Sabrning 20 ta qoidasi
25.10.2016 7604

     Alloh taolo mo‘min bandalarini har qanday o‘rinda ham O‘zining yaxshiliklari bilan siylab qo‘ygan. Mo‘minlar doim Rabbilarining ne’mati ichidadirlar. Alloh ularga yaxshi ko‘rgan yoki yoqtirmagan narsalarini ham berib turadi. Ularning qazo va qadarlarini foydalanib qolishlari va Allohga olib boradigan yo‘lga tushib olishlar uchun kechiktirib turadi. Sahih hadislarda ham bular zikr qilingan. Jumladan, Qiyomat kunida barcha insonlar o‘z boshliqlari bilan chaqiriladigan kunda biz mo‘minlarga imom bo‘ladigan Rasululloh (s.a.v.) shunday deganlar: “Mo‘minning ishiga lol qolaman! Uning barcha ishlari yaxshilikdir. Bu faqat mo‘mingagina xos. Agar unga xursandlik yetsa, shukr qiladi, bu esa u uchun yaxshilik bo‘ladi. Agar zarar yetsa, sabr qiladi, bu ham u uchun yaxshilik bo‘ladi” (Muslim rivoyati). Bu hadis mo‘minning taqdiri butunlay yaxshiliklar bilan to‘lib-toshganidan darak beradi, agar qiyinchilikka sabr qilib, yaxshilikka shukr qilsa, albatta. Hatto sabr va shukr imonning bir bo‘lagi hamdir. Zero, ba’zi salaflar quyidagi: “...Albatta, bunda har bir sabrli va shukr qiluvchi kishi uchun alomatlar bordir” (Ibrohim, 5) oyatdan kelib chiqqan holda shunday deyishgan: “Imon ikki bo‘lakdir. Yarmi sabr va yarmi shukr”. Agar har bir banda din xususida yaxshilab mulohza yuritsa, islom dini umumiy holatda sabr va shukrdan iboratligini ko‘radi. Buning sababi shundaki, sabr uch turli bo‘ladi:
    Birinchisi toat-ibodatlarni bajarishga sabr qilish. Chunki banda sabrsiz va botiniy hamda zohiriy dushmani bilan qattiq kurashmay turib buyurilgan ishni bajarishga o‘zida kuch topa olmaydi. Shu bois banda buyurilgan ishlarni bajarib, yaxshi-mustahab amallarni qilishi darkor.
    Ikkinchisi qaytarilgan narslarni qilmaslik uchun sabr qilish. Chunki nafs va uni qo‘zg‘atuvchi holatlar, shayton ziynat-hiylalari hamda yomon do‘stlar bandani ma’siyatga undab, gunohga rag‘batini oshirib turadi. Bandaning bu ma’siyatlarni tark qilishi sabrining quvvatiga qarab bo‘ladi. Salaflardan biri shunday degan: “Yaxshi amallarni yaxshi odam ham, fojir kimsa ham qiladi. Lekin ma’siyatni tark qilishga faqat siddiqlargina qodirdirlar”. Bu narsa bandaning Allohga bo‘lgan muhabbatining quvvatiga qarab quvvatli yoki zaif bo‘ladi. Bunday holatga hayotda ham ko‘p guvoh bo‘lamiz. Jumladan, mahbubasidan ozor chekkan bir shoir shunday yozadi: “Garchi sendan menga biror yomonlik yetgan bo‘lsa-da, men juda xursand bo‘laman. Chunki seni shu yo‘l bilan bo‘lsa-da yodga olaman”.
     Uchinchisi kutilmaganda kelgan musibatlarga sabr qilish. Bu ikki xil bo‘ladi:

 

1. Bandaning ixtiyorida bo‘lmagan musibatlar, masalan, kasallik, samoviy musibatlar va boshqa shu kabi balolar. Bularga sabr qilish oson. Chunki bular Allohning qazo va qadari ekanini va hech kim har qanday holatda ham bu musibatlarning oldini olishga qodir emasligini banda sezib turadi. Agar Alloh taolo bandaning qalbiga tafakkur eshigini ochib, tafakkurning barcha foydalarini joylasa, musibatlarga sabr qilishdan shukr qilish va rozi bo‘lishga o‘tadi. Qalbining to‘rida va tilida “Ey Rabbim, Seni zikr qilishga, Senga shukr qilish va Senga chiroyli ibodat qilishim uchun menga madad ber” duosi doimiy yangrab turadi.

