Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning kamtarliklari
13.12.2016 7149

   Sayyidul bashar Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam insoniyatning eng ulug‘ va eng kamtar vakili edilar. U zot mo‘minlarga muloyimlik bilan muomala qilardilar. Sahobalar boy-kambag‘al yoki chiroyli-xunukligidan qat’i nazar, ularga bir xil munosabatda bo‘lardilar. U zot hammaga tabassum qilardilar, isrofga yo‘l qo‘ymagan holda saxiy, qalbi xokisor, mo‘minlarga rahm-shafqatli edilar. 
     U zot kechirimli bo‘lganlar. O‘zlariga yetkazilgan ozorlarni avf etardilar. Shuncha aziyat yetkazishiga qaramay qavmlarini la’natlamaganlar. “Yo Alloh, ularni kechir! Chunki ular bilishmaydi!” deb duo-iltijo qilardilar. Biroq shariat hukmi toptalganda, Alloh belgilab bergan chegaradan chiqilganda, adolatli hukm chiqarar, jinoyatchiga munosib jazolardilar. 
Mana bu rivoyat so‘zimizning isbotidir. 

 

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: مَا انْتَقَمَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لِنَفْسِهِ فِي شَيْءٍ يُؤْتَى إِلَيْهِ حَتَّى يُنْتَهَكَ مِنْ حُرُمَاتِ اللهِ فَيَنْتَقِمَ للهِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ. 

 

   Oisha roziyallohu anho rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘zlariga qilingan ish uchun intiqom olmasdilar. Magar Alloh belgilab bergan chegaradan chiqilsa, Alloh uchun intiqom olardilar” (Buxoriy rivoyat qilgan). 
   Rasululloh alayhissalomning har bir holatlari, hatto sukutlarida ham Alloh roziligi niyat qilinardi. U zot zinhor o‘z nafslari uchun birovdan qasos olgan emaslar. Agar Alloh belgilab qo‘ygan qonun-qoidalar buzilsa, o‘shanda jinoyatchilarni munosib jazolaganlar. Olamlarga rahmat etib yuborilgan zot – faqat shariat hukmiga hurmatsizlik qilingandagina – jinoyatchilarga qattiqqo‘l muomalada bo‘lardilar. Chunki vaziyat shuni taqozo etardi. 

 

وَعَنْ أَبِي مَسْعُودٍ قَالَ: أَتَى النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ رَجُلٌ فَكَلَّمَهُ فَجَعَلَ تُرْعَدُ فَرَائِصُهُ فَقَالَ لَهُ: هَوِّنْ عَلَيْكَ فَإِنِّي لَسْتُ بِمَلِكٍ إِنَّمَا أَنَا ابْنُ امْرَأَةٍ تَأْكُلُ الْقَدِيدَ. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَهْ وَالْحَاكِمُ وَابْنُ سَعْدٍ وَالطَّبَرَانِيُّ وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ. 

 

