Tahoratda a’zolarni mukammal yuvish fazilati
5.1.2018 6212

15Nuaym ibn Abdullohdan rivoyat qilinishicha, u Abu Hurayra tahoratda yuzini va qo‘lini yelkasigacha, oyog‘ini boldirigacha yuvayotganini ko‘rgan ekan. Shunda Abu Hurayra roziyallohu anhu unga: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:“Albatta mening ummatim qiyomat kuni tahorat sababidan yuz va qo‘l-oyoqlaridan nur taralib turgan holda chaqiriladilar. Bas, kimki yuzidagi nurini uzaytirishga qodir bo‘lsa, shuni qilsin!”deb aytganlarini eshitganman”, degan(Buxoriy, Muslim, Nasoiy, Ibn Moja va Ahmad rivoyati).

Ushbu rivoyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tahoratning qanchalik fazilatli amal ekanini chiroyli o‘xshatish bilan bayon qilib, doimiy tarzda tahorat olib, namoz ibodatini bekamu-ko‘st ado etadigan ummatlariga bashorat bermoqdalar. Hadisda ta’kidlanishicha, Nabiy sollallohu alayhi va sallam oxiratda odamlar orasidan o‘z ummatlarini qo‘l va oyoqlaridan taralib turgan nur orqali tanib oladilar.

Qiyomat kuni hamma yoqni zulmat qoplagan, odamlar sarosimada, aksariyat kishilar yuzida g‘ubor va qorong‘ulik bo‘ladi. Lekin, tahoratni mukammal bajarib, namoz o‘qigan mo‘minlar bandalarning yuz va qo‘l-oyoqlaridan o‘ziga xos nur taralib turadi.

Hadis tarjimasida “yuz va qo‘l-oyoqlaridan nur taralib turgan holda” deb ifodalangan jumla asliyatda “g‘urrom-muhajjaliyn”1 tarzida keltirilgan. Arab tilida “g‘urrotun” so‘zi otning peshonasidagi oppoq qashqasi, “tahjiyl” esa ikki orqa va bir old oyog‘idagi oq qashqasi ma’nosini ifodalaydi. Bu yerda tahorat tufayli qiyomat kuni mo‘minlarning yuz, qo‘l va oyoqlaridan taralib turadigan nur otning g‘urro va tahjiyliga o‘xshatilmoqda. Shuningdek, “g‘urrotun” so‘zi insonga nisbatan ishlatilganda “yuz, chehra” ma’nosini ham ifodalaydi.

E’tibor beradigan bo‘lsak, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ushbu hadisda “ko‘paytirsin” emas, balki “uzaytirsin” deb aytmoqdalar. Bu esa, tahorat qilayotganda yuvish lozim bo‘lgan joylardan biroz o‘tkazib, a’zolarni mukammal poklash kishi nurining ko‘payishiga sabab bo‘lishini anglatadi.

Ulamolar tahoratda g‘urro va tahjiylni uzaytirish mustahab ekaniga ijmo qilishgan2. Lekin, ular uzaytirish miqdori borasida turli fikrlarni aytib o‘tishgan. Ba’zilar “Qo‘llar yelkagacha va oyoqlar tizzagacha yuviladi” deyishgan. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat keltirilgan.

 

16Abu Hozim aytadi:“Abu Hurayra namozga tahorat olayotganda uning orqasida qarab turgan edim. U qo‘lini yuvayotib tahorat suvini ikki qo‘ltig‘igacha yetkazdi. Shunda men: “Ey Abu Hurayra, bu qanday tahorat bo‘ldi?!” dedim. U bo‘lsa: “Ey bani Farrux, sizlar shu yerda edingizmi? Agar shu yerda ekaningizni bilganimda, bunday tahorat qilmasdim. Men xalilim Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Mo‘minning bezagi tahorat suvi yetgan joygacha yetadi”, deb aytganlarini eshitganman”, dedi”(Muslim, Nasoiy va Ahmad rivoyati. Ibn Xuzayma va Abu Avonalar rivoyatida: “Albatta bezak tahorat(da yuviladigan) joylargacha yetadi”, deyilgan).