 

2. Boshqalar tomonidan moli, obro‘si yoki o‘ziga yetadigan musibat bo‘lib, bu kabi musibatlarga sabr qilish banda uchun juda qiyin sanaladi. Chunki nafs sabrsizdir, u o‘ziga ozor berganlarni unutmaydi, u yengilishni yoqtirmaydi. Shu sababli doim intiqomni talab qiladi. Bu kabi musibatlarga faqat payg‘ambarlar va siddiqlargina sabr qila oladilar. Rasululloh (s.a.v.) agar ozor topsalar: “Alloh Muso (a.s.)ni rahmatiga olsin! U bundan ham ko‘p ozor chekkan va sabr qilgan”, der edilar.
   

     Payg‘ambarlardan biri haqida shunday rivoyat bor. Payg‘ambar o‘z qavmi tomonidan kaltaklanganida: “Allohim, qavmimni kechir, ular bilmaydilar”, deb duo qilar ekan. Rasululloh (s.a.v.)dan rivoyat qilingan hadisda aytilishicha, Rasululloh (s.a.v.) ham o‘z qavmidan ozor chekkanlaridan mazkur duoni aytganlar va duoda uchta narsani so‘raganlar: ularni avf qilishni, ularni mag‘firat qilishni va ular bilmaganliklari bois uzrli ekanini aytib duo qilganlar. Sabrning bu turi Alloh tomonidan berilgan quvvat, omonlik, surur, izzat va g‘alabaning samarasi va Allohga bo‘lgan muhabbat hamda ilm ziyodalashuvining natijasidir. Shuning uchun ham Alloh shunday degan: “Ular sabr qilishgach, Biz ulardan hidoyat qiladigan peshvolarni chiqardik. Ular oyatlarimizga puxta ishonar edilar”. (Sajda, 24).
    Sabr va ishonch dinda peshvolikka olib boradi. Agar bu sabrga ishonch va imon quvvati qo‘shilsa, banda Allohning fazli bilan saodat darajalarida yana-da yuqori pog‘onalarga ko‘tariladi. Bu esa Allohning fazlidir va Alloh buni xohlaganiga beradi. Alloh buyuk fazl egasidir. Shuning uchun ham Alloh bunday marhamat qilgan: “Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas. Siz (yomonlikni) go‘zalroq (muomala) bilan daf’ eting! (Shunda) birdan siz bilan o‘rtalaringizda adovat bo‘lgan kimsa qaynoq (qalin) do‘stdek bo‘lib qolur. Unga faqat sabrli zotlargina erishurlar, unga faqat ulug‘ nasiba egasigina erishur”. (Fussilat 34-35). Banda sabrning bu turi orqali bir nechta narsalarni tushunib yetadi.

 

 

Birinchisi, banda Alloh taoloning bandalarning fe’llari, harakat va sukunatlarini hamda xohish-irodalarini yaratuvchi Zot ekaniga guvoh bo‘ladi. Alloh xohlagan narsa so‘zsiz ro‘y beradi, xohlamagani esa aslo sodir bo‘lmaydi. Olamning tepa va pastki qismidagi har bir zarra faqat Allohning izni va xohishi bilan harakatlanadi. Shunday ekan, ularni sizga bo‘ysundirib qo‘ygan Zotga, ularning sizga ko‘rsatayotgan ta’siriga qarang, shunda g‘am-tashvish va mahzunlikdan xalos bo‘lasiz.

