Ro‘za tutmaslikni muboh qiluvchilar
5.1.2018 5597

Alloh taolo Ramazon oyiga sog‘-salomat yetib kelgan bandalari ro‘za tutishlari lozimligini bayon qilgan. Undan keyin ro‘zaga qodir bo‘lmagan toifalarni ham sanab o‘tgan. Zero ro‘za tutishga hammaning birdek kuchi yetavermaydi. Ichimizda ro‘za tutishga qodir bo‘lmagan, qodir bo‘lsa-da keyinroq tutib berishi mumkin yoki lozim bo‘lgan kishilar ham bor. Quyida ro‘za tutmaslikni muboh qiluvchi holatlarni keltirib o‘tamiz.

1. Safar.

Tong otmasidan yo‘lga chiqqan musofir ro‘za tutmasligi joiz. Biroq hamrohlarining ko‘pchiligi ro‘zador bo‘lsa va ozuqalarini baham ko‘rishsa, ro‘za tutishi fazilatliroq. Hamrohlari ro‘za tutmasa va uning ro‘zadorligi boshqalarga malol kelsa, ro‘za tutmagani yaxshi.

2. Kasallik.

Banda kasal bo‘lsa va ro‘za tutganida kasalining tuzalishi cho‘zilib ketishi yoki halok bo‘lish xavfi bo‘lsa, tuzalganidan keyin Ramazon ro‘zasini tutib beradi. Agar kasal odam ro‘za tutib, keyin ro‘zani davom ettirolmasligi ma’lum bo‘lsa, og‘zini ochadi va qazosini tutib beradi.

Bemor odam ro‘za tuta olish yoki tutolmasligini o‘zi belgilamaydi, balki bu narsa mohir musulmon tabib tomonidan aniqlanadi. Agar tabib haqiqatan unga ro‘za tutish mumkin emasligini aytsa, tutmaydi. Aks holda ro‘za tutishi mumkin. Zero aksar kasalliklar aynan ro‘za tufayli tuzalishi tajribalar orqali aniqlangan.

Ro‘za tutganida kasal bo‘lib qolishdan qo‘rqqan odam ham kasal hukmidadir (“Tabyin”da shunday deyilgan).

3. Ayolning homilador yoki emizuvchi bo‘lishi.

Agar homilador ayol Ramazon ro‘zasini tutib, keyin kun davomida bolasiga zarar bo‘lishidan qo‘rqib ro‘zasini ochib yuborsa, u tuqqanidan keyin Ramazon ro‘zasining qazosini tutib beradi. Kafforat bermaydi. Emizikli ayol ham xuddi shunday. U xohlasa ro‘za tutadi, xohlamasa yo‘q. Bunda mazkur ikki toifa bemor hukmida bo‘ladi. Ma’lumki, Alloh taolo O‘z kalomida bemorlar, ro‘za tutishga qiynaladiganlar Ramazon ro‘zasi qazosini boshqa kunlarda – qodir bo‘lganlarida tutib berishlarini bayon qilgan.

Bu ikki toifa agar o‘zlari yoki bolalariga biron aziyat yetishidan qo‘rqsalar, ro‘za tutmasliklari, ro‘za tutgan bo‘lsalar, kun davomida og‘izlarini ochishlari mumkin. Agar onaning o‘zi yoki bolasiga aziyat yetishi aniq bo‘lsa, ro‘za tutmaslik yoki ro‘za tutgan bo‘lsa, og‘izni ochish vojib bo‘ladi.

4. Ayolning hayz yoki nifosli bo‘lishi.

Agar ayol Ramazon kirganida hayz ko‘rsa yoki nifosli bo‘lsa, ro‘za tutmaydi. Qachon uzrli holatdan chiqqandan keyin necha kun qoldirgan bo‘lsa, shuncha vaqt ro‘za tutib beradi.

Agar ayol hayz ko‘rdim, deb ro‘zasini ochsa va aslida hayz ko‘rmagan bo‘lsa, ro‘zaning qazosini tutadi va kafforat beradi.

Agar ayol tunda poklanib, tonggacha g‘usl qilib olishga vaqti bo‘lsa, ro‘za tutadi. Agar poklangach, g‘usl qilgunicha tong otib qolsa, ro‘za tutmaydi. Sababi hayzdan keyingi g‘usl qilish ham hayz muddatiga kiradi.

5. Chanqoqlik va ochlik.

Agar ro‘za tutsa halok bo‘lish yoki aqldan ozish darajasiga yetsa, og‘zini ochish mumkin bo‘ladi. Sababi inson umri azizdir. Ibodatni bajaraman deb o‘z nafsiga zulm qilish mumkin emas. Albatta bu nodir holatdir. Chanqoq va ochlik ro‘za tutmaslikka sabab bo‘lishi uchun banda halok bo‘lishi yoki aqldan ozishi aniq bo‘lishi shart. Bundan boshqa holatlarda oddiy chanqoqlik yoki ochlik, umuman sabrsizlik va betoqatlik ro‘za tutmaslikka sabab bo‘la olmaydi.

6. Keksalik.

Ro‘za tutishga quvvati yetmaydigan, yildan-yilga kuch-quvvatdan qolib borayotgan juda keksa odam Ramazon ro‘zasini tutmaydi. Buning o‘rniga har kuni bir miskin qornini to‘ydiradi yoki uning qiymatini beradi. Bunda xohlasa, Ramazonning boshida, xohlasa bu oy oxirida beradi.

Ro‘za tutolmaydigan chol va kampirlar ro‘za tutmaganlari uchun bir kunga yarim so’ bug‘doy miqdorida fidya beradilar. Davolash imkonsiz bo‘lgan kasallikka chalinganlar ham o‘ta qari kishilar hukmidadir. Ular ham farz ro‘za uchun fidya berishlari mumkin.

Yuqorida sanab o‘tilgan toifalar, aniqrog‘i Ramazon ro‘zasini keyin tutib beruvchilar Ramazondan keyin qodir bo‘lishlari bilan qazoni tutib beradilar. Agar keyingi Ramazon kelib qolib, hali qazoni ado qilishga ulgurmagan bo‘lsa, avval vaqtidagi Ramazon ro‘zasi tutiladi va keyin qazo bajariladi. Sababi avval qazo tutiladigan bo‘lsa, vaqtidagi Ramazon ro‘zasi ham qazo bo‘ladi.

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 216743
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24569
  • 19035
  • 12807
  • 15776