Ro‘zaning hikmatlari
11.7.2015 6777

 

        Ro‘za tutishning o‘ziga xos hikmatlari ham mavjud. Bu hikmatlarni ro‘zador bilmog‘i va to‘g‘ri anglamog‘i lozim. Alloh subhonahu va taolo bandasini bir amalga bekordan - bekor buyurmaydi, albatta. Shuningdek, Alloh taolo insonni buyurgan amallarning barcha sir va hikmatlaridan to‘lig‘icha voqif etmadi. Alloh taolo: "Sizlarga juda oz ilm berilgandir" (Isro, 85 - oyat), degan.

 

Odamzotga ilm va tafakkur toqatiga yarasha berildi. Odam esa bu olamdagi voqea -hodisalarning mohiyati va sirini to‘liq bilishga qodir emas. Birinchidan, bilishga insonning aql quvvati zaiflik qilsa, ikkinchidan, sirlarni bilish-bilmaslikdan unga hech qanday foyda bo‘lmasligi mumkin. Qolaversa, inson bir narsani bilib olgach, unga boshqa qiziqmay qo‘yadi.

 

Inson tabiatida sirli narsalarga qiziqish hissi kuchli bo‘ladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Alloh taolo o‘zi buyurgan ibodatlarning hamma siridan bandasini voqif qilmadi. Bir qismini shu dunyoda bildirgan bo‘lsa, bir qismini oxiratga saqlab qo‘ydi. Shu bois bandaning ibodatga qiziqishi aslo so‘nmaydi, har doim uni chin dildan bajarishga intiladi. Masalan, namoz, ro‘za, haj va zakot kabi shariat ruknlarini olaylik. Mo‘min banda bu ibodatlarni ado etishda (iymoni but bo‘lsa) hech qachon zerikmaydi. Namoz badan bilan bajariladigan ibodat, zakot nafs yoqtirgan molidan faqir - muhtojlarga berish bilan bog‘liq ibodat, ro‘za esa nafsni u yoqtirgan narsalardan to‘sish va man etish bilan bog‘liq ibodat. Banda bu amallarni bir umr bajarib yursa ham, aslo zerikmaydi, ko‘ngli sovimaydi va ishtiyoqi so‘nmaydi.

 

Alloh taolo va Uning Rasuli ro‘zaning bu dunyo va oxiratdagi bir qancha foydalarini aytgan. Ammo uning barcha sirlarini mufassal bayon qilmasligining bir qancha sabablari bor, albatta. Ojiz banda o‘sha sabab va sirlarni to‘lig‘icha anglab olishga qodir emas. Shunday ekan, biz ham ushbu o‘rinda ro‘zaning hikmatlarini Alloh taolo va Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bildirganiga muvofiq bayon qilishga harakat qilamiz:

             

Birinchi hikmat

 

Bu hikmatga ko‘ra, banda Alloh taolo rizoligi niyatida ro‘za tutganda nafsi yoqtirgan taom, ichimlik va jimo’ni tark qilish bilan qurbat hosil etadi. Shuningdek Allohga ubudiyati mukammalligi, muhabbati ziyodaligi va uning huzuridagi ajr - savobdan umidvorligini amalda namoyish etadi. Mana shu holat qaysi bandaning nafsiga og‘irlik qilsa, iymoni zaif bo‘lsa, ro‘za qattiq mashaqqat va qiyinchilik bo‘lib tuyuladi. Demak, ro‘zador nafsi yoqtirgan lazzatli narsalardan bejiz voz kechmaydi. Balki kelajakda o‘zi uchun bundan ham lazzatliroq va shirinroq taom va ichimliklar bo‘lishiga ishonadi. Faqat buning mavjudligi xususida insonda yetarli bilim bo‘lsa, ro‘za holatida foniy lazzatdan o‘zini tiyish osonlashadi.