 

 

Ikkinchisi, banda sabr orqali o‘z gunohlariga shohid bo‘ladi. “(Ey insonlar) Sizlarga ne musibat yetsa, bas, o‘z qo‘llaringiz qilgan narsa (gunoh) sabablidir. Yana U ko‘p (gunohlar)ni avf etib turur. (Aks holda musibat bundan ham ko‘p bo‘lur edi)” (Sho‘ro, 30). Banda o‘ziga yetayotgan yomonliklarning sababi gunohlari ekanini bilsa, gunohlaridan istig‘for aytib, tavba qilishga o‘tadi, bu gunohlarni qilganidan afsuslanib, o‘zini koyiydi, boshqalarni ayblamaydi. Agar biror bandaning insonlar orasida yurib, ulardan ozor chekkanini va o‘zini koyib, istig‘for aytmayotganini ko‘rsangiz, bilingki, uning musibati haqiqiy musibatdir. Agar tavba qilib, istig‘for aytsa va “Bu mening gunohim”, deb tan olsa, bu uning uchun ne’mat va savobga aylanadi. Ali ibn Tolb (r.a.) aytadi: “Banda faqat Rabbisidan umid qilsin va faqat gunohidan qo‘rqsin!” Yana shu zotdan va boshqalardan rivoyat qilinadi: “Har qanday balo faqat gunoh sababli tushadi va uning ko‘tarilishi esa faqat tavba bilan bo‘ladi”.

     

Uchinchisi banda kechirimli va sabrlilar uchun Alloh va’da qilgan savobga guvoh bo‘ladi. “(Har qanday) yomonlikning jazosi xuddi o‘ziga o‘xshash yomonlikdir. Bas, kimki avf etib (o‘rtani) tuzatsa, bas, uning mukofoti Allohning zimmasidadir. Albatta, U zolim (tajovuzkor)larni sevmas” (Sho‘ro, 40). Insonlar ozor va musibatlarga yo‘liqqanlarida ularni har xil qabul qilib oladilar. Ba’zilari zulm qilib, o‘z haqqidan ortig‘ini talab qiladi, ayrimlari o‘rtacha yo‘l tutib, o‘z haqqi miqdoricha talab qilsa, boshqalari muhsinlik qilib, zolimni avf etadi va o‘z haqidan voz kechadi. Shu bois yuqoridagi oyatda ham insonlarning mazkur uch toifasi zikr qilingan. Oyatning boshida mo‘’tadil yo‘l tutuvchilar, o‘rtasida yaxshi-muhsinlar va oxirida esa zolimlar keltirilgan. Qiyomat kuni jarchi shunday nido qiladi: “Ogoh bo‘ling, ajr-savob berish Allohga vojib bo‘lgan bandalar tursin!”. Shunda kechirimli va sabrlilardan boshqa hech kim o‘rnidan tura olmaydi. Banda intiqom va o‘z haqqini to‘liq talab qilish bilan Oxiratdagi ajri kamayishini o‘ylasa, unga sabr qilish va birovlarni kechirish yanada osonlashadi.

     

To‘rtinchisi, agar banda kechirsa va yaxshilik qilsa, bu uning qalbining do‘stlarga nisbatan ochiq, gina-kudurat, intiqom, yomonlikdan xoli bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, kechirimli bo‘lish halovatini tuyadi. Bu halovat, lazzat va manfaat intiqomning lazzati va manfaatidan ko‘ra tezroq hosil bo‘ladi va bir necha chandon ortiq bo‘ladi. Bunday banda quyidagi oyatda zikr qilingan kimsalar qatoriga kiradi: “Ular (mazkur taqvodorlar) farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-cadaqa qiladigan, g‘azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) avf etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar” (Oli Imron 134). Bunday banda Allohni sevuvchi bandaga aylanadi. Bu bandaning holati birovga dirham (kumush) qarz berib, qarzini dinor (oltin) bilan qaytarib olgan kimsaning holatiga o‘xshaydi. Buni his qilgan banda Alloh bergan bu ne’matlardan juda ham xursand bo‘ladi.

     

Beshinchisi, banda birontasidan o‘zi uchun intiqom olsa, bu unga xorlikni keltiradi. Agar kechirsa, Alloh uni aziz qilib qo‘yadi. Bu haqda Rasululloh (s.a.v.) shunday deganlar: “Alloh qaysi bandaning kechirimliligini ziyoda qilgan bo‘lsa, albatta, uni aziz qiladi” (Muslim rivoyati). Kechirish bilan hosil bo‘lgan azizlik intiqom bilan hosil bo‘lgan azizlikdar yaxshiroq va manfaatliroqdir. Chunki intiqom zohiriy azizlik bo‘lib, botinda xorlikni keltirib chiqaradi. Kechirimlilik esa zohirda xorlik bo‘lib ko‘rinsada, aslida ham zohiran, ham botinan azizlikka sabab bo‘ladi.

