Muso alayhissalom yo‘qligida Bani Isroilning buzoqqa sig‘inishi - 2
14.10.2015 7095

     

      A’rof surasida Bani Isroilning buzoqqa sig‘inishi haqidagi qissaning boshqa jihatlari bayon etilgan. Alloh taolo aytadi: 
“Musoning qavmi undan keyin o‘zlarining bezak buyumlaridan ovoz chiqaradigan bir buzoq shaklini (yasab) oldilar. Axir ular o‘sha (buzoq) o‘zlariga so‘zlay olmasligini va hidoyat ham qila olmasligini bilmaydilarmi?! Ular o‘shani ushlab, zulm qiluvchilardan bo‘ldilar. Qachonki qo‘lga tushishgach va o‘zlarining yo‘ldan ozganlarini bilishgach, aytdilar: “Qasamki, agar Parvardigorimiz bizga rahm etmasa va mag‘firat qilmasa, albatta ziyon ko‘ruvchilardan bo‘lib qolamiz”. Qachonki Muso qavmiga g‘azablangan va xafa holida qaytgach: “Mening ortimdan naqadar yomon qoluvchi bo‘ldingiz. Parvardigoringizning amr-farmoni (yetib kelgunicha sabr qilmay) shoshib ketdingizmi?” deb lavhlarni tashlab yubordi va akasining boshidan ushlab o‘ziga torta boshladi. (Horun) dedi: “Ey onamning bolasi, birodarim, bu qavm meni xo‘rlab, o‘ldirishlariga oz qoldi. Endi sen ham bu dushmanlarni mening ustimdan kuldirma va meni zolim qavm bilan birga qilma!” (Muso) dedi: “Parvardigorim, meni va birodarimni O‘zing mag‘firat etgaysan va bizni O‘z rahmatingga doxil qilgaysan, O‘zing rahm qiluvchilarning rahmlirog‘isan!” Shubhasiz, buzoqni ushlab olgan kimsalarga Parvardigori tarafidan g‘azab va dunyo hayotida xor-zorlik yetar. (Alloh) sha’niga yolg‘on to‘quvchilarni mana shunday jazolaymiz. Gunoh ishlarni qilib, keyin ularning ortidan tavba qilgan va imon keltirgan kishilar uchun esa, albatta Parvardigoringiz o‘shandan keyin ham mag‘firat qiluvchi, Mehribondir” (A’rof surasi, 148-153-oyatlar). 
Muso alayhissalom Parvardigoridan Tavrotni qabul qilib olish uchun ketganida, eski illatlaridan forig‘ bo‘lib urgurmagan Bani Isroil ziynatlardan yasalgan buzoq haykalini o‘zlariga xudo qilib oldilar. 
    “Axir ular o‘sha (buzoq) o‘zlariga so‘zlay olmasligini va hidoyat ham qila olmasligini bilmaydilarmi?!” 
Ular aqlsiz va johil bo‘lmasalar, shunday qabih ishga qo‘l urarmidilar!? Bani Isroil qavmi shu darajada jaholat qa’riga botgan ediki, o‘zlari sig‘inayotgan jonsiz buzoq bironta ham so‘zni so‘zlolmasligi, ularning xatosini tuzatib, to‘g‘ri yo‘lga boshlay olmasligini o‘ylab ham ko‘rmas, jonsiz haykal iloh bo‘lolmasligini xayollariga keltirmasdilar. 
Bunday illatiga ega narsa qanday qilib iloh bo‘lsin? Vaholanki, ilohlikka eng munosib Zot bo‘lgan Alloh taolo payg‘ambarlariga so‘zlaydi, bandalarini to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi, ularni yomonlikdan qaytaradi. 
    “Ular o‘shani ushlab, zulm qiluvchilardan bo‘ldilar”. 
Ya’ni, ular o‘sha buzoqning jonsiz haykali biron narsaga qodir emasligini bila turib uni iloh deb da’vo qildilar. Allohdan o‘zgaga ibodat qilish va botilni haq deb da’vo qilish bilan o‘zlariga zulm qildilar. 
