Tahorat qilish fazilatlari
5.1.2018 8587

Tahorat bilan bog‘liq fiqhiy masalalarni o‘rganishdan oldin tahoratning fazilatlari bilan tanishib chiqsak, foydadan xoli bo‘lmaydi. Bu ma’lumotlar tahoratga bo‘lgan e’tiborimizni oshirib, uni to‘liq va mukammal bajarishimiz uchun turtki bo‘lsa, ajab emas.

 

1 – Ibn Umar roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilgan hadisda u zot Jabroilning Islom haqida bergan savoliga quyidagicha javob qaytarganlar:“Islom Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Muhammad Uning Rasuli deb guvohlik berishing, namozni bekamu-ko‘st ado etishing, zakot berishing, haj va umra qilishing, junublikdan g‘usl qilishing, tahoratni mukammal ado etishing, Ramazon ro‘zasini tutishingdir”. Shunda (Jabroil alayhissalom): “Agar shularni qilsam, men musulmon bo‘lamanmi?” deganida, (Rasululloh sollallohu alayhi va sallam): “Ha”, dedilar. (Jabroil): “To‘g‘ri aytding”, dedi(Ibn Xuzayma va Ibn Hibbon rivoyati. Rivoyat sanadi sahih).

Sihohi sitta sohiblarining rivoyatlarida bu hadis boshqa siyg‘ada keltirilgan. Bu yerda esa Islomning asosi bo‘lgan amallarga junublikdan g‘usl qilish va tahoratni mukammal suratda bajarish ham qo‘shilmoqda. Demak, poklik Islomning asosiy shartlaridan bo‘lib, tahoratni mukammal ado qilish bilan banda komil musulmon bo‘lar ekan.

 

2 – Bani sulaymlik bir kishidan rivoyat qilinadi:“Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qo‘limni ushlab, ta’kid bilan:“Subhanalloh mezonning yarmi, “alhamdu lillah” mezonni to‘ldiradi, “allohu akbar” osmon bilan Yer o‘rtasini to‘ldiradi, tahorat imonning yarmi1, ro‘za sabrning yarmi”,dedilar” (Dorimiy rivoyati. Rivoyat sanadi hasan).

Allohga va oxirat kuniga ishongan bandagina tahorat qiladi. Imonli bandagina tahoratni mukammal bajaradi.

Boshqa rivoyatlarda qaysidir amal imondan yoki imonning bir bo‘lagi deyilgan bo‘lsa, bu yerda tahorat imonning yarmi ekani aytilmoqda. Shundan ham Islomda tahorat qanchalik ahamiyatli ekanini bilib olamiz.

 

3 – Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlarini rivoyat qiladi: “Agar musulmon yoki mo‘min banda tahorat qilib, yuzini yuvsa, yuzidan ikki ko‘zi qarab qilgan barcha gunohlari2 suv bilan yoki suvning oxirgi tomchisi bilan chiqib ketadi. Agar qo‘lini yuvsa, ikki qo‘li ushlab sodir etgan hamma gunohlari suv bilan yoki suvning oxirgi tomchisi bilan chiqib ketadi. Agar oyog‘ini yuvsa, oyog‘i (bilan) yurib sodir etgan jamiki gunohlar suv bilan yoki suvning oxirgi qatrasi bilan chiqib ketadi. Shunday qilib u gunohlardan (butunlay) poklanadi3(Muslim, Termiziy, Molik va Ahmad rivoyati).

Ushbu rivoyatda tahorat a’zolarni poklashi bilan bir qatorda gunohlarning kechirilishiga ham sababchi ekani aytilmoqda.

Bu yerda kechirilishi va’da qilinayotgan gunohlar kichik gunohlardir. Hadislarning birida namoz, xususan besh mahal farz va juma namozi, agar katta gunohlardan saqlanilsa, boshqa kichik gunohlarga kafforat bo‘lishi aytilgan. Ulug‘ ibodat bo‘lmish namoz katta gunohlar yuvilishiga sabab bo‘la olmas ekan, endi qanday qilib yolg‘iz tahorat kabira gunohlarga kafforat bo‘la olsin?

