"Ishontirish operatsiyasi" yoxud ijtimoiy tarmoqdagi tuzoq
25.7.2016 7626

"Buni yetti kishiga tarqatmasang, 9 soatdan so‘ng falokatga yo‘liqasan!" Yarim tunda qo‘l telefonimga ana shunday mazmundagi sms-xabar keldi. Boshqalarga "uzatmasam" bir baloga giriftor bo‘lishim aytilib, tahdid solingin bo‘lsa-da, bu maktubni hech kimga jo‘natmadim va o‘sha zahoti o‘chirib tashladim. Mana, ogohlantirilgan muddat o‘tib ketdi hamki, soppa-sog‘man, ishlarim ham yaxshi.
    Bu elektron xabar menga bundan 15-20 yil ilgari noma’lum shaxslar tomonidan tarqatilgan diniy ekstremistik mazmundagi varaqalarni eslatdi. Afsuski, o‘sha paytda ayrim sodda, ishonuvchan yurtdoshlarimiz bunday yovuz niyatli to‘dalarning tuzog‘iga ilingandi. Ularning faoliyati ko‘pga cho‘zilmadi, aholi o‘rtasida olib borilgan tushuntirish-targ‘ibot ishlari natijasida varaqalar tarqalishiga chek qo‘yildi. Ammo uning asorati qancha-qancha begunoh odamlarning boshiga yetdi, yosh yigitlarni chohga tortdi.

 

Harakatlanuvchi xat

 

    Bugun ana shu "varaqa operatsiyasi" Internetga ko‘chdi. Qandaydir manfaatli guruhlar yoki ularga xizmat qiluvchi anonim shaxslar ijtimoiy tarmoqlar orqali mazmuni to‘mtoq xabarnomalar tarqata boshladi. Ular shunday psixologik ta’sir choralarini qo‘llaydiki, har qanday kishi ham beixtiyor tuzoqqa ilinishi mumkin. Bunda ijtimoiy tarmoqlarning ommalashuvi, tez va oson axborot tarqatish imkoniyatidan keng foydalanishga harakat qilinmoqda. Mana ulardan biri: "Bugun dunyoda "RADNOY"la kuni ekan. Hayotizi oxirigacha yonizda bo‘lishini hohlagan 10 jigarlarizga bu smsni yuborin. Manga ham jo‘natin Jo‘natmasez joniz sog‘ bo‘sin. 5 ta jovob osez siz yaxshi o‘rtog‘siz. Manam sizni tanladim".
    Shu kunlarda Telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali mana shunday jumlalar bilan boshlanuvchi xabarlar ommaviy ravishda tarqatilmoqda. Agar mazkur tarmoq foydalanuvchisi bo‘lsangiz bu sms sizga ham borgan bo‘lishi mumkin. Smsga nazar tashlar ekansiz, undagi g‘ij-g‘ij imloviy xatodan ijodkori saviyasi, qanday dunyoqarash sohibi ekanini anglaysiz. Uning mana bu qismini o‘qib tarqatishdan maqsad nima ekanini tushunasiz: «Hozir bu xat harakatini boshlaydi. Bu xatni do‘stlarizga yuboring va bugun kechasi 01-00 da, judayam eshitishni istagan xabaringizni eshitasiz. Kimdir sizga qo‘ng‘iroq qiladi va siz kutgan xabaringizni etadi yoki farishtalar tushizda yangilik etishadi. Bu xatni kamida 10 ta do‘stizga yuboring va bugun tunda Olloh nma qilishini bilasiz! Bu qish siz o‘ziz yaxshi ko‘rgan insoniz bn birga bo‘lasiz. Bugun yarim tunda u sizzi yaxshi ko‘rishini tushinib yetadi. Agar siz buni davom ettirmasez baxtizzi 1 yilda yo‘qotasiz." 
    Xabarning mazmunidan ko‘rinib turibdiki, u hayotga yengil-yelpi qaraydigan, axloqi buzuq yoshlar auditoriyasiga mo‘ljallangan. Elektron xabar ijodkori bunday qatlamning o‘z maqsadi yo‘lida har qanday narsaga tayyorligini, buning uchun barcha ta’sir choralarini qo‘llashdan tap tortmasligini yaxshi biladi. Shuning uchun ham ular «bugun kechasi sening 2 ta eng kotta muammolarin yechiladi. Hamma ishlarini tasha va sms yoz» shaklidagi da’vatlar bilan yoshlarning ongiga ta’sir ko‘rsatadi. Bundan ko‘zlagan asosiy maqsad xabarni ko‘proq tarqatish va shuning ortidan pul topishdan iboratdir. Ma’lumotlarga ko‘ra, internet firibgarligi natijasida har yili 400 mingdan ortiq Internet foydalanuvchisi zarar ko‘radi. Bunday noqonuniy biznes orqali jinoiy to‘dalar taxminan 110 milliard dollar atrofida daromad oladi.

 

9 daqiqadan so‘ng...

