Onaga oq bo‘lishdan taloq berishgacha
1.11.2016 5887

    Ota-onaga yaxshilik qilish borasida biz musulmonlarga yaqin keladigan xalqning o‘zi yo‘q, desak aslo mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Chunki ota-onaga yaxshilik qilish dinimiz ta’limotida bandani Allohga yaqinlashtiruvchi eng afzal amallardan hisoblanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda bir necha oyatlarda O‘ziga ibodat qilishga buyurish bilan birga ota-onaga yaxshilik qilishga buyurgan. Ularga qilinadigan xizmatni ibodat darajasiga ko‘targan. 
    Ha, ota-onasiga itoat qilayotgan farzand, aslida Allohga itoat qilayotgan, U Zotning buyrug‘ini bajarayotgan bo‘ladi. Zero ota-ona farzand uchun Alloh taoloning vasiyyatidir. U Zot Qur’oni karim oyatlarida ularga yaxshilik qilishga buyurarkan aynan vasiyat siyg‘asi bilan amr etgan. Vasiyat bilan amrning o‘rtasida farq bor. Amr bir ishni qilishga buyruq, vasiyat esa buyruqni o‘ta muhim va ta’kidli ekani va uni esdan chiqarish mumkin emasligini ham ifoda qiladi. Shuningdek ota-onaga itoatsizlik ham Alloh taologa itoatsizlik, U Zotning buyrug‘iga bo‘ysunmaslikdir. 
     Shunday ekan ota-onaga xizmat va itoat qilish bosh ustiga. Lekin har bir narsaning chegarasi bo‘lganidek ota-onaga itoat qilishning ham chegarasi bor. Alloh taolo aytadi: 

وَإِن جَٰهَدَاكَ عَلَىٰٓ أَن تُشۡرِكَ بِي مَا لَيۡسَ لَكَ بِهِۦ عِلۡمٞ فَلَا تُطِعۡهُمَاۖ وَصَاحِبۡهُمَا فِي ٱلدُّنۡيَا مَعۡرُوفٗاۖ وَٱتَّبِعۡ سَبِيلَ مَنۡ أَنَابَ إِلَيَّۚ ثُمَّ إِلَيَّ مَرۡجِعُكُمۡ فَأُنَبِّئُكُم بِمَا كُنتُمۡ تَعۡمَلُونَ (سورة لقمان-15

 

“Agar ular seni o‘zing bilmagan narsani Menga shirk keltirishga majburlasalar, bas, ularga itoat qilma! Va ularga dunyoda yaxshilik qil. Menga inobat qilganning yo‘liga ergash. So‘ng, qaytishingiz faqat Mening huzurimgadir. Men sizga nima amal qilganingizning xabarini berurman”. (Luqmon surasi 15-oyat) 

     Ushbu oyatda zikr qilingani ota-ona farzandni shirk yoki kufrga buyurishsa, ularga ana shu ishda itoat qilmaydi. Chunki Alloh taoloning haqqi ularning haqlaridan ustun hisoblanadi. U Zotga kufr va gunoh bo‘ladigan ishlarda itoat qilmaydi. Hadisi sharifda ham: 

 

عَنْ عَلِىٍّ رَضِىَ اللَّهُ عَنْهُ قال قال رسول الله صلى الله عليه و سلم لاَ طَاعَةَ لأَحَدٍ في مَعْصِيَةِ الله إِنَّمَا الطَّاعَةُ في المَعْرُوفِ رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ 

 

     Aliy roziyallohu anhu aytadilar: “Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohga gunoh bo‘ladigan ishda hech kimga itoat yo‘qdir! Albatta, itoat qilish ma’ruf-yaxshilik ishdadir” dedilar”. (Imom Ahmad rivoyatlari) Demak gunohga buyurgan kim bo‘lsa ham unga itoat qilish yo‘q. Ota-onaga ham faqat savobli yaxshi ishlarda itoat qilinadi. Yana boshqa hadisda: 

 

عن عمران بن حصين رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قال قال رسول الله صلى الله عليه و سلم لاَ طَاعَةَ لِمَخْلُوقٍ في مَعْصِيَةِ الخَالِقِ رَوَاهُ أحمد 

 