O‘ylab qaralsa, insonning yuzi, qo‘li, oyog‘i va boshi kishining boshqa a’zolariga qaraganda ko‘proq kir bo‘ladi. Bu a’zolarni tez-tez poklab turilmasa, kishidan badbo‘y hid keladigan bo‘lib qoladi. Boshqa tomondan olib qaralsa, insonning aynan shu to‘rt a’zosi gunoh sodir etishda asosiy vazifani bajaradi. Alloh taolo bandalariga shunchalik mehribonki, ularga kuniga besh mahal kichik gunohlardan poklanish imkonini bergan. Buni chuqur anglab yetib, tahorat qilayotganimizda har bir a’zoyimizdan gunohlar to‘kilayotgani, ularning Alloh tarafidan kechirilayotganini qalbdan o‘tkazsak, tahoratimiz mukammal suratda bajariladi, qalbimizda ixlos va namozimizda xushu’ paydo bo‘ladi.

 

4 – Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:“Kim tahorat qilib, uni mukammal ado etsa, uning gunohlari tanasidan, hatto tirnoqlari ostidan chiqib ketadi”,deganlar” (Muslim, Nasoiy, Ahmad, Tabaroniy “Avsat”da va Bayhaqiy “Shua’bul iyman”da rivoyat qilgan).

Odatda, ochiq a’zolardagi kirlar yopiq turgan yoki tirnoq ostida yig‘ilgan kirlarga nisbatan oson poklanadi. Tirnoq ostidagi kirlarni tozalash uchun alohida e’tibor talab etiladi. Avvalgi rivoyatlarda tahorat sababidan yuz, qo‘l, bosh va oyoqdan gunohlar to‘kilishi aytilgan bo‘lsa, bu yerda banda tirnog‘i ostidagi gunohlar ham kechirilishi aytilmoqda. Bu esa tahorat sababidan Alloh va banda o‘rtasidagi kichik gunohlarning birontasi ham qolmay kechirilishiga dalolat qiladi.

Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Qaysi bir kishi chiroyli tahorat qilib, so‘ngra namoz o‘qisa, o‘sha namoz bilan kelasi namozni o‘qiguncha vaqt orasidagi (gunoh)lari kechiriladi”, deb aytganlarini eshitganman” (Nasoiy rivoyati. Rivoyat sanadi sahih).

 

5 – Abu Umoma roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi:“Agar musulmon banda tahorat qilsa, uning gunohlari qulog‘i, ko‘zi, ikki qo‘li va ikki oyog‘idan chiqib ketadi. Agar o‘tirsa, gunohlari kechirilgan holda o‘tiradi”(Ahmad, Tabaroniy “Avsat”da va Bayhaqiy “Sunanul kubro”da rivoyat qilgan. Hadis sanadi hasan).

Banda tahoratini risoladagidek bajarsa, qulog‘i, ko‘zi, qo‘li va oyog‘i sodir etgan gunohlari kechiriladi. Agar u tahorat qilib bo‘lsa, uning bironta ham gunohi qolmaydi.

 

6 – Abu Molik al-Ash’ariy roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlarini rivoyat qiladi:“Poklik imonning yarmi. “Al-hamdu lillaah” mezonni to‘ldiradi. “Subhanalloh” va “al-hamdu lillaah” osmon bilan Yer o‘rtasini to‘ldiradi (yoki to‘ldiradilar). Namoz nur, sadaqa hujjat va sabr ziyodir. Qur’on sening foydangga yoki zararingga dalildir. Har bir inson harakat qilib, o‘zini sotadi – yo qutqaradi yoki halok qiladi”(Muslim, Termiziy, Ahmad, Tabaroniy “Kabiyr”da, Bayhaqiy “Shu’abul iyman”da rivoyat qilgan. Termiziy, Nasoiy, Ibn Moja va Ibn Hibbonlar keltirgan rivoyatda: “Tahoratni mukammal qilish imonning yarmidir”, deyilgan).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ushbu hadisda bir necha savobli amallarni bayon qilib, ularning avvalida poklikni zikr qilmoqdalar. Sababi har qanday amal faqat poklik bilan to‘g‘ri bajariladi. Poklik imonning asosidir.

