Qurbon hayitiga taraddud
Joriy yilning 18 sentyabr kuni Prezidentimizning “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida” gi Qarori e’lon qilindi. Bugun mazkur qaror ijrosi yuzasidan poytaxtimizdagi “Shayx Zayniddin” jome masjidida O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Muhammadbobur Yo‘ldoshev, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Shuhrat Turdiqulov, O‘zbekiston musulmonlari idorasining mas’ul vakillari hamda Toshkent shahridagi mavjud jome masjidlarning imom xatiblari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda so‘z olgan Toshkent shahar bosh imom xatibi Anvar qori Tursunov yaqinlashib kelayotgan Qurbon hayiti bilan qutladi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida” gi Qarorida belgilangan vazifalar yuzasidan barcha imom xatiblarga tushuntirishlar berib o‘tdi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Muhammadbobur Yo‘ldoshevning bayram arafasida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar yuzasidan ko‘rsatmalari tinglandi. Xususan, masjid va unga tutash ko‘chalarda obodlashtirish ishlarini olib borish, qabristonlarda xashar uyushtirish, namozxonlarga yetarlicha shart - sharoit yaratish, masjidlarga o‘rnatilgan kuzatuv kameralarni texnik nazoratdan o‘tkazish, masjid atrofida tinchlikni saqlash bo‘yicha ogohlikni kuchaytirish kerakligi ta’kidlandi.
Shuningdek, bugungi kunda turli diniy oqimlarning axboriy xurujlariga qarshi keng targ‘ibot tashviqot ishlarini olib borish kerakligi ham qayd etildi. Anjuman so‘nggida Qurbon hayiti bayramiga taraddud ko‘rishlik bo‘yicha yig‘lish qarori qabul qilindi.
"Shayx Zayniddin" jome masjidi matbuot xizmati