      Shundan so‘ng Bani Isroil qilayotgan bu ishlari zalolat ekanini sezib qolishgani bayon etiladi: 
“Qachonki qo‘lga tushishgach va o‘zlarining yo‘ldan ozganlarini bilishgach, aytdilar: “Qasamki, agar Parvardigorimiz bizga rahm etmasa va mag‘firat qilmasa, albatta ziyon ko‘ruvchilardan bo‘lib qolamiz”, dedilar. 
     Bani Isroil qavmi buzoqqa sig‘inish xato ekaniga amin bo‘lib, qilgan ishlariga afsus chekishdi va hasrat-nadomat ila: 
– Agar Mehribon Alloh bizga rahm qilmasa, holimizga voy! U holda biz amali bekor bo‘ladigan kimsalardan bo‘lib qolamiz! – deb ohu nola chekishdi. 
Bu pushaymon Muso alayhissalom qaytib kelganidan keyin bo‘lgan. Sababi Horun alayhissalom gumroh qavmni bu ishdan qaytarganida, ular Muso qaytib kelgunicha buzoqqa sig‘inishni davom ettirishlarini ochiqchasiga e’lon qilishgandi. 
     Bani Isroilning qilmishiga nadomati Muso alayhissalom kelganidan keyin bo‘lganiga yana bir dalil, Payg‘ambar miyqotdan qaytib kelgach, buzoqqa sig‘inib turgan qavmni qattiq tanqid qiladi, ularni bu ishdan qaytaradi. Agar ular Muso kelmasidan oldin ayblariga iqror bo‘lib, shirk amaldan voz kechganlarida, Muso alayhissalomning g‘azablanishiga hojat qolmasdi. 
“Qachonki Muso qavmiga g‘azablangan va xafa holida qaytgach: “Mening ortimdan naqadar yomon qoluvchi bo‘ldingizlar”, dedi. 
      Muso alayhissalom Tur tog‘idan qaytib kelgach, qavmi buzoqqa sig‘inayotganini ko‘rib qattiq g‘azablandi, mana shu til-zabonsiz buzoq tufayli fitnaga tushganlaridan juda xafa bo‘ldi va: 
– Men Rabbim bilan munojat qilgani ketganimda ortimdan qanday yomon o‘rinbosar bo‘ldingiz! Sizlardan Allohga ixlos bilan ibodat qilish va men keltirgan shariatga amal qilish haqida olingan ahdnoma haqida o‘ylab ham ko‘rmadingiz, – dedi. 
    “Parvardigoringizning amr-farmoni (yetib kelgunicha sabr qilmay) shoshib ketdingizmi?” 
Ya’ni, menga bergan ahdingizga turmay buzoqqa sig‘inishga shoshildingizmi? O‘z diningizni o‘zgartirib, mana shu haykalga sig‘indingizmi?! 
      Shundan so‘ng g‘azabi chiqqan Muso alayhissalom nima qilgani bayon etiladi: 
“(Muso qo‘lidagi) lavhlarni tashlab yubordi va akasining boshidan ushlab o‘ziga torta boshladi”. 
      Qavmi shirk tomon qadam bosgani sabab Muso alayhissalom junbushga keldi va qo‘lidagi lavhalarni tashlab yubordi. Bu Alloh uchun qilingan g‘azab edi. Bu o‘z dini uchun qilingan g‘azab edi. Zero, Muso alayhissalom jon kuydirib qavmini Yakkayu Yagona Allohga ibodat qilishga chaqirsayu, oz muddat yo‘q bo‘lganida qavmi butga sig‘inishga o‘tib ketsa. Bu qilmishga sog‘lom fikr va aql sohibi chidab turolmasdi. 
     Muso darg‘azab holda qo‘lidagi lavhalarni tashlab yuborgach, birodari Horunning sochidan torta boshladi. Sababi u qavmiga nasihat qilishda suskashlikka yo‘l qo‘ygan, ular buzoqqa topinishlariga rozi bo‘lib indamay turavergan, deb o‘ylagandi. 