Keling, bu hadisi sharif bilan to‘liqroq tanishib chiqamiz.

Poklik – imonning yarmi”.

Imom G‘azzoliy: “Poklik qalbning g‘illu g‘ash, hasad, yomonlik, nafrat va boshqa kasalliklardan salomat bo‘lishidir. Imon shular bilan komil bo‘ladi”, deya tushuntirgan. Ba’zilar aytishgan: “Kim qalbini poklasa, so‘ng tahorat yoki g‘usl qilib namozga kirsa, u to‘liq poklik ila ibodatini bajaribdi. Agar faqatgina a’zolarning pokligi bilan namozga kirsa, u holda to‘liq bo‘lmaydi. Zero, Alloh taolo qalblar pokligiga nazar soladi”.

Ba’zi ulamolar bu yerdagi “imon” so‘zini “namoz” deb izohlab, tahorat namozning asosiy shartlaridan biri ekanini ta’kidlashgan. Alloh taolo Qur’oni karim oyatlarining birida “namoz” ma’nosini “imon” so‘zi bilan ifodalagan.

Yana boshqalar: “Poklikning savobi imonga beriladigan savobning yarmiga teng. Chunki imon avval qilingan gunohlarga kafforat bo‘lsa, tahorat keyin qilingan gunohlarni o‘chiradi”, deb aytishgan.

Poklik, ozodalik imonning yarmi ekan, tozalikka amal qilmagan, nopok holda yuradigan kishilar imoni qusurli bo‘lishi shubhasiz.

Alhamdu lillah” mezonni to‘ldiradi, “subhanalloh val-hamdu lillah” Yer va osmon o‘rtasidagi narsalarni to‘ldiradi”.

Bu yerda zikr aytish savobi o‘ta ulug‘ligi, hamd amallar tortiladigan mezonni to‘ldirishi, tasbeh va hamd Yer bilan osmon orasini savobga to‘ldirib yuborishi aytilmoqda. Demak, ixlos bilan aytilgan bu kalimalardan hosil bo‘lgan savob yeru osmonni to‘ldiradi.

“Hamd” Allohning ulug‘ligi va qudratiga e’tirofan aytilgan maqtov bo‘lib, faqat Alloh taologagina xosdir. Tasbeh aytish esa, Allohni barcha ayb-nuqsonlardan pok ekanini tan olishdir. Shu yerda ba’zi mulohazalarni aytib o‘tmoqchi edik. Bizdagi ko‘pgina tarjimalarda “Subhanalloh” so‘zi “Allohni poklab yod etaman, Allohni poklayman”, deb ifodalanadi. Bu noto‘g‘ri, chunki, birinchidan, Alloh azaldan pok Zot, ikkinchidan, U bizning poklashimizga muhtoj emas. Biz Allohni poklab yod etmaymiz, balki Uni pok deb bilamiz, har qanday aybu nuqsondan xoli ekanini e’tirof etamiz, xolos.

Namoz – nur”.

Ya’ni, namozdan keladigan savob insonga nur bo‘ladi.

Namozning nur ekani quyidagi holatlarda ko‘rinadi:

– namoz o‘qigan bandaning yuzidan nur balqib turadi;

– namoz bandani ma’siyat va fahsh ishlardan saqlaydi;

– namozning savobi qiyomat kuni bandaga nur bo‘ladi;

– namoz qalbga nur bag‘ishlaydi, uni munavvar qiladi. Ochilmay qolgan haqiqatlar va botiniy jihatlar kashf qilinishida namozning o‘rni beqiyos;

– namoz banda qabrini yorituvchi nur bo‘ladi.

Sadaqa – hujjat”.

Sadaqa imonning salomat ekanini isbotlovchi hujjatdir. Chunki munofiqlar namoz o‘qishlari mumkin, lekin e’tiqodi to‘g‘ri bo‘lmagani bois, garchi mol-dunyolari ko‘p bo‘lsa ham, sadaqa qilish ularga malol keladi.

Banda molidan sadaqa qilib yursa, qiyomat kuni boyligi haqida so‘roq qilinayotganda moli uning foydasiga hujjat bo‘ladi. Ba’zilar: “Sadaqa infoq qiluvchi bandaga dalil bo‘ladi va u molini sarflash xususida savolga tortilmaydi”, deyishgan.