    Abu Mas’uddan rivoyat qilinishicha, bir kishi Nabiy sollallohu alayhi va sallam huzurlariga keldi. U zot o‘sha kishi bilan gaplashdilar. Shunda u dag‘-dag‘ qaltiray boshladi. Rasululloh unga: “Qo‘rqma! Men podshoh emasman. Balki quyoshda quritilgan go‘sht yeydigan (oddiy) ayolning o‘g‘liman”, dedilar (Ibn Moja, Hokim, Ibn Sa’d va Tabaroniy rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi sahih). 
    Rivoyatda aytilishicha, bir kishi hojat yuzasidan Payg‘ambarimiz alayhissalom huzurlariga kelib, u zot bilan gaplashganda hayajonlanib ketib dag‘-dag‘ qaltiray boshladi. Buni ko‘rgan Rasuli akram unga qarata: – Qo‘rqma! O‘zingni bos. Men podshoh emasman! Balki quyoshda quritilgan go‘sht yeydigan oddiy bir ayolning o‘g‘liman, – dedilar. 
    U zotning kamtarliklarini qarang! Odamlar bor, hamma uning soyasiga salom berishini xohlaydi. Odamlar bor, kelganida tik turib xizmatida hoziru nozir bo‘lishi, hurmatini joyiga qo‘yishini yoqtiradi. Odamlar bor, marosimlarda davraning turidan joy berilishini istaydi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam esa nafaqat insonlarning, payg‘ambarlarning ulug‘ bo‘lsalar ham kamsuqum, kamtar inson edilar. Bir kishi huzurlarida turib, salobatlaridan qo‘rqib, hayajondan qaltiray boshlaganida unga muloyimlik bilan muomala qildilar. Kamtarlik qanaqa bo‘lishini Payg‘ambarimizdan o‘rganaylik, azizlar! 
    Rasululloh sollallohu alayhi va sallam podshohlardan ortiq bo‘lsalar ortiq edilarki, zinhor kam emasdilar. Tasarruflarida boylik ham yetarli edi. Aytganlari aytgan, deganlari degan edi. Minglab sahobalari xizmatlarida kamarbasta turishardi. Islom jamiyatining hukmdori edilar. Shunday bo‘lsa-da, o‘ta xokisor bo‘lganlar. Nega? Chunki u zot manmanlik qanday ofat ekanini yaxshi bilganlar, Allohni sizu bizdan ko‘ra yaxshiroq taniganlar. Shuning uchun qalblarida kibrga tariqcha joy bermaganlar, tavoze’ libosini lozim tutganlar. Alloh taolo u zotga go‘zal xulqlarni, chiroyli odoblarni bergandi. 

 

وَعَنْ يَحْيَى بْنِ أَبِي كَثِيرٍ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: آكُلُ كَمَا يَأْكُلُ الْعَبْدُ وَأَجْلِسُ كَمَا يَجْلِسُ الْعَبْدُ فَإِنَّمَا أَنَا عَبْدٌ وَكَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَجْلِسُ مُحْتَفِزًا. رَوَاهُ ابْنُ سَعْدٍ فِي الطَّبَقَاتِ الْكُبْرَى. 

 

     Yahyo ibn Abu Kasirdan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Men bir qul kabi (ovqat) yeyman. Bir qul kabi o‘tiraman. Zero, men bir qulman”, dedilar. Nabiy sollallohu alayhi va sallam (turib ketishga shaylanayotgandek) tik o‘tirardilar (Ibn Sa’d “At-tabaqotul kubro”da rivoyat qilgan). Rasuli akram payg‘ambar bo‘lishlariga qaramay juda kamtar inson edilar. Qolaversa, “Men oddiy odamman. Qul qanday taom yesa, shunday yeyman. Qul qanday o‘tirsa, shunday o‘tiraman”, deb marhamat qilardilar. Payg‘ambar alayhissalom faqat til bilan emas, amal bilan ham ko‘pchilikka o‘rnak edilar. Sahobalar u zotning muborak hayotlari, ibratli xislatlari haqida keltirgan rivoyatlar shuni ko‘rsatadi. 
     Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘zlarining bandaliklari bilan faxrlanar, Allohga qul ekanlarini aytishdan tortinmasdilar. U zotning qalblari tavoze’ xislati bilan ziynatlangani bois oddiy bandalarga xos turmush tarzini ma’qul ko‘rganlar. Qul qanday yashasa, shunday yashaganlar, qul qanday o‘tirsa, ovqatlansa, shunday o‘tirganlar, taomlanganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalomning yurish-turishlarida, umuman hayotlarida mutakabbirlarga xos bironta ham jihatni ko‘rmaysiz. Hammasi oddiy va ulug‘vor. 

 

عَنْ أَنَسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: مَا عَلِمْتُ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَكَلَ عَلَى سُكْرُجَةٍ قَطُّ وَلاَ خُبِزَ لَهُ مُرَقَّقٌ قَطُّ وَلاَ أَكَلَ عَلَى خِوَانٍ قَطُّ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ وَابْنُ مَاجَهْ وَأَحْمَدُ. 