 

    Tahlilchilarning fikricha, mazkur jinoyat turi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar odamlarning hayoti, turmush sharoiti, diniy e’tiqodi va qarashlarini obdon o‘rganadi. Shundan so‘nggina sinalgan psixologik texnologiyalar yordamida internet foydalanuvchisining ongiga ta’sir ko‘rsatadi. Ular yuqorida keltirilgan da’vatlar orqali kishilarni o‘ylamasdan harakat qilishga majbur etadi. Ayni paytda esa diniy tusdagi elektron xabarnomalarning ko‘payayotgani barchani ogohlikka chorlashi zarur. O‘rganishlarga ko‘ra, shu kunlarda o‘zbek tilida tarqatilayotgan ana shunday smslarning 90 foizini diniy mazmundagi xabarlar tashkil etadi. Uni tayyorlab tarqatayotganlar Yaratganning nomini ro‘kach qilib, go‘yoki Qur’oni Karim oyatlaridan iqtiboslar keltirib, internet foydalanuvchisiga ta’sir ko‘rsatadi.
    "Qachonki siz shashtingizdan tushib "Ey Olloh mani uyimga kir va undagi dardu g‘am balodan asra, mani oilam va yaqinlarimni o‘zing asra omin" Shu duoni 12 ta yaxshi odamga yuboring 9 minutdan keyin nima bo‘lishini ko‘rasiz. Agar xoxlasangiz soatga qarab turing" Yoki: "Alloh ushbu xatni o‘qigan insonga ikki dunyo saodatini nasib etsin omin. Ushbu xatni sizga Saudiya Arabistonidan barcha musulmonlarga yuborilmoqda" jumlalari bilan boshlanuvchi xatning mazmuni bilan tanishsangiz unda ochiqchasiga qo‘rqitish, majburlash borligini yaqqol ko‘rasiz. Mana uning davomi: "Bu xatni ko‘paytirib tarqatgan kishi baraka topadi. Payg‘ambarimiz uni va oilasini jannatga kiruvchilar qatoriga qo‘yadi. Agar ushbu xatni olganlar uni o‘z birodarlariga tarqatishni xohlamasalar ularga Allohning raxmati tushmaydi... Bu xatni 20 dona ko‘chirib musulmonlarga tarqatinglar shunda payg‘ambarimiz Muhammad S.A.V.ning tilaklari bajariladi... V. ismli odam ushbu xatni olib keraksiz narsa deb yirtib tashlagan 9 kun o‘tgach vafot etgan" 
    Diniy bilimlari sayoz, tabiatan ta’sirchan kishiga shunday mazmundagi elektron xabar yuborilgach, u beixtiyor undagi da’vatlarga bo‘ysunadi. Uning ijtimoiy oqibati qanday bo‘lishini o‘ylab o‘tirmay, boshqalarga tarqatadi. "Bu xabar Hajdan keldi, buni 25 kishiga yubor va bu kechasi mojiza bilan qarshilanasan Olloh roziligi uchun sina, Olloh roziligi uchun etiborsiz qoldirma, men bajardim. Mening vazifam shu yerda tugadi" Odamlarning diniy e’tiqodidan kelib chiqib tayyorlangan, manbasi noaniq bunday elektron xatlarning ommaviy tarzda yoyilishi bugungi globallashuv sharoitida ayniqsa xavflidir. Shu mazmundagi xabarlar g‘araz niyatli kimsalar, terrorchi to‘dalarning asosiy targ‘ibot quroliga aylanib borayotgani, ular shu yo‘l orqali o‘z safdoshlarini ko‘paytirishga intiliyotgani ham bor gap. Ekstremist oqimlar o‘ylab topgan bunday PR texnologiyalar afsuski, bugun o‘z natijasini bermoqda. Hayotda ishi yurishmagan, har qanday narsaga najot farishtasi deb qarovchi kishilar bunday to‘dalarning o‘ljasiga aylanayotir.
     — Bunday sms xabarlarning dinga mutlaqo aloqasi yo‘q, — deydi "Movarounnaxr" nashriyotining din asoslari bo‘limi mutaxassisi Abduvohid O‘rozov. — Dinimizda g‘ayb ilmini bashorat qilish kufr sanaladi. Chunki Payg‘ambarimiz (SAV)dek zot ham: «Men o‘ng yonimga salom berdim, chap yonimga salom bera olamanmi yoki yo‘qmi, buni bilmayman», deganlar. Shuning uchun ham, ijtimoiy tarmoqlar orqali yuqoridagi kabi sms-xabarnomalar kelgudek bo‘lsa, uning mazmuni qanday bo‘lishidan qat’i nazar boshqalarga tarqatmagan ma’qul. Undagi fikrlar yolg‘onligini, o‘ylab topilganini bilish qiyin emas. Birinchidan, xabarnomalarda ko‘plab imloviy xatolar mavjud, boz ustiga undagi iqtiboslarning ko‘pchiligi xato, manbasi no’malum. Tarixiy faktlar buzib ko‘rsatilgan.
   Bugun g‘arazli maqsadlariga yetisholmayotgan ayrim qora kuchlarning turli hiylalar ishlatib, insonlarni sarosimaga solish orqali o‘zlarining qo‘poruvchilik ishlarini amalga oshirishga urinayotganini unutmaylik. Agar telefonimizga kelgan ushbu tarzdagi aqidaga zid, odamlarni vahimaga soladigan xabarlarni boshqalarga yuboradigan bo‘lsak, biz ham yomonlikka yordam bergan bo‘lamiz. Odamlar orasida ig‘vo, fitna urug‘larini sochib, odamlarni sog‘lom e’tiqodidan chalg‘itish va turli makru hiylalar bilan yomonlikka chorlash ulkan gunohdir.
    Biz ushbu maqola orqali ana shu kabi g‘araz niyatli kimsalarning maqsadlarini amalga oshiruvchi tekin tashuvchiga aylanib qolmang, demoqchimiz. Zero, 9 daqiqadan yoki bir kecha-kunduzdan so‘ng nima bo‘lishini Yaratgandan boshqa hech kim bilmaydi.