Sabr – ziyo”.

Ya’ni, Alloh taoloning toatiga, qiyinchilik, tashvishlar va dunyo mashaqqatlariga sabr qilish, haqdan toyilmaslik, ma’siyatlar sodir etishdan o‘zini tiyish bandaning yo‘lini yorituvchi ziyo bo‘ladi. Bu maqtalgan sabrdir. Kim mana shunday sabr bilan sifatlansa, sabr uning qalbiga ziyo bo‘ladi, uni to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi. Sabr-toqat va qanoat inson qalbiga ma’rifat nurlarini taratadi. Sabr bilan banda ulug‘ daraja va savoblarga erishadi.

Qur’on sening foydangga yoki zararingga dalildir”.

Ya’ni, Qur’on shafoatching yoki da’vogaring bo‘ladi. Kim Qur’onni o‘qib, unga amal qilsa, harom ishlardan saqlansa, Alloh aytgan yo‘lda yursa, Qur’on unga shafoatchi bo‘ladi. Lekin qaysi banda Qur’onga bepisandlik bilan qarasa, harom ishlardan qaytmasa va buyurilganlarni bajarmasa, Qur’on bunday bandaning zarariga guvohlik beradi.

Har bir inson harakat qilib, o‘zini sotadi – yo qutqaradi yoki halok qiladi”.

Har kim o‘zi uchun harakat qiladi, kimdir nafsini Allohga sotib – itoat etib, Unga bo‘ysunadi va azobdan omon qoladi. Yana kimdir nafsini shaytonga sotib – iblisning vavasasiga uchib, havoi nafs yo‘lda qullarcha tentiraydi, oqibatda halokatga uchraydi.

 

7 – Abu Molik al-Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Nabiy sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar:“Poklik imonning yarmi. “Al-hamdu lillaah” mezonni to‘ldiradi. “Laa ilaaha illallohu vallohu akbar” osmon bilan Yer o‘rtasini to‘ldiradi. Namoz nur, sadaqa hujjat va tahorat ziyodir. Qur’on sening foydangga yoki zararingga dalildir. Har bir inson harakat qilib, o‘zini savdoga qo‘yadi – yo qutqaradi yoki halok qiladi” (Dorimiy rivoyati. Rivoyat sanadi sahih).

Bu rivoyat avvalgisiga o‘xshash. Roviysi ham bir xil. Faqat ba’zi jumlalari farqli, xolos. Bu hadisda “sabr” o‘rnida “tahorat” zikr qilinmoqda. Tahoratning ziyo ekanini Rasululloh sollallohu alayhi va sallam boshqa hadislarida aytganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Albatta mening ummatim qiyomat kuni tahorat sababidan yuz va qo‘l-oyoqlaridan nur taralib turgan holda chaqiriladilar. Bas, kimki yuzidagi nurini uzaytirishga qodir bo‘lsa, shuni qilsin!” deb aytganlarini eshitganman” (Buxoriy, Muslim, Nasoiy, Ibn Moja va Ahmad rivoyati).

 

8 – Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadi:“Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizlarni tahoratni mukammal qilishga buyurganlar”(Dorimiy, Ibn Moja, Ahmad, Tabaroniy “Kabiyr”da rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi sahih).

Bundan oldingi hadislarda tahoratni mukammal qilish haqida so‘z borgan edi. Mazkur rivoyatdan ma’lum bo‘lishicha, bu ish Nabiy sollallohu alayhi va sallam sahoblarga tayinlagan vazifa ekan. Demak, biz tahoratni risoladagidek bajarishga harakat qilishimiz kerak. Shunda namozlarimiz to‘kis bo‘ladi.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Tahoratni mukammal qilinglar!” deganlar” (Nasoiy rivoyati. Rivoyat sanadi sahih).