Dakki eshitgan Horun Muso alayhissalom qalbidagi aka-ukalik mehrini uyg‘otish, g‘azabini bosish va o‘zining aybsiz ekanini bildirish uchun: 
– Ey onamning bolasi, birodarim, bu qavm meni xo‘rlab, o‘ldirishlariga oz qoldi. Endi sen ham bu dushmanlarni mening ustimdan kuldirmagin va meni zolim qavm bilan birga qilma! dedi. 
Ya’ni, ey birodarimning o‘g‘li, meni ularga qarshilik qilmagan, deb o‘ylama. Ularga yetarlicha nasihat qildim. Ammo ular so‘zimga quloq solmadilar. Aytganlarimga parvo qilmay, mening aytgan gaplarimni nazarga ilishmadi. Shirkdan qaytarganim uchun meni o‘ldirishlariga oz qoldi. Shunday ekan, meni bu qavm bilan bir qatorda sanama. Zero, men ulardan ayroman. Ular nasihatni xushlamadilar, o‘z bilganlaridan qolmadilar! 
Bu ta’sirli so‘zlardan keyin Muso alayhissalom birodari aybsiz ekanini bildi va: 
– Parvardigorim, meni va birodarimni O‘zing mag‘firat qilgaysan, bizni O‘z rahmatingga doxil qilgaysan, O‘zing rahm qiluvchilarning rahmlirog‘isan! dedi. 
Muso birodari Horunni nohaq ayblaganini bilgach: 
– Parvardigoro, birodarimga qo‘pollik qilganim uchun meni kechir! Shuningdek, birodarimni ham mag‘firat qil! Zero, Sen uni mendan yaxshi bilasan. Bizlarni rahmatingga doxil qil. Zero, Sen eng rahmli Zotsan, – dedi. 
Shu bilan Horun alayhissalom aybsiz ekani isbotlandi. U Bani Isroilni buzoqqa sig‘inishdan qaytarish uchun o‘z obro‘sini o‘ylamay, Alloh roziligi uchun harakat qilgani ma’lum bo‘ldi. 
Qissaning davomini o‘qish orqali buzoqqa sig‘ingan nodon qavmning taqdiri qanday bo‘lganini bilib olamiz: 
“Shubhasiz, buzoqni ushlab olgan kimsalarga Parvardigori tarafidan g‘azab va dunyo hayotida xor-zorlik yetar. (Alloh) sha’niga yolg‘on to‘quvchilarni mana shunday jazolaymiz”. 
Ya’ni, buzoqni o‘zlariga xudo qilib olgan, zalolat yo‘lida bardavom bo‘lganlar Allohning qattiq azobiga yo‘liqajaklar. Illo o‘zlarini o‘ldirsalargina tavbalari qabul bo‘ladi. 
Ularga bu o‘tkinchi dunyoda xorlik va haqorat yetadi. Biz Alloh sha’niga yolg‘on to‘quvchilarni, Biz belgilab bergan chegaradan o‘tuvchilarni, Bizga itoat etishni xohlamaganlarni mana shunday jazolaymiz! 
Shundan so‘ng haqiqiy tavba qiluvchilar uchun mag‘firat eshiklari doim ochiq ekani ma’lum qilinadi: 
“Gunoh ishlarni qilib, keyin ularning ortidan tavba qilgan va imon keltirgan kishilar uchun esa, albatta Parvardigoringiz o‘shandan keyin ham mag‘firat qiluvchi, Mehribondir”. 
Ya’ni, gunoh ishlarni sodir etib, keyin qilmishlariga pushaymon bo‘lgan, Allohga qaytgan bandalar gunohi kechiriladi. Zero, Alloh har qanday gunohni mag‘firat qiluvchi Mehribon Zotdir. 
Qissa davomida g‘azabi bosilgan Muso alayhissalom nima qilgani bayoni keladi: 
“Qachonki Musoning g‘azabi bosilgach, haligi lavhalarni oldi – unda “Parvardigoridan qo‘rqadigan kishilar uchun hidoyat va rahmat bo‘ladi”, deb yozilgan edi” (A’rof, 154). 
