MUTAKABBIR JANNATGA KIRMAYDI!
18.10.2016 8492

    Alloh taolo aytadi: “Masih ham, Allohga yaqin bo‘lgan farishtalar ham Allohga banda bo‘lishdan zinhor or qilmaydigan. Kim Unga bandalik qilishdan or qilsa va kibru havo qilsa, bas, ularning barchasini O‘z huzuriga jamlaydi” (Niso surasi, 172-oyat).
   Iso ibn Maryam alayhissalom ham, Arsh atrofidagi muqarrab farishtalar – Jabroil, Mikoyil, Isrofil va shu kabi farishtalar ham Allohga banda bo‘lishdan kibr qilmaydilar. Sababi ular Allohning ulug‘ligini, buyukligini biladilar. Allohga ibodat qilishdan bo‘yin tovlaydiganlar, ibodat qilishni o‘zlariga ep ko‘rmaydiganlar oqibati yomon bo‘ladi. Alloh ularning barchasini jahannamda jamlaydi.
     Nasroniylar Iso alayhissalom haqida g‘uluvga ketishdi, uni “Allohning o‘g‘li”, deyishdi. Biroq Iso alayhissalom Allohning bandasi va Rasulidir, ma’suma Maryamdan Allohning izni bilan otasiz tug‘ilgan insondir. U zot Allohga bo‘yin egishdan, Parvardigorga qul bo‘lishdan, o‘zini Allohga muhtoj ekanini bayon etishdan bosh tortmagan. Ubudiyat uni yuksak martabaga olib chiqqan.
   Imom Nasafiyning “Madorikut tanzil” kitobida aytilishicha, Najron vakillari Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlariga kelib: “Bizning sohibimiz Isoni nega ayblayapsan?” deyishganida, Rasulimiz: “Nima deyayotgan ekanman?” deb so‘raganlar. Nasroniylar: “Sen uni Allohning bandasi va Rasuli, deb aytyapsan”, deyishgan. Shunda Payg‘ambar alayhissalom: “Allohga banda bo‘lish uning uchun or emas”, deb aytganlar.
   Mazkur kitobda keltirilishicha, “Allohga bandalik qilishdan”, deyish bilan nasroniylarga, “farishtalar ham...” deyish bilan arablar orasidan farishtalarga sig‘inadiganlarga raddiya berilmoqda. Mana bu oyatda mutakabbir kimsalarga xitoban aytiladigan so‘zlar keltirilgan: “Endi o‘zlaringiz mangu qoladigan jahannam darvozalaridan kiring! Mutakabbir kimsalarning borar joylari naqadar yomon!” (Nahl surasi, 29-oyat).
   Alloh taolo kibrli kimsalarga – jahannam eshiklaridan kirib, u yerdagi – turfa azoblardan totib ko‘rishlarini amr qiladi. Bu, qilgan ma’siyatlari, Allohni inkor etganlarining munosib jazosidir. Payg‘ambarlarga ergashishdan bosh tortib, nozil qilingan oyatlarga ishonmagan mutakabbirlarning borar yeri jahannam naqadar yomon joy!
    Jahannam hasrat-nadomat joyi, baxtsizlik, azob-uqubat makoni, g‘am-tashvish yeridir. U yerga tushganlar Hayyul Qayyum Zotning rahmatidan umidlarini uzishadi, ulardan azob qaytarilmaydi, jazo yengillatilmaydi. Mehribon va Rahmli Alloh jahannamiy kimsalardan yuz o‘giradi, ularni turfa azoblar bilan jazolaydi. Bunday holga tushishdan Alloh panoh berishini so‘raymiz!

 

عَنْ حَارِثَةَ بْنِ وَهْبٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لاَ يَدْخُلُ الْجَنَّةَ الْجَوَّاظُ وَلاَ الْجَعْظَرِيُّ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَأَبُو يَعْلَى وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ.