 

9 – Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:“Men sizlarni Alloh gunohlarni o‘chiradigan4 va darajalarni ko‘taradigan (amallar)ga dalolat qilaymi?” dedilar. Shunda (odamlar): “Ha, ey Rasululloh”, deyishdi. U zot: “Qiyin (payt)larda tahoratni mukammal qilish, masjidlarga ko‘p qatnash, bir namozdan so‘ng (kelasi) namozni kutish5. Mana shu murobitlikdir”,dedilar (Muslim, Termiziy, Nasoiy, Dorimiy, Ibn Moja, Molik, Ahmad, Hokim, Ibn Xuzayma, Ibn Hibbon, Tabaroniy “Kabiyr”da va Bayhaqiy “Shua’bul iyman”da rivoyat qilgan).

Ushbu rivoyatda uchta amalning naqadar fazilatli va savobli ekani aytilmoqda.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning dinga da’vat qilish, solih amallarga undash usullari ajoyib edi. U zot avval tinglovchi e’tiborini o‘zlariga jalb qilib, ularda aytilayotgan narsaga qiziqish uyg‘otganlaridan so‘ng asosiy masalani bayon qilardilar. Bu yerda aytilishicha, u zot odamlarga qarata: “Shunday amallar borki, Alloh o‘sha amallarni qilgan banda gunohlarini o‘chiradi, darajasini ko‘taradi. O‘sha amallarni sizlarga ham aytaymi?” deganlarida, odamlar: “Gunohlarni o‘chiradigan, darajalarni ko‘taradigan amallar qaysi ekan?” deb qiziqib, “ha, ey Rasululloh, ayting”, deyishdi. Shunda u zot qiyin paytlarda tahoratni mukammal ado qilish, jamoat bilan namoz o‘qish uchun masjidlarga ko‘p qatnash va bir namozni o‘qib bo‘lgach, keyingi namozni ilhaq bo‘lib kutish gunohlarni o‘chirib, martabalarni ko‘tarishini bayon qildilar.

“Murobitlik” deb dushmanga qarshi turishga aytiladi. Yuqoridagi amallarni bajarish uchun nafsni yengish, shaytonga hay berish kerak. Bunda banda xuddi dushmanga qarshi sabot bilan turgandek bo‘ladi va va’da qilingan darajalarga erishadi.

Yuqorida sanab o‘tilgan amallarni qilgan bandaning jannatdagi martabasi baland bo‘ladi.

Biz bu rivoyatning mavzuimizga tegishli qismini biroz izohlashga harakat qilamiz:

Qiyin (payt)larda tahoratni mukammal qilish”.

Hadisning mana shu jumlalari orqali har qanday sharoitda tahoratni mukammal qilishga, qiyinchiliklarga qaramay to‘liq poklanishga targ‘ib qilinmoqda. Tahorat olishga qiyinchilik tug‘diruvchi narsalar zamon, makon va sharoitga bog‘liq bo‘ladi. Ular quyidagilardir:

– havo sovuq bo‘lib turganda suv isitish imkoni kamligi;

– bemorlik sabab suv ishlatishga qiynalish;

– suv taqchilligi yoki uning bahosi qimmatligi;

– biron joyga shoshilish;

– charchoq yoki uyqu kelishi;

– notanish joyda, noqulay sharoitda tahorat qilish va hokazo.

Demak, kim turli noqulaylik va mashaqqatlarga qaramay, tahoratni bekamu-ko‘st bajarsa, gunohlaridan forig‘ bo‘lib, ulug‘ darajalarga erishadi.

Quyidagi hadisda mukammal tahorat qanday bo‘lishi bayon qilinadi.

 

10 – Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi:“Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlariga kelib, “tahoratni mukammal qilish qanday bo‘ladi?” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namoz vaqti bo‘lgunicha jim turdilar va keyin suv olib kelishni buyurdilar. So‘ngra ikki qo‘llarini yuvdilar, burunlariga suv olib qoqdilar va mazmaza qildilar, yuz va qo‘llarini uch martadan yuvdilar, boshlariga mash tortdilar, oyoqlarini uch martadan yuvdilar. So‘ngra kiyimlari ostiga suv sepdilar va: “Tahoratni mukammal qilish mana shunday bo‘ladi”, dedilar”(Abu Ya’lo va Bazzor rivoyati. Rivoyat sanadi zaif).

