Sahobalar mo‘minlarning eng go‘zal namunasi
5.10.2016 7488

    Musulmonlar barcha sahobalar avliyolarning peshqadami, muttaqiylarning saralari, mo‘minlarning eng go‘zal namunasi hamda Payg‘ambarlardan keyin insoniyatning eng afzali ekanliklariga ittifoq qilishgan. Darhaqiqat, sahobalar Payg‘ambarlarning eng afzali va so‘nggisini ko‘rganlari, yengil va og‘ir kunlarda ham u zotning yonlarida turishgani hamda Alloh yo‘lida mollari va jonlarini sarf etishgani uchun mana shunday maqomga erishishgan. Hatto ular yaxshilarning eng yaxshisiga, yashagan zamonlari esa eng afzal zamonga aylandi. Sahobalar islom ustunini barpo etdilar va din qasrini bezadilar. Shirk arqonini butunlay uzdilar. Islom dinini butun olamga yoydilar. Ular insoniyatning eng fahmi o‘tkir, ilmi chuqur, iymoni mustahkam hamda xulqi va amali eng go‘zali edilar. Ular Nabiy alayhissalomning qo‘llarida tarbiya topgan edilar. Nubuvvatning eng sof bulog‘idan suv ichib, Qur’onning nozil bo‘lishiga bevosita guvoh bo‘lgan edilar. 
    Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Alloh taolo bandalarining qalblariga nazar soldi. Qalblar orasida Muhammadning qalbi eng yaxshi qalb bo‘lib chiqdi. Uni O‘zi uchun tanlab oldi va uni O‘zining risolati bilan yubordi. Keyin U zot Muhammadning qalbidan keyin yana bandalarining qalblariga nazar soldi va eng yaxshi qalb sahobalarning qalblari ekanini bildi. Shuning uchun ularni O‘z Payg‘ambarining dinni himoya qilish uchun kurashadigan vazirlari qildi”. Ahmad rivoyati. 
    Kim Payg‘ambar alayhissalom bilan suhbatdosh bo‘lsa yoki musulmon bo‘lib u zotni ko‘rsa, sahobalardan sanaladi. Sahobalarning fazilatlari borasida ko‘plab oyatlar va sahih hadislar vorid bo‘lgan. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: 
   “Muhojirlar va ansorlarning dastlabki peshqadamlari hamda ular ortidan ezgulik bilan borganlardan Alloh rozi bo‘ldi, ular ham Undan rozi bo‘ldilar. Yana ular uchun ostida anhorlar oquvchi, (ular) unda abadiy mangu qoladigan jannat (bog‘)larni tayyorlab qo‘ydi. Ana o‘sha ulkan yutuqdir” (Tavba, 100). Boshqa bir oyatda U zot quyidagicha marhamat qiladi: “(Ey, Muhammad!) Darhaqiqat, Alloh mo‘minlardan – ular daraxt ostida Sizga bay’at (qasamyod) qilayotgan vaqtlarida – rozi bo‘ldi. Bas, U ularning dillaridagi narsa (sadoqat)ni bilib, ularga xotirjamlik tushirdi va ularni (Xaybar jangidagi) yaqin g‘alaba bilan mukofotladi. (Ular) oladigan ko‘pdan-ko‘p o‘ljalar bilan ham (mukofotladi). Alloh qudratli va hikmatli zotdir” (Fath, 18-19). 
   Hudaybiya sulhi tuzilgan yili musulmonlar Rasul alayhissalom huzurlariga bir-bir kelib bay’at, ya’ni qasamyod qilganlar. Shu bay’at “Rizvon bay’ati” deyiladi. Bay’at qilgan erkak va ayol musulmonlarning adadi 1300, 1400, 1500 kishi edi, degan rivoyatlar bor. U daraxtning nomi Samura yoki Sidra. Mazkur daraxtni musulmonlar tabarruk qadamjo sifatida ziyorat qilishga ruju qo‘yganlari sababli Umar roziyallohu anhu shirkka aylanib ketishidan qo‘rqib, uni joyidan oldirib tashlaganlar. Ular haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Daraxt ostida bay’at qilganlardan hech kim do‘zaxga kirmaydi”. 