 

    Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam sukruja yeganlarini, u zot uchun yumshoq non yopilganini, xontaxta ustida taomlanganlarini bilmayman” (Buxoriy, Termiziy, Ibn Moja va Ahmad rivoyat qilgan). 
    “Sukruja”ni ba’zilar sirkaga o‘xshash narsa, u ovqat hazmi yengil bo‘lishi uchun iste’mol qilinadi, desalar, boshqalar uni lagan, deb izohlashgan. Bu rivoyatda Rasululloh alayhissalom taomlanish bobida o‘ta kamtar bo‘lganlariga ishora qilinmoqda. 

 

   Rivoyatdan olinadigan foydalar: 

 

1. Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallam ishtaha ochadigan, ovqat hazm qiladigan qo‘shimcha mahsulotlarga ehtiyoj sezmaganlar. Sababi u zot ko‘pincha oz miqdorda taom iste’mol qilardilar. Tabiiyki, odam kam ovqat yeganidan keyin oshqozon faoliyati ham yaxshi bo‘ladi, ovqat hazm qilishga yordam beradigan turli ziravorlar va ko‘katlarni yeyishga hojat qolmaydi. 
    Asri saodat davrida odamlarning hayoti juda oddiy va sodda bo‘lgan. Taom turlari ham uncha ko‘p bo‘lmagan. Bizning davrlarga kelib, ziyofatlarga o‘n xil taom tortiladigan bo‘lib ketdi. Quyuq-suyuq taomlar, norin deysizmi, kabob va osh – bularning hammasini bir inson yeb ulgurishi qiyin. Eng qizig‘i, oxiri muzqaymoq tortish ham urf bo‘lmoqda... 
    To‘kin-sochinlik, farovonlik bo‘lgani yaxshi albatta. Lekin bu narsa isrofgarchilikka sabab bo‘lmasin. Alloh bergan ne’matlarni U Zot rozi bo‘ladigan o‘rinlarga sarflasak, Alloh yanayam ziyoda qilib beradi. Unutmaylik, Alloh isrof qiluvchilarni xush ko‘rmaydi! 

 

2. Payg‘ambar alayhissalom uchun alohida yumshoq nonlar yopilmagan, asosan qotgan non yeganlar. Xohlasalar eng sifatli nonlarni, oq undan tayyorlangan turfa nonlarni yesalar bo‘lardi, ammo u zot bu borada ham kamtarin bo‘lganlar. 
   Bizning davrga kelib, nonlarning o‘nlab-yuzlab turlari paydo bo‘ldi. Oliy sifatli unlardan yopilgan patirlar bozorlar ko‘rkiga aylandi. Bu farovonlik natijasi. Biz bunga shukr qilishimiz kerak. Ne’matning shukri “Alhamdulillah”, deyish bilan, o‘sha ne’matni yaxshilik yo‘lida, savob amallar uchun ishlatish bilan ado etiladi. 

 

3. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dasturxon ustida ovqatlanmaganlar, yerda o‘tirganlar. Buyam kamtarlik belgisi. Odatda, shohona dasturzon tuzash, turli xil ovqatlar tayyorlatish “ulug‘”lar va mutakabbir kimsalarga xos deb bilinadi. Shu sabab bo‘lsa kerak, Payg‘ambar alayhissalom yerda o‘tirishni afzal bilganlar. Shundan kelib chiqib, yerda o‘tirib ovqatlanish payg‘ambarlarga xos odat ekanini bilib olamiz. 
    Shahar joylarda dasturxonda yoki stol-stulda o‘tirish ancha urf bo‘lgan. Ammo qishloq joylarda yerda o‘tirish odati haliyam saqlanib qolgan. Mana shu odatga amal qilish bilan birga, bu ish Payg‘ambar alayhissalom yoqtirgan odat ekanini hisobga olib, niyat qilib yerda taomlansak, savobga erishamiz. Chunki bu bilan sunnatga amal qilgan bo‘lamiz. 