Tahorat fazilatlari haqida kelgan hadislarni o‘qib, o‘quvchilarimiz orasida, qanday qilib tahoratni to‘liq va mukammal bajarish mumkin? degan savol tug‘ilishi tabiiy. Shu sabab bu yerda mazkur rivoyatni keltirmoqdamiz.

Rivoyatdan ma’lum bo‘ladiki, tahoratning sunnat, mustahab va odoblariga amal qilinsa, jumladan, a’zolar uch martadan yaxshilab ishqalab yuvilsa, tahorat mukammal qilingan hisoblanadi.

 

11 – Abdulloh as-Sunobihiy roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi:“Agar mo‘min banda tahorat qilib, og‘zini chaysa, og‘zidan gunohlari chiqib ketadi. Agar burniga suv olib qoqsa, burnidan gunohlari chiqib ketadi. Agar yuzini yuvsa, yuzidan, hatto ikki ko‘zining chetidan gunohlari chiqib ketadi. Agar ikki qo‘lini yuvsa, qo‘lidan, hatto qo‘lining tirnoqlari tagidan gunohlari chiqib ketadi. Agar boshiga mash tortsa, boshidan, hatto ikki qulog‘idan gunohlari chiqib ketadi. Agar ikki oyog‘ini yuvsa, oyog‘idan, hatto oyog‘ining tirnoqlari ostidan gunohlari chiqib ketadi. So‘ngra masjidga borishi va (o‘qigan) namozi u uchun qo‘shimcha (savob) bo‘ladi”(Nasoiy, Ibn Moja, Molik, Ahmad va Hokim rivoyati. Hadis sanadi sahih).

Ushbu rivoyatda tahoratda yuviladigan a’zolar sodir etgan gunohlar ularni yuvish bilan chiqib ketishi, o‘sha gunohlarning Alloh tarafidan kechirilishi bayon qilinmoqda. Hadis oxirida: So‘ngra masjidga borishi va (o‘qigan) namozi u uchun qo‘shimcha (savob) bo‘ladi”, deyilmoqda.

Ma’lumki, tahorat va namoz banda gunohlariga kafforat bo‘ladi. Agar tahoratni mukammal qilib, xushu’ bilan namoz o‘qilsa, bu namoz orqali banda ko‘p ajrlarga erishadi. Ba’zi kitoblarda: “Tahorat bilan bandaning o‘tgan gunohlari kechiriladi. Tahoratdan keyin namoz o‘qish bilan uning kelasi namozgacha bo‘lgan gunohlari avf etiladi”, deyilgan.

Abu Umoma al-Himsiy Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Albatta tahorat o‘zidan oldingi (gunohlar)ga kafforat bo‘ladi. So‘ngra namoz qo‘shimcha (ajr) bo‘ladi”, deganlarini aytdi. Shunda unga: “Buni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning o‘zlaridan eshitganmisan?” deyildi. U: “Ha. Bir marta emas, ikki marta emas, uch marta emas, to‘rt marta emas, besh marta ham emas (undan ko‘p eshitganman)”, dedi (Ahmad “Musnad”da va Tabaroniy “Kabiyr”da rivoyat qilgan. Rivoyat sanadida zaiflik bor).

 

12 – Humron rivoyat qiladi:“Usmon roziyallohu anhu sovuq tunda namoz o‘qimoqchi bo‘lib tahorat suvi so‘radi. Men tezda unga suv olib keldim va u yuz-qo‘lini yuvdi. Shunda men: “Alloh sizga kifoya qiladi, qattiq sovuq tunda o‘zingizni ehtiyot qiling”, dedim. U bo‘lsa: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Agar qaysi bir banda tahoratini mukammal suratda bajarsa, Alloh uning o‘tgan va kelasi gunohlarini, albatta kechiradi”, deganlarini eshitganman”, dedi” (Bazzor hasan sanad bilan rivoyat qilgan).

Qanday sharoit bo‘lmasin, ibodatlarni to‘kis ado qilish bandani ulug‘ maqomlarga erishtiradi. Jumladan, noqulay sharoit bo‘lishiga qaramay tahoratni mukammal suratda bajaradigan bandaning o‘tgan va kelasi gunohlari kechiriladi. Tushungan banda uchun bu rivoyat ulug‘ bashorat, katta imkoniyatdir.