    Alloh taolo sahobai kiromlar haqida yana quyidagi oyatlarni ham nozil qilgan: “Odamlarga chiqarilgan (ma’lum bo‘lgan) ummatning eng yaxshisi bo‘ldingiz” (Oli Imron, 110). Alloh azza va jalla muhojir va ansor sahobalar haqida ham ushbu oyatni nozil qildi: “(U o‘ljalar yana) o‘z diyorlaridan va mol-mulklaridan haydab chiqarilgan kambag‘al muhojirlarnikidir, zero, ular Allohdan fazl va rizolik istaydilar hamda Alloh va Uning payg‘ambariga yordam beradilar. Aynan o‘shalar (imonlarida) sodiqdirlar. Ulardan (muhojirlardan) ilgari (Madinadek) diyorda yashagan va imonni saqlaganlar (ansorlar) esa o‘zlari (yonlari)ga hijrat qilib kelgan kishilarni suygaylar va dillarida ularga berilgan narsa (o‘ljalar) sababli hasad sezmaslar hamda o‘zlarida ehtiyoj bo‘la turib, (ehson qilishda boshqa muhtojlarni) ixtiyor qilurlar. Kimki o‘z nafsi baxilligidan saqlana olsa, bas, ana o‘shalar (oxiratda) najot topuvchidirlar” (Hashr, 8-9). Boshqa bir oyatda sahobalar bunday vasf etiladi: “Muhammad Allohning rasulidir. U bilan birga bo‘lgan (mo‘min)lar kofirlarga qahrli, o‘z oralarida (mo‘minlarga nisbatan) esa rahm-shafqatlidirlar. Ularni (mudom) Allohdan fazl va rozilik tilab ruku’ va sajda qilayotgan hollarida ko‘rarsiz. Ularning yuzlarida sajda asoratidan (qolgan) belgilari bordir” (Fath, 29). 
    Imron ibn Husoyn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Ummatimning eng yaxshisi mening asrimda yashaganlaridir. Keyin ulardan keyin yashaganlar, keyin ulardan keyin yashaganlardir”. Imron roziyallohu anhu aytadilar: “O‘zlarining asrlaridan keyin ikkita asrni aytdilarmi yoki uchtanimi bilmayman”. Buxoriy rivoyati. 
    “Sahihayn”da Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Sahobalarimdan hech birini so‘kmanglar. Chunki, agar birortangiz Uhud tog‘idek tillani infoq qilsa ham ulardan birining bir mud yoki uning yarmi miqdoridagi infoqining darajasini topa olmaydi”. 
    Dunyodagi barcha yaxshilik sahobalar odat qilgan narsalardir. Alloh taolo O‘zining Kitobini saqlashni va’da bergan. Ushbu va’da sahobalar vositasida amalga oshdi. Bir guruh sahobalar o‘zlarini sunnat omonatiga baxshida etdilar. O‘sha sunnatni yodlash va yoyish uchun yer yuzining hamma tomonlarini bosib o‘tdilar. Ba’zilari esa o‘zlarini xalifalik, rahbarlik, kurash va boshqa ishlarga baxsh etdilar. Ayrimlari o‘zlarini insonlarni islomga qiziqtirish, unga nisbatan qalblarda muhabbat uyg‘otish ishlariga baxshida etdilar. Alloh taolo ularning vaqtlariga baraka berdi. Ular yashagan yuz yil ichida boshqalar million yilda ham amalga oshirolmaydigan ishlar amalga oshirildi. Ular barcha yaxshiliklarda insonlarning yo‘lboshchisi, peshqadami edilar. Ular kurash maydonida ham, da’vat maydonida ham, saxovat va infoq maydonida ham, ibodat va toat maydonida ham barchaga o‘rnak edilar. Alloh ularning barchalaridan rozi bo‘lsin. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga urushlarda, dinni yoyishda, ilm-ma’rifat tarqatishda va boshqa barcha ishlarda bemisl yordamchi bo‘ldilar. O‘zlarini Alloh yo‘lida fido qilishga bay’at berdilar. 
    Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xandaqqa chiqdilar. Muhojir va ansorlar havo sovuq bo‘lishiga qaramasdan chuqur qaziyotgan edilar. Ularda bu ishni qilib beradigan qullar yo‘q edi. U zot sahobalarning og‘ir mehnat va ochlikdan qiynalayotganlarini ko‘rib: “Ey Alloh, albatta, haqiqiy hayot oxirat hayotidir. Ansor va muhojirlarni mag‘firat et” deb duo qildilar”. Buxoriy rivoyati. 