Ya’ni, Horunning aybsizligi ma’lum bo‘ldi. Qavm qilgan ishidan tavba qildi. Muso alayhissalomning g‘azabi bosilib, biroz oldin tashlab yuborgan lavhalarni qo‘liga oldi. O‘sha nusxalarda Alloh azza va jalladan qo‘rqadigan bandalar uchun to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi ulug‘ hidoyat va keng rahmat bo‘lishi yozilgan edi. 
Shundan so‘ng Muso alayhissalom o‘z qavmidan 70 kishini tanlab olgani haqida hikoya qilinadi: 
    “Muso Biz belgilagan vaqtimiz uchun o‘z qavmidan yetmish kishini tanlab oldi. Shu payt ularni dahshatli zilzila tutgan edi, aytdi: “Parvardigorim, agar xohlasang, ularni ham, meni ham ilgari halok qilsang bo‘lardi. Oramizdagi aqlsiz kimsalar qilmishlari sababli bizlarni halok qilasanmi? Axir bu faqatgina O‘zing xohlagan kishingni u sababli adashtiradigan, xohlagan kishingni hidoyat qiladigan bir imtihoning edi-ku? O‘zing Xojamizsan, bas, bizni mag‘firat qil, bizlarga rahm ayla! O‘zing mag‘firat qiluvchilarning eng yaxshisidirsan. Bizlar uchun bu dunyoda ham, oxiratda ham yaxshilik yozgin. O‘zingga tavba qildik”. (Alloh) aytdi: “Azobimni O‘zim xohlagan kimsaga yetkazaman. Rahmatim – mehribonligim esa hamma narsadan kengdir. Men uni taqvo qiladigan, zakotni beradigan zotlarga va Bizning oyatlarimizga imon keltiruvchi kishilarga yozaman” (A’rof surasi, 155-156-oyatlar). 
    Muso alayhissalom Alloh taolo belgilagan miyqotga borish uchun qavmidan yetmish nafar kishini tanlab oldi. Ular qavmning eng sara va pokdomon kishilari edi. Sababi oyati karimada ular Bani Isroil qavmidan tanlab, saralab olingani aytilmoqda. Go‘yo son jihatidan ko‘pchilikni tashkil qiluvchi Bani Isroil qavmida mana shu yetmish kishidan bo‘lak salohiyatli odam yo‘q edi. 
Muhaqqiq ulamolar nazdida, bu yerda zikr qilingan miyqot birinchi miyqot emas. Sababi birinchi miyqot Muso alayhissalom yo‘qligida Bani Isroil buzoqqa sig‘inganida bo‘lgandi. Yetmish kishini tanlab olingan miyqot esa ikkinchisidir. Bu buzoqqa sig‘inishdan tavba qilgandan keyin sodir bo‘lgan. Zero, aynan o‘sha ishdan so‘ng Allohga tavba qilish uchun yetmish kishini tanlab olish amr qilingan. 
Ko‘rinib turibdiki, Bani Isroildan saralab olingan yetmish nafar kishi Muso alayhissalomdan nojoiz narsani so‘rashgan. Shu sabab qattiq zilzilaga giriftor bo‘lishgan. Yoki Bani Isroil buzoqqa sig‘inganini ko‘ra turib, ularni yomonlikdan qaytarmaganlari, yaxshi ishlarga buyurmaganlari sabab shunday azobga yo‘liqishgan. 
Quyida qissa tafsilotlarini ko‘rib chiqamiz. 
    “Muso Biz belgilagan vaqtimiz uchun o‘z qavmidan yetmish kishini tanlab oldi. Shu payt ularni dahshatli zilzila tutgan edi, aytdi: “Parvardigorim, agar xohlasang, ularni ham, meni ham ilgari halok qilsang bo‘lardi”. 
     Miyqot uchun saralab olingan kishilar zilzilaga giriftor bo‘lganlarida, Muso alayhissalom: 
– Yo Rabbim, men ularni bu yerga kelmaslaridan oldin halok qilishingni yoki meni ham ular bilan birga halok etishingni istardim. Aks holda Bani Isroilning ta’nalariga qolaman. Ular menga: “Sen yaxshilarimizni kimsasiz joyga olib borib o‘ldirib yuborish uchun tanlab olganmiding”, deb malomat qiladilar, – deb Parvardigoriga iltijo etdi. 
