Dinsizlar tuzog‘iga ilinma ayol!
28.3.2016 7954

   Ayol – go‘zallik, sadoqat va mehr-muhabbat ramzi. Ayol bu mehribonona, sadoqatli umr yo‘dosh, oqibatli opa yo singil shu bilan bir qatorda o‘z kasbiga fidoiy inson.Ayolga har qancha ta’rif bersa oz.
    Ona yurtim, ona tabiat, ona Vatan, ona tilim degan muqaddas tushunchalarda ona so‘zi alohida ta’kidlanishi bejiz emas, albatta. Shuning uchun ham mustaqillik yillarida xotin–qizlarning jamiyatdagi maqomi va mavqeini ko‘tarish, ularning hurmatini joyiga qo‘yish, manfaatini himoyalash, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash davlatimizning, jamiyatimizning ustuvor yo‘nalishi va maqsadlaridan biriga aylandi.
   “Ayol, oila va jamiyat” naqadar muqaddas va mo‘’tabar so‘zlar bo‘lib, ayol so‘zi go‘zallikning, oila sadoqatining ifodasi, jamiyat so‘zi esa fidoyilikni anglatadi. Shunday ekan, ayol millat tayanchi sifatida jamiyat negizi hisoblangan oilada kelajagimiz taraqqiyotining garovi hisoblangan yuksak ma’naviyatli komil insonlarni tarbiyalashda mas’uldir.
    Bugungi kun ayoli farzandlar tarbiyasidan ajralmagan holda kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik, chorvachilik va meva-sabzavotchilik bilan shug‘ullanib, o‘z oilasi byudjetiga daromad keltirmoqda. Har sohada ayollarning peshqadam bo‘lib jonbozlik ko‘rsatayotganligi kishini quvontirmay qo‘ymaydi.
     Ayolning oiladagi eng asosiy vazifasi farzandni dunyoga keltirib, unga har tamonlama go‘zal tarbiya berishdir. Farzand – inson hayotining mazmuni, nasl-nasabining davomchisi, oilaning mustahkam zanjiridir. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Farzandlar dunyo hayotining ziynatidir” (Kahf 106) Onaning husni xulqli, odobli bo‘lishi kelajakda farzandlarining ham chiroyli tarbiya topishlarida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
    Ayol millat tarbiyachisi ekan, uning ma’naviyati kelajak taraqqiyotini hal qiluvchi yoshlarni voyaga yetkazish va ularni komil inson darajasiga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, millatni ona yaratadi va ona tarbiyalaydi. Oqilalik, pokizalik misoli bo‘lgan onalar yurtimiz ma’naviyatining asosini, madaniyatimiz mazmunini ham tashkil qiladi. Tarixdan ma’lumki, deyarli barcha buyuk allomalarimiz, ulug‘ ulamolarimizning, bobokalonlarimizning onalari pokiza, o‘qimishli, yetuk bilim egalari, ma’rifatli ayollar bo‘lishgan. Ibn Sinoning onasi Sitorabonu, Bahouddin Naqshband volidasi Bibi Orifa, Muhammad Aminxo‘ja Muqimiy onasi Oyshabibi, Munavvarqori Abdurashidxonov onasi Xosiyatxon otin, Abdurauf Fitrat onasi Bibijon, Ishoqxon Ibrat onasi Huribibi ayadan birinchi tarbiyani, ilk ilm, saboq sirlarini o‘rganib, jahon ilm-fani, madaniyatiga ulkan hissa qo‘shdilar. Shuning uchun ham millatni qanday millat bo‘lib shakllanishida onaning- ayolning mehnati beqiyos ekanligini e’tirof etib, yurtboshimiz I.Karimov: “Ayollar uchun ijtimoiy faoliyat bilan bola tarbiyasini uyg‘unlashtirishga, sog‘lom avlodni voyaga yetkazishga imkon beruvchi barcha shart-sharoitlar yaratib berish bizning muqaddas burchimizdir”, deb ta’kidlaydi (2009 yil 9 sentyabrdagi “Mahalla” gazetasida chop etilgan “Ayol jamiyatning axloqiy mezoni” maqolasidan).
    Xalqimiz orasida “Ayol bir qo‘li bilan beshikni, ikkinchi qo‘li bilan dunyoni tebratadi”, degan naql bejiz vujudga kelmagan. Buyuk ajdodlarimiz, millatimiz tarixidan ma’lumki, o‘zbek ayoli, o‘zbek onalari nafaqat o‘z elimiz, balki dunyo hamjamiyati, umumbashariyat taraqqiyotiga o‘zining ulkan hissasini qo‘shgan mashhur o‘g‘lonlari – jasur, botir Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi sarkardalari, Bahouddin Naqshband, Abduxoliq G‘ijduvoniy, hazrat Xo‘ja Ahror Vali kabi azizu-avliyolari, jahonni turli jabhalarda lol qoldirgan olimlari – Abu Nasr Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Imom Al Buxoriy, Abu Ali ibn Sino, Al Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, adiblari – Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Umar Hayyom, Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qahhor, Oybek kabilar bilan mashhurdirlar.Mag‘rur, jasur va dono To‘maris, Bibixonim, Nodirabegim, Uvaysiylar nomlari nafaqat biz uchun, balki ilg‘or fikrli dunyo ahli uchun ham jasorat, shijoat va nafislik timsolidir.
     Ming afsuslar bo‘lsinki, bugungi kunda diniy-ekstremistik va terrorchi tashkilotlar vakillari aksariyat hollarda ayollarning hayoti, farzandlari va kelajagi bilan hisoblashmay, ulardan o‘zini portlatish orqali qurbon qiluvchi sifatida foydalanib,ularga o‘z maqsadlariga erishishda vosita sifatida qaramoqdalar.
     Aksariyat hollarda giyohvand moddalar iste’mol qildirilgan va chuqur ruhiy ta’sir ko‘rsatilgan, ongiga muqaddas manbalardagi g‘oyalar g‘araz manfaatlar yo‘lida g‘ayriinsoniy mazmunda singdirilib, shaxsiy “men”i yo‘qotilgan, haqiqiy hayot o‘limdan so‘ng boshlanishi va jannatga tushishiga ishontirilgan, mavjud voqelik yovuzlik saltanati bo‘lib ko‘ringan hamda dunyoda yashashidan ma’no qolmagan ayollar o‘z rahnamosi ko‘rsatmalarini so‘zsiz ado etadigan “shahidalar”ga aylanmoqdalar.
     O‘zini portlatish orqali qurbon qilayotgan ayolga tashkilot va harbiy faoliyat sirlarini saqlash usullarini o‘rgatish shart emas, chunki guruh a’zolari ayollardan doimo bir martalik arzon qurol sifatida foydalanadilar.
       O‘zini portlatish orqali qurbon qilishga rozi bo‘lishdan maqsad:

