E’tiqodda g‘uluvga ketmang!
8.11.2016 8905

    G‘uluv (الغلو) so‘zi arabcha “غلا”, “يغلو” fe’lidan olingan masdar, ya’ni ish-harakat nomi bo‘lib, lug‘aviy jihatdan haddan oshish, me’yorni bilmaslik, ma’nolariga dalolat qiladi.
   Dinda mo‘’tadillik chegarasini buzib, g‘uluvga ketish qadim-qadimlarga borib taqaladigan salbiy holat bo‘lib, bu holat barcha dinlarda bo‘lgan. Misol uchun, ahli kitoblardan nasorolar Alloh buyurmasa ham o‘zlariga rohibchilik va tarkidunyochilikni lozim qilib olganlarida, shuningdek, Allohning quli va payg‘ambari bo‘lmish Iyso alayhissalomni o‘z insoniy martabasidan yuqoriroq martabaga qo‘yib, ilohiylashtirganlarida g‘uluvga ketdilar. Alloh taolo ularni dinda haddan oshishdan qaytarib: “Ey kitob ahli, diningizda g‘uluvga ketmang va Alloh haqida faqat haq so‘znigina gapiring!” dedi (Niso surasi: 171-oyat).
    Dinda me’yorni bilmaslik, Alloh belgilagan chegaralarni buzib, g‘uluvga ketish holatlari afsuski, Islom dinidagi odamlarga ham begona emas. Tarixdan yaxshi ma’lumki, ko‘plab adashgan toifalar, zalolatdagi firqalar dinda, e’tiqodiy masalalarda haddan oshib, g‘uluvga ketganlari uchun to‘g‘ri yo‘ldan ozib, zalolat botqog‘iga g‘arq bo‘lganlar.
     Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, dinda haddan oshish va g‘uluvga ketish holatlarining asl sabablari ko‘pincha, dinni yaxshi tushunmagan holda, shariat maqsadlarini va fiqh ilmini chuqur bilmay turib, Allohga chinakam ibodat qilish, shariatni hayotga to‘la tatbiq qilish kabi oliy maqsadlar tufayli yuzaga kelgan. Ya’ni, inson ilmsiz bo‘lsa, ilmsizlik va jaholat bilan Allohga ibodat qilmoqchi bo‘lsa, u insonning niyati harchand o‘z ko‘nglida go‘zal bo‘lmasin, to‘g‘ri yo‘ldan adashib ketishi muqarrar narsadir. Bu narsani, Islom ummatida eng birinchi bo‘lib maydonga kelgan xavorijlar toifasining misolida ko‘rishimiz mumkin. Mazkur toifa diniy bilimlari chuqur bo‘lmagan holda Qur’oniy oyatlarni noto‘g‘ri ta’vil qilish oqibatida yo‘ldan adashdi va Islom ummati boshiga ko‘plab kulfatlarni keltirdi. Holbuki, ularning ibodatga mustahkamliklari, ibodatda g‘ayri tabiiy tirishqoqliklari bor edi. Ammo, bu narsa ularni zalolatdan saqlab qololmadi. Shuning uchun ham ILM dinimizda eng muhim o‘rin tutadi. Ilmsiz inson aqidani bilmaydi, natijada adashadi. ILMsiz inson fiqhni bilmaydi. Natijada dinni o‘ziga va o‘zgalarga ham qiyin qilib qo‘yadi. Ilmsiz inson odamlarni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirishga haris bo‘lgan turli buzg‘unchi oqim va toifalarning tuzog‘iga oson ilinib qoladi. Negaki, unda ILM deb atalmish mafkuraviy immunitet shakllanmagan. Zalolatdagi toifalarning oyatu hadislar bilan bezatilgan da’vatlariga qarshi sahih ilmdan tashkil topgan bir quroli yo‘q uning. Shuning uchun ham dinimizda ILM eng yuqori o‘ringa qo‘yilgan. E’tibor, qiling! Alloh taolo: “Bas, Bilginki, Allohdan o‘zga iloh yo‘qdir! Va O‘z gunohing uchun va mo‘minu mo‘minalar uchun mag‘firat so‘ra!” (Muhammad surasi: 19-oyat). Oyati karimada shunchaki, “Allohdan o‘zga iloh yo‘qdir!”, deyilmadi. Holbuki, bu so‘z olamdagi eng buyuk haqiqatdir. Mazkur eng ulug‘ so‘zni oldidan ham bilim so‘zi keltirilmoqda. Bu esa ilmning naqadar yuksak o‘rin tutishini anglatadi.
     Sufyon ibn Uyaynadan ilmning fazilati haqida so‘rashganda, u kishi mazkur oyati karimani keltirar ekanlar, Alloh taoloning so‘zni ilmdan boshlab, “Bas, Bilginki, Allohdan o‘zga iloh yo‘qdir! Va O‘z gunohing uchun va mo‘minu mo‘minalar uchun mag‘firat so‘ra!” deganini eshitmadingmi(?), Qaragin, Alloh ilmdan so‘ng amalga buyurmoqda(!), dedilar.
    Shu bois ham buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriy o‘zlarining eng buyuk asarlari bo‘lmish “al-jome’u-s-sahih”da “ilm kitobini” boshlar ekanlar unga “bob al-’ilm qabla-l-qavl va-l-’amal” ya’ni, “ilmning so‘z va amaldan oldin ekanligi haqidagi bob” degan sarlavha bilan bob ochadilar.
     Ilmning zarurati suv va havo kabi balki, undanda kuchliroqdir. Zero, yuqorida aytilganidek, ilmsiz odam harqancha obid bo‘lmasin adashib ketishi hech gap emas. Shuning uchun ham So‘fi Allohyor hazratlari “sabotul-ojizin”da:

Aqida bilmagan shaytona eldur,
Agar ming yil ibodat qilsa yeldur, -deydilar.

 

    Ko‘plab oyati karimalar va hadisi shariflarda dinda g‘uluvga ketishdan qaytarilgan. Ulamolarning yakdil fikriga ko‘ra, Islom dini vasatiylikni targ‘ib etadigan, mo‘’tadil dindir. Islom ko‘rsatmalari inson ehtiyojlarini hisoblab, mezonga solib, jismiga ahamiyat berishni, sihat-salomatligiga rioya qilish kabilarga ham jiddiy ahamiyat berganini yaxshi bilamiz. Bu haqda payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom bunday deb ta’lim berganlar:

 

Abdulloh ibn Amr ibn Os (raziyallohu anhumo)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (s.a.v.) aytadilar: “Ey Abdulloh! Sening har kuni ro‘za tutib, har kecha uxlamay ibodat qilishing haqida aytishdi, shu to‘g‘rimi?” – dedilar. Men: “To‘g‘ri, yo Rasululloh!” – dedim. Janob Rasululloh: “Unday qilmagin, (ayrim kunlari) ro‘za ham tutgin, (ayrim kunlari) og‘zing ochiq ham bo‘lsin, kechasi ibodat ham qilgin, uyquga ham yotgin! Chunki senda o‘z tanangning ham haqqi bor ...” – dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

 