 

4. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘zlari uchun zuhd va taqvoni lozim tutganlar, dunyoning o‘tkinchi ziynatlariga, yaltir-yultir narsalarga, juda shohona hayot kechirishga qiziqmaganlar, oxiratni – boqiy hayotni o‘tkinchisidan afzal bilganlar. Shuning uchun turmush tarzlari ham juda oddiy va ulug‘vor bo‘lgan. Bunday sodda hayot tarzi Payg‘ambar alayhissalomning insoniyatning eng ulug‘ vakili bo‘lishlariga to‘sqinlik qilmadi. Demak, ulug‘lik, buyuklik hashamatli saroylarga yashash, shohona taomlarni iste’mol qilish, farovon hayot sohibi bo‘lishda emas, imonda, taqvoda ekan. Haqiqiy musulmon bo‘lgan inson, Allohga va oxirat kuniga imon keltirib, solih amallarni chin ixlos ila bajargan banda dunyo va oxiratda azizu mukarram bo‘ladi, ikki dunyo saodatiga erishadi. 

 

عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ قَالَ: أُتِيَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِتَمْرٍ عَتِيقٍ فَجَعَلَ يُفَتِّشُهُ يُخْرِجُ السُّوسَ مِنْهُ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالْبَيْهَقِيُّ وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ. 

 

    Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallamga eski xurmo olib kelindi. Shunda u zot xurmodagi zararkundalarni chiqarish uchun uni diqqat bilan tekshira boshladilar” (Abu Dovud va Bayhaqiy rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi sahih). Bu yerda eski mevalar tarkibida qurt-qumursqa bo‘lishi ehtimoli bo‘lganda, uni tekshirib iste’mol qilinishi zikr qilinmoqda. Shuningdek – bu rivoyatdan – mevaga qurt tushishi bilan harom bo‘lmasligini ham bilib olamiz. Mazkur rivoyatda Payg‘ambarimizning kamtarliklariga ham alohida urg‘u berilmoqda. U zot payg‘ambar bo‘la turib, eski xurmolarni qabul qilar, ularni o‘zlari tekshirib ko‘rardilar. U zotning o‘ta ulug‘ maqomlari odamlar nazdida kichik sanalgan bunday ishlarni qilishdan to‘smasdi. Kamtarlik mana shunday bo‘ladi! 

 

Rivoyatdan olinadigan xulosalar: 

 

1. Eskirgan xurmo qoqisi, turshak, mayiz kabilarni yeyish joizligi; 

 

2. Qurt tushgan deya taxmin qilinayotgan xurmoni yeyishdan oldin tekshirib ko‘rish kerakligi. 

 

3. Taomga qurt tushishi bilan nopok bo‘lmasligi, uni tozalab iste’mol qilish mumkinligi. Sababi qurtda oqadigan qon bo‘lmaydi. 

 

4. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga eskirgan xurmo mevasi ham hadya etilgani. U zot buni qabul qilishdan bosh tortmaganlari, eski xurmolarni tekshirib iste’mol qilganlari. 

 

5. Alloh bandalariga ato etgan har bir ne’matni avaylab-asrab, uning qadriga yetish lozimligi, uvoldan qo‘rqish kerakligi. 

 

عَنْ أَنَسٍ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: اللَّهُمَّ أَحْيِنِي مِسْكِينًا وَأَمِتْنِي مِسْكِينًا وَاحْشُرْنِي فِي زُمْرَةِ الْمَسَاكِينِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ فَقَالَتْ عَائِشَةُ: لِمَ يَا رَسُولَ اللهِ قَالَ: إِنَّهُمْ يَدْخُلُونَ الْجَنَّةَ قَبْلَ أَغْنِيَائِهِمْ بِأَرْبَعِينَ خَرِيفًا يَا عَائِشَةُ لاَ تَرُدِّي الْمِسْكِينَ وَلَوْ بِشِقِّ تَمْرَةٍ يَا عَائِشَةُ أَحِبِّي الْمَسَاكِينَ وَقَرِّبِيهِمْ فَإِنَّ اللهَ يُقَرِّبُكِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَالْبَيْهَقِيُّ وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ. 

