Ассалому алейкум
Mavzu:

To‘ydan oldin qizni ko‘rish mumkinmi? 21.09.2017

Savol:

Assalomu alaykum. Qadimda turmush qurish borasida o‘ziga xos qonun-qoidalar bo‘lgan. Gap shundaki, o‘tmishda uylanishdan oldin yigit qizni to‘ygacha ko‘rmagan, ular ilk bor chimildiqda uchrashishgan, degan gaplar bo‘lgan. Savolim shuki, bu masalaga dinimizda qanday qaraladi?

Bo`lim Boshqa mavzular
14551
Javob:

Va alaykum assalom. Shariatda uylanayotgan yigit qizga nazar solishiga ruxsat berilgan. Bu haqida bir qancha rivoyatlar bor.

 

عَنْ عَائِشَةَ قَالَتْ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: أُرِيتُكِ فِي الْمَنَامِ مَرَّتَيْنِ إِذَا رَجُلٌ يَحْمِلُكِ فِي سَرَقَةِ حَرِيرٍ فَيَقُولُ: هَذِهِ امْرَأَتُكَ فَأَكْشِفُهَا فَإِذَا هِيَ أَنْتِ فَأَقُولُ: إِنْ يَكُنْ هَذَا مِنْ عِنْدِ اللهِ يُمْضِهِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَأَحْمَدُ وَابْنُ حِبَّانَ وَالطَّبَرَانِيُّ.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Sen menga tushimda ikki marta ko‘rsatilgansan. Bir kishi seni ipak matoga o‘rab ko‘tarib kelib, “mana shu sening xotining”, dedi. Ochiq qarasam, sen ekansan. Men: “Bu Alloh huzuridan bo‘lsa, uni amalga oshiradi”, derdim”, deb aytganlar” (Buxoriy, Ahmad, Ibn Hibbon va Tabaroniy rivoyati).

Bu rivoyatda aytilishicha, Nabiy sollallohu alayhi va sallam tushlarida Oisha roziyallohu anho onamizni ikki marta ko‘rganlar. Jabroil alayhissalom uni ipak matoga o‘rab olib kelganlar va Rasululloh u Oisha onamiz ekanlarini bilganlar. Payg‘ambarimiz: “Bu tush Alloh dargohidan bo‘lgan haq tush bo‘lsa, men Oishaga uylanaman”, deb yurar ekanlar. Voqe’likda ham shunday bo‘lgan. Oisha roziyallohu anho mo‘minlar onasi bo‘lish sharafiga erishganlar.

 

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ: كُنْتُ عِنْدَ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَأَتَاهُ رَجُلٌ فَأَخْبَرَهُ أَنَّهُ تَزَوَّجَ امْرَأَةً مِنْ الأَنْصَارِ فَقَالَ لَهُ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: أَنَظَرْتَ إِلَيْهَا قَالَ: لا قَالَ: فَاذْهَبْ فَانْظُرْ إِلَيْهَا فَإِنَّ فِي أَعْيُنِ الأَنْصَارِ شَيْئًا. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالنَّسَائِيُّ وَأَحْمَدُ وَابْنُ حِبَّانَ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Nabiy sollallohu alayhi va sallam oldilari edim. Bir kishi kelib ansorlardan bir ayolga uylanayotganini aytdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga: “O‘sha ayolga nazar soldingmi?” dedilar. U: “Yo‘q”, dedi. Shunda u zot: “Bor, unga nazar sol. Zero, ansorlarning ko‘zlarida bir narsa bordir”, dedilar” (Muslim, Nasoiy, Ahmad va Ibn Hibbon rivoyati).

Bu rivoyatda uylanmoqchi bo‘lgan yigit qizning yuziga qarashi joiz ekani ma’lum qilinmoqda. Jumhur ulamolarga ko‘ra, uylanishdan oldin qizning yuziga nazar solish mustahabdir.

 

عَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللهِ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: إِذَا خَطَبَ أَحَدُكُمْ الْمَرْأَةَ فَإِنْ اسْتَطَاعَ أَنْ يَنْظُرَ إِلَى مَا يَدْعُوهُ إِلَى نِكَاحِهَا فَلْيَفْعَلْ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَأَحْمَدُ وَالْحَاكِمُ وَالْبَيْهَقِيُّ وَسَنَدُهُ حَسَنٌ.

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Agar sizlardan birontangiz ayolga sovchi qo‘ysa va uni nikohlab olishga chorlovchi narsaga nazar solishga imkoni bo‘lsa, bas, shuni qilsin!” (Abu Dovud, Ahmad, Hokim va Bayhaqiy rivoyati. Rivoyat sanadi hasan).

Yigit o‘zi uylanmoqchi bo‘lgan qizga nazar solsa bo‘ladi. Bunda uning tashqi ko‘rinishi, chiroyi va boshqa jihatlariga qarab unga moyillik sezsa, yigit qizni nikohiga olishga rag‘bat bildiradi va oradagi muhabbat kuchli bo‘ladi.

Yigit biron-bir qizga sovchi qo‘ysa, uni nikohiga oladi, degani emas. Qachon qiz ma’qul kelsagina unga uylanishi mumkin. Qizni ko‘rish yigitda unga bo‘lgan maylni paydo qiladi va bu narsa nikohni tezlatishga zamin hozirlaydi. Xullas, bu bilan ikki tarafning bir-biriga moyilligi bilinadi.