      Dinda chuqur ketishdan va haddan oshishdan qaytarib Rasululloh alayhissalom yana bunday dedilar: "Dinda g‘uluv ketishdan ehtiyot bo‘ling! Zero, sizlardan avvalgi qavmlarni halokatga tushirgan narsa bu dinda g‘uluvga ketish edi”. So‘ngra, uch marta: “chuqur ketuvchilar halok bo‘ldilar”, “chuqur ketuvchilar halok bo‘ldilar”, “chuqur ketuvchilar halok bo‘ldilar” dedilar (Imom Muslim rivoyati).
    Haromni halol deb bilish, gunohkor kishini kofirga chiqarish, Alloh taolo halol qilgan narsalarni biron-bir shariy dalilsiz, masalan qoshiq bilan taom iste’mol qilishni yoki qo‘lga soat taqishni nojoiz deb bilish kabilar dinda g‘uluvga ketish bo‘lib hisoblanadi.
    G‘uluvga borish ilmiy va amaliy masalalarga xos bo‘lmay, balki oyati karima tafsirlarida shariat maqsadlariga zid bo‘lgan fikrlarni bayon qilishda ham ko‘rinishi mumkin. Masalan, insonlarni Alloh taolo muboh qilgan narsalardan qaytarish, oyati karimalar tafsirini biron fikr va g‘oyaga moslashtirishga urinish kabilar ham dinda g‘uluvga ketish bo‘ladi. Shuningdek, bir insonni maqtasa, haddan oshib, uni ma’sum ya’ni, gunohdan pok deb g‘uluvga ketishi yoki bir kishini yomonlamoqchi bo‘lsa, haddan tashqari uni badnom qilish ham shu jumlaga kiradi.
     Dinda g‘uluvga borishning ikki turi mavjud: Birinchisi, e’tiqod nuqtai nazaridan g‘uluvga borish bo‘lib, bu juda ham xatarli hisoblanadi. Ahli Sunna val Jamoadan ajrab chiqqan turli firqalar, zalolatga botgan jamoalar, Alloh taoloning ism va sifatlarida va ibodatda Uning yagonaligida g‘uluvga borganlar, Ahli bayt a’zolari va sahobalar haqida g‘uluvga boruvchilar, rahnamo va imomlarini gunohdan pok deb e’tiqod qiluvchilar. Ikkinchisi, amaliy suratda g‘uluvga borish bo‘lib, doimo ro‘za tutishni o‘ziga vojib qilib olish, uylanmaslikka qasd qilish, kechalari uxlamay ibodat qilishga berilish, go‘sht yemaslikni maqsad qilish kabilardir.
     Alloh taolo g‘uluvdan qaytarib, yana shunday deydi: “ey ahli kitob, diningizda noto‘g‘ri tomonga tajovuz qilmang va (Islom kelishidan) ilgari yo‘ldan ozgan va ko‘plarni yo‘ldan ozdirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan og‘ib ketgan qavmning havoyi nafslariga ergashmang!” (Moida, 77).
      Oyati karimadagi xitob zohirdan ahli kitoblarga yo‘naltirilgan bo‘lsa-da, aslida uning ma’nosi umumiydir. Ya’ni, bu o‘rinda xitob ahli kitoblarga qaratilgan ekan, biz musulmonlar esa bemalol g‘uluvga ketsak, bo‘laverar ekan, degan teskari ma’noni chiqarmaslik lozim. Zero, usul al-fiqh (fiqh asoslari) ilmidan ma’lum bo‘lganidek, shar’iy dalillardagi e’tiborli bo‘lgan narsa, lafzning umumiyligi hisoblanadi, sababning xosligi emas. Ya’ni, biror bir oyati karima yoxud hadisi sharifning qaysidir sabab tufayli nozil bo‘lishi va vorid bo‘lishi uni faqat o‘sha holatgagina cheklab qo‘ymaydi, balki, undagi mazmun o‘z ichiga olgan barcha holatlarga ham daxldor bo‘ladi. Shunday ekan, yuqoridagi oyati karimada qaytarilayotgan g‘uluv masalasi, barchaga tegishlidir.

 

Dinda g‘uluvga ketishning ayrim sabablari haqida

 

    Dinda g‘uluvga ketish, ya’ni haddan oshishga bir qator sabablar mavjud bo‘lib. Ularning barchasi shariatga xilof bo‘lgan holatlardir. Quyida g‘uluvga sabab bo‘ladigan narsalar haqida muxtasar so‘z yuritamiz:

 

Birinchi sabab. Barcha illatlarning boshi bo‘lgan jaholat, ya’ni bilimsizlik. Alloh taoloning Qur’oni karimi va Payg‘ambar alayhissalom Sunnatlarini, salafi solihlar yo‘lini, shariat maqsadlarini, jamiyat manfaatiga doir tartibotlarni, g‘ayridin, munofiq, fosiq, bid’atchi va musulmon kishiga taalluqli qoidalarni bilmaslik. Shundan kelib chiqib, o‘z vaqtida xavorijlar gunoh va ma’siyat sohiblarini kufrda ayblashgan. Xavorijlar maslagining asl-ildizi mo‘’tadillikdan chiqib, dinda g‘uluv ketishga borib taqaladi. Ularning yo‘ldan ozib, zalolatga ketishlariga asosiy sabab ilmsizlik, nosog‘lom ong bilan bir qatorda dinga nisbatan haddan ziyoda jonkuyarlik, ortiq darajadagi g‘ayrat va shijoat edi. Haddidan oshgan har bir narsa ziddiga aylanadi, deganlaridek, xorijiylarning dinga o‘ta hamiyatli va g‘ayurliklari hatto o‘z yo‘llariga yurmagan sahobai kiromlarni o‘ldirishni savob deb bilishga va bu ishni Allohga yaqinlashtiradigan ezgu amallardan deb hisoblashga olib keldi. Katta gunoh sodir qilganlarni kofirga chiqarishdi. Xorijiylarning ba’zi firqalari hatto kichik gunoh tufayli ham kishini kofirga hukm qilib yuboraverishadi. Hazrat Alini, Usmonni, Talhani, Zubayrni va Muoviyani (Alloh ulardan rozi bo‘lsin!) va hazrat Ali va Muoviya (raziyallohu anhumo)ga ergashgan yoxud ularni kufrga nisbat bermagan barchani kofir deb e’lon qilishdi. So‘ngra ularga qarshi urush ochib, molu jonlarini halol sanashdi. Xavorijlar o‘zlarining ilmsizliklari tufayli Qur’oni karim oyatlarini noto‘g‘ri talqin qilishardi. Umumiy ma’nodagi oyati karimalarni faqat zohiri bo‘yicha tushunib, ularni muayyan kimsalarga ham tegishli hisoblashardi.

