Islomda mazhab kerak(mi?)!
26.10.2016 11948

   Hozirgi davrda eng avvalo axborot chegaralarining barham topishida o‘zligini namoyon qilayotgan globallashuv sharoitida va bir paytlar xalqaro munosabatlar mazmunini belgilagan ikki qarama-qarshi kuch — sotsializm va kapitalizm o‘rtasidagi o‘zaro kurashning barham topishi natijasida ekstremizm va terrorizm mamlakatlar, mintaqalar va umuman dunyo xavfsizligiga asosiy taxdid sifatida birinchi o‘ringa chiqdi. Qo‘poruvchilik faoliyatining turli ko‘rinishlarini o‘z ichiga olgan infrastrukturani shakllantirgan va rivojlantirgan mazkur ikki dunyoqarash o‘rtasidagi kurash hozirda turli xil kuchlarni birlashtirgan ko‘p qutbli dunyoning mazkur infrastrukturaga qarshi kurashidek shakl-shamoyil kasb etmoqda.
    Bugungi kunda islom diniga nisbatan butun dunyoda qiziqish va intilish kuchayib, uning shuhrati yanada keng yoyilayotganligi hammaga ma’lum. Ammo buni ko‘ra olmaydiganlar tomonidan bunga qarshi turli nayranglar o‘ylab topilayotganligi hech kimga sir bo‘lmay qoldi. Musulmonlar orasida fitna qo‘zg‘ab, o‘zaro kelishmovchiliklarni keltirib chiqarish va jamiyat hayotida barqarorlikni izdan chiqarishda islomni noto‘gri talqin qilib, uning nomidan turli noto‘g‘ri g‘oya va oqimlarni paydo qilish eng sermahsul qurolga aylanib qoldi. Ayni shu asosda mazhabsizlik muammosi ham paydo bo‘lganligi ehtimoldan xoli emas.
    Mazhabsizlik g‘oyasi asrlar davomida o‘tgan minglab olimlarning qilgan mehnatlarini bekorga chiqaradi. Asrlar davomida barcha musulmonlar amal qilib kelgan an’ana noto‘g‘ri, shuncha musulmon adashgan ekan degan xulosa kelib chiqadi. Bunday bo‘lishi mumkin emas, buni tilga olishni o‘zi qiyin. Bu Payg‘ambar (s.a.v.)ning sunnatiga ham to‘g‘ri kelmaydi, zero u kishi shunday marhamat qiladi: “Alloh ummatimni biror zalolatga jamlamas”. Boshqa bir hadisda “Musulmonlar yaxshi deb bilgan narsa Allohning huzuruda ham yaxshidir” - deyilgan. Bu da’vat mazhablar mohiyati va qiymatini umuman bilmaslikdir.
    O‘zbek xalqi necha asrlardan beri sunniylikning to‘rt fiqhiy mazhabidan biri bo‘lmish hanafiylik mazhabiga amal qilib keladi. Hanafiylik o‘z tarixiy taraqqiyotining barcha bosqichlarida musulmonlarning hamjihatligi, o‘zaro inoqligi va birligini ta’minlash uchun kurashib kelgan. U musulmonlar orasidagi har qanday firqachilikka qarshi bo‘lib, qavmning diniy e’tiqod belgilari bo‘yicha guruhlarga bo‘linish g‘oyasini hech qachon tan olmagan.
    Ushbu g‘oyaning salbiy oqibatlari yurtimizning yaqin o‘tmishida ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Xalqimiz o‘z mustaqiligini qaytadan qo‘lga kiritganidan so‘ng dinimizga keng yo‘llar ochib berildi. Diniy ma’rifiy sohalarda turli musulmon davlatlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Ammo shu bilan birga chetdan mazhabsizlik g‘oyasi ham kirib keldi. Ular o‘zlarining noto‘g‘ri, ammo zohirda go‘zal da’vatlariga bir qancha yurtdoshlarimizni ishontirishga ulgurdi. Ular xalqimizning azaldan amal qilib kelayotgan hanafiylik mazhabini noto‘g‘riga chiqardi. Bu esa hanafiy mazhabiga amal qiluvchilarning e’tiroziga sabab bo‘ldi.
