Barzax hayoti haqida ma’lumot bersangiz! .24.05.2017
Savol: Assalomu alaykum, Qori aka. Bir janozada barzax hayoti haqida eshitib qoldim. Shu xususda kengroq ma’lumot bersangiz, iltimos! Javob uchun oldindan rahmat!
14070
Va alaykum assalom. “Barzax” so‘zi lug‘atda “ikki narsa orasini to‘sib turuvchi” ma’nosini bildiradi. Masalan, chuchuk va sho‘r suv orasini to‘sib turuvchi to‘siq Qur’oni karimda “barzax” deyilgan. Shuningdek, dunyo bilan oxirat o‘rtasidagi qiyomatgacha bo‘lgan vaqt “barzax” deyiladi. Banda vafot etsa, barzax hayotiga o‘tadi. Bu haqida Kalomi majidda bunday deyilgan: “To qachon ulardan (ya’ni, mushriklardan) biriga o‘lim kelganida: “Parvardigor, meni yana hayotga qaytaringlar. Shoyad men qolgan umrimda yaxshi amal qilsam”, deb qoladi. Yo‘q, (u aslo hayotga qaytarilmaydi). Darhaqiqat, bu (har bir jon berayotgan kofir) aytadigan so‘zdir. Ularning ortida to qayta tirilish kunigacha barzax (ya’ni, dunyoga qaytishlaridan to‘sib turadigan bir to‘siq) bo‘ladi” (Mo‘minun, 99-100).
Munofiq, kofir, mushrik, osiy bandalar, g‘aflat uyqusidagi kimsalar dunyoda nima qilayotganlariga, qanday gunohlarni sodir etayotganlariga e’tibor bermaydilar. Ular nafs yo‘lida har qanday ishga qo‘l uradilar, haqni poymol qiladilar, Allohga ibodat qilishni tark etadilar. Ularning ajallari yetib, o‘lim soya solganida ko‘zlari “ochiladi”. Sababi ular qilgan gunohlari tufayli qanday azoblarga giriftor bo‘lishlarini aniq biladilar. Shuning uchun Allohga iltijo qilib, yana hayotga qaytarishini, tiriklik chog‘ida qilmagan solih amallarni qilishga imkon berishini o‘tinib so‘raydilar. Ammo vaqt o‘tdi, umrni ortga qaytarib bo‘lmaydi. Hayotlik fursati insonga faqat bir marta beriladi. Shunday ekan, nafas kirib-chiqib turganida vaqtni g‘animat bilish, umrni qadrlash kerak. Ertaga kech bo‘lishi mumkin...
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Agar kofir qabrga qo‘yilsa, jahannamdagi o‘rnini ko‘radi va: “Meni ortga qaytaringlar. Tavba qilaman, solih amallarni bajaraman!” deydi. Unga: “Senga berilgan umrni yashab bo‘lding!” deyiladi. Bas, qabr uni siqadi. U maydalab tashlangan narsadek bo‘lib qoladi. Uxlaydi va qo‘rqadi. Yer maxluqlari: ilonlari va chayonlari uning oldiga o‘rmalab keladi” (Ibn Abu Dunyo va Ibn Abu Hotim rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhu “shoyad solih amal qilib olsam”ni “shoyad laa ilaaha illalloh”, deb olsam” deya tafsir qilgan (Abd ibn Humayd va Ibn Munzir rivoyati).
Muhammad ibn Ka’b al-Quroziy oyatdagi “barzax” haqida: “U dunyo bilan oxirat o‘rtasidagi to‘siqdir. Barzaxdagi odam dunyoda ham emas, tiriklar bilan yeb-icholmaydi. U oxiratda ham emas, qilgan amallari uchun mukofot ololmaydi”, degan (Ibn Abu Hotim rivoyati).
Hasan: “Barzax dunyo va oxirat o‘rtasidadir”, degan (Abd ibn Humayd rivoyati).
Qatoda: “Barzax dunyoning qolgan qismidir”, deb aytgan (Ibn Jarir, Abd ibn Humayd va Abdurazzoq rivoyati). Boshqa bir rivoyatda Qatodaning: “Qabrdagilar dunyo va oxirat o‘rtasidagi to‘siq bo‘lgan barzaxdadirlar. Ular qiyomatgacha o‘sha joyda bo‘ladilar”, degan qavli keltirilgan (Abd ibn Humayd rivoyati).
Barzax hayoti ruhning tanadan olinishi bilan boshlanadi. Buyog‘i qabr hayotidir. Jumladan, ikki farishta uni savol-javob qiladi. Bu imtihonda Alloh sobitqadam qilgan bandalar najot topadilar. Agar banda solihlardan bo‘lsa, qabr uning uchun kengayadi. Uning jannatdagi makoni ko‘rsatiladi. Solih banda bundan xursand bo‘ladi.
Agar banda kofir, mushrik, munofiq yo osiylardan bo‘lsa, qabr uni qattiq siqadi. Unga jahannamdagi joyi ko‘rsatiladi. Natijada fosiq kimsaning g‘am-anduhi ortadi. Solih odam qabrda ne’matlantiriladi. Tolih (betavfiq, yaramas kimsa) qiyomatga qadar qabrda azob chekadi. Bu xabarlar hadisi shariflarda mukammal bayon qilingan. Biz bunda ularni qisqa suratda keltirdik.
Barzax hayoti dunyo va oxirat hayotidan farq qiladi. Dunyo hayotida bandaning ruhi uning tanasiga bog‘langan bo‘ladi. Ammo barzax hayotida ruh tanani tark etadi. Faqat ma’lum vaqtlarda tanaga qaytariladi. Jumladan, ikki farishta savoliga javob qaytarishda, mayyitlarni ziyorat qilishga kelgan musulmon bandaning salomiga alik olishda ruh tanaga qaytariladi. Barzax hayotida ruhning tanaga qaytarilishi xos qaytarilish bo‘lib, qiyomatdan oldin tirilish ma’nosida emas.
Rojih qavlga ko‘ra, mayyitlar qabrlarni ziyorat qilishga kelganlarni biladilar va ularning xitobini eshitadilar. Ibn Qayyim “Kitobur ruh”da bu bobdagi rivoyatlar mutavotir darajasiga yetganini aytgan.
Barzax hayotida bandaning amal qilish imkoni tugaydi. U faqat tirikligida qilgan solih amallari uchun xursand bo‘ladi, gunohlari ko‘p bo‘lsa, azoblanadi.
Mo‘min banda foydali ilm qoldirgan bo‘lsa, ortidan uning haqiga duo qiluvchi farzandi bo‘lsa, masjid qurgan, ko‘prik tiklagan, yana shu kabi sadaqai joriyalarni qilgan bo‘lsa, vafotidan keyin ham o‘sha amallar savobidan bahramand bo‘lib turadi.
Barzax hayotidagi mayyitning holati qanday ekanini faqat Alloh biladi. Biz bunga imon keltiramiz, u haqidagi rivoyatlarni tasdiqlaymiz. Ammo bu borada chuqur ketmaymiz.
Alloh taolo barchamizni O‘zining to‘g‘ri yo‘lida sobitqadam qilsin, hayotning qadrini bilib, fursat borida solih amallarni bajarishga tavfiq bersin!