 

•Og‘ir kasallik og‘riq va alamlaridan qutulish;

 

• oilasiga moddiy jihatdan yordam berish yoki pul ishlash;

 

• ayollar o‘zlariga nisbatan bo‘layotgan nohaqliklar, past nazar yoki “oddiy buyum” sifatida bo‘layotgan muomalalardan norozi bo‘lib, yashayotgan yoki kelajakda yashaydigan hayotlaridan qutulish;

 

• ayollar ayol bo‘lishdan voz kechish maqsadida.

 

    Bunday ishga rozi bo‘layotgan aksariyat ayollar shu yo‘l bilan o‘z shaxsiy yoki oilaviy mavqelarini ko‘tarmoqchi, bu harakatlari bilan ular o‘zlarini keraksiz bir buyum emas, balki ular ham erkaklar singari nimalarga qodir ekanliklarini isbotlamoqchi bo‘ladilar. Bu jarayon 3-4 oylik muddatni o‘z ichiga oladi.
    Ayollar o‘z g‘arazli maqsadini amalga oshirishlaridan avval, tinimsiz ravishda Qur’oni karimning oqim o‘z faoliyatiga moslagan oyat va suralar tilovatini eshitadilar, besh mahal namoz o‘qiydilar, tashkilotga doir radikal adabiyotlar bilan tanishadilar. Ana shundan keyin ular har qanday ishni qo‘rqmasdan amalga oshiradigan bo‘ladilar.
      Chikago universiteti siyosatshunosi Robert Peyp so‘nggi 25 yilda Livan, Shri-Lanka, Isroil va boshqa davlatlardagi kamikadzelar tomonidan sodir etilgan jami 462 ta teraktni o‘rganib chiqib, ularning hech birida diniy asosning yo‘qligi, kamikadzelarning aksariyati dunyoviy kishilar bo‘lgani, tahlil qilingan 462 teraktning 48 tasi 25 yoshdan oshmagan, jami 220 ta qiz tomonidan sodir etilgani ma’lum bo‘ldi.
      Qur’oni karim “Niso” surasi 29-oyatda shundaydeyiladi: “O‘zlaringizni o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir”. Qur’oni karim “Niso” surasi 93-oyatda shundaydeyiladi: “Kimda-kim qasddan bir mo‘minni o‘ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Alloh g‘azab qilgay, la’natlagay va unga ulkan azobni tayyorlab qo‘ygay”.
     Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: “Najot faqat bilimdadir”. Yoshlar va ayollar turli mutaassib guruh da’vatchilarining aldoviga uchib qolmasligi, xususan, go‘yoki “Qur’on o‘rgatish” bahonasida, aslida, mutaassib g‘oyalar targ‘ib qilinadigan yashirin “hujra” va yig‘inlarga bormasligi, turli “da’vatchi”lardan noqonuniy diniy mazmundagi disk, adabiyot va kassetalarni olmasligi lozim.
     Siz yoki atrofingizdagi biror kimsaga kimdir xususiy tarzda ta’lim berishni taklif qilsa, bu harakat noqonuniy ekani va yashirin tarzda diniy ta’lim berishda, albatta, biror g‘arazli maqsad yotganini tushunishingiz lozim. Xususiy tarzda diniy ta’lim berish qonunan man etilgani “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasida o‘z aksini topgan.
     Xulosa sifatida aytish mumkinki, ayollar turli oqimlar ta’siriga tushib qolmasliklari uchun ayollarga doimo va har qanday vaziyatda e’tiborli bo‘lish, ularni ham moddiy ham ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk bo‘lishlari uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, oilada ayollarga faqatgina uy yumushlaridan orta olmayotgan uy bekasi sifatida emas, balki yetuk shaxs sifatida muomala qilish, har qanday vaziyatda uning atrofida himoyachi va g‘amxo‘rlari bor ekanini his qildira olishimiz lozim.
     Ey ayol! Sen avvalo onasan! Sening asosiy vazifang jamiyat va yurt taraqqiyoti uchun xizmat qiladigan farzandlarni tarbiyalashdir. Din niqobi ostidagi o‘zini dindor qilib ko‘rsatayotgan, aslida esa dinsiz, manfurlar qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lma! Sen aziz va mukarram etib yaratilding. O‘z nomingga dog‘ tushirma. Hadisi sharifda noming “Jannat onalar oyog‘i ostida” deya ulug‘langan ekan, shu nomga munosib bo‘l!


Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom
bilim yurti 4-kurs talabasi Muzaffarova Aziza







Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216392
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24553
  • 19010
  • 12794
  • 15758