 

Ikkinchi hikmat

 

Bu hikmatga ko‘ra, ro‘za taqvoni oshirishda yordam beradi. Iymonli kishi uchun taqvo juda ham zarur. Taqvo egasi ro‘za tutib, o‘zini asta - sekin sinovdan o‘tkazib boradi. Hattoki u halol taom va ichimlikdan tiyilish, yo xotiniga yaqinlik qilishda nafs istagini qanchalik jilovlay olishini namoyon etishi aynan shu taqvo bilan bog‘liq. Aslida ro‘zador o‘zini tiygan lazzatli narsalar harom emas. Lekin ro‘za tutish mahali ma’lum vaqtgacha ulardan foydalanish harom qilingan. Ro‘zadorning taqvosi kuchli bo‘lsa, bunday sinovlar payti o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi va o‘z sabr -bardoshining quvvatini bilib oladi.

 

Har bir inson o‘ziga xos tabiat egasi bo‘lib, u o‘zi yashayotgan muhit ta’sirida yaxshilikni ham, yomonlikni ham o‘zlashtiradi. Ko‘pincha bunga ahamiyat berilmaydi. Inson ana shunday muhitda yashab ro‘za tutish tufayli yaxshi amallarini ko‘paytirib, yomon amallardan voz kechishga kirishadi. Chunki inson yashaydigan muhitda yaxshilik ham, yomonlik ham har doim yonma - yon yuradi. Bunda qaysi jihat ustunlik qilsa, inson fe’l - atvori ham shunga qarab shakllanadi. Ro‘za ana shunday hollarda yaxshilikni qabul qilish va yomonlikdan voz kechishda o‘ziga xos ko‘rinmas qalqon vazifasini o‘taydi. Kimki ro‘zador holida o‘zining kamchilik va nuqsonlarini taftish qilib, ulardan qutulish choralarini o‘ylasa, ro‘zaning hikmatlarini anglab oladi. Shu bois bu oy taqvo, sabr - qanoat va poklanish oyi, degan bir qancha sifatlar bilan tavsiflanadi.

 

Uchinchi hikmat

 

Bu hikmatga ko‘ra, fikr va zikr uchun qalb ochiq bo‘ladi. Chunki qorin har doim to‘q yurishga odatlansa, bunday holat qalbni qotirib, insonni fikr va zikrdan uzoqlashtiradi va Allohni tanimaydigan qilib qo‘yadi. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi va sallam har doim oz yeb-ichishga buyurganlar. Abu Sulaymon Doroniy: "Agar nafs och qolsa va chanqasa, qalb poklanadi va yumshaydi. Agar u to‘q bo‘lsa, qalb ko‘r bo‘ladi", degan ekan. Haqiqatdan ham qorni to‘q odam bora -bora tanballik, dangasalik va hafsalasizlik kasaliga mubtalo bo‘ladi. U hatto qo‘lini sovuq suvga urmasdan yashashni xohlab qoladi. Arzimas uy yumushlarini bajarishda qiynaladi. Bu holat ko‘proq ayrim boy-amaldor kishilar hayotida kuzatiladi. Demak, bunday kishilar qalbi fikr va zikrdan butunlay uzoqlashgan desak xato bo‘lmaydi. Chunki fikr va zikr deganda ular o‘z nafsini qiynamaslik va jinday bo‘lsa ham unga malol keltirmaslikni o‘ylaydigan bo‘lib qoladi. Demak, ro‘za insonni uyg‘otadi, qalbini fikr va zikrga moyil qiladi. Ro‘za ibodati inson o‘z haddini bilish, tug‘yonga tushmaslik va insoniy darajasini saqlashda katta ahamiyat kasb etadi.

