Bir oyat tafsiri turkumidan
4.8.2016 6746

    Yeru Osmonni munavvar qilib turgan Zotga hamdu sanolar bo‘lsin. Zulmatdan nurga chiqishimizga sababchi bo‘lgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga Allohning salotu salomlari bo‘lsin. Alloh va Rasulining nur taratuvchi so‘zlarini bizga yetkazib bayon qilib bergan sahoba va ahli baytdan Alloh rozi bo‘lsin. Siz azizlar bilan Nur surasining 35- oyatining ma’no va mazmunini anglashga harakat qilamiz. 
      Ushbu oyatning tafsiriga kirishishdan oldin Nur surasi to‘g‘risida birozgina ma’lumot berib o‘tmoqchimiz. Bu sura hijriy sananing oltinchi yilida Madinai Munavvarada, Nabiy sollallohu alayhi vasallam boshchiliklaridagi musulmonlar Banu Mustalaq g‘azotidan qaytib kelayotganlarida nozil bo‘lgan. Nur surasida mo‘min-musulmonlarning shaxsiy va o‘zaro muomalalardagi odoblari, birovni uyiga kirganda izn so‘rab kirish, ko‘zni nomahramlardan tiyish, zinodan saqlanish, nomahramlarning bir-birlari bilan aralashmasligi kabi masalalar ko‘rib chiqilgan. 
      Bundan tashqari bu surada musulmon oila uchun zarur bo‘lgan iffat, poklik haqida gapiriladi. Ichki nizolar va axloqiy buzuqliklardan qaytariladi. Nur surasi borasida ulamolarning aytgan so‘zlari: Sahobiylar o‘z farzandalariga: "Nur surasini yodlagin", deb buyurishardi.("Tarixul roshodiyn". Doktor Abu A’lo) 
      Oisha onamizdan rivoyat qilingan hadisda Nur surasi borasida quyidagilar aytilgan: عن عائشة رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قالت: قال رسول الله صَلَى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : "لا تنزلوا النساء الغرف، وعلموهن الغَزْلَ وسورة النور". 
      Oisha roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ayollarni uyni ichiga tushirib qo‘ymasdan, ularga tikish-bichishni va Nur surasini o‘rgatinglar", dedilar".("Tafsirul lubob" Ibn Odil). 
       Nur surasi 35- oyatning tafsiri: 
       اللَّهُ نُورُ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ مَثَلُ نُورِهِ كَمِشْكَاةٍ فِيهَا مِصْبَاحٌ الْمِصْبَاحُ فِي زُجَاجَةٍ الزُّجَاجَةُ كَأَنَّهَا كَوْكَبٌ دُرِّيٌّ يُوقَدُ مِنْ شَجَرَةٍ مُبَارَكَةٍ زَيْتُونَةٍ لَا شَرْقِيَّةٍ وَلَا غَرْبِيَّةٍ يَكَادُ زَيْتُهَا يُضِيءُ وَلَوْ لَمْ تَمْسَسْهُ نَارٌ نُورٌ عَلَى نُورٍ يَهْدِي اللَّهُ لِنُورِهِ مَنْ يَشَاءُ وَيَضْرِبُ اللَّهُ الْأَمْثَالَ لِلنَّاسِ وَاللَّهُ بِكُلِّ شَيْءٍ عَلِيمٌ [النور : 35] 
      "Alloh osmonlar va Yerning "nuri"dir. Nurining misoli xuddi bir tokcha ichidagi chiroq, bu chiroq bir shisha ichida, u shisha go‘yo bir durdan yaralgan yulduzga o‘xshaydi. U (chiroq) na sharqiy va na g‘arbiy bo‘lmagan muborak zaytun daraxti (moyi)dan yoqilur. Uning moyi (musaffoligidan), garchi unga olov tegmasa-da, (atrofni) yoritib yuborgudekdir. (Mazkurlar qo‘shilganda esa) nur ustiga nur (bo‘lur). Alloh o‘zining (bu) nuriga o‘zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur. Alloh odamlar (ibrat olishlari) uchun (mana shunday) misollarni keltirur. Alloh barcha narsani biluvchidir".