 

    Horisa ibn Vahb roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Qo‘pol muomalali va mutakabbir kimsa jannatga kirmaydi!” (Abu Dovud va Abu Ya’lo rivoyat qilgan. Hadis sanadi sahih).
     Odamlar bilan qo‘rs muomala qiladigan, ularni tahqirlaydigan, burni osmonda bo‘lgan kimsalar jannatga kirmaydi. Jannatga kamtar, muloyim va xokisor bandalar kiradi. Mulla Ali Qorining “Mirqotul mafotih” kitobida aytilishicha, kimda mana shu ikkita illat bo‘lsa, agar munofiqlardan bo‘lsa, jannatga umuman kirmaydi. Bordiyu musulmonlardan bo‘lsa, yutuqqa erishuvchilar bilan birga jannatga kirmaydi.
    “Jannatga kirmaydi”, degan ogohlantirish qalbida imoni bor banda uchun juda og‘ir gap. Allohga va oxirat kuniga ishonadigan inson jannatga kirmay qolishni tasavvuriga ham sig‘dira olmaydi. Uning maqsadi – Alloh roziligiga erishish. Bu yo‘lda qalbini illatlardan, xulqini nuqson-kamchiliklardan ko‘z qorachig‘idek asraydi, nafsini isloh qiladi, xulqini sayqallaydi. Buning uchun sal jon kuydirish kerak. Jannatga osonlikcha, o‘ynab-kulib kirilmaydi, turli to‘siqlarni yengib o‘tib, sinovlarni boshdan kechirib kiriladi.
    Qo‘rslik, ko‘pollik, manmanlik ham qalb kasalliklaridan sanaladi. Mana shu illatdan poklanish uchun nafsni tiyish, kibrni o‘ldirish kerak. Kim jannatga kirishni istasa, nafsiga erk bermaydi. Jannatga kirish umididagi inson katta ketmaydi, qo‘pol muomala qilmaydi, muloyim, xokisor va mutavoze bo‘ladi. Bunday insonlarni Alloh ham yaxshi ko‘radi, odamlar ham hurmat-ehtirom qiladi. Qo‘pollik bilan, kibr-manmanlik bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Bu ikki illat ila erishiladigan narsa – jannatdan mosuvo bo‘lish, Allohning g‘azabi, odamlar nafrati. Kibrning, qo‘pollikning bunday boshqa “mukofoti” yo‘q.

 

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: قَالَ اللهُ عَزَّ وَجَلَّ: الْكِبْرِيَاءُ رِدَائِي وَالْعَظَمَةُ إِزَارِي فَمَنْ نَازَعَنِي وَاحِدًا مِنْهُمَا قَذَفْتُهُ فِي النَّارِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَابْنُ مَاجَهْ وَأَحْمَدُ وَالْحَاكِمُ وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ.

 

    Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Alloh azza va jalla: “Kibriyo Mening ridoyim, azamat izorim. Shunday ekan, kim Men bilan ikkisini talashsa, uni jahannamga tashlayman!” degan” (Abu Dovud, Ibn Moja, Ahmad va Hokim rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi sahih).
     Kibriyo va azamat (ulug‘lik) Alloh taologagina xos sifatdir. Bandalar bu ikkisi bilan sifatlanishlari joiz emas. Sababi odam bolasi kamtar va xokisor bo‘lishi kerak. Ulug‘lik, oliylik, buyuklik faqat Allohgagina xos. Endi kim o‘zini katta olsa, kibr qilsa, kekkaysa, Alloh o‘sha bandani jahannamga uloqtiradi, hech narsaga e’tibor bermaydi. Jahannam kofirlar tushadigan joydir. Mutakabbirlarning borar yeri naqadar yomon!
     Bu rivoyatdan shuni bilamizki, “kibr” so‘zi ulug‘lik, buyuklik ma’nosini anglatadi. Kibr qilgan odam o‘zini katta olgan, “Men hammadan zo‘rman”, deb ulug‘likni da’vo qilgan bo‘ladi. Bunday qilish ojiz va gunohkor bandaga – avval yo‘q bo‘lib, Alloh tarafidan yaratilgan zaif bir mavjudotga umuman mos kelmaydi. Bandaning asl holatiga, tabiatiga kamtarlik, xokisorlik to‘liq munosibdir. Zaif va nochor bo‘la turib kibr qilgan, manmanlik otiga mingan bandaning oqibati yaxshi bo‘lmaydi.
      Demak, kim Allohga va maxluqotlariga kibr qilsa, Alloh taolo uni dunyoda xor-zor qiladi, oxiratda jahannam azobida qattiq qiynaydi. Kimda-kim Alloh uchun kamtar bo‘lsa, Parvardigor uning dunyoyu oxiratdagi martabasini yuqori ko‘taradi (Manba: Mulla Ali Qori, “Mirqotul mafotih”).