 

13 – Abu Umoma roziyallohu anhu rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar:“Qaysi banda namoz o‘qimoqchi bo‘lib tahorat (olish) uchun tursa va ikki kaftini yuvsa, (suvning) avvalgi tomchisi bilan uning kaftidan gunohlari to‘kiladi. Agar og‘zini chaysa va burniga suv olib qoqsa, avvalgi tomchi bilan uning tili va lablaridan gunohlari to‘kiladi. Agar yuzini yuvsa, avvalgi tomchi bilan qulog‘i va ko‘zidan gunohlari to‘kiladi. Agar qo‘lini tirsagigacha va oyog‘ini to‘pig‘igacha yuvsa, xuddi onasi tuqqan kundagidek har qanday gunohdan forig‘ bo‘ladi. Agar namoz o‘qishga kirishsa, Alloh (namoz) bilan uning darajasini ko‘taradi va agar o‘tiradigan bo‘lsa, (gunohlardan) forig‘ (bo‘lgan) holda o‘tiradi”(Ahmad “Musnad”da, Tabaroniy “Kabiyr” va “Avsat”da rivoyat qilgan. Hadis sanadi sahih).

Bu hadis avvalgi rivoyatni sharhlaydi.

Tahoratda yuviladigan a’zolardan suvning birinchi tomchisi bilan gunohlarning chiqib ketishi, banda tahoratga kirishishi bilanoq gunohlaridan forig‘ bo‘lib borishiga dalolat qiladi. Boshqa rivoyatlarda “oxirgi tomchi bilan” deb ham keltirilgan. Bu esa tahoratdan so‘ng bironta kichik gunoh qolmay barchasi kechirilishini anglatadi. Vallohu a’lam!

Farzand dunyoga kelganida badani pokiza, o‘zi gunohlardan xoli, ma’sum bo‘ladi. Kim tahoratni mukammal qilsa, xuddi onasidan yangi tug‘ilgan chaqaloq kabi gunohlaridan forig‘ bo‘ladi. Agar tahoratdan so‘ng namoz o‘qilsa, bu namoz bilan Alloh bandaning darajasini ko‘taradi.

 

14 – Abu Umoma al-Bohiliydan rivoyat qilinadi:“Men Amr ibn Abasaning: “(Bir kuni), ey Rasululloh, tahorat qanday qilinadi?” deb so‘radim. U zot: “Sen tahorat qilsang – qo‘llaringni yuvib, ularni poklasang, tirnoqlaring orasi va barmoqlaring uchidan gunohlaring chiqib ketadi. Agar mazmaza va istinshoq qilsang, yuzingni va ikki qo‘lingni tirsakkacha yuvib, boshingga mash tortsang va ikki oyog‘ingni to‘pig‘igacha yuvsang, barcha gunohlardan forig‘ bo‘lasan. Agar shu holda Alloh azza va jallaga yuzlansang, xuddi onadan yangi tug‘ilgandek gunohlardan poklanasan”, dedilar”, deb aytganini eshitdim”. Abu Umoma aytadi: “Shunda men: “Ey Amr ibn Abasa, qara nima deyapsan? Mana shu narsa (bandaga) bir vaqtning o‘zida beriladimi?!” deb so‘ragan edim, u: “Allohga qasamki, men keksayib, ajalim yaqinlashdi. Shu chog‘da Rasululloh sollallohu alayhi va sallam nomlaridan yolg‘on gapirishga qanday ehtiyojim bo‘lsin?!” Buni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan ikki qulog‘im eshitgan va qalbim uni o‘ziga singdirgan”, dedi”(Nasoiy rivoyati. Rivoyat sanadi sahih).

Bu rivoyatda Amr ibn Abasa roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga tahorat haqida bergan savoli va u zot bunga qanday javob qaytarganlari keltirilmoqda.

Rivoyatga e’tibor beradigan bo‘lsak, tahorat haqida berilgan savolga Nabiy sollallohu alayhi va sallam, mana bu va mana bu a’zolaringni yuvasan, deb javob bermayaptilar, balki tahoratni mukammal suratda o‘rgatib, uning fazilatlarini ham zikr qilmoqdalar.

