Telegramning tahdidi
10.11.2016 7596

    BUGUNGI kunda telegram messendjeri internet foydalanuvchilarini o‘ziga tobora jalb qilib borayotgan axborot dasturi hisoblanadi. Mazkur dastur turli xil formatdagi matnli xabarlar va mediafayllarni o‘zaro almashish imkoniyatini beradi. U dastlab 2013 yil avgustda ishga tushirilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda messendjerning 100 milliondan ortiq foydalanuvchisi bor. Telegram orqali milliardga yaqin xabarlar, mediafayllar jo‘natiladi.
   2015 yilning sentyabr oyida messendjerda cheklanmagan sondagi obunachilar uchun xabarlar, mediafayllar jo‘natish imko­niya­tini beruvchi kanallar — chatlar ochila boshlandi. Kanalni internetdagi yangilik lentasi va b­logga o‘xshab ketadigan axborot tarqatish vositasi deyish mumkin. Kanalda teskari aloqa qilish ilojsiz, faqat jo‘natilgan xabarni qancha kishi tomosha qilganini bilsa bo‘ladi.
   Messendjerning fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ma’naviyatiga, alalxusus, barqarorligimizga tahdidi ehtimolini o‘rganish maqsadida ayrim kanallarda tarqatilayotgan ma’lumotlar o‘rganildi.
      Shuni qayd etish kerakki, O‘zbekistonda messendjer foydalanuvchilari o‘rtasida kanal yuritish ommalashib bormoqda. Messendjerning shaxslarni o‘ziga ko‘proq jalb qilish omillari sifatida u orqali nafaqat o‘qiladigan, balki eshitiladigan, tomosha qilinadigan ma’lumotlarni tezkor sur’atlarda jo‘natilishini ko‘rsatish mumkin.
    Messendjerda respublikamizning bir qator yuridik va jismoniy shaxslari, jumladan, ommaviy axborot vositalari, tijorat tashkilotlari, xonanda, aktyorlar, mashhur shaxslar o‘z kanallarini ochgan. Ular qatorida ayrim notanish bo‘lgan shaxslar ham kanal ochib, turli ma’lumotlarni joylashtirmoqda.
    Ayrim kanallarning obunachilari soni 50-100 ming atrofida. Misol uchun 2016 yil 12 oktyabr holatiga ko‘ra, “DUBSMASH UZ” kanalining obunachilari soni 100 000 mingdan, “FAXRIM” kanalining obunachilari soni 85 000 dan, “UzNewVideo” kanalining obunachilari 70 000 dan, “EngQiziqarli TV” kanalining obunachilari 66 000 dan, “MyTubeUz”, “Video.uz”, “Millioner_Uz”, “Uz_Music Bass” kanallarining obunachilari soni 50 000 dan ko‘p.
   Axborot tarqatish imkoniyati, tezligi, obunachilari soni jihatidan messendjer kanallari respublikamizdagi aksariyat jurnal va gazetalarga nisbatan solishtirib bo‘lmaydigan darajada ustunlikka ega. Messendjer kanali orqali ma’lumotlar 24 soat davomida kelib tushadi. Telefon doimo yonimizda bo‘lganligi sababli ma’lumot bilan tanishishning qulayligi uning o‘ziga xosligini belgilaydi.
    Sanab o‘tilgan holatlar amalda messendjer kanallari rasman OAV hisoblanmasa-da, OAVdan ko‘ra katta ta’sirga ega ekaniga shubha yo‘q. Biroq qonunchilikda OAV faoliyati huquqiy tartibga solingan, messendjer uchun esa bunday deb bo‘lmaydi.
    “Hurriyat” gazetasining 2016 yil 39-sonida keltirilgan quyidagi fikrlarga e’tiboringizni qaratmoqchiman: “Hech kim tash­qi kuchlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlar, messendjerlardan o‘z maqsadi yo‘lida foydalanmaydi, deb kafolat bera olmaydi. Shunday guruhlar, kanallar borki, unda asosan fahsh fotorasmlar, video lavhalar joylashtirilmoqda. Bu ma’naviyati, madaniyatida qusr bo‘lgan shaxslarni o‘ziga jalb qilish uchundir. Aynan shunday toifa kishilar o‘zlariga javob bera olmaydi. Ke­yinchalik bunday kanallarda siyosiy mavzuga taalluqli ma’lumotlar tarqatilishi va guruh a’zolarining fikrini o‘zgartirishga, ma’lum bir yo‘nalishga solishga harakat qilinishi mumkin”.
   Messendjerda tarqatilayotgan ayrim ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunida nazarda tutilgan shaxsning, jamiyatning, davlatning axborot borasidagi xavfsizligi talablariga mutlaqo ziddir.
   O‘tkazilgan kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, ayrim kanallarda qonunchiligimiz, ma’naviyatimiz, axloqimizga qarshi materiallar, jumladan, pornografik materiallar joylashtirilmoqda. Messendjer shu paytga qadar keng ommaga tarqatish mumkin bo‘lmagan barcha turdagi ijtimoiy normalarga zid bo‘lgan “hikoya­lar”ni tarqatish uchun ham “axborot maydoni” sifatida shakl­lanib ulgurdi. Misol uchun, “EngQiziqarli TV” kanalida (12.10.2016 y.) joylashtirilgan hikoyalardan biri “Hammaga salom Man ismim Diyora...” deb nomlanib, unda yosh ayolning kursdoshi bilan bo‘lgan hayosizlik holatlari hikoya qilingan.