    Natijada musulmonlar o‘rtasida nizo, tortishuv yuz berib, ixtiloflar avjiga chiqdi. Mazhablarga ergashishdan qaytarish hali dinni to‘liq bilmaydigan, Qur’onning tarjima va tafsiri u yoqda tursin, uni to‘g‘ri o‘qiy olmaydigan yurtdoshlarimizning diniy hukmlar haqida tortishib, bir-birini adashganga chiqarishlariga sabab bo‘ldi.
    Turli xil ixtilof va kelishmovchilik ta’sirida o‘z yaqinlaridan, xalqidan va yurtidan norozi kayfiyatda bo‘lgan diniy ekstrimizmga moyil kishilar paydo bo‘ldi. Ular endi nafaqat mazhabga amal qiluvchilar bilan, balki o‘zaro bir-birlari bilan ham kelishmas edi. Ularning o‘zlari ham turli nomsiz firqalarga ajralib ketdi. Bundan esa turli ekstremistik ruhdagi g‘arazli kuchlar unumli foydalandi. O‘lkamizga chetda shakllangan va ma’lum tarixga ega bo‘lgan radikal oqimlar kirib keldi va tarqoq nomsiz firqalarni o‘zlariga qo‘shib oldi.
    Ramazon al-Butiy “Mazhabsizlik - islom shariatiga tahdid solib turgan eng katta bid’at” deb aytgani bejiz emas edi. Hozirgi kunimizda hali ham yurtdoshlarimiz ichida bilib-bilmay ushbu g‘oyaning ta’sirida yurgan kishilarning mavjud bo‘lishi bu g‘oyani diniy-ma’rifiy asosda chuqur o‘rganib, uning asl mohiyatini ochib berish, uni odamlarga, xalqimizga to‘g‘ri tushuntirib berish va shu yo‘l bilan mazhabsizlik salbiy oqibatlarini oldini olish bugungi kundagi muhim va dolzarb vazifalardan bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga mazhablarning asl mohiyati, ularning bebaho qiymati, xususan, xalqimiz azaldan amal qilib kelayotgan hanafiy mazhabini xalqimizga, yoshlarimizga tushuntirish zarur degan fikrdamiz.
     Haanfiylik mazhabi hozirda Turkiyadan tortib Indoneziyagacha bo‘lgan hududdagi davlatlarda asosiy mazhab hisoblanadi. O‘zbekistonda IIX – X asrlarda qaror topdi. Molikiy mazhabining vatani Madina bo‘lgani uchun uning Hijozda tarqalishi tabiiy edi. Har yili haj mavsumida Shimoliy Afrika va Andalusiya olimlari Madina ulamolari bilan aloqa qilgani tufayli bu mazhab u erlarga ham yoyilib, Andalusiyada zohiriy mazhabini siqib chiqardi. Molikiy mazhabi hozirgi kunlarda ham Marokash, Jazoir, Tunis, Liviyada yetakchi mazhab sifatida saqlanib qolmoqda. Shuningdek, u yuqori Misr va Sudan hamda Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari va Kuvaytga o‘z nufuzini yoydi. Boshqa qator mamlakatlarda ham muayyan miqdorda molikiy mazhabining izdoshlari mavjud. Misr va Sudanda yirik molikiy jamoalari mavjud. Kam miqdorda molikiylar deyarli barcha musulmon davlatlarida yashaydilar. Shofeiylik tarqalgan hududlar: Misr mazkur yangi mazhabning vatani bo‘lgani uchun u erda bu ta’limot chuqur ildiz otgani tabiiydir.
     1517 yili Usmoniy turklar tomonidan Misrga hanafiy mazhabi kiritiladi. Hozirgi kunda sud mahkamalarida shaxsiy maqom borasida hanafiy mazhabi tatbiq etilsada, ko‘p misrliklar, ayniqsa, qishloq joylarda o‘z diniy urf-odatlarida shofe’iy an’analariga sodiq qolganlar. Falastin va Iordaniyaning aksariyat musulmonlari, Suriya, Iroq, Hijoz, Pokiston, Hindiston, Indoneziya hamda Eron va Yamandagi sunniy musulmonlar ham shunday qiladilar.
