Toshkent tarixi
16.7.2015 20621

 

        Toshkent toponimini “Tosh shahar” deb izohlaydilar. Shu so‘zda ma’lum ma’noda shahar tirixi ham o‘z aksini topgan. Uning qachon paydo bo‘lganligi aniq emas. lekin Toshkent juda qadimiy shahar ekanligi aniq. Shahar hududida tosh asriga oid buyumlar topilgan. Toshkentdagi qabristonlardan birida topilgan bronza ko‘zgular, turli mamlakatlarning tangalari shahar tarixi 2000 yildan ortiq ekanligidan darak beradi.

Toshkent tarixiga oid ilk manbalar milodning dastlabki asrlariga to‘g‘ri keladi. Jumladan, yunon olimi Ptolomeyning “Geografiyadan qo‘llanma” Toshkent haqidagi ma’lumotlar asarida uchraydi. Ptolomey bu asarida Yer sharining obod qismini, ya’ni oykumenani 26 xaritada tasvirlagan. Shu xaritalardan birida O‘rta Osiyo va uning atrofidagi o‘lkalar ko‘rsatilgan. Ana shu xaritada Xitoyga boradigan savdo yo‘li ustida, Yaksart (Sirdaryo) havzasining sharqida “Terri Lapideya” degan joy ko‘rsatilgan. Olimlar ana shu yunoncha nomni “Tosh qo‘rg‘on” deb tarjima qilib, uni Toshkentga nisbat berganlar.

Toshkent shahrining nomi yozma manbalarda Choch, Chochiston, Shosh, Shoshkent shakllarida uchraydi. Choch so‘zi ham so‘g‘d tilida “tosh” ma’nosini anglatadi. Shosh esa Choch nomining arabicha shaklidir. Choch yoki Shosh deganda Toshkent va uning atroflari tushunilgan.

X asrda noma’lum muallif tomonidan fors tilida yozib qoldirilgan “Hududul olam” (“Olamlar chegarasi”) asarida bunday deyiladi: “Choch katta viloyat, xalqi jangovar, boy va saxiydir. U yerda o‘q - yoy tayyorlanadi. Binkat – Chochning poytaxti. Bu katta shahara, ayni paytda podshoning qarorgohidir”.

Arabnavis olimlardan Istaxriy, Ibn Xavqal, Muqaddisiy va boshqalar (IX-X asrlar) Shosh viloyati haqida yozganda uning markazini Binkat shahri deb ko‘rsatadilar. Binkat hozirgi Eskijuva va Chorsu oralig‘ida bo‘lgan. Binkat nomi forscha bo‘lib, “ko‘rimli shahar” demakdir (bin – ko‘rinish, kat – so‘g‘dcha “shahar, qishloq, manzilgoh” degan ma’noni anglatadi).

Mahmud Qoshg‘ariy o‘zining mashhur asarida Shosh bilan bir qatorda Toshkent nomini ham keltirgan. Jumladan, u o‘zining “Qonuni ma’sudiy” asarida: “Binkat – bu Shoshning poytaxti, turkiy tilda “Toshkand”, yunonchadan arabchaga tarjima qilinsa – “Burjul hijora” (“Tosh minora”) shaklida bo‘ladi” deb yozgan. Beruniyning so‘zlarini boshqa olimlar ham tasdiqlashgan. Masalan, Mahmud qoshg‘ariy o‘zining “Devonu lug‘otit turk” asarida: “Tarkan – Shoshning nomi, uning asl nomi Toshkand – toshdan qurilgan shahar demakdir”, deb yozgan.

Demak, poytaxtimiz nomi “Toshkent” shaklida birinchi bor Beruniy asarlarila uchraydi va shahar nomi boshqa nomlar bilan ham atalgan.

Qoraxoniylar tarkibiga kirgan Choch shahri X asrning oxiri – XII asrning boshlarida butunlay Toshkent nomini olgan. Amir Temur davrida (XIV ikkinchi yarmi – XV boshlari) qudratli qal’a, yirik hunarmandchilik, madaniyat va ilm - fan, savdo - tijorat shahri sifatidagi maqomini tiklaydi.

XVI asr boshlarida Toshkent shayboniylar davlati tarkibiga kirgan, so‘ng u Buxoro amirligi tarkibiga qo‘shib olinadi.

XVI-XIX asrlarda Toshkent.

XV asrning oxiri – XVI asrda va keyinchalik XVIII asrda Toshkentning mavqei ancha oshdi. Iqtisodiy va madaniy yuksalish bu shaharning boshqa hunarmandchilik va savdo markazlari bilan aloqasi jonlanganidan, shuningdek, qurilish ishlarining rivoj topishida namoyon bo‘ldi. Baroqxon madrasasi, Ko‘kaldosh madrasasi singari katta madrasalar XVI asrda o‘zbek sultonlari davrida barpo etilgan. Bu binolar hozirgi kungacha saqlanib qolgan.