 

    Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Yo Alloh, meni miskin holda yashatgin. Meni miskin holda vafot ettir! Qiyomat kuni meni miskinlar jamoasida hashr qil!” deb duo qildilar. Shunda Oisha: “Nima sababdan (bunday duo qilyapsiz,) ey Rasululloh?” deb so‘radi. U zot: “Sababi ular boylardan qirq yil oldin jannatga kiradilar. Ey Oisha, miskinni (quruq) qaytarma! Yarimta xurmo berib bo‘lsa ham (ularga sadaqa qil). Ey Oisha, miskinlarni (chin dildan) yaxshi ko‘r, ularga yaqin bo‘l. Shunda Alloh qiyomat kuni seni ularga yaqin qiladi”, dedilar (Termiziy va Bayhaqiy rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi sahih). 
    Ibn Asir: “Bu bilan u zot tavoze’ va xokisorlikni, mutakabbir kimsalardan bo‘lmaslikni iroda qilganlar”, degan (Manba: “Madorijus solikin”). Oisha roziyallohu anho aytadi: “Sizlar ibodatlarning eng afzalidan: tavoze’dan g‘aflatda qolyapsizlar” (Buxoriy rivoyat qilgan). 
    Boshqa rivoyatlarda Payg‘ambar alayhissalom boylik so‘raganlari keltirilgan. Bu bobdagi dalillarni jamlagan ulamolar: “U zot alayhissalom xorlikka sabab bo‘luvchi o‘ta qashshoqlikdan va tug‘yonga ketkazuvchi boylikdan panoh so‘raganlar”, deb aytishgan. 

 

Ushbu rivoyatdan olinadigan xulosalar: 

 

1. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam miskin holda yashab, miskin holda vafot etishni, oxiratda miskinlar jamoasida hashr qilishini so‘rab Allohga duo qilganlari. Ba’zilar buni “qalb miskinligi”, ya’ni qalbning ortiqcha narsalardan xoli bo‘lishi deb ta’vil qilishgan. Ayrim ulamolarga ko‘ra, miskinlik viqor, xotirjamlik, Alloh taoloning qazoi qadariga rozi bo‘lish, o‘ziga berilgan rizqqa qanoat qilishdir. Ba’zi ulamolar bu duoni: “Meni kamtarin qil, mutakabbir qilma!” deb tushuntirishgan. 

 

2. Miskinlar boylardan qirq yil oldin jannatga kirishlari. Ular imon-e’tiqodlari, odob-axloqlari, ezgu xislatlari bois shunday maqomga erishadilar. 

 

3. Kambag‘allar boylardan afzal ekanlari. Albatta bunda birinchi mezon imon-e’tiqod va taqvo. Zero, quruq faqirlik banda uchun sharaf bo‘lolmaydi. Mo‘min, muttaqiy badavlat odam imonsiz, taqvosiz kambag‘aldan ming marta afzaldir. 

 

4. Rivoyatda miskinlarga tasalli berilmoqda, ularning ko‘ngli ko‘tarilmoqda. Zotan, kambag‘allik ayb emas. Faqirlik bandaning Alloh dargohida yuqori martabalarga ko‘tarilishiga, jannatga kirishlariga to‘siq bo‘lolmaydi. 

 

5. Biron narsa so‘rab kelgan miskinni quruq qo‘l bilan qaytarmaslik lozimligi, yarimta xurmo berib bo‘lsa ham sadaqa qilish kerakligi. Sadaqani eng haqdor, munosib odamga beriladi, joyini topib, haqiqatan muhtoj bo‘lsa, o‘shanda infoq-ehson qilinadi. Agar eshigingizga birov narsa so‘rab kelsa, tilanchilikni kasb qilib olgan bo‘lsa, unga hech narsa berilmaydi. Chunki tilanchilik kasb qilib olinmaydi. Shunday ekan, sadaqani kimga berishni ham bilish lozim. Ko‘p hollarda uyingizga sadaqa so‘rab kelgan lo‘lidan ko‘ra, iffatini saqlab yurgan odamlar sadaqaga munosibroq bo‘ladi. Buni sezish uchun insondan ziyraklik, fahm-farosat talab etiladi. 