Lekin bir jihatga e’tibor qaratish kerak. Bunda yuzi va ikki kaftiga qarash joiz. Ayolning bu a’zolari avrat emas. Yana hojat tushganda nomahram ayolning yuziga qarash mumkin. Masalan, oldi-sotdi, guvohlik berish va boshqa zarurat tug‘ilgan holatlarda ayolning yuziga qarash joiz. Nomahramlarga nazar solish ko‘z zinosi, deb bu ishdan mutloq qaytarish to‘g‘ri emas. Ba’zilar uylanishdan oldin ham qizning yuziga nazar solish makruhligini aytishgan ekan. Ammo imom Navaviy “Sahihu muslim”ga yozgan sharhida bu gap Islom ummatining mashhur va jumhur ulamolari gapiga xilof ekanini ta’kidlagan.

 

عَنْ بَكْرِ بْنِ عَبْدِ اللهِ الْمُزَنِيِّ عَنْ الْمُغِيرَةِ بْنِ شُعْبَةَأَنَّهُ خَطَبَ امْرَأَةً فَقَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: انْظُرْ إِلَيْهَا فَإِنَّهُ أَحْرَى أَنْ يُؤْدَمَ بَيْنَكُمَا. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَالنَّسَائِيُّ وَالدَّارِمِيُّ وَابْنُ مَاجَهْ وَأَحْمَدُ وَالدَّارَقُطْنِيُّ وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ.

Bakr ibn Abdulloh al-Muzaniydan rivoyat qilinishicha, Mug‘iyra ibn Shu’ba bir ayolga sovchi qo‘yganida Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Unga nazar sol. Zero, bu o‘rtangizda (mehr-muhabbat) davomiy bo‘lishi uchun kerakdir”, dedilar (Termiziy, Nasoiy, Dorimiy, Ibn Moja, Ahmad va Doraqutniy rivoyati. Rivoyat sanadi sahih).

Nikohdan oldin yigit va qiz guvohlar ishtirokida bir-birlarini ko‘rishlarida biz bilmagan boshqa manfaatlar ham bor. Bunda faqat moddiy jihatlargagina e’tibor berilmaydi, balki muomalasi qanday ekani, xulq-atvori va dunyoqarashi bir-biriga to‘g‘ri kelish-kelmasligi haqida ham tasavvur hosil qilinadi. Mana shu sunnatga risoladagidek amal qilinmayotgani uchun ham ba’zi yosh oilalar hech qancha vaqt o‘tmay ajrashib ketmoqda. Aslida nikohdan oldin yigit va qiz bir-birini ko‘rishi, har tarafdan bir-biriga to‘g‘ri keladimi yo yo‘q, shuni bilib, keyin to‘y harakatini qilish lozim. Bizda esa surishtirish ishlariga ko‘p hollarda juda yengil qaraladi va asosan orzu-havasga, sarpo yig‘ishga berilib ketiladi. Aslida yosh oilani baxtli qilish uchun faqat libos va ziynat emas, balki ularning bir-biriga munosibligiga ahamiyat berish kerak.

 

وَعَنْ زُهَيْرٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: إِذَا خَطَبَ أَحَدُكُمْ امْرَأَةً فَلا جُنَاحَ عَلَيْهِ أَنْ يَنْظُرَ إِلَيْهَا إِذَا كَانَ إِنَّمَا يَنْظُرُ إِلَيْهَا لِخِطْبَتِهِ وَإِنْ كَانَتْ لا تَعْلَمُ. رَوَاهُ أَحْمَدُ وَالطَّبَرَانِيُّ وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ.

Zuhayr Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Agar birontangiz bir ayolga sovchi qo‘ysa, unga qarashida gunoh yo‘qdir. Agar u sovchilik maqsadida nazar solsa va u qiz bilmasa ham” (Ahmad va Tabaroniy rivoyati. Rivoyat sanadi sahih).

Bundan kelib chiqadi, yigit o‘zi uylanmoqchi bo‘lgan qizni ko‘rishi mumkin ekan. Buni qiz bilishi shart emas ekan. Sababi hamma qizlar ham yigitga ko‘rinishni istamaydi, hayosi kuchlilik qiladi. Garchi bu noyob holat bo‘lsa ham, unda-bunda uchrab turadi.

Demak, qizga bildirmasdan sovchilik niyatida unga nazar solish mumkin ekan.

Siz “avvallari yigit va qizlar bir-birining yuzini faqat chimildiqdagina ko‘rishgan ekan, to‘ydan oldin yigit qizni ko‘rmagan ekan”, deyapsiz. Bu shariatga amal qilmaslik emas, balki qiz bolaning sha’nini yuqori tutishdan, qolaversa o‘zaro ishonch kuchli bo‘lganidan kelib chiqqan. Avvallari qiz bola begona kishiga ko‘rinishi juda ham uyat sanalgan. Bu hamma zamon va makonga xos qoida aslida. Avvallari qizini begona erkakka ko‘rsatish otalar uchun or sanalgan. Mana shu ma’noda qadimda bizning diyorlarda qiz va yigitning bir-birlarini ko‘rishlariga yo‘l qo‘yilmagan bo‘lsa kerak. Ammo shunday bo‘lsa-da, shariatimizda bu ishga ruxsat berilgan.

Xulosa shuki, to‘ydan oldin yigit qizning yuzini ko‘rishi vojib ham, gunoh ham emas. Guvohlar ishtirokida ular bir-birlarini ko‘rishlari joiz. Oilalar tinchligi, baxtu saodatga erishishida bu omil muhim sanaladi.

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216904
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар
To‘ydan oldin qizni ko‘rish mumkinmi? 21.09.2017

Assalomu alaykum. Qadimda turmush qurish borasida oziga xos qonun-qoidalar bolgan. Gap shundaki, otmishda uylanishdan oldin yigit qizni toygacha kormagan, ular ilk bor chimildiqda uchrashishgan, degan gaplar bolgan. Savolim shuki, bu masalaga dinimizda qanday qaraladi?

14551