Ba’zi mufassirlarga ko‘ra, yetmish nafar qavm a’zosini zilzila tutgan va chaqmoq urib halok qilgan. Keyin Alloh taolo ularning barchasini tiriltirgan. Boshqa ulamolarga ko‘ra, ular avvaliga hushlaridan ketib, so‘ng o‘zlariga kelishgan. 
     Muso alayhissalom bu murojati bilan qavmi sodir etgan jinoyat uchun avf so‘ramoqda, go‘yo: 
– Ey Parvardigor, Bani Isroil ko‘p gunoh qilganida Sen marhamating ila ularni kechirib yuborgansan. Hozir ham ularga rahm qil, lutfu karamingni darig‘ tutma ulardan! – deyayotgandek. 
“Oramizdagi aqlsiz kimsalar qilmishlari sababli bizlarni halok qilasanmi? Axir bu faqatgina O‘zing xohlagan kishingni u sababli adashtiradigan, xohlagan kishingni hidoyat qiladigan bir imtihoning edi-ku? O‘zing Xojamizsan, bas, bizni mag‘firat qil, bizlarga rahm ayla. O‘zing mag‘firat qiluvchilarning eng yaxshisidirsan”
Ya’ni, Sen bizning barcha ishimizni qoim qilasan. Shunday ekan, bizlardan o‘tgan gunohlarni kechir. Keng rahmating-la bizlarga rahm ayla! Sen mag‘firati uchun biron narsa talab qilmaydigan karami keng Zotsan, yo Alloh! 
     Shundan so‘ng bu duolarga boshqa iltijolar ulanadi: “Bizlar uchun bu dunyoda ham, oxiratda ham yaxshilik yozgin”. 
Ya’ni, bizlarga dunyoda nemat, toat, ofiyat va tavfiqni, oxiratda mag‘firat, rahmat osmonlar va yerlardan keng bo‘lgan jannatni nasib et! 
“O‘zingga tavba qildik”. 
Ya’ni, biz barcha gunohlardan tavba qildik, O‘zingga qaytdik! Bizlarga ikki dunyoda yaxshilik yozgin, ulug‘ ne’matlaringdan mahrum etma bizlarni! 
(Alloh) aytdi: “Azobimni O‘zim xohlagan kimsaga yetkazaman. Rahmatim – mehribonligim esa hamma narsadan kengdir”. 
     Ya’ni, shundan so‘ng Alloh taolo Musoning duosiga javoban: 
– Ey Muso, sen qavming yo‘liqishidan qo‘rqayotgan azobimni O‘zim xohlagan osiy bandalar boshiga yog‘diraman. Bani Isroil tavba qildi. Ularning ustiga azobim tushmaydi. Zero, hikmatim yomonlik qilganlarni jazolash, yaxshilik qilganlarni mukofotlashni taqozo etadi. Mening rahmatim barcha narsadan kengdir. Sening qavming va boshqa bandalarim ichidan kim munosib bo‘lsa, o‘shani rahmatimga doxil qilaman. 
     Shunday so‘ng qanday zotlar Buyuk Allohning rahmatiga sazovor bo‘lishi aytiladi: 
“Men uni taqvo qiladigan, zakotni beradigan zotlarga va Bizning oyatlarimizga imon keltiruvchi bo‘lgan kishilarga yozaman”. 
Ya’ni, nafslarini Allohning g‘azabini keltiradigan ishlardan saqlaydigan va davlatlaridan zakot chiqaradigan bandalarimga rahmatimni yozaman. 
Bu yerda taqvodan keyin bevosita zakot tilga olinishiga sabab, Bani Isroil mol-dunyoga juda o‘ch bo‘lganidan ularning zakot berishi qiyin edi. Mollaridan ma’lum qismni ajratib, uni Alloh yo‘lida sadaqa qilish ularga og‘ir botardi.


Muhammad Sayyid Tantoviyning “Payg‘ambarlar tarixi” kitobidan

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216739
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24569
  • 19035
  • 12807
  • 15776