Toshkent shu atrofdagi viloyatning ma’muriy boshqaruv va iqtisodiy hayot, ichki va tashqi savdo markazi, boshqa shaharlardan, g‘arbiy va sharqiy viloyatlardan keladigan karvon yo‘llari tutashgan joy edi. Toshkent XVI asrdayoq aholi ancha zich joylashgan shahar bo‘lib, aholining katta qismini savdogarlar va hunarmandlar tashkil qilardi. Keyinchalik, ayniqsa, XVIII asrdan boshlab Toshkentning mavqei yanada oshdi.

Bu yerda ko‘plab misgarlar, shuningdek, kulollar, xilma - xil gazlama va kiyim - kechaklar, qurol -yarog‘ va boshqa ashyolar tayyorlovchi ustalar istiqomat qilishar va ishlashardi.

Toshkent shahar hayotining markazi Chorsu bozori bo‘lib, bu yerga turli shahar va mamlakatlardan savdogarlar kelishardi. Chorsu ixtisoslashtirilgan hunarmandchilik - savdo rastalari joylashgan o‘ziga xos shaharcha bo‘lib, atrofini karvonsaroylar, hammom, oshxona va do‘konlar o‘rab turardi. Shaharning bu eng katta bozori unga tutashadigan ko‘chalardanoq boshlanardi, ko‘chaning ikki tomonida do‘konlar va hunarmandchilik ustaxonalari saf tortgan edi. Bozorning har bir qismida asosan bir xil mollar sotilardi. 1734 yilda Toshkentda yashagan Nurmuhammad mulla bunday deb yozgan edi: “...har bir bozorda bir xil mollar sotiladi: bittasida non, ikkinchisida ip-gazlama, boshqasida shoyi, chopon, etik, atlas va hokazolar”. Xadradagi tim ostida chopon bozori joylashgan edi.

Shaharda va shahar atrofida karvonsaroylar bo‘lib, turli mamlakatlardan kelgan savdogarlar shu yerga qo‘nar edilar. Karvonsaroylarning ayrimlari yaqin-yaqinlargacha faoliyat yurgizib kelgan.
60 mingga yaqin aholi yashaydigan Toshkent o‘z ahamiyati jihatidan xonlik poytaxtidan keyin ikkinchi o‘rinda turardi. Qo‘qon - Rossiya munosabatlari yomonlashuvi tufayli Toshkent muhim strategik va iqtisodiy ahamiyat kasb etib, unga butun Turkiston viloyati, chegara qal’alar hamda Turkiston, Chimkent va boshqa shaharlar bo‘ysunar edi. Qo‘qon xonligi va Buxorodan Rossiyaga karvon yo‘li Toshkent orqali o‘tardi.

XVIII asrda Toshkent hududi taxminan 16 kv. km. Bo‘lib, aholisining soni 80 mingga (ba’zi manbalarda aytilishicha, 100 mingga) borib qolgan edi. Shaharning shimoliy chegarasi Kalkovuz arig‘idan; sharqiy chegarasi Anhor bo‘ylab hozirgi milliy bog‘ orqali; janubiy chegarasi Beshyog‘ochdan Samarqand darvoza ko‘chasi orqali; g‘arbiy chegarasi shu ko‘chadan Ko‘kchagacha o‘tardi. Shu tarzda butun shahar hozirgi Shayxontohur tumani va qisman Sobir Rahimov tumani hududidan iborat edi. Bu hudud “Katta shahar” deb atalardi.

“Katta shahar”ning taxminan o‘rtasida boshqa devor bilan o‘rab olingan eski markaz bor edi. O‘sha paytda shaharning “eski Toshkent” deb ataluvchi ana shu markazida oltita darvoza bo‘lgan. Bu yerda imoratlar juda zich qurilgan bo‘lib, markazda bozor, masjid, madrasa, qozixona, shahar amaldorlarining uylari joylashgan edi. Masjid va badavlat aholining ayrim uylari pishiq g‘ishtdan qurilardi. Shaharda 40 jome’ va ko‘plab mahalla masjidlari bor edi.

XVIII asr boshlarida Toshkent boshqa shaharlardan ancha boy va chiroyli shahar bo‘lib, o‘sha davrga nisbatan madaniyati va obodonchiligi baland darajada edi. Shaharning to‘rtta qismidagi katta ko‘chalarga tosh yotqizilgan, ariqlar orqali o‘tiladigan ko‘priklar va ko‘prikchalar ko‘p edi. Tor ko‘chalar yoritilmasa - da, shaharliklar doimo ko‘chalarni supurib, suv sepib qo‘yishardi.