       

Oltinchisi, banda amal qanday bo‘lsa, mukofot ham shunga yarasha bo‘lishini anglaydi. Kim insonlarni kechirsa, Alloh ham uni kechiradi, kim insonlarni avf qilsa, Alloh ham uni avf qiladi. Banda birovlarni kechirish, ular yomonlik qilsa-da, ularga yaxshilik bilan javob qaytarish Allohning ham shunday munosabatda bo‘lishini bilsa, insonlarga nisbatan kechirimli bo‘ladi, o‘ziga yomonlik qilganlarga ham yaxshilik ulashadi va birovlarni kechirish va sabr qilishi yanada osonlashadi. Bu biz sanayotgan foydalarning eng kattasidir. Oqilga shu foydaning o‘zi kifoya qiladi.

     

Yettinchisi, agar banda intiqom va o‘ch olish bilan mashg‘ul bo‘lsa, vaqtini zoye qiladi, qalbi siqiladi va qaytarib bo‘lmaydigan imkoniyatlarni boy beradi. Bu bandaga yetadigan musibatlarning eng kattasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Agar kechirsa va avf qilsa, qalbi taskin topadi va intiqomdan ham muhimroq bo‘lgan boshqa ishlari uchun vaqti ham yetarli bo‘ladi.

     

Sakkizinchisi, intiqom, haqqiqni to‘liq undirish va birovga zulm qilish nafsni qondirish demakdir. Zero, Rasululloh (s.a.v.) nafsi uchun sira ham intiqom olmaganlar. Holbuki, Rasululloh (s.a.v.) maxluqotlarning eng yaxshisi va mukarrami edilar. U zotning nafslari eng sharafli, eng pok, eng afzal va har qanday yomon xulqlardan yiroq, barcha go‘zal xulqlarga loyiq nafs bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da, nafsi uchun hech kimdan o‘ch olmaganlar. Biz o‘z nafsimizning ayb-nuqsonlarini sezib turgan holda qanday qilib intiqom haqida o‘ylashimiz mumkin?! Haqiqiy orif kishi o‘z nafsi uchun birovdan intiqom olmaydi, boshqalarga zulm qilmaydi.

     

To‘qqizinchisi, agar banda Alloh uchun qilgan ishida, Alloh buyurgan toatlarni bajarishda yoki qaytargan ma’siyatlardan tiyilishda ozor va musibatga yo‘liqsa, sabr qilishi vojib bo‘ladi. Bunday holatlarda intiqom niyatida bo‘lishi nojoizdir. Chunki u Allohning yo‘lida ozor chekkan. Buning ajri Allohga vojibdir. Kim bahosini birovlardan talab qilsa, u uchun Allohning huzurida hech qanday baho yo‘qdir. Chunki kim Alloh yo‘lida sarflasa, uning o‘rnini Allohning o‘zi to‘ldiradi. Agar biror ma’siyat yuzasidan musibatga yo‘liqsa, bunday holatda banda o‘z nafsini malomatlashi lozim. O‘ziga ozor berganlarni malomatlagandan ko‘ra shunisi yaxshiroqdir. Agar biror nasiba yuzasidan musibatga duchor bo‘lsa, nafsini sabrga o‘rgatsin. Chunki o‘z nasibasi birovga o‘tib ketganini ko‘rish sabrdan ham og‘irroq ishdir. Kim kunning issig‘iga, yomg‘ir, qor, safar mashaqqati va qaroqchilarga sabr qila olmgan odamga tijorat bilan shug‘illanishning keragi yo‘q. Bu hammaga ma’lum haqiqatdir. Kim biror narsani talab qilish uchun sadaqa qilsa, sadaqasining miqdoricha sabrini ham sarf qilgan bo‘ladi.