         "Alloh osmonlar va Yerning "nuri"dir". Boshqa bir qiroatda "Navvara", deb o‘qilgan. Ya’ni Alloh yeru osmonni yoritdi va nurga to‘ldirdi. (Tafsiru Ibn kasir) 
       Yeru-osmonni yorituvchi faqatgina Allohdir. Agar Alloh yeru-osmonni yoritmasa, uni hech kim yorita olmas. Zero Qasos surasining 28 – oyatida bu haqida shunday deyilgan: "(Ey, Muhammad! Ularga) ayting: «Xabar beringiz-chi, agar Alloh kechani Qiyomat kunigacha ustingizda mangu qilib qo‘ysa, Allohdan o‘zga qaysi "iloh" sizlarga biror yorug‘lik keltira olur?! Axir, eshitmaysizmi?!". ("Tafsiru Abdulg‘aniy". Shayx Abdulg‘aniy Dimyotiy) 
        Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu "Oyatdagi nurdan murod hidoyat qiluvchisi", deganlar. Shunda ma’no: "Alloh yeru osmondagi barchani hidoyatga boshlovchisidir. U xoxlaganini hidoyat qiladi. Allohdan boshqa hech kim hidoyatga boshlay olmas", degani bo‘ladi. Chunki, oyatning davomida: "Alloh o‘zining (bu) nuriga o‘zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur", degan. ("Bahrul ulum" Samarqandiy). Shunga ko‘ra, oyati karimadagi “nur”dan murod hidoyat bo‘ladi. Zero, Qur’oni karimning ko‘plab oyati karimalarida nur (yorug‘lik) so‘zi hidoyat va to‘g‘ri yo‘l, zulmat (qorong‘ulik) esa zalolat va noto‘g‘ri yo‘lni ifodalab kelgan. “Alloh mo‘minlarning do‘stidir. Ularni qorong‘u zulmatlardan yorug‘lik-nurga chiqarur” (Baыara surasi: 257-oyat). Abu Ja’far aytadi: “ya’ni, ularni kufr zulmatlaridan iymon nuriga olib chiqadi” (Tabariy tafsiri). Mazkur oyatning tafsirida Anas ibn Molik raziyallohu anhu aytadi: “Rabbim shunday deydi: nurim hidoyatimdir” (Tabariy tafsiri). 
     Ubay ibn Ka’b raziyallohu anhu yuqoridagi “Alloh osmonlar va Yerning "nuri"dir” oyatiga quyidagicha izoh beradi: “U shunday mo‘minki, Alloh uning qalbiga iymon va Qur’onni jo qilgan va buni “Alloh osmonlar va Yerning "nuri"dir” so‘zi bilan zarbul masal qilgan (Abu Ja’far Roziydan naql qilingan). 
     Ibn Jurayj "Alloh osmonlar va Yerning "nuri"dir", oyati karimasining tafsiri borasida Mujohid va Ibn Abbosdan shunday so‘zlarni naql qiladi: “ya’ni, Alloh osmonlar va Yerdagi barcha ishlarni tadbir qiladi, undagi yulduzlarni, quyoshu oyni boshqarib turadi” (Ibn Kasir tafsiri). Suddiy mazkur oyatni shunday ochiqlaydi: “ya’ni, Uning nuri bilan osmonlaru Yer munavvar bo‘lgan”
      "Nurining misoli xuddi bir tokcha ichidagi chiroq, bu chiroq bir shisha ichida, u shisha go‘yo bir durdan yaralgan yulduzga o‘xshaydi". Bu oyatda Alloh taolo mo‘minning qalbini iroda qilyapti. Ya’ni mo‘mining ko‘ksini tokchaga o‘xshatdi. Qalbini esa o‘sha tokchadagi shisha ichidagi chiroqqa(ya’ni fonusga) o‘xshatdi. U chiroq o‘zining shishasi bilan birgalikda nur taratayotgan durdan yaralgan yulduzga o‘xshaydi. U chiroq musaffo va toza zaytun yog‘i bilan yoqiladi. Bu zaytan yog‘i shu darajada toza va oliy nav hisoblanadiki, hatto olovsiz ham o‘zi yoqilay deya yozadi. 