 

6. Miskinlarni – beva-bechorlarni va kambag‘al kishilarni yaxshi ko‘rgan, ularga qalbi bilan yaqin bo‘lganlar qiyomat kuni ham miskinlarga yaqin bo‘ladi. Rivoyatlarda kelishicha, jannat ahlining ko‘p qismi bechora va zaifhol kishilardan iborat bo‘ladi. 

 

عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ قَالَ: كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَعُودُ الْمَرِيضَ وَيَشْهَدُ الْجَنَازَةَ وَيَرْكَبُ الْحِمَارَ وَيُجِيبُ دَعْوَةَ الْعَبْدِ وَكَانَ يَوْمَ بَنِي قُرَيْظَةَ عَلَى حِمَارٍ مَخْطُومٍ بِحَبْلٍ مِنْ لِيفٍ عَلَيْهِ إِكَافٌ مِنْ لِيفٍ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَابْنُ مَاجَهْ وَالْحَاكِمُ وَأَبُو يَعْلَى وَسَنَدُهُ ضَعِيفٌ. 

 

    Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kasalni borib ko‘rar, janozada ishtirok etar, eshak minar, qulning taklifini qabul qilardilar. Bani Qurayza kuni o‘simlik tolasidan eshilgan arqon bilan yuganlangan eshakka mingandilar. Uning egari ham toladan edi” (Termiziy, Ibn Moja, Hokim va Abu Ya’lo rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi zaif). 
    Rasuli akram jundan libos kiyar, eshak minar, oddiy qul biron joyga taklif etsa, mamnuniyat bilan qabul qilar, qo‘yni bog‘lab qo‘yib o‘zlari sog‘ardilar. U zot mehmonlarga o‘zlariga xizmat qilardilar. Mo‘min-musulmonlar janozasida qatnashib, haqlariga duolar qilardilar. Biron kishi kasal bo‘lib qolganini eshitsalar, borib ko‘rib, hol-ahvol so‘rar, bemorning ko‘nglini ko‘taradigan iliq so‘zlarni aytardilar. 

 


عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ قَالَ: كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَجْلِسُ عَلَى الأَرْضِ وَيَأْكُلُ عَلَى الأَرْضِ وَيَعْتَقِلُ الشَّاةَ وَيُجِيبُ دَعْوَةَ الْمَمْلُوكِ عَلَى خُبْزِ الشَّعِيرِ. رَوَاهُ الطَّبَرَانِيُّ وَالْبَيْهَقِيُّ وَسَنَدُهُ حَسَنٌ. 

 

    Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yerda o‘tirar, yerda taomlanar, qo‘yni bog‘lar, agar mamluk arpa unidan tayyorlangan nonga taklif etsa, ijobat qilardilar” (Tabaroniy va Bayhaqiy rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi hasan). 
    Payg‘ambar alayhissalom xontaxtada o‘tirmaganlar, taomni yerda iste’mol qilganlar. Agar bir qul arpa unidan non yopib, mehmonga chaqirsa, albatta ijobat qilardilar. Hammaga – shohga ham, gadoga ham, boyga ham, kambag‘alga ham birdek yaxshi munosabatda bo‘lardilar. 

 

عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّهُ مَرَّ عَلَى صِبْيَانٍ فَسَلَّمَ عَلَيْهِمْ وَقَالَ: كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَفْعَلُهُ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ. 

 

    Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, u bolalar oldidan o‘ta turib ularga salom berdi va: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam shunday qilardilar”, dedi (Buxoriy rivoyat qilgan). Bolalarga salom berishlari Payg‘ambarimizning naqadar kamtar inson bo‘lganlarini ko‘rsatadi. 
     Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, yoshligida bolalar bilan o‘ynab yurganida Rasululloh alayhissalom ular oldiga kelib salom berganlar (Ibn Moja rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi sahih). 

 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216404
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24553
  • 19012
  • 12794
  • 15758