 

To‘rtinchi hikmat

 

Bu hikmatga ko‘ra, boy va to‘q yashaydigan kishilar ro‘za tufayli Allohning ne’matlari qadrini anglaydi. Hatto o‘zi uchun oddiy holga aylangan yeb - ichish ham och qolgan mahalda qanchalik katta ne’mat ekanini his etadi. Shundan keyin u muhtoj qarindosh - urug‘ va tanish - bilishlarini eslab, ularga yordam berishni o‘ylaydi, faqir - muhtojlar holidan xabar oladi. Umuman olganda, ko‘pchilik Alloh ne’matlarini bir yoqlama tasavvur qiladi. Mabodo ozgina mol - dunyo berilsa, shuni Alloh bergan ne’mat deb qaraladi. Bunday kishilar Allohning ne’matlarini tor ma’noda tushunadilar. Hayotga to‘g‘ri nazar tashlansa, Alloh o‘z ne’matlarini hech kimdan ayamagani, hammaga barobar ulashgani ayon bo‘ladi. Inson yaratilishi – ne’mat, unga berilgan a’zolar va ularning faoliyati – ne’mat, yaratilgan ozuqa, ichimlik va boshqa narsalar ham o‘ziga xos alohida bir ne’mat. Bu sanoqni cheksiz davom ettirish mumkin. Ro‘za ibodati insonga Alloh bergan ne’matlarni kengroq tasavvur etishga yo‘l ochadi va haqiqiy shukr qilishga o‘rgatadi.

 

Beshinchi hikmat

 

Bu hikmatga ko‘ra, ro‘za tufayli inson nafsini tiyib, uni o‘ziga bo‘ysundiradi. Insonga nafsini tiya olishi har doim mushkul bo‘lgan. Taqvodor zotlar ham nafsini tergab turgan. Nafs bir narsani xohlab turgan vaqtda uni qilishdan bosh tortgan. Shunday qilish bilan nafs jilovini qo‘lga olganlar. Molik Dinor sut ichishni xohlaganida qirq yil sut ichmadi. Bir kishi unga sut keltirganida sutni bir muddat qo‘lida tutib turdi - da, u kishiga qaytardi va shunday dedi: “Sen ichgil, men qirq yildan beri sabr qildim. Shuncha sabr qilib endi nafsni istagiga yetkazmayman”.

 

Chunki nafs ko‘pincha nopok ishlarni ham kishining ko‘ziga chiroyli qilib ko‘rsatadi va sabr-qanoatni xush ko‘rmaydi. Hayotimizda nafs jilovini o‘z holiga tashlab qo‘yib, turli - tuman balo -ofat va musibatlarga uchrayotgan kishilar ko‘p. Ular nafs nimani buyursa, shuni bajarishni o‘zi uchun har kungi mashg‘ulotga aylantirib oladi. Bu toifa odamlar oxir - oqibat nafs istagini qondirish uchun boshqa birovlarning haq - huquqiga tajovuz qilishdan ham toymaydilar. Ularni o‘zining rohat-farog‘ati va aysh-ishrati qiziqtiradi, shu yo‘lda qimmatli umrini boy beradilar. Shuning uchun ham ro‘za ibodati badnafslikka qarshi to‘siq bo‘lib, nafs istagini yengadi va insonga o‘zini tanitadi.

 

Oltinchi hikmat

 

Bu hikmatga ko‘ra, ro‘za nafs istagini yengishda yordam beradi, insonni haqqa bo‘ysundiradi, kibr -havosini ketkazadi. Nafs istagini yengib o‘tish oson ish emas. Buning uchun dastlab ochlik va tashnalikni boshdan o‘tkazish lozim. Oddiy ochlik va tashnalikka toqat qila olmagan odam kattaroq lazzatlardan o‘zini tiyib turishi mushkul. Taom ishtaha qo‘zg‘ab turgan vaqtidan bir oz kechiksa, qanchalik jahl qilib, bezovta bo‘lamiz. Ayni chanqab turgan mahalda bir ho‘plam suv ko‘zimizga juda qadrli tuyuladi, uni ichmasak ko‘zimizga dunyo qorong‘u bo‘lib ko‘rinadi. Rivoyatlarda, qorin va farj do‘zaxning ikki eshigi, kim bu ikki eshikni yopsa, do‘zaxning ikki eshigini berkitadi, deyilgan. Bir rivoyatda Yusuf alayhissalomga: "Yer xazinalari qo‘lingda bo‘la turib, nima uchun och yurasan?" deyilganda, u kishi: "Ochlarni unutib, to‘yishdan qo‘rqaman", degan ekanlar.