 

Ikkinchi sabab. Ulamolardan yuz o‘girish, ulardan uzoqlashish, ular bilan muloqotda bo‘lishdan qochish. Ulamolar ilmidan foydalanmagan toifalar albatta to‘g‘ri yo‘ldan adashib haddan oshishga moyil bo‘ladilar va dinda g‘uluvga ketadilar.

 

Uchinchi sabab. Shariatga doir qonun-qoidalarga taalluqli ma’nolarni o‘zgartirish yoki ularni noto‘g‘ri talqin etish, barcha dalillarni jam etmaslik, balki, bir dalilni qo‘llab, ikkinchi dalilni inobatga olmaslik. Bu ayniqsa g‘uluvga borgan xavorij va mu’taziliy singari oqim tarafdorlarida yaqqol ko‘rinadi. Ular va’id, ya’ni azob haqidagi dalillarni qabul qilishadi, ammo bashorat va umid borasidagi xujjatlardan batamom yuz o‘girishadi.

 

To‘rtinchi sabab. Fahmu idrok va fiqh ilmida kamolotga yetmaganlarning yetuk ulamolarga murojaat qilish o‘rniga oyati karimalar va hadisi shariflarning zohiriy ma’nosiga muvofiq ish tutishlari. Bulardan tashqari ijtihod qilishga loyiq bo‘lmaganlar tomonidan ijtihod qilish, ixtilofli masalalar, fitnalarga doir hadislar bilan mashg‘ul bo‘lish, shaxsiy g‘arazlarga muvofiq fikr yuritish, xavoyi nafs va asossiz g‘oyalar atrofida talashib-tortishish, toifagarchilik, millatchilik, amri ma’ruf, nahiy munkarni tark etish, din ahli va ulamolarni hurmat qilmaslik, qonun ustuvorligi yo‘qolishi, axloqsizlik, behayolik va andishasizlik kabilarning barchasi jamiyatda diniy g‘uluvga sabab bo‘lishi mumkin.

 

     Islom shariati osonlik va yengillikka asoslangan bo‘lib, ular hech qachon ummatni og‘ir va mashaqqatli amallarga va yo‘llarga chorlamaydi, balki yengil va oson amallarga undaydi. Alloh taolo bu haqda marhamat qilib shunday deydi: “... Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi”. (Baqara surasi, 185-oyat).
      Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ham bashorat berib bunday deganlar: “Men (jaholat va g‘uluvdan pok bo‘lgan) bag‘rikenglik va oliyjanoblik dini bilan yuborildim” (Imom Ahmad rivoyati).
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Islom dini ifrot va tafritdan xoli bo‘lgan mo‘’tadil din bo‘lib, har ishda vasatiylik va mo‘’tadillikka targ‘ib qiladi, dinda haddan oshish va g‘uluvga ketishdan qaytaradi. Musulmonlarni o‘zaro mehribon, shafqatli va muhabbatli bo‘lishga da’vat etadi.

 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 218414
  • Sayyidul-istig‘for duosini o‘rganamiz

    Allohumma anta Robbiy la ilaha illa anta xolaqtaniy va ana abduka va ana ala ahdika va vadika mastatotu. Auzu bika min …

    17.12017 98065
  • Alloh la’natlagan pardoz

    Alloh taolo Ozi yaratgan barcha jonzotlar ichida insonni eng gozal suratda yaratganini takidlab, Quroni karimda shunday…

    19.32017 47106
  • QUR’ON tilovati

    Quron oqishdan avval poklanib oling. "Uni (Quronni) tahoratli kishilardan ozgalar ushlamaslar" (Voqea, 79). Quron oqi…

    18.82016 45473
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24715
  • 19179
  • 12914
  • 15910