     Shofe’iy mazhabi murakkab mantiqiy tahlilni talab qiluvchi Hanafiy mazhabidan va Madina fiqhiy maktabining huquqiy majmuasini to‘liq bilishni talab qilgan Molikiy mazhabidan farq qiladi. Aynan mana shu bu mazhabning Suriya, Iroq va Misrda chuqur ildiz tarqalishiga va musulmon davlatlariga yoyilishiga imkon berdi.
     Hanbaliylik tarqalgan hududlar XX asr Saudlar oilasining hukumat tepasiga qaytishi Saudiya Arabistonida hanbaliy mazhabini rasmiy mazhab sifatida ta’sis etilishiga olib keldi. Shuningdek, hanbaliylik Qatarda rasmiy mazhab va Falastin, Suriya, Iroq va yana boshqa joylarda o‘z izdoshlariga ega.
    Xulosa qilib aytganda to‘rt fiqhiy mazhablar yuqorida ta’kidlaganimizdek, ba’zi juz’iy masalalardagina farqlanadilar xolos. Shuningdek bir fiqhiy mazhab ichida ham turli fikrlash keng miqyosda yo‘lga qo‘yilgan. Misol uchun Hanafiy mazhabida ba’zi masalalarda Imom Abu Haniyfaning shogirdlari u kishining fatvolaridan boshqacha fatvo chiqarganlar va shogirdning fatvosiga amal qilingan.
     Lekin, fuqaholarning bu fikr erkinliklari zulm va javr ila ba’zi kishilar tomonidan ixtilof, deb nomlangan. Aslida bu ish ixtilof emas, ko‘pfikrlikdir. Masalani hal qilishda afzal va oson yo‘lni tanlashga urinishdir. Ayni paytda bu ko‘pfikrlilik yuksak odob doirasida bir birini hurmat qilgan holda yo‘lga qo‘yilgan. Munozara odoblari ishlab chiqilgan va bu bobda kitoblar ham bitilgan. Bularning hammasi fikr va so‘z erkinligining samarasidir.
     Mazhabsizlar Qur’oni karim va sunnatdan shar’iy hukmlarni chiqarishda o‘zlarining qadimgi maslakdoshlari bo‘lmish “Zohiriylik” mazhabining yo‘lini tutganlar. Hech kim mazhablarni faqat shu to‘rt mazhabga cheklab qo‘ymagan, balki tarixiy sharoit shuni taqozo qilgan. Mazhablar orasidagi ixtilof aqidaviy ixtiloflar kabi shariat man etgan ixtilof emas, aksincha ular musulmonlar uchun rahmat. Bu ixtiloflar sahobiy va tobe’iylar orasidagi ixtiloflarning uzviy davomidir.
    Mazhab imomlarining sahih hadis haqidagi gaplari Imom Buxoriy va Muslim kabi sahih hadislar to‘plamida mazhabga to‘g‘ri kelmaydigan masalalarda mazhabni tashlab, hadisga ergashish kerak degani emas, bu gaplar faqat juda ham kam kishilar bajara oladigan shartlarga javob bera oladigan mazhab ichidagi mujtahidlarga va mutloq mujtahidlarga qaratilgan.
     Mazhabsizlik jamiyat hayotida ixtilof va janjallarni keltirib chiqaradi va buning natijasida turli radikal oqimlarga moyil “kadrlar” yetishib chiqadi. Birdamlik va barqarorlikka salbiy ta’sir etadi. Bugungi kunda mazhabsizlikning oldini olishning ma’naviy, diniy va ma’rifiy asoslariga alohida ahamiyat berish lozim.

Tohirova Muxlisaxon 

Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilimyurti 3-kurs talabasi

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216242
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24538
  • 18998
  • 12788
  • 15752