Ey Rasululloh! Biz sizni sevamiz!
23.12.2016 8112

   Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ga muhabbatli bo‘lish mukammal mo‘minlik belgisi sanaladi. Bu haqda hadisi sharifda bunday deyilgan: «Anas (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Men sizlarga otasidan ham, bolasidan ham va barcha insonlardan ham suyukliroq bo‘lmagunimcha, sizlardan birortangiz haqiqiy mo‘min bo‘la olmaysizlar”, dedilar» (Muttafaqun alayh). 
   Ushbu hadisda komil mo‘min bo‘lish uchun Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ga muhabbatli bo‘lish lozimligi bayon qilinyapti. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) mo‘minlar uchun barcha muhabbat qilinadigan kishilaridan ko‘ra sevishlikka haqli bo‘lgan zotdir. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Nabiy mo‘minlar uchun o‘zlaridan ko‘ra haqlidir”, (Ahzob, 6). 
   Bu shunday ulug‘ maqom bo‘lib, bu maqom faqatgina bizning Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga berilgandir. Qoziy Iyoz (rahmatullohi alayh) bunday degan: “Insonda boshqa kishiga nisbatan muhabbatni paydo bo‘lishiga to‘rt ishdan biri sabab bo‘ladi: 

– foyda keltirishi. Qaysi bir kishi senga foyda keltiradigan ish qiladigan bo‘lsa, unga nisbatan senda muhabbat paydo bo‘ladi; 

– zararni daf qilishi. Biror kishi senga keladigan zarardan seni himoya qilsa, unga nisbatan senda mehr va muhabbat uyg‘onadi; 

– xilqati, ko‘rinishi chiroyli bo‘lishi. Inson biror chiroyli manzara yoki tovusga o‘xshagan chiroyli qushni ko‘rib qolsa, unga qiziqishi ortadi va unga muhabbat qiladi; 

– xulqi chiroyli bo‘lishi. Sen biror xulqi, odobi chiroyli bo‘lgan kishini odamlar bilan go‘zal muomala qilayotganini ko‘rib qolsang, unga nisbatan senda muhabbat paydo bo‘ladi. 

 

Mana shu to‘rtta xususiyatning barchasi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)da jam bo‘lgan: 


– U zot bizga Rabbimizni tanitdilar. Bandaga o‘z Rabbisini tanishidan ko‘ra yaxshiroq narsa yo‘q. U zot bizga jannatga borish yo‘llarini ta’lim berdilar. Bizga Islomni o‘rgatdilar. Alloh taologa qanday ibodat qilishni ta’lim berdilar. Bularning barchasi Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning bizga bergan eng katta manfaatlari va yordamlaridir; 

– U zot hayotimizdagi har bir yomonlikdan bizni qaytardilar. Bizni do‘zaxdan qaytardilar. Bizga do‘zax yo‘llaridan saqlanishni o‘rgatdilar. Birimiz boshqamizning obro‘sini to‘kishdan, joniga va moliga xiyonat qilishdan bizni qaytardilar; 

– Nabiy (alayhissalom)ning xilqatlari, ko‘rinishlari juda chiroyli bo‘lgan; 

– U zot barcha insonlarning eng xulqi yaxshisi bo‘lganlar. U zot haqida Qur’oni karimda: “Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!”, (Qalam, 4) deyilgan. Oysha (roziyallohu anho) u zotning xulqlarini “Qur’on”, degan. Shunga ko‘ra, u zot sevilishga haqli bo‘lgan zotdirlar. 

Shuningdek, ba’zi ulamolar insoniyatda bo‘lgan muhabbat haqida quyidagi fikrlarni aytishgan. 

 

Insoniyatda mavjud bo‘lgan muhabbat uch xil bo‘ladi: 


– tabiiy muhabbat – buni Alloh taolo insonning asl fitratida bor qilib yaratgan. Bu muhabbatda inson uchun yaxshi ko‘rish yoki yaxshi ko‘rmaslik ixtiyori bo‘lmaydi. Bunga inson o‘zini, farzandini, ota-onasini yaxshi ko‘rishini misol qilishimiz mumkin; 

– aqliy muhabbat – bu muhabbat aslida insonning fitratida bo‘lmaydi, lekin aqlning taqozosiga ko‘ra shu narsaga mehr qo‘yadi va uni xohlaydi. Bunga misol, bemor kishining achchiq dorini iste’mol qilishi. Aslida nafsi buni xohlamasa ham, jismiga davo bo‘lishini bilganidan buni xohlaydi. Yana biror insonni unga manfaati yetib turgani sababidan uni yaxshi ko‘rishi; 

– imoniy muhabbat – bu muhabbat Alloh taologa va uning Rasuliga imon keltirgan imonli kishidagina bor bo‘ladi. Bunga bir kishi musulmon kishini Allohning roziligi uchun yaxshi ko‘rishini misol qilishimiz mumkin. Bu muhabbat qarindoshligi uchun yoki biror manfaat uchun bo‘lmaydi. Balki shariatimiz shunga buyurgani va imoni taqozo qilgani uchun bo‘ladi. 