 

Nafs xuddi tutqich bermas asov va o‘jar hayvon. Agar qornini to‘ydirsang, u senga tutqich bergisi kelmaydi . Agar uni och qoldirsang, senga bo‘ysunib, nima ishga buyursa ham indamay bajaradi. Nafs ham shu jonivor singari hamma narsa muhayyo bo‘lgan vaqtda qaysarlik qiladi. Agar ochlik va tashnalik tufayli qiynalsa, ortiqcha hoyu havaslardan tiyilib, o‘z holiga qaytadi va uni boshqarish osonlashadi.

 

Yettinchi hikmat

 

Bu hikmatga ko‘ra, tanadagi qon tomirlar ochlik va tashnalik sababli torayadi. Shundan so‘ng shayton ham badanda yura olmaydi. Ma’lumki, shayton odam farzandining qon tomirlarida aylanib yurib, uni tug‘yon va vasvasaga soladi. Ro‘za ibodati tufayli shaytoniy vasvasa so‘nib, shahvat va g‘azab quvvati ketadi. Shuning uchun Rasululloh alayhissalom: "Ey yigitlar, sizlardan kim uylanishga qodir bo‘lsa, uylansin. Albatta, u ko‘zni yumuvchi va farjni saqlovchiroqdir. Kim unga qodir bo‘lmasa, o‘ziga ro‘zani vojib qilsin. Albatta, ro‘za shahvatni so‘ndiradi", deganlar (Muttafaqun alayh). Demak, shaytonning hiyla-nayrangi va vasvasasi nafs bilan bog‘liq. U insonni nafs vositasida turli yomonliklarga undaydi va halokatga boshlaydi. Ochlik va tashnalik shaytonning ana shunday bemalol harakatiga to‘sqinlik qiladi. Shayton shundan so‘ng noumid bo‘lib, ro‘za tutgan kishini yo‘ldan ozdirish chorasini topolmay qiynaladi.

 

Sakkizinchi hikmat

 

Bu hikmatga ko‘ra, ro‘za payti taom yeyish kamayganidan hazm qilish a’zolari «dam oladi». Badan to‘planib qolgan turli rutubat va ortiqcha narsalardan qutuladi. Ro‘zaning sog‘lik uchun nihoyatda foydali ekani shu vaqtga qadar tabiblar tomonidan juda ko‘p aytilgan, muolajalarda amaliyotga tatbiq qilingan. Ammo tib ilmi ham ro‘zaning foydalari va sirlarini to‘lig‘icha ochib berolgan emas. Biz ham bunga ortiqcha e’tibor qaratishdan o‘zimizni tiyamiz. Chunki mo‘min - musulmon kishi ro‘za tutishda faqat badan sog‘ligi va tanaga foyda berish jihatlarini maqsad qilib olmaydi. Zotan, ro‘za tutishdagi niyat yolg‘iz badanga qaratilgan emas. Ro‘za ibodatidan ruh ham shifo topadi. Ruhiy shifodan esa dunyo manfaati bilan birga oxirat foydasi ham ko‘zlanadi.

 

Ro‘za tutishning hikmatlari bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin. Biz hozircha shular bilan kifoyalandik. Shunisi ham har bir aql egasi uchun yetarlidir. Alloh hammamizni bu hikmatlardan voqif bo‘lishga musharraf etsin.

 

Bobomurod Erali

                                                                                             

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 80416
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

13087
  • 8002
  • 5217
  • 7210