    Sahobalar Nabiy alayhissalom bilan ko‘rishish baxtiga muyassar bo‘lgan zotlardir. Shuning uchun ham ularning qalblari u zotning muhabbatlari va ta’zimlari bilan to‘lgan edi. 
   Ali roziyallohu anhudan “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatingiz qanday?” deb so‘ralganida, “Allohga qasamki, u zot bizga mollarimizdan, bola-chaqalarimizdan, ota-onalarimizdan hamda tashna odamning muzdek suvga bo‘lgan muhabbatidan ham sevimliroqdirlar” deb javob berganlar. 
    Makkaliklar qo‘lida asir bo‘lib turgan Zayd ibn Dasina roziyallohu anhuni Makka ahli o‘ldirish uchun Haramdan tashqariga chiqarayotganlarida Abu Sufyon ibn Harb hali mushrik edi. U Zayd roziyallohu anhuga dedi: “Ey Zayd, agar Muhammad hozir sening o‘rningda asir bo‘lsa-yu, biz uning bo‘yniga qilich ursak, sen esa oilang bag‘rida bo‘lishni istaysanmi?” dedi. Zayd roziyallohu anhu: “Allohga qasamki, Muhammad alayhissalomga hozirgi turgan joyida bir tikon kirib aziyat berishini, men esa oilam bag‘rida bo‘lishimni aslo istamayman”. Shunda Abu Sufyon: “Men Muhammadning sahobalari uni yaxshi ko‘rishganidek boshqa hech kim birovni yaxshi ko‘rganini ko‘rmadim” dedi. 
   Sahobalar o‘zlari, mollari borasida hukm qilishni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlariga topshirishgan. Ular shunday deyishgan: “Mana bu mollarimiz oldingizda turibdi. Bularni xohlaganingizdek tasarruf qiling. Nafslarimiz ham sizning izmingizda. Agar bizni dengizga boshlab borsangiz, u yerga ham borib, sizning oldingizda, ortingizda, o‘ng tarafingizda va chap tarafingizda turib urushamiz”. 
    Amr ibn Oss roziyallohu anhu dedilar: “Hech kim menga Rasulullohdan ko‘ra sevimliroq emas. Mening ko‘zimga hech kim u zotdan ko‘ra ulug‘roq bo‘lib ko‘rinmaydi. U zotni qattiq sevganim va hurmat qilganim uchun chehralariga tikilib qaray olmayman. Agar mendan birov u kishini vasf qilib berishimni so‘rasa, bunga toqatim yetmaydi. Chunki, u zotga tikilib qarashga bardoshim yetmaydi”. 
    Biz ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalarini yaxshi ko‘ramiz. Ulardan birortalarini yaxshi ko‘rishda dangasalik qilmaymiz, kamchilikka yo‘l qo‘ymaymiz. Ularning birortalaridan ham uzoqlashmaymiz. Barchalarini faqatgina yaxshilik bilan yodga olamiz. Sahobalarning hech birlarining adolati haqida so‘ralmaydi, tekshirilmaydi. Ulardan rivoyat qilingan narsa bosh ustiga qabul qilinadi. Zero, ularning barchalari adolatli, rostgo‘y, ishonchli zotlardir. 
   Anas ibn Molik roziyallohu anhudan marfu’ holatda rivoyat qilinadi: “Iymonning belgisi ansorlarni yaxshi ko‘rish, nifoqning belgisi ansorlarni yomon ko‘rishdir”. Buxoriy rivoyati. 
    Boshqa bir hadisda bunday deyiladi: “Ansorlarni faqatgina Allohga va oxirat kuniga iymon keltirmagan kimsagina yomon ko‘radi”. Muslim rivoyati. 
   Sahobalarning afzali xulafoi roshidin, keyin jannatga kirishi bashorat qilinganlarning qolganlaridir. Bu borada Payg‘ambar alayhissalom bunday deb marhamat qilganlar: “Payg‘ambardan keyin bu ummatning eng yaxshisi Abu Bakr va Umar”. Boshqa bir hadisda: “Mendan keyin mana bu ikkisiga, ya’ni Abu Bakr va Umarga ergashinglar” deyilgan. “Sahihi Muslim”da ushbu rivoyat keltiriladi: “Nabiy alayhissalomning sahobalari safarda edilar. U zot: “Agar Abu Bakr bilan Umarga itoat qilsangizlar to‘g‘ri yo‘lni topasizlar” dedilar”. 