     

O‘ninchisi, banda sabr qilganida Alloh u bilan birga ekaniga, Alloh uni sevishiga va undan rozi ekaniga guvoh bo‘ladi. Alloh kim bilan birga bo‘lsa, uni hech bir maxluqot to‘xtata olmaydigan turli ozorlar va zararli narsalardan qo‘riydi. “Allohga va Rasuliga itoat qilingiz va nizolashmangiz, aks holda sustlashib ketursiz va “shamolingiz” (obro‘yingiz) ketib qolur. Sabr qilingiz! Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir” (Anfol, 46). “Qaysi bir payg‘ambar (o‘tgan bo‘lsa), u bilan birga ko‘p jamoalar jang qilganlar. (Lekin) Alloh yo‘lida ularga yetgan narsalar sababli sustlik, zaiflik qilmaganlar, (yovga) taslim ham bo‘lmaganlar. Alloh (esa) sabrlilarni sevar” (Oli Imron, 146).

     

O‘n birinchisi, banda sabr imonning yarmi ekaniga guvoh bo‘ladi va imonining hech bir bo‘lagini nafsiga yordam berish uchun ishlatmaydi. Kim sabr qilsa, imonini qo‘riqlagan va nuqsondan saqlagan bo‘ladi. Alloh imon keltirganlarni mudofaa qiladi.

     

O‘n ikkinchisi, banda sabrning nafs ustidan hukmron ekani va nafsga qahr qilishga qodirligiga guvoh bo‘ladi. Agar nafs mag‘lub bo‘lsa, qulligi, asirligi va halokatlarga duchorligini aytib, bandani gunohga boshlay olmaydi. Agar banda nafsga itoat qilsa, unga quloq solsa va taslim bo‘lsa, bandani halokatga yoki Rabbisining rahmatidan mahrum bo‘lishga chorlaydi. Agar sabrda nafsi va shaytonni yengishdan boshqa maqsad bo‘lmasa, qalb sultoni yuzaga chiqadi, askarlari yengilmas bo‘ladi va shodon va quvvatli bo‘ladi, dushmanlari undan qochadi.

   

O‘n uchinchisi, banda Alloh sabr qilguvchining yordamchisi ekanini tushunib yetadi. Chunki Alloh sabr qilgan va zolimlarni O‘ziga topshirganlarning vakilidir. Kim nafsi uchun kurashsa, Alloh uni o‘z nafsiga vakil qilib qo‘yadi va u o‘z nafsiga yordam beruvchiga aylanadi. Allohga yordam berguvchi – eng yaxshi yordam berguvchilar qayerda-yu, o‘z nafsiga yordam berguvchi – eng ojiz va zaif yordam berguvchilar qayerda?!

     

O‘n to‘rtinchisi, zolimning ozoriga sabr qilish zolimning zulmdan tiyilishi, nadomat chekishi va uzr so‘rashi hamda insonlarning malomatiga qolishiga sabab bo‘ladi. Shular sabab zolim o‘z ozor bergan kimsadan uyala boshlaydi, qilgan ishidan pushaymon bo‘lib, mazlumning do‘stiga aylanadi. Quyidagi oyatda ham shular nazarda tutilgan: “Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas. Siz (har qanday yomonlikni) eng go‘zal so‘zlar bilan daf’ qiling! (Shunda) banogoh siz bilan o‘rtalaringizda adovat bo‘lgan kimsa qaynoq-sodiq do‘st kabi bo‘lib qolur. Unga (yomonlikni yaxshilik bilan daf’ qilish xislatiga) faqat sabr-toqatli zotlargina erishurlar, unga faqat ulug‘ nasiba egasigina erishur”. (Fussilat 34-35).

     

O‘n beshinchisi, ba’zan intiqom olish xusumatning kuchayishiga, nafsining quvvatlanishiga hamda birovga zarar berish yo‘llarini izlaydigan fikrining rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Voqelikda bunga ko‘p misol bor. Agar banda sabr qilsa va kechirsa, bu zararlardan omonda bo‘ladi. Oqil odam zararlarning kichigini bartaraf qilish uchun ularning kattasini tanlamaydi. Egasi ham bartaraf eta olmaydigan yomonliklarga sabab bo‘lgan qanchadan-qancha intiqomlar bor!? Intiqom sababli qanchadan-qancha jonlar, mol-mulklar, boshqaruv va davlatlar yo‘q bo‘lib ketgan!? Agar mazlum avf etganida, bu kabi ko‘ngilsizliklarning oldi olngan bo‘lardi.