Shaharga suv Chirchiq daryosidan chiqarilgan Bo‘zsuv kanalining irmoqlari – Kalkovuz, Anhor, Labzak, Chorsu, Tarlak va boshqa ariqlar orqali kelardi. Toshkent katta ko‘chalari bo‘ylab o‘tgan ilgarigi kanallarning qurib qolgan o‘zanlari, masalan, Chorsudagi Tarlak, Labzak va boshqa kanallarning o‘zanlari hozirgacha saqlanib qolgan. Urush bo‘lib, suv bo‘g‘ilib qolish ehtimolini ko‘zda tutib, shaharda hovuzlar va ba’zi joylarda quduqlar qazib qo‘yilgan edi.

Issiq iqlim, serhosil tuproq va sug‘orish tizimi hamda aholining g‘oyat mehnatkashligi bog‘larda va poliz ekinzorlarida mo‘l hosil etishtirish uchun qulay sharoit yaratardi. Suv mo‘l bo‘lgan joylardagi hovlilar soya - salqin bog‘larni eslatar, daraxtlar va gullar hovliga fayz bag‘ishlar va meva berardi. Toshkentda uzum, shaftoli, o‘rik, olxo‘ri, qora va sariq anjir, anor, olma, nok, behi, olcha, gilos, bodom, pista yetishtirilardi.


Bog‘dorchilik qadimiy an’ana va ayni paytda serdaromad kasb edi – mevalar bozorga chiqarilar, meva qoqilar boshqa mamlakatlarga yuborilardi. Toshkent aholisi daraxtlarni hafsala bilan parvarish qilar, ulardan mo‘l hosil terib olar va mevalarning ajoyib yangi navlarini yaratardi.


XVIII asrda shahar to‘rt dahaga bo‘lingan edi: Ko‘kcha, Sebzor, Beshyog‘och va Shayxontohur dahalari. Har bir daha qurilish xususiyati va aholining zichligi, aholining an’anaviy mashg‘uloti bilan farqlanardi. 1865 yili Toshkentda 140 ta mahalla, 13260 ta xonadon, 8 ta madrasa, 8 ta hammom, 255 masjid va 116 ta tegirmon bo‘lgan.

XIX asr boshlarida Toshkent Qo‘qon xonligi tomonidan egallanadi. Bek va amaldorlar zulmiga qarshi toshkentliklar 1847 va 1863 yillari g‘alayon ko‘taradilar.

Mana shu kabi siyosiy - ijtimoiy inqirozlar davrida 1865 yili Toshkent chor Rossiyasi tomonidan egallab olinadi. 1867 yilda esa, Toshkent Turkiston general - gubernatorligining markaziga aylantiriladi.

Toshkentning XIX asr tarixi haqida ma’lumotlar toshkentlik tarixchi Muhammad Solihning “Tarixi jadidi toshkand” (“Toshkentning yangi tarixi”) nomi asarida uchraydi.

1891 yilga kelib Toshkentda 19 ta rus qishlog‘i (1298 kishi) tashkil etildi. Bu ish mahalliy dehqonlarning azal-azaldan foydalanib kelgan yer-suvlarini tortib olish hisobiga amalga oshirildi.

Chor Rossiyasi sanoatining ehtiyojlarini qondirish va boshqa harbiy - siyosiy maqsadlarni ko‘zlab shitob bilan Turkiston temir yo‘l va sanoat korxonalari qurila boshlandi. Shaharda 1885 -1895 yillarda 28 ta katta - kichik sanoat korxonalari barpo etildi. Aholi 155,7 ming kishiga yetdi. XX asr boshlarida shaharda 53 ta sanoat korxonasi bo‘lgan. 1900 - 1910 yillar orasida Turkistonda 233 ta korxona qurilib ishga tushirilgan. Bular asosan paxta tozalash, pillachilik, ko‘nchilik, yog‘ -moy ishlab chiqaruvchi korxonalar edi. Bu korxonalarning katta qismi rus va chet ellik mulk egalariga qarar edi. 1906 yili Toshkent - Orenbug temir yo‘li bunyod etildi. 1909 yili Toshkentda birinchi ko‘nka - tramvay paydo bo‘ldi.

1930 yildan e’tiboran Toshkent O‘zbekiston SSR poytaxti bo‘lib kelgan. Bundan avval Samarand shahri poytaxt vazifasini bajargan edi. Roppa - rosa 61 yil o‘tib, ya’ni 1991 yili Toshkent O‘zbekiston respublikasining poytaxtiga aylandi.

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216385
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24553
  • 19010
  • 12794
  • 15758