 

عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: يَقُولُ اللهُ سُبْحَانَهُ: الْكِبْرِيَاءُ رِدَائِي وَالْعَظَمَةُ إِزَارِي فَمَنْ نَازَعَنِي وَاحِدًا مِنْهُمَا أَلْقَيْتُهُ فِي النَّارِ. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَهْ وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ.

 

     Ibn Abbos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Alloh subhanahu (va taolo): “Kibriyo Mening ridoyim, azamat izorim. Shunday ekan, kimda-kim Men bilan ulardan birini talashsa, uni do‘zaxga uloqtiraman!” degan” (Ibn Moja rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi sahih). Bu yerda, yuqoridagi rivoyat boshqa siyg‘ada keltirilmoqda.
      Aytilishicha, kibr shirkdan ham yomonroqdir. Sababi mutakabbir Allohga ibodat qilishdan bo‘yin tovlaydi. Mushrik esa Allohga ham, boshqalarga ham ibodat qiladi.

 

عَنْ عَبْدِ اللهِ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لاَ يَدْخُلُ النَّارَ أَحَدٌ فِي قَلْبِهِ مِثْقَالُ حَبَّةِ خَرْدَلٍ مِنْ إِيمَانٍ وَلاَ يَدْخُلُ الْجَنَّةَ أَحَدٌ فِي قَلْبِهِ مِثْقَالُ حَبَّةِ خَرْدَلٍ مِنْ كِبْرِيَاءَ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَابْنُ مَاجَهْ وَأَحْمَدُ وَابْنُ حِبَّانَ وَالطَّبَرَانِيُّ.

 

    Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Qalbida zarra miqdoricha imon bo‘lgan banda do‘zaxga kirmaydi. Qalbida zarra miqdoricha kibr bo‘lgan banda jannatga kirmaydi” (Muslim, Ibn Moja, Ahmad, Ibn Hibbon va Tabaroniy rivoyat qilgan).
     Abu Dovud, Ibn Moja va Ahmad keltirgan rivoyatda: “Kimning qalbida zarra miqdoricha kibr bo‘lsa, jannatga kirmaydi. Qalbida zarra miqdoricha imon bo‘lgan banda do‘zaxga kirmaydi”, deyilgan. Ma’lumki, kibr qalb kasalliklarining eng yomonidir. Qalbini kibr egallagan banda Allohdan uzoqlashadi, U Zot rahmatidan mahrum bo‘ladi. Ustiga-ustak bunday kimsa bora-bora odamlar nafratiga sazovor bo‘ladi.
    Kibr deganda, o‘zini boshqalardan katta tutish, o‘ziga bino qo‘yish tushuniladi. Kibrli, dimog‘dor kimsa: “Men atrofdagilardan ustunman, boshqalardan ko‘ra hurmat-e’tiborga ko‘proq loyiqman”, deb hisoblaydi. U buni ochiq-oydin aytmasa-da, qilayotgan ishlari, ayniqsa o‘zini tutishidan bilinib turadi uning kibrli ekani. Shuni eslatib o‘tish joiz, izzattalablik, manmansirash, kekkayish, birovlarning ishini yerga urish, kishilarni mensimaslik, odamlarni tahqirlash, ularni oyoq uchida ko‘rsatish kabi illatlar mutakabbir kimsalarga xos bo‘lgan asosiy belgilardandir.
    Ulamolar “kibr” so‘zini kengroq sharhlaganlar. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi va sallam “kibr haqni inkor etish va odamlarni tahqirlashdir” deb birgina jumla bilan bu illatga juda mukammal ta’rif berganlar.
     Yuqoridagi rivoyatdagi “kibr”dan murod nima ekani borasida ulamolar bir necha fikrlarni aytishgan. Jumladan, Xattobiy ushbu rivoyatni ikki xil ta’vil qilgan:

 

1. Kim imondan kibr qilsa va shu holida vafot etsa, aslo jannatga kirmaydi;

 

2. Banda jannatga kirayotganida uning qalbida kibr illati bo‘lmaydi.

 

    Jaloliddin Suyutiy hadisni “kibrli odam muttaqiylar bilan birinchilar qatorida jannatga kirmaydi”, deb sharhlagan. Shunga ko‘ra, mutakabbir odam Islom ummatiga mansub bo‘lsa, qiyomat kuni gunohiga yarasha jazolanib, poklanganidan so‘ng Allohga imon keltirgani sharofatidan boshqalardan keyin jannatga kiradi. Kibr qilgani uchun do‘zaxda qanchalik og‘ir azoblar borligini hech kim tasavvuriga sig‘dira olmaydi. Bunday qiyin holatga tushmaslik uchun kamtar bo‘lish lozim.
    Kibr illati hayotda barcha soha odamlarida kuzatiladi. Ba’zilar o‘zining ilmi bilan mag‘rurlanib, o‘zganing bilimini mensimaydi, unga quloq solmaydi, maslahatini e’tiborsiz qoldiradi. Bunday odam o‘zining kamchiliklarini ko‘rmaydi. Uning fikricha, u hamma narsani biladi, hamma narsaga aqli yetadi. Boshqa toifalar boyligi ko‘paygan sari o‘zlarini katta tuta boshlaydilar, kibrlari oshib, dimog‘lari ko‘tarilib boradi. Ayrim kishilar mansab otiga minsalar, biron lavozimga ko‘tarilsalar dimog‘dor bo‘lib qoladilar, odamlarga xuddi hukmdorlardek muomala qila boshlaydilar. Yana bir xil odamlar uddaburonligi, aqlu zakovati, ishlarining bir tekis va yaxshi ketayotganligi uchun o‘zini eng zo‘r va aqlli, baxtli, omadli, kam-ko‘stsiz, deb hisoblaydi. Bundaylar mol-dunyosi ortib, boyigandan keyin “men hech kimga muhtojmasman”, deb kalta o‘ylaydi. Yana boshqalar o‘zining chiroyi, qaddi-qomatining kelishganligi bilan mag‘rurlanadi. Aslida ilm, aql, boylik, mansab, tadbirkorlik, husn barcha-barchasi Alloh bergan ne’matlardir. Unutmaylik, banda ne’matlarga o‘zi xohalagani uchun erishmaydi, balki Alloh uni rizqlantiradi. Bu ne’matlar shukrini, haqini mutakabbirlik bilanmas, kamtarlik bilan, bandalarga xos bo‘lgan sifatlarga ega bo‘lish bilan, Allohga ibodat qilish bilan ado etiladi.
    Shu o‘rinda bir muhim narsani eslatib o‘tish joiz: sunnatga muvofiq pokiza va chiroyli kiyimlar kiyib, xushbo‘y narsalar surtib yurish kibr sanalmaydi. Bunda bandaning qalbidagi niyat muhimdir. Kim kiyimi, boyligi yoki kuch-quvvati bilan o‘zini boshqalardan afzal deb bilsa, u mutakabbirdir. Ammo bu ishlarni kamtarlik bilan poklik niyatida qilsa, bunday inson kibrdan salomat bo‘ladi.
    Kibr inson bolasiga, ojiz bandaga yarashmaydigan sifat. Bu faqat Allohga xosdir. Alloh kibrli kimsalarni bu dunyoda ham, u dunyoda ham jazolaydi. Bu dunyoda odamlar uni mutakabbir, dimog‘dor kimsa, deb biladilar va unga moyillik bildirmaydilar, unga ishonch hisi odamlarda bo‘lmaydi. Shu narsaning o‘zi dimog‘dor kimsaning birinchi jazosidir. Keyin, vaqti-soati bilan, Alloh uni shu o‘tkinchi hayotning o‘zida xor qilib qo‘yadi. Qiyomat kuni uning jussasi chumoli shakliga keltirilib, odamlarning oyoqlari ostiga tashlanadi...
     Mutakabbir kimsalar o‘z-o‘zidan turli ma’naviy kasalliklarga mubtalo bo‘ladilar. Jumladan, ichi qoralik, hasad, maqtanchoqlik va riyo kibrli kimsalarga xos belgilardandir. Chunki o‘zini katta tutadigan kimsa boshqalarning yutug‘ini ko‘rolmaydi, odamlar undan pastda bo‘lishlarini, biron muvaffaqqiyatga erishmasliklarini xohlaydi.
     Kibrning aksi bo‘lgan kamtarlik barcha yaxshi xislatlar asosidir. Kamtar odam Allohga eng itoatkor kishidir. Uning qalbi yumshoq bo‘ladi. U haqiqatni tez qabul qiladi. Kamtar odam haqni gapirayotgan insonni ko‘rsa, kattami, kichikmi, darrov uning so‘zini qabul qiladi. Mutakabbir odamning qalbi qattiq bo‘lib, uning haqiqatni tushunishi va qabul qilishi qiyin kechadi. Binobarin, u haqni topishda ko‘pincha yanglishadi. U obro‘si va kuchi o‘zinikidan ko‘proq bo‘lgan odamgagina ergashishi, quloq tutishi mumkin.
    Demak, kibr bandani jannatga kirishdan yoki u yerga avvalgilar qatorida kirishdan to‘suvchi illatdir. Allohni yaxshi ko‘radigan kishi bu kasallikdan uzoq yurishi, qalbida kibr illatini sezgan zahoti uni ildizi bilan sug‘urib tashlashga, kamtar bo‘lishga harakat qilish kerak. Shunda Alloh suygan bandalar qatoridan joy oladi.

