Haddidan oshish emasmi? 17.09.2017
Savol:Assalomu alaykum Ustoz! Sizga Allohdan mukammal ilm tilayman! Savolim shundaki, agar inson har nomozdan so‘ng, o‘qigan nomoziga shukrona (Alloh shu nomozni o‘qishga qodir qilganligi uchun) keltirib ikki rakat nomoz o‘qib qo‘ysa dinda haddidan oshish xisoblanadimi?
Bo`lim Ibodat masalalari9531
Va alaykum assalom. Alloh taolo solih amallarga ishtiyoqingizni ziyoda qilsin!
Har bir mo‘min-musulmon banda kunda besh mahal farz namozlarini o‘qishi lozim. Shu bilan birga, farzlarga tobe bo‘lgan sunnati muakkada namozlarini ham o‘qiydi. Agar ko‘proq ibodat qilishga moyilligi bo‘lsa, unda kechasi turib tahajjud namozlarini o‘qigani ma’qul. Choshgoh vaqtida o‘qiladigan zuho namozi ham fazilatli amallardandir. Peshinning ikki rakat sunnatidan keyin ikki rakat, asrdan oldin to‘rt rakat, shomdan keyin olti rakat, xuftonning farzidan oldin to‘rt rakat nafl namoz o‘qishi haqida ko‘rsatmalar kelgan. Qolaversa, tahorat olgach ikki rakat namoz o‘qish xosiyati haqida ham rivoyatlar bor.
Agar siz farz va sunnat namozlaridan tashqari yana namoz o‘qimoqchi bo‘lsangiz, nafl niyati bilan o‘qishingiz joiz. Faqat, nafl namoz o‘qilmaydigan vaqtlarga e’tiborli bo‘lish kerak. Vallohu a’lam! (Manba: “Kifoya”).