Farzandlarga bo‘lingan mehr taqsimi
4.11.2016 7427

    Ota-onalarga bir narsani aytib o‘tamiz: siz farzandlaringizga bir xilda muomala qiling. Ular orasini ajratmang, birini ikkinchisidan ustun qo‘ymang, barchasini teng ko‘ring. Chunki farzandlarga turlicha munosabatda bo‘lish ular orasiga hasad (g‘ayrlik) urug‘ini sochadi.
     Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam farzandlarga birdek muomala qilishga chaqirganlar, unisiga boshqacha, bunisiga boshqacha munosabatdan bo‘lishdan qaytarganlar.
 

 

عَنْ يَحْيَى بْنِ أَبِي كَثِيرٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: سَاوُوا بَيْنَ أَوْلاَدِكُمْ فِي الْعَطِيَّةِ وَلَوْ كُنْتَ مُؤْثِرًا أَحَدًا لآثَرْتَ النِّسَاءَ عَلَى الرِّجَالِ. رَوَاهُ سَعِيدُ بْنُ مَنْصُورٍ.

 

    Yahyo ibn Abu Kasirdan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Sovg‘a berishda farzandlaringizni teng ko‘ringlar! Agar birontasini afzal ko‘rishing kerak bo‘lsa, qizlarni o‘g‘il bolalardan afzal ko‘rasan”, deganlar (Said ibn Mansur rivoyat qilgan). Ya’ni, agar farzandingizga sovg‘a-salom yoki biron hadya bersangiz, ularni o‘g‘il yoki qiz, katta yoki kichikka ajaratmasdan, hammasini birdek ko‘ring, o‘rtalarida adolat bilan taqsimlab bering. Agar farzandlardan birini ikkinchisidan afzal ko‘rish lozim bo‘lsa, u holda birinchi qizlardan boshlanadi, keyin o‘g‘il bolalarga beriladi.
    Islom shariatida qiz bolalarning hurmatini joyiga qo‘yish, ularni e’zozlash haqida alohida ko‘rsatmalar kelgan. Qiz farzand tug‘ilganda xursand bo‘lish, sovg‘ani avval qizlardan boshlash, uch nafar qizni imonli-e’tiqodli, odobli qilib tarbiyalasa, jannatiy bo‘lish haqidagi hadisi shariflar fikrimiz isbotidir.
      Johiliyat davrida qiz bolalar hurmati toptalgan, ularga kerakmas bir buyudek qaralgan, hatto qiz ko‘rganidan or qiladigan “ota”lar farzandini tiriklayin ko‘mishgacha borgan, qiz farzand ko‘rgani haqida eshitganida tepa sochi tikka bo‘lgan. Mana shu johiliy odatga barham berish maqsadida Islom dinida qizlarga, umuman ayollar haq-huquqlariga alohida e’tibor bilan qaraladi, ularni kamsitmaslik, yerga urmaslik ta’kidlanadi. Sovg‘a olib kelganda birinchi qizlarga berish haqidagi ko‘rsatma ham Islomda qiz farzandning o‘rni nechog‘li katta ekanini bildiradi.

 

عَنْ عَامِرٍ قَالَ سَمِعْتُ النُّعْمَانَ بْنَ بَشِيرٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا وَهُوَ عَلَى الْمِنْبَرِ يَقُولُ: أَعْطَانِي أَبِي عَطِيَّةً فَقَالَتْ عَمْرَةُ بِنْتُ رَوَاحَةَ: لاَ أَرْضَى حَتَّى تُشْهِدَ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَأَتَى رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: إِنِّي أَعْطَيْتُ ابْنِي مِنْ عَمْرَةَ بِنْتِ رَوَاحَةَ عَطِيَّةً فَأَمَرَتْنِي أَنْ أُشْهِدَكَ يَا رَسُولَ اللهِ قَالَ: أَعْطَيْتَ سَائِرَ وَلَدِكَ مِثْلَ هَذَا قَالَ: لاَ قَالَ: فَاتَّقُوا اللهَ وَاعْدِلُوا بَيْنَ أَوْلاَدِكُمْ قَالَ: فَرَجَعَ فَرَدَّ عَطِيَّتَهُ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.

