borki, Allohdan qo‘rqqanidan pastga qulaydi. Alloh qilayotgan amallaringizdan g‘ofil emas”. Ya’ni, ey Bani Isroil, ko‘z o‘ngingizda o‘likning tirilganini ko‘rganingizdan keyin qalblaringiz toshdek qotib qoldi. Haqiqatan, dillaringiz toshdek qattiqdir. Balki toshdan ham qattiqroqdir. Zero, toshda teshik va yoriqlar bo‘lishi, undan suv chiqishi mumkin. Ha, qattiq toshlardan buloq va anhorlar otilib chiqadi. Ammo sizlarning qalblaringiz bironta ham mav’iza va mo‘’jiza sababidan yumshamaydi, qotib turaveradi, yaxshilik tomon rag‘bat qilmaydi. Holbuki, Alloh sizlar qilayotgan har bir amalni bilib kuzatib turadi.
      Mana shu oyatlarda Bani Isroil qavmining asl qiyofasi ochib berilmoqda. Ularga bag‘ritoshlik, so‘qirlik, nasihatni xushlamaslik illati xos ekani ma’lum qilinmoqda. Yuqorida keltirilgan qissadan juda ko‘p manfaat olish mumkin. Jumladan:

 

1. Bani Isroil qavmining payg‘ambarlari bilan odob chegarasidan chiqqan holda muomala qilishlari, qalblari toshdek qattiq, qo‘pol kimsalar ekani, savol berishda o‘jarlik qilishlari, payg‘ambrlari buyurgan ishni bajarishni paysalga solishlari, bir so‘z bilan aytganda, tabiatlari qing‘ir, to‘g‘ri yo‘ldan yurishni xushlamasliklari.

 

2. Ushbu oyatlar ila bayon qilingan qissa Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallam va Muso alayhissalom Allohning payg‘ambarlari ekaniga dalolat qiladi.

 

3. Dinda chuqur ketish, ko‘p savol berish ilohiy hukmlarning og‘irlashishiga sabab bo‘ladi. Zero, Bani Isroilga ilk bor sigir so‘yish buyurilganidayoq o‘sha ishni bajarganlarida, har qanday sigirni so‘yishlari yetarli bo‘lardi. Ammo ular qayta-qayta savol beraverib, o‘zlariga qiyin qilib qo‘yishdi, Alloh ularga qiyin qilishni lozim ko‘rdi.

 

   Ibn Jarir Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Agar qavm eng oddiy sigirni so‘yganlarida, kifoya qilardi. Biroq ular savol berishda chuqur ketishda va Alloh ularga qiyin qilib qo‘ydi”.
   Ma’lumki, Islom shariatida ko‘p savol berishdan qaytarilgan. Jumladan, Alloh taolo shunday degan: “Ey mo‘minlar, (Alloh sizlardan kechib yuborgan,) ochilganda sizlarni xafa qiladigan narsalar haqida so‘ramanglar! Qur’on nozil bo‘layotganida u haqida so‘rasangiz, sizlarga ochib beriladi (ya’ni, zimmangizga yuklanadi). Holbuki, Alloh u narsalarni kechib yuborgan edi. Alloh Mag‘firatli, Halimdir. U narsalar haqida sizlardan oldingi qavm so‘ragan edi. So‘ngra esa u narsalarni inkor qiluvchilarga aylandilar” (Moida surasi, 101-102-oyatlar). Hadisi sharifda: “Men sizlarni tark qilgan (masala)da meni (tinch) qo‘yinglar! Zero, sizlardan oldingilar ko‘p savol berish va payg‘ambarlariga xilof qilishlari sabab halok bo‘lganlar. Men sizlarni biron ishga buyursam, uni bajaringlar. Agar biron ishdan qaytarsam, imkoningiz yetganicha undan qaytinglar”, deyilgan.

 

4. Alloh taoloning qudrati cheksiz ekani. Zero, so‘yilgan sigirning bir bo‘lagi bilan mayyitni urish sababidan o‘lgan odamning tirilish mo‘’jizadir. Bu Alloh mutloq qudrat Sohibi ekanidan darak beradi. Lekin so‘qir qalb sohiblari shunday mo‘’jizalardan ham ta’sirlanmay jaholat zulmati ichra sho‘ng‘ishda davom etadilar.

 

Muhammad Sayyid Tantoviyning “Payg‘ambarlar tarixi” kitobidan

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216240
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24538
  • 18998
  • 12788
  • 15752