1 Hujr ibn Ali aytadi: “Men Ali ibn Abu Tolib: “Tahorat imonning yarmidir”, deb aytganini eshitganman” (Bayhaqiy “Shua’bul iymon”da rivoyat qilgan).

2 Hadisda yuz yuvilganda faqat ko‘z orqali sodir etilgan gunohlar kechirilishi zikr qilinishiga ikki xil sabab keltirilgan: 1) ko‘z qalb oynasi bo‘lib, u bilan sodir etilgan gunohlar zikr qilinishi boshqa a’zolarga kifoya qiladi; 2) tahoratda og‘iz, burun va quloq alohida tarzda poklanadi. Ko‘z esa tahoratda maxsus yuvish bilan poklanmaydi. Shu sabab ko‘z bilan qilingan gunohlar yuzni yuvish bilan to‘kiladi.

3 Qozi: “Bu yerdagi gunohlarning suv bilan chiqib ketishi uning kechirilishidan dalolatdir. Zero gunohning badanga kirib-chiqishi mumkin emas”, degan. Lekin boshqa ulamolar: “Gunohlar bandaning botiniga ham, zohiriga ham ta’sir qiladi. Bu narsa a’zoning qorayishida ko‘rinadi”, deyishgan va bunga gunoh sodir etilganda, qalb qorayib, istig‘fordan so‘ng charog‘on bo‘lishini misol qilib keltirishgan. Ahmad, Ibn Xuzayma Ibn Abbos roziyallohu anhudan, u Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Hajarul asvad jannatdan (tushgan) bo‘lib, (avvalda) oppoq yoqut edi. U qordan ham oppoq bo‘lgan. Ammo mushriklar sodir etgan gunohlar uni qoraytirib yuborgan”.

Imom Suyutiy bu hadis haqida: “Gunohlar toshga ta’sir qilsa, gunoh sodir etuvchining tanasi toshdan ko‘ra ta’sirlanishga munosibroqdir”, degan. Ya’ni, gunohlar toshni qoraytirar ekan, gunoh sodir etilgan a’zolar ham gunohlar ta’siridan benasib qolmaydi, ular ham qorayadi, deyilmoqchi. Bu qorayish ma’naviy yoki moddiy bo‘lishi mumkin. Boshqa rivoyatda: “Albatta yolg‘on (gap) yuzni qoraytiradi”, deyilgan. Demak, gunohlar banda tanasiga ta’sir ko‘rsatadi.

4 Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Men sizlarga Alloh uning sababidan gunohlarni o‘chiradigan (amallar)ga dalolat qilaymi: qiyin (vaqt)larda tahoratni mukammal qilish, masjidga yurib borish, bir namozdan so‘ng (kelasi) namozni kutish. (Mana shular) gunohlarni butunlay yuvib tashlaydi”, deganlar. (Hokim, Abu Ya’lo va Bazzor rivoyati. Rivoyat sanadi sahih).

5 Bir namozdan so‘ng kelasi namozni kutish “Al-muntaqo sharhul-muvatto’” kitobida quyidagicha tushuntirilgan: “Banda jamoat bilan namoz o‘qib bo‘lgach, joynamoz ustida o‘tirib kelasi namozni kutadi. Bu bir-biriga yaqin bo‘lgan ikki namoz orasida bo‘ladi. Masalan, peshin namozidan so‘ng asrni yoki shomdan keyin xufton namozini kutish mumkin. Ammo xuftondan keyin bomdodni kutish inson toqati yetadigan ish emas. (Ko‘p hollarda bunga imkon ham bo‘lmaydi) qolaversa, bu vaqt mobaynida tahorat sinadi. Shuningdek, bomdoddan so‘ng peshinni kutish ham shunga kiradi”.

Lekin boshqa ulamolar, banda xoh jamoat bilan, xoh yolg‘iz o‘zi o‘qisin, ibodatdan keyin kelasi namozni kutsa, boshqa ishlarini bajargan holda qalbi namozga bog‘liq bo‘lsa, bir namozdan keyin kelasi namozni kutgan bo‘ladi, deyishgan.

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216910
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24589
  • 19054
  • 12827
  • 15796