     Imron ibn Husoyn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Xoliqqa gunoh bo‘ladigan ishda maxluqqa itoat yo‘qdir” dedilar”. (Imom Ahmad rivoyatlari) 
     U maxluq kim bo‘lishidan qat’iy nazar Xoliq Zotning haqqini poymol qilishni talab qilsa, unga itoat qilinmaydi. Lekin farzand ota-onasiga yaxshilik qilishda davom etaveradi. Itoat qilmaydi degani ayrim adashgan toifalar aytganidek, ulardan voz kechish degani emas. Zero ota-ona o‘zlari mushrik, kofir va dinsiz bo‘lsalar ham farzandagi haqlari soqit bo‘lmaydi. Shuning uchun Alloh taolo ham shirk va kufrda ularga itoat qilishdan qaytarib turib: “Va ularga dunyoda yaxshilik qil” dedi. Ya’ni farzandlik burchingni ado qilishda davom etaver. Ularga yaxshilik qil. Xizmatlarini chiroyli qil. 
     Shuningdek shirk va kufrdan boshqa gunohga buyurishsa ham itoat qilmaydi. Masalan, “aroq olib kel”, “aroq quyib ber” yoki “sen ham aroq ich” desa, yoki “namoz o‘qima, o‘qisang, oqq qildim”, “ro‘za tutma”, desa ham itoat qilmaydi. Yoki hozirgi kundagi ba’zi adashgan oqimlarga qo‘shilishni, agar qo‘shilmasa oqq qilishini aytsa yoki sen ham “Iroq va Suriyaga “jihod”ga bor”, deb talab qilsa, o‘g‘il unga itoat qilmay bormasa hech qanday gunoh bo‘lmaydi. Balki gumroh otasini ham gunohdan saqlab qolgan bo‘ladi. 
    Yoki hozirgi kunda tez-tez quloqqa chalinib turgan ana shunday noto‘g‘ri ishlardan biri, ayrim ota-onalar o‘g‘illaridan qattiq talab qilib: “Xotiningni taloq qil! Bo‘lmasam oqq qilaman” yoki “Yo bizni de, yo xotiningni de! Ajrashmasang rozimasman. Bergan oq sutim harom bo‘lsin” kabi qattiq-quruq gaplarni gapirib, farzandlarini nozik joyidan tutib, boshi berk ko‘chaga tiqib qo‘yadilar. Bechora o‘g‘il nima qilarini bilmay qoladi. Ba’zilari esa o‘zlari hoxlamasalar ham ota-onalarining bunday qaltis gaplaridan qo‘rqib taloq qilganlari ham bor. Natijada esa bir oila buzilib ketyapti. O‘rtada ikki-uch begunoh bolachalar tirik yetim bo‘lib, sarsonu sargardon bo‘lib, tarbiyalari ham zoye bo‘lmoqda. Ana shunday paytlarda ko‘pni ko‘rgan yoshi bir joyga borib qolgan otalar ham ilgarigi oqil, purma’no so‘zli otalarimizdan farqli o‘laroq onalarning tegirmoniga suv quyib, ishni yana ham kattalashtirmoqdalar. Yaqin kunlarda bo‘lgan bir voqeada ona kelini bilan kelisholmay o‘g‘lidan xotinini taloq qilishini qattiq talab qilib turib oladi. Chorasiz qolgan o‘g‘il onasining rioyasini qilib, keyin yarashib olish niyatida: “taloq qildim” deydi. Bu voqeaning guvohi bo‘lib turgan ota esa, eshitgan-bilganlariga tayanib: “O‘g‘ling taloq deb qutildi, ertaga yana yarashib olishi mumkin. Unga ayt “uch taloq” qilsin” depdi. Oxir oqibat uch taloq olgan kelin sho‘rlik uch bolasi bilan otasining uyiga xaydalibdi. 
     Buni qanday tushunish mumkin. Naxotki bu ota-onani farzandlarining baxti, nabiralarining kelajagi qiziqtirmasa. Allohning huzuriga borganda nima deb javob berishni o‘ylashmasa. Bunday paytda o‘g‘il qanday yo‘l tutsa to‘g‘ri bo‘lardi. Nima qilsa ota-onasiga oqq bo‘lmas va Allohning huzurida gunohkor bo‘lmas edi. Ushbu savollarga quyidagi rivoyatlardan javob topishga harakat qilamiz. 