    “KamYob Fotolar TV” kanalida joylashtirilgan “Akamni xotini kenayim bilan”, yoki “Ammam bilan...”, yoki yana bir kanaldagi “Boshlig”im bilan ishxonada” nomli hikoyada shahvoniy munosabatlar bayon qilingan.
     Mazkur mazmundagi boshqa materiallar nafaqat kanal obunachilari sonini ko‘paytirishga, balki ijtimoiy ongga, ma’naviya­timizga qarshi qaratilgan. Keltirilgan hikoyalar tagzamirida biz uchun muqaddas hisoblangan qadriyatlar, fazilatlarni, odob-axloq, qarindoshlik aloqalarida, oila muhitida o‘zini tutish me’yorlarini nafaqat buzish, balki shunday holatlar mumkin ekan va bu unchalik sharmandali holat emas, degan tasavvurni odamlar ongiga singdirishga qaratilgan ma’naviy qo‘poruvchilik turibdi. Bunday turdagi “hikoyalar”ni tarqatish orqali shakllangan yurish-turish tarzini (stereotipini) o‘zgartirish, o‘ta jirkanch holatlar deb qabul qilinadigan hodisalarni oddiy holatga aylantirishga qaratilgan targ‘ibot yotibdi.
     Kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, aksariyat axloqqa zid bo‘lgan hikoyalar, rasmlar, boshqa media­fayllar bir qancha kanallarda joylashtirilgan, bir kanalda takror-takror keltirilgan holatlar juda ko‘p. Umuman materiallarning, jumladan, reklama xabarlarining kanallarda joylashtirilishi va ko‘plab takrorlanishidan bu kanallarning, xususan, ularni boshqarayotgan shaxs­larning o‘zaro aloqadorligi to‘g‘risida tahmin qilish mumkin.
    O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 189-moddasida pornografik mahsulotni tar­qatish, reklama qilish, namo­yish etish maqsadida tayyorlash yoki O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, xuddi shuning­dek uni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish uchun, 1891-moddasida zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash yoki O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, xuddi shuningdek uni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish uchun javobgarlik belgilangan. Bunday qilmishlar ma’muriy jazo qo‘llanganidan so‘ng sodir etilgan taqdirda Jinoyat kodeksining 130 va 1301-moddalarida jinoiy javobgarlik ham nazarda tutilgan.
    O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunining 5-moddasiga ko‘ra, yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri yoshlarni axloqiy negizlarni buzishga olib keladigan xatti-harakatlardan, terrorizm va diniy ekstremizm, separatizm, fundamentalizm, zo‘ravonlik va shafqatsizlik g‘oyalaridan himoya qilishdir.
   Messendjerdan terrorchi tashkilotlar aloqa, targ‘ibot vositasi sifatida foydalanilganlik holatlari ma’lum. Internetda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Belgiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari vakillari terrorchilar tomonidan yoshlarga asosan messendjerdan foydalanib ta’sir etayotganligini ko‘rsatishgan.
   The Wall Street Journal nashrining joriy yil 20 oktyabrdagi sonida chop etilgan Steysi Meyxtri va Sem Shexnerning maqolasida terrorchilar Fransiyada sodir etilgan va rejalashtirilgan terrorchilik harakatlarida ham ushbu vositadan foydalangani bayon qilingan.
    Messendjer dasturi asoschisi Pavel Durov o‘z tvitterida terrorchilarning 660 dan ortiq kanallari yopilganini va ma’lumotlar kelib tushganda kuniga 5-10 ta kanallar yopilayotganini ta’kidlagan.
    Bugun hech kimga sir emas ayrim xorijiy maxsus kuchlar tomonidan o‘zga mamlakatlarda amalga oshirilgan davlat to‘ntarishlarida (“arab bahori”, “rang­li inqiloblar” va boshqalar) zamonaviy axborot texnologiyalaridan, jumladan, internet, turli ijtimoiy tarmoqlar (feys­buk, tvitter), mobil aloqadan samarali foydalanilgan. Mamlakatimizga nisbatan salbiy ta’sir ko‘rsatish niyatida bo‘lgan kuchlar o‘z g‘araz maqsadlari yo‘lida messendjer imkoniyatlarini hisobga olishi mumkin. Misol uchun, obunachilari ko‘p bo‘lgan muayyan bir kanalda siyosiy masalalarga oid materiallar tarqatila borib, keyinchalik ularni ma’lum bir joyga yig‘ishga chorlash mumkin.
    Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, respublikamizdagi ayrim davlat organlari xizmatchilari tomonidan ish faoliyatida messendjerdan foydalanmoqda. Albatta, bundan maqsad ish sur’atlarini oshirish. Biroq ayrim turdagi ma’lumotlarni messendjer orqali jo‘natish xavotirlidir. Ba’zi xorijiy mamlakatlar maxsus kuchlari tomonidan fuqarolarning messendjerdagi akkauntiga maxfiy tarzda kira olganlik holatlari mavjudligi bu yo‘nalishda ma’lum qoidalar ishlab chiqilishini taqozo qiladi.
    Yuqoridagilarni umumlashtirgan holda quyidagi xulosalarni chiqarish mumkin:

birinchidan, messendjerdan, jumladan, ochilgan ayrim kanallardan g‘ayriqonuniy, axloqqa zid maqsadlarda foydalanilmoqda. Ayrim mavzularda tarqatilayotgan materiallar jamiyat ma’naviy-mafkuraviy asoslarini yemirishga qaratilgan;

ikkinchidan, messendjerning respublikamiz hududida axborot vositasi sifatida mavqei kucha­yib bormoqda;

uchinchidan, terrorchilar tomonidan respublikamizga nisbatan dushmanlik harakatini amalga oshirishda, jumladan, targ‘ibot qilish, odam yollashda messendjerdan foydalanishi ehtimoli istisno etilmaydi;

to‘rtinchidan, messendjerdan xorijiy kuchlar tomonidan siyosiy maqsadlarda, jumladan, ijtimoiy ongga salbiy ta’sir qilish, hatto saylovlarga ta’sir qilishda ishlatish ehtimoli yo‘q emas;

beshinchidan, messendjer va unga o‘xshash axborot vositalarini nazorat qilish strategik vazifa sifatida qaralishi va buning uchun tegishli huquqiy asoslar, infratuzilma shakllantirilishi va doimiy tarzda takomillashtirilishi zarur.

    Messendjer va boshqa shunga o‘xshash axborot dasturlaridan g‘ayriqonuniy, axloqqa zid maqsadlarda foydalanishning oldini olish maqsadida davlat organlari tomonidan kompleks choralar ko‘rilishi lozim. Bu das­turda, jumladan, quyidagilarni ko‘zda tutish maqsadga muvofiq:
     Masalaga oid qonunchilik bazasini xatlovdan o‘tkazish, tahlil qilish va takomillashtirish bo‘yicha taklif kiritish. Xususan, barcha turdagi messendjerlarning O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlash qoidalari ishlab chiqilishi va joriy etilishi masalasini ko‘rib chiqish.
    Messendjer orqali pornografik va boshqa qonunga zid materiallar tarqatgan, jumladan, kanal ochib tarqatgan shaxslarni qat’iy javobgarlikka tortish masalasida barcha choralarni ko‘rish.
Messendjerdan g‘ayriqonuniy, axloqqa zid maqsadlarda foydalanishning oldini olishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli targ‘ibot ishlarini amalga oshirish. Jumladan:

messendjerdan g‘ayriqonuniy maqsadlarda foydalanganlik uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar va bunday holatlarning oldini olishga qaratilgan maxsus hujjatli film, videoroliklar ishlab chiqish va ularni barcha markaziy telekanallarda berish;

oliy o‘quv yurtlari, o‘rta-maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari, maktablarda maxsus yig‘ilishlar o‘tkazish, messendjerdan salbiy maqsadlarda foydalanishga moyil bo‘lgan talabalar, o‘quvchilar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazish.

     Davlat xizmatchilari tomonidan messendjerdan xizmat faoliyatida foydalanish bo‘yicha ma’lum talablarni o‘rnatish. Messendjerdan g‘ayriqonuniy, axloqqa zid maqsadlarda foydalanishning oldini olish borasida xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish va uni respublikamizga faol joriy etish zarurdir.

Xudoyor MELIYeV,
Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i

 

Manba: www.muslim.uz 

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216355
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24553
  • 19009
  • 12794
  • 15756