Namoz
16.7.2015 26444

 

         Allohning Yagonaligi, U Zotdan o‘zga iloh yo‘qligi va Muhammad sollallohu alayhi va sallam Allohning payg‘ambari ekaniga imon keltirgan banda bir kunda besh vaqt namozni qoldirmay o‘z vaqtida va talab qilingan suratda o‘qishi lozim. Zero namoz Dinning ustunidir. Boshqa ibodatlar dinda namozchalik mavqe’ga ega emas. Namozni qoldirishga hech qanday uzr yo‘q (hayz yoki nifosdagi ayollar bundan mustasno). Xoh kasalllik, xoh boshqa uzrlar bo‘lsin, namoz qoldirilishi mumkin emas. Hatto orqadan dushman hamla qilib kelayotganida ham namoz qoldirilmaydi. Xullas, tili bilan imon kalimasini aytib, qalbi bilan tasdiqlagan banda bir kunda besh mahal namozni o‘qishga buyurilgan.

 

Farz namozlarining vaqti.


Bir kecha-kunduzda o‘qiladigan besh vaqt namozning vaqtlari quyidagilar:

 

  • Bomdod namozining vaqti subhi sodiqdan (chin tong) boshlanib, quyosh chiqquncha davom etadi. Sharqdan yoyila boshlagan oppoq yorug‘lik bomdod namozining vaqti kirganini bildiradi.
  • Peshin namozining vaqti quyosh zavolga ketganidan boshlab har bir narsaning soyasi o‘zidan ikki marta uzun bo‘lgunichadir.
  • Asr namozining vaqti har bir narsaning soyasi o‘zidan ikki marta uzun bo‘lgan vaqtdan boshlanib, quyosh botgunicha davom etadi.
  • Shom namozining vaqti quyosh botganidan so‘ng boshlanib, qiziq shafaq (qizg‘ish nurlar) yo‘qolgunicha davom etadi.
  • Xufton va vitr namozlarining vaqti qizil shafaq yo‘qolgan vaqtdan boshlanib, subhi sodiq kirgunicha davom etadi. Vitr namozi xufton namozidan so‘ng o‘qiladi. Chunki xufton o‘qib bo‘linganidan keyin vitr namozining vaqti kiradi.
  • Har bir farz namozini o‘z vaqtida o‘qish qat’iy talab qilingan farzdir. Vaqti kirmasidan o‘qilgan namoz namoz hisobiga o‘tmaydi. Misol uchun, bir kishi peshin vaqti kirmasidan peshin namozini o‘qisa, uning bo‘ynidan peshinni o‘qish soqit bo‘lmaydi. Vaqt kirganidan keyin peshinni qaytadan o‘qish talab etiladi. Vaqtida o‘qilmagan namozlarning qazosi o‘qiladi.

 

Namoz o‘qish makruh bo‘lgan vaqtlar.

 

Quyidagi vaqtlarda xoh farz, xoh nafl bo‘lsin, namoz o‘qish mumkin emas. Bular:

 

  • Quyosh chiqishidan boshlab ko‘tarilgunicha bo‘lgan vaqtda.
  • Quyosh tik ko‘tarilib (qiyomga kelib), g‘arb tomonga mayl qilgunicha bo‘lgan vaqtda.
  • Quyosh sarg‘aygan vaqtdan boshlab, botishigacha bo‘lgan vaqtda.
  • Bundan istisno tarzda quyosh botayotgan vaqtda o‘qilayotgan asr namozini tamomlash, shu vaqtda o‘qilgan tilovat sajdasini qilish va hozir bo‘lgan mayyitning janoza namozini o‘qish karohat bilan joizdir.

 

Nafl namozlarini o‘qish makruh bo‘lgan vaqtlar. 

 

  • Fajri sodiq kirgach (bomdod namozining sunnatidan tashqari).
  • Bomdod namozining farzidan so‘ng.
  • Asr namozining farzidan so‘ng.
  • Shom namozining farzidan avval.
  • Juma kuni imom minbarda xutba o‘qishga chiqishidan boshlab namoz o‘qib bo‘lingunicha.
  • Muazzin takbir aytayotganida (bomdod namozining sunnatidan tashqari).
  • Xoh uyda, xoh masjidda bo‘lsin hayit namozidan avval.
  • Masjidda hayit namozidan so‘ng.
  • Arafot va Muzdalifada jam’ qilib o‘qilgan ikki namoz orasida.
  • Farz namozining vaqti juda kam qolganida (bunda nafl namoz o‘qiladigan bo‘lsa, farz qazo bo‘lib qolishi mumkin).
  • Kichik yoki katta hojat tang qilib turganida.
  • Nafsga yoqadigan taom dasturxonga tortilganida.
  • Namozdan chalg‘ituvchi narsalar oldida nafl namoz o‘qish.

 

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216319
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24552
  • 19003
  • 12793
  • 15756