    Muhammad ibn Hanafiyyadan rivoyat qilinadi, u kishi otalari Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga dedilar: “Ey otajon, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin insonlarning eng yaxshisi kim?” U zot: “Bilmaysanmi, ey o‘g‘ilcham?!” dedilar. O‘g‘illari: “Yo‘q” dedilar. Shunda Hazrati Ali: “Abu Bakr” deb javob berdilar. 
     Alloh taolo Abu Bakr roziyallohu anhuning fazilatlari haqida bir qancha oyatlarni nozil qildi. Jumladan, U zot shunday marhamat qiladi: “Sizlardan fazilat va keng mol-mulk egalari qarindoshlarga, miskinlarga va muhojirlarga Alloh yo‘lida ehson qilmaslikka qasam ichmasin, balki ularni afv qilib, kechirsinlar! Alloh sizlarni mag‘firat qilishini istamaysizmi?! Alloh mag‘firatli va rahmlidir” (Nur, 22). 
    Bu oyat Abu Bakr roziyallohu anhu xususida nozil bo‘lgan. Oysha onamiz to‘g‘risida bo‘hton to‘qiganlarga qo‘shilib ketganlardan biri Abu Bakr roziyallohu anhuning xolavachchasi Musattah edi. U Badr jangida qatnashgan bo‘lib, o‘zi miskinlikda yashardi. Abu Bakr roziyallohu anhu uning bu ishidan keyin zinhor moddiy yordam bermaslikka qasam ichadi. Payg‘ambar alayhissalom oyatni unga o‘qib berganlarida undagi savolga: “Yo‘g‘-ye, Allohning mag‘firat qilishini istayman”, – deb yana qarindoshiga yordam berishni davom ettirgan ekan. Abu Bakr roziyallohu anhu haqlaridagi keyingi oyat quyidagicha: “Agar sizlar unga (Muhammadga) yordam qilmasangiz, Alloh (O‘zi) unga yordam qilgan. Qachonki, uni kofirlar ikki kishining biri sifatida (vatanidan) chiqarib yuborganlarida, ikkovlari g‘orda turib, (Muhammad) hamrohi (Abu Bakr)ga: «Tashvish chekma! Albatta, Alloh biz bilan birgadir!» – degan edi” (Tavba, 40). 
    Albatta, bu oyatdagi ikki kishining biri Abu Bakr roziyallohu anhudirlar. Payg‘ambar alayhissalom shunday deganlar: “Menga hech bir mol Abu Bakrning molichalik foyda bermagan”. Bu gapni eshitgan Abu Bakr roziyallohu anhu yig‘ladilar va: “Men ham, molim ham siznikidir, ey Allohning Rasuli” dedilar. 
    Umar roziyallohu anhu haqlarida ham ko‘p hadislar vorid bo‘lgan. Bir hadisda shunday deyiladi: “Shayton sen yurayotgan ko‘chadan emas, balki boshqa ko‘chadan yuradi”. 
     Yana bir hadisda bunday deyilgan: “Sizlardan oldingi ummatlar orasida sofdil va rostgo‘y odamlar bo‘lishgan. Agar mening ummatim orasida ham biror kishi sofdil va rostgo‘y bo‘ladigan bo‘lsa, bu albatta, Umar ibn Xattobdir”. Muslim rivoyati. 
   Qolaversa, Umar roziyallohu anhu ilhom sohibi edilar. ya’ni u kishining ko‘plab fikrlari Qur’on oyatlariga muvofiq kelar edi. U zot Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ayollarni o‘rantirish borasida nasihat qilganlar. 
    Yana Payg‘ambarimizga: “Ey Allohning Rasuli, Ibrohim alayhissalomning maqomlarini namoz o‘qiydigan joy qilib olsangiz yaxshi bo‘lardi” deganlar. 
   Badrda asir tushgan mushriklar borasida ham Umar roziyallohu anhu maslahat berganlar. Natijada Alloh taolo u kishining so‘zlarini tasdiqlab oyatlar nozil qilgan. Bundan tashqari Alloh taolo Umar roziyallohu anhuning qo‘llari bilan ko‘p o‘lkalarni fath etdi. 