Farrux – Ibrohim alayhis salom o‘g‘illaridan birining ismi. Lays aytadi: “Bizlarga xabar qilinishicha, Farrux Ibrohim alayhis salomning Ishoq va Ismoildan keyin tug‘ilgan o‘g‘lidir. Uning avlodlari ko‘payib, ulardan ajam xalqlari tarqalgan”.

Ushbu rivoyatda aytilishicha, mo‘min banda tahoratda a’zolarini mukammal yuvsa, yuvish lozim bo‘lgan joylardan o‘tkazib poklasa, jannatda o‘sha yergacha oltin bilakuzuk va marjonlar bilan bezatiladi3.

Ushbu hadisda aytilayotgan holat faqatgina Abu Hurayra roziyallohu anhuning o‘zigagina tegishlidir. U buni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilmagan. Balki, hadisga ko‘proq amal qilish maqsadida o‘z ra’yiga qarab ish tutgan. Ibn Umar: “Abu Hurayra roziyallohu anhu buni faqat yoz faslida qilgan bo‘lishi mumkin”, degan.

G‘urro va tahjiylni uzaytirish borasida boshqa toifa vakillari: “Oyoqlar tizza va qo‘llar yelka suyagining yarmigacha” desa, yana boshqalar “Bundan bir oz teparoqqacha yuviladi” deyishgan. Bu haqda Bag‘aviydan naql qilinadi. Hadisi sharif va ulamolar ijmosi tahoratda yuviladigan joylarning bu uch turdagi uzaytirish miqdorining har biri joiz ekanini tasdiqlaydi.

Shofe’iy: “G‘urroni uzaytirish yuvilishi lozim bo‘lgan joylardan tashqari boshning soch chiqqan qismini va yuzning hamma tomonini to‘liq yuvishdir. Tahjiylning uzaytirish esa, qo‘lning tirsak va oyoqning to‘piq qismidan yuqorisini qo‘shib yuvish”, deb tushuntirgan.

Ibn Battol hadisdagi g‘urro va tahjiylni uzaytirishni “har bir namozga alohida tahorat qilish. Shu bilan banda a’zolarining nuri ko‘payadi. Zero, uzaytirish va davomiy bo‘lish bir-biriga yaqin tushunchalardir”, degan.

 

17 – Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Mening Ayladan Adangacha bo‘lgan (masofa)dan uzoqroq havzim qordan ham oppoq, sut aralashtirilgan asaldan ham shirinroqdir. Uning idishlari yulduzlari sanog‘idan ham ko‘proq. Men xuddi kishi o‘zgalar tuyasini o‘z hovuzidan to‘sgani kabi odamlarni undan to‘sib turaman”, deganlarida, odamlar: “Ey Rasululloh, siz o‘sha kuni bizni taniysizmi?” deb so‘rashdi. U zot: “Ha, sizlarda boshqa ummatlarda bo‘lmagan belgi bo‘ladi. Sizlar mening huzurimga tahorat sababidan yuz, qo‘l va oyoqlarigizdan nur taralib turgan holda kelasizlar”, dedilar(Muslim va Ibn Moja rivoyati).

Ayla Quddus shahrining boshqa nomi. Adan esa Yamandagi shahar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning jannatdagi havzlari juda keng. Uning atrofida behisob idishlar bo‘lib, xohlagan banda xovuzdan suv olib ichadi. O‘sha hovuzning suvi qordan oppoq va sut qo‘shilgan asaldan ham totliroq ekan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam u yerda o‘z ummatlarini tahorat qilganlari sabab badanlaridan taralib turadigan nur orqali tanib olar ekanlar.

 

18 – Abdulloh ibn Busr roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi:“Qiyomat kuni sajda sababidan ummatning yuzidan va tahorat sababidan qo‘l-oyoqlaridan nur taralib turadi”(Termiziy va Ahmad rivoyati. Hadis sanadi sahih).