     

O‘n oltinchisi, kim intiqom olish va sabrsizlikka odatlangan bo‘lsa, zulmga yo‘l qo‘yishi turgan gap. Chunki nafs vojib bo‘lgan adolat miqdori bilan kifoyalanib qolmaydi. Nafs amalda ham, irodada ham bunga rozi bo‘lmaydi. Gohida nafs o‘z haqqini undirish miqdori bilan kifoyalanishdan ojiz bo‘ladi. Chunki g‘azab insonni aqliga sig‘maydigan narsalarni gapirishga va qilishgacha olib boradi. Inson mazlum holatda bo‘lganida yordam va azizlikni xohlaydi, zolimga aylanganch esa, g‘azab va uqubat haqida o‘ylaydi.

     

O‘n yettinchisi, bandaga yetgan zulm va musibat gunohining kafforati bo‘lishi yoki darajasining ko‘tarilishiga sababdir. Agar intiqom olsa va sabrsiz bo‘lsa, gunohi kechirilmaydi va darajasi ham ko‘tarilmaydi.

   

O‘n sakkizinchisi, bandaning kechirimli va sabrli bo‘lishi xusumatchisiga qarshi eng katta qurolidir. Chunki kim sabr va avf qilsa, uning sabri va avfi dushmanining xorlanishiga, mazlumdan va insonlardan qo‘rqishiga sabab bo‘ladi. Chunki insonlar garchi mazlum jim tursa-da, zolim haqida yomon yomonliklari haqida sukut saqlay olmaydilar. Agar banda intiqom olsa, yuqoridagi fazilatlarning barchasi yo‘qoladi. Shuning uchun ham birovni so‘kkkan yoki unga ozor bergan odam uning ham so‘kishini yoki ozor berishini xohlab turadi. Agar mazlum zolimning taklifini qabul qilib, o‘z haqqini undirsa, zolim rohatlanadi va yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek his qiladi o‘zini. 

 

 O‘n to‘qqizinchisi, agar banda dushmanini avf etsa, dushmani uning o‘zidan ko‘ra balandroq martabada ekanini va uning o‘zidan ko‘ra ko‘proq manfaat olganini his qilib turadi va doim o‘zini undan bir pog‘ona pastda deb biladi. Shuning o‘zi avf qilishning naqadar fazilatli va sharafli ekaniga kifoya qiladi. 

     

Yigirmanchisi, agar banda kechirsa va avf qilsa, bu u uchun bir hasana-savob bo‘lib yoziladi. Bir savob boshqasini paydo qiladi, u esa boshqasini va hakazo. Bandaning savoblari doimiy ziyodalashib boradi. Chunki yaxshilikning savobi yaxshilikdir, shuningdek, yomonlikning jazosi yomonlikdir. Ba’zan bu holat bandaning abadiy najot va saodatda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Agar intiqom olsa yoki zulm qilsa, bulardan mahrum bo‘ladi.

 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘lining “Jannat kaliti” kitobidan

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 218656
  • Sayyidul-istig‘for duosini o‘rganamiz

    Allohumma anta Robbiy la ilaha illa anta xolaqtaniy va ana abduka va ana ala ahdika va vadika mastatotu. Auzu bika min …

    17.12017 98121
  • Alloh la’natlagan pardoz

    Alloh taolo Ozi yaratgan barcha jonzotlar ichida insonni eng gozal suratda yaratganini takidlab, Quroni karimda shunday…

    19.32017 47146
  • QUR’ON tilovati

    Quron oqishdan avval poklanib oling. "Uni (Quronni) tahoratli kishilardan ozgalar ushlamaslar" (Voqea, 79). Quron oqi…

    18.82016 45570
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24739
  • 19196
  • 12927
  • 15932