Egasi noma’lum maktub
Eng oldin farzand ne’mati bilan siylagan Rabbimga hamdu sanolar bo‘lsin.
Hozir yozmoqchi bo‘lgan gaplarimni senga ko‘p bor aytganman. Lekin "Aytilgan ketadi, yozilgan qoladi", deyishadi. Shuning uchun bugun dilimdagilarni qog‘ozga tushirishni istadim. Ayol bo‘lish, ayniqsa, ona bo‘lish ham mas’uliyat, ham sharaf. Bu haqda Hojar onamiz, Maryam onamiz, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tarbiyalarini olgan Fotima onamiz (roziyallohu anhu) kabi ulug‘ ayollar hayotidan juda ko‘p o‘rnaklarni keltirganman.
Masalan, hazrat Hojarning Alloh taologa bo‘lgan taslimiyati, go‘dagiga suv topish uchun harakatlari dinimiz ruknlaridan biriga aylangani... Hazrat Maryamning asrlar osha bizlarga mumtoz o‘rnak bo‘lgan pokizaligi, fidoyiligi... Payg‘ambar (alayhissalom) qizi bo‘lishiga qaramasdan, oddiy ayol hayotini yashab o‘tgan, "Ey Fotima, o‘zingni jahannamdan qutqar! Men sizlar uchun Alloh huzurida biron narsaga ega emasman. Biroq o‘rtamizda qarindoshlik bo‘lib, u bilan sizlarga (dunyoda) aloqa qilaman, xolos" (Imom Muslim), degan muborak nabaviy tavsiyaga jonu dildan amal qilgan Fotima onamiz...
Ular faqat ayol, onagina emas, butun insoniyatga murabbiya, ustoz ekanini yaxshi bilasan.
Ko‘zlarimning nuri kizim!
Bu qisqa umrda o‘qish-o‘rganishdan mo‘’tabar amal yo‘q. Zero, "O‘qing!" (Alaq, 1) amri Alloh taoloning ilk xitobidir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qator hadisi shariflarda ilm olishga chaqirdilar. Shu sababli, farzandli bo‘lguncha nima o‘rgangan bo‘lsam, bir o‘zim uchun emas, tug‘iladigan bolalarim uchun ham o‘rgandim. Tug‘ilganingdan keyin ham – goh hayotdan, goh kitobdan – o‘qishdan, ilm olishdan to‘xtaganim yo‘q. Sening kitoblarga to‘la uyda tug‘ilishingni, ularga oshno bo‘lib ulg‘ayishingni xohladim. Maqsadimga erishish uchun harakat qildim. Kitoblar bilan do‘stliging mustahkam bo‘lsin dedim. Kichkina paytingdan boshlagan "maktab-maktab" o‘yinlarimiz, o‘qish musobaqalarimiz, mutolaaga ajratilgan ma’lum soatlarimizning hammasi shuning uchun edi. Bu urinishlar, shukr, samarasini berdi. Bulardan asosiy niyatim esa har bir ayol ona sifatida jamiyat tarbiyachisi ekanini ongingga singdirish edi.
Onalik – ulug‘ sharaf, og‘irligi ham shunga yarasha. Binobarin, Alloh taolo eng mukarram bandasi – insonni ularga omonat topshirdi. Onalar go‘daklarini hech nolimay, og‘rinmay to‘qqiz oy qorinlarida, ikki yil quchoqlarida, so‘ngra bir umr yuraklarida ko‘tarib yuradilar. To‘g‘ri, bularning barchasi shirin bo‘lish bilan birga mashaqqatli ham. Lekin qiyinchiligidan qo‘rqib, "bolalar oz bo‘lgani yaxshi ekan", degan fikrga kelma. Zero, Payg‘ambarimiz (alayhissalom): "Nikohlaninglar, ko‘payinglar, chunki qiyomat kunida ummatimning ko‘pligi bilan faxrlanaman", deganlar (Suyutiy).
Bilasan, johiliyatdagi eng xunuk ishlardan biri rizq va nomus g‘amida qiz farzandlarni tuproqqa tirik holda ko‘mish edi. Bugun ham johillar yo‘q emas. Yengil-yelpi orzu-havaslarini deb bolasini qarovsiz qo‘yadigan, xudbinona maqsadlari uchun hali homila ekan, go‘dagi joniga qasd qiladiganlar yo‘q emas. Vaholanki, farzand – Alloh taoloning ne’mati. Ne’matlar esa quvonchimiz bo‘lish bilan birga, sinovimiz hamdir. Farzandlarga johillarcha munosabat ne’matni isrof qilishdan boshqa narsa emas.
Bolajonim!
Solih, soliha farzandlar o‘stirish ajru savobi mo‘l, ikki dunyo uchun xayrli amal. Buning uchun esa, eng oldin onaning o‘zi ma’nan yetuklikka intilishi zarurligini unutma. Ortingda qoladigan farzandlar chin ma’noda sadaqai joriya bo‘lishi uchun harakat qil, o‘qib-o‘rganishdan, o‘rgatishdan to‘xtama, doimo duoda bo‘l!
ONANG