 

عن أبي هريرة رضي الله عنه قال قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَن خَبَّبَ امرَأَةً عَلَى زَوجِهَا فَلَيسَ مِنَّا رَوَاهُ أبو داود 
وَفِى رِوَايَةٍ أُخرَى قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَعَنَ اللهُ مَن خَبَّبَ امرَأَةً عَلَى زَوجِهَا وَ لَعَنَ اللهُ مَن خَبَّب زوجاً عَلَى زَوجِهِ رَوَاهُ أحمد 

 

     Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ayolni eriga gij-gijlab, )o‘rtasini( buzgan bizdan emas”, boshqa bir rivoyatda “Ayolni eriga gij-gijlab, )o‘rtasini( buzganga Allohning la’nati bo‘lsin. Erkakni ayoliga gij-gijlab )o‘rtasini( buzganga Allohning la’nati bo‘lsin”, dedilar. (Imom Abu Dovud va Imom Ahmad rivoyatlari) 
     Ushbu hadisi sharifdan er-xotin o‘rtasini buzish, ularning ajralib ketishiga sabab bo‘lish gunohi kabiralarning eng kattalaridan ekanini bilib olishimiz mumkin. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam unday odamni “bizdan emas” yoki unga “Allohning la’nati bo‘lsin” deyishlari har qanday oxiratdan umidi bor musulmonni bunday jirkanch ishdan hazar qilishiga kifoya qiladi. 
     Buyuk tobe’inlardan Hasan Basriy rahmatullohi alayhga ba’zi kishilar savol berib: “Bir odamning onasi: “Xotiningni taloq qilasan” deb turib olsa, nima qiladi?” deyishdi. Hasan Basriy rahmatullohi alayh: “Xotinini taloq qilishi onaga yaxshilik bo‘ladigan, ya’ni onaning xursandligi uchun qilinadigan ishlardan emas” deb javob berdilar. Demak bunday holda onaning talabi noshar’iy talab bo‘ladi. Agar o‘g‘il unga itoat qilmasa gunohkor bo‘lmaydi. 
     Hanafiy ulamolardan imom Tahoviy rahmatullohi alayh: “Farzand muboh bo‘lgan narsalarda ularga bo‘ysunadi, qaytarilgan ishlarda emas”, deganlar. Mullo Aliy Qoriy Hanafiy rahmatullohi alayh aytadilar: “Xotini bilan ajrashishini buyursalar, uni taloq qilish lozim bo‘lmaydi. Agar bundan ota-ona qattiq ozor topsalar ham”. 
     Bir kishi imom Ahmad rahmatullohi alayhdan: “Otam xotinimni taloq qilishimga amr qilmoqda” dedi. U zot: “Uni taloq qilma” dedilar. U: “Umar roziyallohu anhu o‘g‘li Abdullohga taloq qilishga amr qilgan emasmi?” dedi. Shunda: “Otang Umar roziyallohu anhudek bo‘lganda sen ham qilasan” dedilar. Ya’ni sening otang ham hazrati Umardek haq va adolatni, havoyi nafsga ergashmaslikni biladigan darajaga yetmagunicha xotiningni taloq qilmaysan demoqdalar. 
      Xuddi mana shu gaplar qizini majburlab, ajratib olmoqchi bo‘lgan ota-onalarga ham tegishlidir. Lekin aksar hollarda bunday ishlar kuyov tomonidagilardan ko‘proq sodir bo‘ladi. 


Zangiota tumani “Fath” jome masjidi imom-xatibi Bahodir Rahmatullayev

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 218643
  • Sayyidul-istig‘for duosini o‘rganamiz

    Allohumma anta Robbiy la ilaha illa anta xolaqtaniy va ana abduka va ana ala ahdika va vadika mastatotu. Auzu bika min …

    17.12017 98120
  • Alloh la’natlagan pardoz

    Alloh taolo Ozi yaratgan barcha jonzotlar ichida insonni eng gozal suratda yaratganini takidlab, Quroni karimda shunday…

    19.32017 47145
  • QUR’ON tilovati

    Quron oqishdan avval poklanib oling. "Uni (Quronni) tahoratli kishilardan ozgalar ushlamaslar" (Voqea, 79). Quron oqi…

    18.82016 45564
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24739
  • 19195
  • 12927
  • 15932