     Bu chiroqni yoqish va munavvar qilish uchun ishlatiladigan oliy navli zaytun yog‘idan murod Alloh tomonidan o‘sha qalbni munavvar qilish va yoritish uchun berilgan iymon va ma’rifatdir. U shu darajada kuchliki, kimning qalbiga kirsa, albatta uni munavvar qilishi aniq. (Tafsiru Qushayriy). 
      "U (chiroq) na sharqiy va na g‘arbiy bo‘lmagan muborak zaytun" U shunaqa daraxtki, faqatgina kunduzining avvalida quyosh nuri tegadigan sharqda o‘suvchi zaytun ham emas, yoki faqatgina quyosh botayotganda quyosh nurini ko‘radigan g‘arbda o‘suvchi zaytun daraxti ham emas. Balki u tong chqqandan, kech kurguncha quyosh nuridan bahra oladigan o‘rtada o‘suvchi daraxt. Ya’ni mo‘minning qalbi vasatiylik suvidan sug‘orilgan, goh unday, goh bunday bo‘lmaydigan, iymonida sobit qalb hisoblanadi.(Tafsiru Sa’diy). 
        "Nur ustiga nur (bo‘lur)". Mo‘mining fitratidagi iymon nuri bilan Alloh tomonidan beriladigan bu nur birgalika ko‘zni qamashtiradigan darajadagi nur ustiga nur bo‘ladi. Nuri bo‘la turib Alloh tomonidan fazl o‘laroq beriladigan bu nur tufayli mo‘min aqidasida sobit, turli xil fitna va vasvasalarga uchib ketmaydigan baquvvat insonga aylanadi. ("Tafsiru Abdulg‘aniy". Shayx Abdulg‘aniy Diyomitiy). 
        Alloh o‘zining (bu) nuriga o‘zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur. Bu nur shu darajada qimmatbaho nurki, uni Alloh O‘zi xoxlagan va sevgan bandasiga beradi. Dunyodagi boshqa barcha ne’matlar bu nur oldida ya’ni iymon keltirish ne’mati oldida, arzimas matoga aylanadi. Shuning uchun ba’zilar o‘z nazdida oliy ne’mat deb bilgan boylikni Alloh kofirga ham, mo‘minga ham beradi. Ammo iymonni faqat O‘zi sevgan bandasiga beradi. Hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Agar mol-dunyo Allohning nazdida chivinning qanotichalik qadrga ega bo‘lganida, undan kofirga bir ho‘plam suv ham bermas edi", deganlar. Iymondan yiroq molu dunyo egalari nursiz, istarasi sovuq bo‘ladi. Ammo Alloh kimga iymon ne’matini bergan bo‘lsa, u insonning istarasi issiq, suhbatlashsangiz yana suhbatlashishishngiz keladigan nurli inson bo‘ladi. bu so‘zimizning dalili Alloh taoloning "Kimga Alloh nur (imon) bermasa, bas, uning (uchun) hech qanday nur yo‘qdir", degan so‘zidir.("Tafsiru irshodiy". Abdurrahmon Kinoniy ) 
       Alloh odamlar (ibrat olishlari) uchun (mana shunday) misollarni keltirur. Ya’ni bu zarbul masal aqli va fahmi bor bo‘lgan har qanday insonni, dunyo ne’matlari borasida tadabbur qilishga chorlab, o‘sha ne’matlar orasida iymon ne’mati eng ulug‘ ekanligini anglashi va Allohdan Iymon ne’matini so‘rab, iymonli bo‘lishiga intilishi uchundir. ("Albayon fi tafsirir kalamir-Rohman". Doktor Fuad Zintaniy). 
         Alloh barchalarimizni iymon ne’matidan bahramand aylasin. 

 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li 

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217460
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24634
  • 19094
  • 12852
  • 15833