Hayit namozi ado etildi
Bugun erta tongdan muborak Qurbon hayiti ezgulik, mehr - oqibat, shukronalik bayrami sifatida qarshi olindi.
Mahallalar, guzar va ko‘chalarda sahardan bayramga taraddud ishlari boshlandi. Yulduzlar hali samoni tark etmay eshik - darvozalar ochildi. Onaxonlar, kelin- qizlar xonadonlar oldiga suv sepib, supurib sidirib, ko‘chalarga fayz bag‘ishladilar. Barcha mo‘min musulmonlar hayit namozini o‘qish uchun jome masjidlari sari yo‘l oldi.
Poytaxtimizdagi “Shayx Zayniddin” jome masjidi ham uzoq yaqindan kelgan namozxondlar bilan gavjum bo‘ldi. Namoz boshlanishi oldidan masjid imom xatibi Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li qutlug‘ Qurbon hayitining fayzu barakoti, yurtimizda islom madaniyati va qadryatlariga berilayotgan e’tibor, bebaho ne’mat - tinchlik va osoyishtalikning ahamiyati haqida amru ma’ruf qildi. Shundan so‘ng Qurbon hayiti namozi ado etildi. Jamoat duoga qo‘l ochar ekan, bugungi kunlar uchun shukronalik bildirilib, muqaddas Vatanimiz, qalbi e’zgulikka to‘la xalqimiz haqqiga duolar qilindi.
Namozdan so‘ng yurtdoshlarimiz yuzda tabassum bilan bayram bilan bir birlarini qutlashdi. Qutlug‘ ayyom shukuhi yurtimiz bo‘ylab davom etmoqda.
“Shayx Zayniddin” jome masjidi matbuot xizmati