عَنْ أَبِي سَلَمَةَ بْنِ عَبْدِ الرَّحْمَنِ قَالَ: قَالَ الْتَقَى عَبْدُ اللهِ بْنُ عُمَرَ وَعَبْدُ اللهِ بْنُ عَمْرِو بْنِ الْعَاصِ عَلَى الْمَرْوَةِ فَتَحَدَّثَا ثُمَّ مَضَى عَبْدُ اللهِ بْنُ عَمْرٍو وَبَقِيَ عَبْدُ اللهِ بْنُ عُمَرَ يَبْكِي فَقَالَ لَهُ رَجُلٌ: مَا يُبْكِيكَ يَا أَبَا عَبْدِ الرَّحْمَنِ قَالَ هَذَا يَعْنِي عَبْدَ اللَّهِ بْنَ عَمْرٍو زَعَمَ أَنَّهُ سَمِعَ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: مَنْ كَانَ فِي قَلْبِهِ مِثْقَالُ حَبَّةٍ مِنْ خَرْدَلٍ مِنْ كِبْرٍ أَكَبَّهُ اللهُ عَلَى وَجْهِهِ فِي النَّارِ. رَوَاهُ أَحْمَدُ سَنَدُهُ صَحِيحٌ.



   Abu Salama ibn Abdurahmondan rivoyat qilinadi: “Abdulloh ibn Umar va Abdulloh ibn Amr ibn Os Marvada uchrashib, suhbatlashishdi. Keyin Abdulloh ibn Amr ketdi. Abdulloh ibn Umar qoldi. Ibn Umar yig‘ladi. Shunda bir kishi: “Ey Abu Abdurahmon, nega yig‘layapsan?” dedi. Anavi (ya’ni, Abdulloh ibn Amr) ta’kidlashicha, u Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kimning qalbida zig‘ircha kibr bo‘lsa, Alloh uni yuzi bilan sudrab olib borib jahannamga uloqtiradi”, deb aytganlarini eshitgan ekan”, dedi” (Ahmad rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi sahih).
    Ulug‘ sahoba Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuni yig‘latgan hadis bizni o‘yga toldirmaydimi? Sunnatga astoydil amal qiluvchi mashhur sahobani tashvishga solgan narsadan biz xotirjammizmi? Sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishgan, quloqlari bilan u zotning muborak kalomlarini eshitishgan. Hatto ayrimlari Payg‘ambar alayhissalomning maqtovlariga sazovor bo‘lishgan, jannat xushxabarini eshitishgan. Biroq shuncha ne’matga qaramay ularning qo‘rquvi bor edi. Payg‘ambarni ko‘rdik, suhbatlaridan bahramand bo‘ldik, bo‘ldi endi jannatiymiz, degan loqaydlik bo‘lmagan ularda. Chunki imonlari tog‘dek mustahkam, qalblari sutdek oppoq bo‘lgan sahobalarning. Alloh taolo bizlarga ham u zotlarning yo‘lini bersin, barchamizning oqibatimizni xayrli qilsin!