 

    Omirdan rivoyat qilinishicha, u No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhu minbarda turib shunday deganini eshitgan ekan: “Otam menga bir hadya qildi. Shunda (onam) Amra binti Ravoha: “Sen Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni guvoh qilib keltirmaguningcha rozi emasman” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kelganlarida, (otam) dedi: “Men Amra binti Ravohadan (tug‘ilgan) o‘g‘limga bir hadya qildim. Ayolim unga sizni guvoh qilishimni so‘radi, ey Rasulullloh!” dedi. Shunda Payg‘ambar alayhissalom: “Qolgan farzandlaringga ham shunday hadya berdingmi?” deb so‘radilar. U: “Yo‘q”, dedi. Shunda u zot: “Allohdan qo‘rqinglar, farzandlaringiz orasida adolat qilinglar!” deb ta’kidladilar. Shunda otam qaytib kelib, hadyasini qaytarib oldi” (Buxoriy rivoyat qilgan).
    Bu yerda No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhuning otasi farzandlarini teng ko‘rmaganini bilgan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga: “Allohdan qo‘rqinglar, farzandlaringiz orasida adolat qilinglar”, deb ta’kidlaganlari aytilmoqda. Boshqa rivoyatda bu jumla turli siyg‘alarda kelgan. Jumladan:

 

1. Uni ortiga qaytar.

 

2. Unday bo‘lsa, meni bunga guvoh qilma. Chunki men javr-zulmga guvoh bo‘lmayman.

 

3. Meni zulmga guvoh qilma.

 

4. Bunga mendan boshqasini guvoh qil.

 

5. Men faqat haqqa guvoh bo‘laman.

 

6. Shuning uchun unday qilma.

 

     No‘’mon ibn Bashir Ansoriy roziyallohu anhudan keltirilgan boshqa bir rivoyatda aytilishicha, uning onasi Amra binti Ravoha eridan o‘g‘liga biron hadya qilishni so‘ragan. Bashir bu masalani bir yil cho‘zib yurganidan keyin unga rozi bo‘lgan. Shunda Amra: “Sen bunga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni guvoh qilib keltirmaguningcha rozi emasman”, degan. Shunda otasi: “Ey Rasululloh, mana bu o‘g‘limning onasi Binti Ravoha o‘g‘limga berganim hadya haqida men bilan bahslashdi”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Bashir, sening bundan boshqa o‘g‘illaring bormi?” deb so‘radilar. Otasi: “Ha”, deb javob berdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yana savol berdilar: “Ularning hammasiga mana shu o‘g‘lingga berganing kabi hadya ulashganmisan?” Otasi bu savolga: “Yo‘q”, deb javob qaytardi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “U holda meni bunga guvoh qilma! Chunki men javr-zulmga guvoh bo‘lmayman!” dedilar (Muslim, Nasoiy va Ahmad rivoyat qilgan).
    Ushbu rivoyatdan olinadigan xulosalar:

 

1. No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhuning otasi unga ayrim hadya va tortiqlar ato etgani.

 

2. No‘’monning onasi Amra binti Ravoha roziyallohu anho erining bu ishiga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni guvoh qilishni talab qilgani.

 

3. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam farzandlar orasida teng bo‘linmagani, adolat qilinmagani sabab bu ishga rozi emasliklarini ochiq bayon qilganlari.

 

4. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam botilga emas, faqat haqqa guvoh bo‘lganlari, javr-zulmga rozi emasliklari.

 

5. Ota farzandlari o‘rtasida adolatli taqsimot qilishi, ularni biridan ikkinchisini afzal bilib, unga ko‘proq narsalarni hadya qilishi to‘g‘ri emasligi. Shunday bo‘lgan taqdirda, afzal ko‘rilga o‘g‘il yoki qizga berilgan narsalar ortga qaytarilishi. 

 

6. Taqvodor odam har bir ishda adolat qilishi, har bir haq egasining haqini ado etishi lozimligi.

 

Farzandlar orasini ajratish, ularni teng ko‘rmaslik quyidagi ko‘rinishlarda bo‘ladi:

 

1. Birini maqtab, boshqasini yomonlash, birini aqlli, deb boshqasini “ahmoq”, deb murojaat qilish.

 

2. Boshqalarini qo‘yib, faqat bittasini e’tibor berish, unga hadyalar ulashish, yaxshi muomala qilish, qolganlarini urushib-tergash, tanbeh berish, haqini poymol qilish.

 

3. Sevimli o‘g‘ilni kechirib, boshqasini arzimas sabablar bilan jazolash.

 

4. Farzandlari orasidan faqat bittasini yaxshi ko‘rish. Bu unga biron narsa berish qolganlarini esa man etish bilan, mahbub farzandni o‘pib, suyub-erkalab, boshqalariga e’tiborsizlik qilish bilanbo‘ladi. 

 

     Sanab o‘tilgan holatlarning hech biri joiz emas. Chunki bunday qilish farzandlar o‘rtasida hasad, adovat va nafratni paydo qiladi. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bizni bu ishdan qaytargan. Musulmon banda uchun Rasulullohning “Bunday qilma!” degan so‘zlari yetarli bo‘ladi. Ortiqcha izohga hojat yo‘q.

 

 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217217
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24616
  • 19075
  • 12843
  • 15819