   Usmon ibn Affon roziyallohu anhu Payg‘ambar alayhissalomning oldilariga urushda ishlatish uchun kiymlarining bir chetida ming dinor olib kelib, u zot alayhissalomning qo‘ynilariga to‘kdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishi olib kelgan dinorlarni qo‘ldan o‘tkaza turib: “Bugundan keyin Affon o‘g‘liga qilgan amali zarar bermaydi” deb marhamat qildilar. Bu gapni bir necha marta takrorladilar. 
    Nabiy alayhissalom Tabuk g‘azotida Ali roziyallohu anhu haqlarida shunday dedilar: “Ertaga bayroqni bir odamga beraman. Alloh uning qo‘li bilan ushbu diyorni fath etadi. Uning o‘zi Allohni va Rasulini yaxshi ko‘radi. Alloh va Rasuli ham uni yaxshi ko‘radi”. Odamlar tuni bilan bayroq kimga berilishini o‘ylab mijja qoqmay chiqdilar. Tong otgach, hammalari bayroqni olish umidida Rasulullohning oldilariga bordilar. Shunda Rasululloh sollalahu alayhi vasallam “Ali qayerda?” deb so‘radilar. Sahobalar: “Ko‘zi og‘riyapti” deyishdi. Rasululloh u zotning ko‘zlariga muborak tupuklaridan surtib qo‘ydilar va Allohdan shifo tilab duo qildilar. Natijada, Hazrati Alining ko‘zlari xuddi og‘rimagandek tuzalib qoldi. Shundan keyin Payg‘ambar alayhissalom bayroqni Ali roziyallohu anhuga berdilar. Bayroqni qabul qilib olgan Hazrati Ali karramallohu vajhahu dedilar: “Ular bilan to ular ham biz kabi bo‘lgunlaricha urushaman”. Shunda Nabiy alayhissalom: “Shoshma, o‘zingni bos, avval ularning vodiysiga tush. Keyin ularni islomga da’vat qil. Ularga nimalar vojibligini tushuntir”, dedilar. 
     Ha, azizlar, sahobalarning barchalari jannat ahlidirlar. Alloh taolo aytadi: “Sizlardan (Makka) fath bo‘lishidan ilgari ehson qilgan va (kofirlarga qarshi) urushgan kishilar (fathdan keyin ehson qilgan va urushganlar bilan) barobar bo‘lmagay. Ular keyin ehson qilgan va urushgan kishilardan ulug‘roq martabadadirlar. Barchalariga Alloh go‘zal (mukofot – jannat) va’da qilgandir. Alloh qilayotgan (barcha) amallaringizdan xabardordir” (Hadid, 10). 
    Payg‘ambar alayhissalom barcha sahobalari haqida shunday deganlar: “Mening sahobalarim yo‘lchi yulduz kabidirlar. Ularning qay birlariga ergashsangiz to‘g‘ri yo‘lni topasiz”. 
    Sahobalarning fazlini, darajasini bitta misol bilan tushuntirib, so‘zimizga yakun yasaymiz. Dunyodagi eng buyuk avliyo, Allohning do‘sti eng quyi martabadagi sahobaning urushda mingan otining tuyog‘idagi changiga ham teng emas. Alloh barcha sahobalardan rozi bo‘lsin. Bizlarga esa ularga ergashib yashashni nasib aylasin, omin! 



 

To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Usmon Zunnurayn” jome’ masjidi imom-noibi Nozimjon Iminjonov 

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 93084
  • Sayyidul-istig‘for duosini o‘rganamiz

    Allohumma anta Robbiy la ilaha illa anta xolaqtaniy va ana abduka va ana ala ahdika va vadika mastatotu. Auzu bika min …

    17.12017 41148
  • Alloh la’natlagan pardoz

    Alloh taolo Ozi yaratgan barcha jonzotlar ichida insonni eng gozal suratda yaratganini takidlab, Quroni karimda shunday…

    19.32017 29865
  • Qaynona va kelin munosabatlari

    Boshqa millat vakillarining kopchiligi biz ozbeklarning oilaviy hayotimizga, yani, qarindosh uruglarning bir-birlariga…

    6.82015 29198
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

15573
  • 10030
  • 6610
  • 8832