عَنْ عَمْرِو بْنِ شُعَيْبٍ عَنْ أَبِيهِ عَنْ جَدِّهِ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: يُحْشَرُ الْمُتَكَبِّرُونَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ أَمْثَالَ الذَّرِّ فِي صُوَرِ الرِّجَالِ يَغْشَاهُمْ الذُّلُّ مِنْ كُلِّ مَكَانٍ فَيُسَاقُونَ إِلَى سِجْنٍ فِي جَهَنَّمَ يُسَمَّى بُولَسَ تَعْلُوهُمْ نَارُ الأَنْيَارِ يُسْقَوْنَ مِنْ عُصَارَةِ أَهْلِ النَّارِ طِينَةَ الْخَبَالِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ وَسَنَدُهُ حَسَنٌ.



    Amr ibn Shuayb otasidan, otasi bobosidan rivoyat qilishicha, Nabiy sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Mutakabbirlar qiyomat kuni kichik qizil chumolichalarga o‘xshagan kishilar suratida hashr qilinadilar. Ularni har bir makonda xorlik o‘rab oladi. Ular jahannamdagi “Bulas” nomli qamoqqa haydab boriladi. Ularning ustida olovlarning olovi bo‘ladi. Ular tiynatul xabol – do‘zax ahlining yiringi bilan sug‘oriladilar” (Buxoriy va Termiziy rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi hasan).
      Hadis tarjimasida “kichik qizil chumolilar” deb ifodalangan so‘z arabiy matnda “zarr” shaklida kelgan. Bu so‘zning ikki xil ma’nosi bor:

 

1. Mitti qizil chumoli.

 

2. Zarra, juda mayda narsa.

 

     Ulamolar hadisda qaysi bir ma’no iroda etilgani borasida turli fikrlarni aytishgan. Umumiy xulosani aytadigan bo‘lsak, mutakabbirlar qiyomat kuni xor-zor bo‘ladilar, odamlar ularni oyoq osti qiladilar.
    Dunyoda kekkayganlarning jazosi mana shunaqa bo‘ladi. Ular hayotlik chog‘larida o‘zlarini katta tutib, odamlarni oyoq uchida ko‘rsatardilar. Endi qiyomat kuni o‘zlari juda kichik shaklda tiriltiradilar. Mutakabbirlarni har tarafdan xorlik qurshab oladi. Boshqa rivoyatda kelishicha, mahshar ahli ularni oyoqlari bilan tepkilaydi. Jahannamda “Bulas” degan hibsxona bor. Ular ana o‘sha yerga haydab boriladilar va turli azobu qiynoqlarni tortadilar.
     Kim bunday ayanchli ahvolda qolishni xohlamasa, kibr otidan tushsin, kamtarlikni o‘ziga shior bilsin, Alloh uchun o‘zini xokisor tutsin, odamlarga muomalasini to‘g‘rilasin, maqtanchoq bo‘lmasin!

 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 218624
  • Sayyidul-istig‘for duosini o‘rganamiz

    Allohumma anta Robbiy la ilaha illa anta xolaqtaniy va ana abduka va ana ala ahdika va vadika mastatotu. Auzu bika min …

    17.12017 98114
  • Alloh la’natlagan pardoz

    Alloh taolo Ozi yaratgan barcha jonzotlar ichida insonni eng gozal suratda yaratganini takidlab, Quroni karimda shunday…

    19.32017 47141
  • QUR’ON tilovati

    Quron oqishdan avval poklanib oling. "Uni (Quronni) tahoratli kishilardan ozgalar ushlamaslar" (Voqea, 79). Quron oqi…

    18.82016 45555
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24735
  • 19193
  • 12926
  • 15929