 

Qahramon SAYDALIYeV

 

 

Munosabat

 

     Haqiqatan ham bu narsalarning muqaddas dinimiz Islomga zarracha ham aloqasi yo‘q. Esingizda bo‘lsa, bundan birnecha o‘n yil muqaddam xalq orasida mashinkada bosilgan vasiyatnoma, nurnoma kabi nomalar keng ko‘lamda tarqalib, qancha-qancha odamlarni laqillatgan edi. Ularda ham xuddi shu uslub va xuddi shu dastxat ko‘zga tashlanardi. Matn savodsizlarcha yozilar va unda din haqida, g‘ayb sirlariga taalluqli narsalar haqida tagi yo‘q ma’lumotlar keltirilar va so‘ngida “buni faloncha nusxa ko‘chirib faloncha kishiga tarqatsang, ishing rivojlanib ketadi, aks holda boshingga katta musibat tushadi”, “falonchi shu narsa qo‘liga yetib kelganda uni aytilgan miqdorda ko‘paytirib tarqatgan edi, faloncha boylik va baxtga erishdi”, “pistonchi esa yirtib tashlangan edi bir xaftadan keyin musibatli o‘lim topdi”, kabi tahdidli yozuvlar, insonni manipulyatsiya qiluvchi buyruqlar, qandaydir yuqori ohangda iyrod etiluvchi mavhum va ulug‘vor farmonlar o‘rin olardi.

     Bu narsalarning dinimizga hech qanday aloqasi yo‘q. Birinchidan dinimizda biror xabar kelsa, uni tekshirmasdan, aniqlamasdan ergashib ketishdan qaytariladi. Ikkinchidan, Islom ta’limotiga ko‘ra, g‘aybiy narsalarni, kelajak sirlarini Allohdan boshqa hech kim bilmaydi, xoh u payg‘ambar bo‘lsin, xoh muqarrab farishta bo‘lsin. Shunday ekan, bu kabi savodsiz, bir jumlada birnechta xato qiladigan manqurt kimsalarga yo‘l bo‘lsin g‘aybni bilishga! Undan tashqari, dinimiz tinchlik, xotirjamlik va omonlik dinidir. Unda “falon ishni qilmasang, falon kunda o‘lasan, boshingga musibat tushadi!”, kabi narsalarni umuman ko‘rmaysiz. Dinimiz hidoyat yo‘lini ko‘rsatib unga kirganlarga jannat bashoratini beradi, noto‘g‘ri yo‘lni ham ko‘rsatib unga kirganlarga qiyomatdagi azobdan ogohlantiradi. Shunda ham umr bo‘yi gunoh ishlar bilan shug‘ullanganlar umrining poyonida, jon halqumga kelishdan ilgari astoydil tavba qilsalar Alloh tavbalarini qabul qilishi, rahmatiga olishi ta’kidlanadi. Yoki tavba qilmay o‘tganlar agar iymonlari Alloh xohlasa kechirishi mumkinligi, yoxud do‘zaxga tushib qolgan bo‘lsalar oxir-oqibatda o‘sha iymonlari tufayli undan qutulib, jannatga kirishlari muqarrar ekanligi xabar beriladi. Ammo, falon ishni qilmasang, to‘qqiz kunda unday bo‘lasan, to‘qqiz soatdan keyin boshingga katta musibat tushadi kabi ahmoqona gaplardan yiroqdir dinimiz. Lekin, firibgarlar sodda xalqning diniy bo‘lib ko‘ringan narsalarni hurmat qilishi va so‘zsiz ishonishini bilganlari holda o‘zlarining g‘arazli maqsadlariga erishish uchun tarqatayotgan varaqalariga aynan diniy tus berishni odat qilganlar. Bu kabi firibgarlik tuzog‘iga tushib qolmaslik uchun dinni to‘g‘ri manbalardan o‘rganish maqsadga muvofiq. Shuningdek, bu kabi varaqalarag duch kelganda diniy idora tizimida faoliyat yuritayotgan imom-domlalarimizga murojaat qilib, ulardan maslahat olish ham foydadan holi emas.



Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li
Toshkent shahar Shayxontohur tumani bosh imomi, Shayx Zayniddin jome masjidi imom-xatibi

 

 

"Jamiyat" gazetasidan olindi

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217258
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24618
  • 19077
  • 12846
  • 15823