    Yuqoridagi hadisda zikr qilinayotgan Muhammad (alayhissalom)ga muhabbatli bo‘lish imoniy muhabbatdan hisoblanadi. Agar insonda imoniy muhabbat bo‘lsagina, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga haqiqiy muhabbat qila oladi. Sahobai kiromlarda mana shu muhabbat bo‘lgan va shu sababli u zotga haqiqiy oshiq bo‘lganlar. Bir hadisi sharifda bunday deyilgan: «Abdulloh ibn Hishom (roziyalohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Biz Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga edik. U zot Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu)ning qo‘llarini ushlab turgan holda edilar, shunda Umar (roziyallohu anhu) u zotga: “Ey Allohning Rasuli! Siz men uchun o‘zimdan boshqa hammadan ko‘ra mahbubroqsiz”, dedi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Yo‘q, nafsim uning qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, toki men sizga o‘zingizdan ham mahbubroq bo‘lmagunimcha bo‘lmaydi”, dedilar. 

Umar (roziyallohu anhu) u zotga: “Endi Allohga qasamki, albatta, siz men uchun o‘zimdan ham mahbubroqsiz”, dedi. 

Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Ana, endi bo‘ldi, Ey Umar”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati). 

Umar (roziyallohu anhu) aytgan gaplarining ikki xil ehtimoli bo‘lishi mumkin: 

– U kishi avvalgi holatda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni yaxshi ko‘rish insonning fitratida bo‘lgan tabiiy muhabbatdan deb o‘ylab, qalbidagi borini ochiq-oydin Nabiy (alayhissalom)ga aytgan bo‘lishlari mumkin, so‘ngra bu imoniy muhabbatdan ekanligini bilib, ikkinchi gapni aytganlar. 

– Alloh taolo u kishini Muhammad (alayhissalom)ga murojaat qilish barakasi bilan ulug‘ maqomga yetkazdi, natijada u kishining qalbida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga nisbatan ulkan muhabbat joylashdi. 

U zotga bo‘lgan muhabbat qalbiy va amaliy bo‘lishi lozim. Shunga ko‘ra, u zotga muhabbatli bo‘lgan kishi Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ning sunnatlariga amal qilishi, u zotni xursand qiladigan ishlarni qilishi kerak bo‘ladi. Ulamolardan biri: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga haqiqiy muhabbatli bo‘lish – U zot (sollallohu alayhi va sallam)ning sunnatini qo‘llab-quvvatlash, uning shariatini himoya qilish va nafsini va molini sarflash uchun u kishi bilan birga bo‘lishni orzu qilishdir”, deb aytgan. 

 

Shunga ko‘ra, Ey Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)! Biz sizni yaxshi ko‘ramiz: 

 


– Ey Rasululloh! Bizni yaxshi ko‘ramiz. Chunki siz olamlarga rahmat qilib yuborilgan Payg‘ambardirsiz; 

– Ey Rasululloh! Biz sizni yaxshi ko‘ramiz. Siz bizni to‘g‘ri yo‘lga boshladingiz va gunoh ishlardan bizni qaytardingiz; 

– Ey Rasululloh! Biz sizni yaxshi ko‘ramiz. Zero, Alloh taolo va uning farishtalari sizga salom va salavot aytishgan va Alloh bizni ham sizga salavot va salom aytishga amr qilgan; 

– Ey Rasululloh! Biz sizni yaxshi ko‘ramiz, zero, sizni yaxshi ko‘rish Alloh taologa qurbat va Allohga eng afzal ibodatdir; 

– Ey Rasululloh! Biz sizni yaxshi ko‘ramiz, chunki tushimizda sizni ko‘rishimizni Allohdan duo qilib so‘raymiz; 

– Ey Rasululloh! Biz sizni yaxshi ko‘ramiz, zero, jannatda siz bilan birga bo‘lishimizni umid qilamiz; 

– Ey Rasululloh! Biz sizga muhabbatli bo‘lgan holda, sizga ishtiyoqmand bo‘lgan holda, sizga yaqinlashgan holda, sizni his qilgan holda, qadr-qimmatingizga ulkan mehr qilgan holda yaxshi ko‘ramiz; 

– Ey Rasululloh! Biz sizni yaxshi ko‘ramiz, qiyomatda bizni shafoat qilishingiz uchun.... 

 

       Alloh taolo barchamizga Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga muhabbatli bo‘lib yashashni nasib aylasin. 

 

Manbalar asosida “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi Shokirjon MADAMINOV tayyorladi

 

Manba: www.muslim.uz  

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216385
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24553
  • 19010
  • 12794
  • 15757