Bu rivoyatning to‘liqroq shakli boshqa kitoblarda keltirilgan. Abdulloh ibn Busr al-Moziniydan rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ummatimdan bo‘lgan har bir kishini men qiyomat kuni taniy olaman”, deganlarida, odamlar: “Ey Rasululloh, ko‘p odamlar ichidan ummatingizni qanday tanib olasiz?” deb so‘rashdi. Shunda u zot: “Qara, agar sen bir xil tim qora rangli otlar orasiga kirsang va ular orasida oldi va orqa oyoqlarida oq qashqasi bor bir ot bo‘lsa, sen uni ajrata olasanmi?” dedilar. U: “Ha”, dedi. U zot: “O‘sha kuni sajda sababidan ummatim yuzlari va tahorat sababidan qo‘l-oyoqlaridan nur taralib turadi”, dedilar (Ahmad, Tabaroniy “Avsat”da va Bayhaqiy “Shua’bul iyman”da rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi sahih).

Yuqorida keltirilgan rivoyatlar va ulamolar qavllaridan ma’lum bo‘ladiki, g‘urro va tahjiylni uzaytirish ikki xil ma’noni anglatadi:

1. Yuvilishi farz bo‘lgan a’zolar chegarasidan o‘tkazib yuvish;

2. Doimiy suratda tahorat bilan yurish4.

 

19Zirr ibn Hubaysh Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilishicha, bir kishi: “Ey Rasululloh, siz ko‘rmagan ummatlaringizni (qiyomat kuni) qanday tanib olasiz?” deb so‘raganida, u zot: “Tahorat sababidan ularning yuz va qo‘l-oyoqlaridan nur taralib turadi”, deganlar(Ibn Moja, Ahmad, Ibn Hibbon, Ibn Abu Shayba, Tabaroniy “Kabiyr”da rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi hasan-sahih).

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, banda tahorat qilayotganda avvalo, yuvish lozim bo‘lgan a’zolarni yaxshilab, risoladagidek tozalashi, tahoratning sunnat, mustahab va odoblariga amal qilishi, xususan, yuzning bosh va bo‘yin qismi, quloqlar bilan qo‘shib, chakkalarni to‘liq yuvishi, shuningdek, qo‘lning tirsak qismidan bir oz o‘tkazib, yelka suyagining yarmigacha hamda oyoqning to‘piq qismidan ham ozroq teparoqqacha (boldir suyagining yarmigacha) yuvishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

1 Bu hadisdan kelib chiqib, ba’zilar: “Tahorat faqat ummati muhammadiyyaga xos”, deb aytishgan. Bu to‘g‘ri emas. Sababi avvalgi ummatlar, jumladan rohib Jurayjning tahorat qilib namoz o‘qigani haqida rivoyatlar bor. Balki bu ummatga g‘urro va tahjiyl xoslangan desa, to‘g‘ri bo‘ladi. Boshqa ummatlarda tahorat bo‘lgani bilan mo‘min-musulmonlar aynan mana shu nur bilan qiyomat kuni boshqalardan ajralib turadilar.

2 Ibn Battol va molikiylardan ba’zilari: “Tahoratda qo‘lni tirsakdan, oyoqni to‘piqdan o‘tkazib yuvish mustahab emas. Sababi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim bundan oshirsa, aniqki, yomon qilibdi va zulm qilibdi”, deganlar”, deyishgan. Ularning bu fikri noo‘rin. Birinchidan, ular keltirgan hadisda a’zolarni belgilangan chegaradan o‘tkazib yuvish emas, balki uch martadan ko‘p yuvish haqida so‘z boradi. Ikkinchidan, g‘urro va tahjiylni uzaytirish haqida sahih rivoyatlar ko‘p. Bu amalning mustahabligini salaflarning ko‘pchiligi, shofe’iy va hanafiy ulamolar ta’kidlashgan.

3 Bu haqida Kahf surasining 31, Haj surasining 23 va Fotir surasining 33-oyatlarida ma’lumotlar bor.

4Molkiylar nazdida rivoyatda ikkinchi ma’no nazarda tutilgan. Shu sabab ular a’zolardan o‘tkazib yuvishni makruh, deyishgan.

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216196
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24531
  • 18994
  • 12784
  • 15748