Faqirning kibri
31.10.2016 5866


عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: ثَلاَثَةٌ لاَ يُكَلِّمُهُمْ اللهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ وَلاَ يُزَكِّيهِمْ قَالَ أَبُو مُعَاوِيَةَ: وَلاَ يَنْظُرُ إِلَيْهِمْ وَلَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ: شَيْخٌ زَانٍ وَمَلِكٌ كَذَّابٌ وَعَائِلٌ مُسْتَكْبِرٌ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَحْمَدُ.

 

    Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Alloh (adolati, fazlu karami, g‘azabi va roziligi zohir bo‘ladigan) qiyomat kuni uch toifaga gapirmaydi, ularni poklamaydi (Abu Muoviya: “Ularga nazar solmaydi”, dedi) va ular uchun alamli azob bordir: zino qiluvchi qariya, yolg‘onchi podshoh va mutakabbir kambag‘al” (Muslim va Ahmad rivoyat qilgan). Hadisdagi “gapirmaydi”ni ulamolar “rozilik ila gapirmaydi yoki mutlaqo gapirmaydi”, deb tushuntirishgan. “Ularni poklamaydi”. Ya’ni, boshqa mo‘minlardan farqli o‘laroq, ular sha’niga maqtov aytmaydi yoki ularning gunohlarini avf etish bilan ma’siyatlardan poklamaydi. “Ularga nazar solmaydi”. Ya’ni, ularga rahmat, lutf va inoyat ila qaramaydi.
    Kibrlanish hech kimga: boyga ham, kambag‘alga ham joiz emas. Ammo kambag‘alning takabburligi boynikidan yomonroqdir. Sababi u kibrga biron sabab bo‘lmagan holda, o‘zida yo‘q narsalar bilan maqtanadi. Boyda esa molu davlat bo‘lgani uchun kibrga moyillik sezadi. Lekin oxiratda najot topishdan, Allohning roziligiga erishishdan umidi bor banda, boy bo‘lsin, kambag‘al bo‘lsin, qalbini kibrdan tozalaydi, kamtarlik libosini o‘ziga lozim tutadi.
     Odatda, kibrga asosan boylik, mansab-martaba va obro‘-e’tibor turk beradi. Kambag‘al odam bu narsalardan deyarli mosuvo bo‘ladi. Uning kibrlanishiga omil yo‘q, sabab yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, ayrim faqir kishilar o‘zida yo‘q narsalar bilan manmansiraydi, o‘zini katta oladi, cho‘ntagida ming so‘m puli yo‘q, xuddi boyvachchalardek tutadi o‘zini (Aslida boylarning ham kibr qilishi shar’an mumkin emas). Mansab-martaba ko‘chasini xatlab ham o‘tmagan ayrim kimsalar keriladi, xuddi bir kursini egallab turgandek o‘zini katta tutadi. Unutmaylik, boyning kibr qilishi yomon, kambag‘alning takabburligi undan ham yomon. Faqirlarning kamtar bo‘lishi yaxshi. Badavlat kishilarning tavoze’si undan ham yaxshi.

 

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: أَرْبَعَةٌ يَبْغُضُهُمْ اللهُ عَزَّ وَجَلَّ: الْبَيَّاعُ الْحَلاَّفُ وَالْفَقِيرُ الْمُخْتَالُ وَالشَّيْخُ الزَّانِي وَالإِمَامُ الْجَائِرُ. رَوَاهُ النَّسَائِيُّ وَابْنُ حِبَّانَ وَأَبُو يَعْلَى وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ.

 

    Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Alloh azza va jalla to‘rt toifani – ko‘p qasam ichuvchi savdogarni, maqtanchoq-mutakabbir kambag‘alni, qari zinokorni va zolim imomni qattiq yomon ko‘radi” (Nasoiy, Ibn Hibbon va Abu Ya’lo rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi sahih).
    Maqtanchoq kambag‘al odam Alloh yomon ko‘radigan kimsalardandir. Biroq bandaning molu davlati bo‘lib, o‘zi kamtar va saxiy bo‘lsa, bunday kishilar Alloh uchun mahbub bo‘ladilar. Ko‘p qasam ichuvchi savdogar molini o‘tkazish uchun yolg‘on qasam ichadi, “O‘zim munchaga olganman”, deb xaridorni aldaydi, dunyoning ozgina matohiga erishish uchun imonini, vijdonini sotadi. Maqtanchoq mutakabbir kibrga biron sabab bo‘lmagan holda manmanlik libosini kiyishga uringan kimsa sanaladi.
    Qari zinokor belidan kuch-quvvat ketib, shahvati susaygan bo‘lishiga qaramay, harom yo‘lga yuradigan, oilasiga xiyonat qiladigan keksadir. O‘zi zino eng manfur jinoyat sanaladi. Yoshlarning zino qilishi juda og‘ir gunoh. Lekin yoshi bir joyga borib qolgan qariyalarning zino qilishi unda ham og‘ir gunohdir. Zolim imom deganda, yolg‘onchi, va’daboz, omonatga xiyonat qiladigan, qo‘l ostidagilarga javr-zulm o‘tkazadigan boshliq nazarda tutiladi.
     Hadisi sharifda aytilishicha, Alloh taolo oxiratda mana shu toifalarga rahmat nazari bilan qaramaydi, ularni poklamaydi, ulardan nafratlanadi. Amallar hisob-kitob qilinadigan og‘ir kunda najot topaman, Allohning roziligiga erishaman, degan banda biron narsa sotayotganda halol bo‘ladi, xaridorni aldamaydi, kibr-manmanlikdan yiroq yuradi, zinoning yaqiniga ham yo‘lamaydi, odamlarga ham, o‘ziga ham zulm qilmaydi, adolat bilan ish tutadi.
    Nuh alayhissalom shunday degan: “Ey o‘g‘lim, qalbingda zarra miqdoricha shirk bo‘lgan holda qabrga kirmagin (hayot ekansan o‘zingni tuzat). Zero, kim Allohga mushrik holida yo‘liqsa, uning hujjati bo‘lmaydi. Ey o‘g‘lim, qalbingda zarra miqdoricha kibr bo‘lgan holda qabrga kirmagin. Sababi kibriyo Alloh azza va jallaning ridosidir. Kim Alloh bilan uning ridosini talashsa, U Zot o‘sha bandaga g‘azab qiladi. Ey o‘g‘lim, qalbingda zarra miqdoricha umidsizlik bo‘lgan holda qabrga kirmagin. Zero, Allohning rahmatidan faqat adashgan kimsa noumid bo‘ladi” (Manba: Imom Ahmad, “Zuhd kitobi”).

 

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: عُرِضَ عَلَيَّ أَوَّلُ ثَلاَثَةٍ يَدْخُلُونَ الْجَنَّةَ وَأَوَّلُ ثَلاَثَةٍ يَدْخُلُونَ النَّارَ فَأَمَّا أَوَّلُ ثَلاَثَةٍ يَدْخُلُونَ الْجَنَّةَ فَالشَّهِيدُ وَعَبْدٌ مَمْلُوكٌ أَحْسَنَ عِبَادَةَ رَبِّهِ وَنَصَحَ لِسَيِّدِهِ وَعَفِيفٌ مُتَعَفِّفٌ ذُو عِيَالٍ وَأَمَّا أَوَّلُ ثَلاَثَةٍ يَدْخُلُونَ النَّارَ فَأَمِيرٌ مُسَلَّطٌ وَذُو ثَرْوَةٍ مِنْ مَالٍ لاَ يُعْطِي حَقَّ مَالِهِ وَفَقِيرٌ فَخُورٌ. رَوَاهُ أَحْمَدُ وَابْنُ خُزَيْمَةَ وَابْنُ حِبَّانَ وَالْبَيْهَقِيُّ وَابْنُ أَبِي شَيْبَةَ وَسَنَدُهُ ضَعِيفٌ.

 

     Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Menga jannatga kiruvchi avvalgi uch (toifa) va jahannamga kiruvchi avvalgi uch (toifa) ko‘rsatildi. Jannatga avval kiruvchi uch (toifa): shahid, Parvardigoriga chiroyli ibodat qilgan va xo‘jayiniga xolislik (yoki nasihat) qilgan mamluk qul, iffatli, oilali bo‘la turib (tilanchilikdan) o‘zini saqlovchi kishidir. Jahannamga avval kiradigan uch (toifa): hukmronlik berilgan (zolim) amir, mol-dunyosi ko‘p bo‘la turib uning haqini ado etmagan kimsa va maqtanchoq kambag‘aldir” (Ahmad, Ibn Xuzayma, Ibn Hibbon, Bayhaqiy va Ibn Abu Shayba rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi zaif).
      Kimning jannatga avvalgilar qatorida kirishdan umidi bo‘lsa, Alloh yo‘lida jiddu juhd qilsin, Parvardigoriga xolis ibodat qilsin va iffatini saqlasin! Kim oqibati yomon bo‘lishidan qo‘rqsa, odamlarga zulm qilmasin, boyligi haqini ado qilsin, hech qachon kekkaymasin!

 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 218623
  • Sayyidul-istig‘for duosini o‘rganamiz

    Allohumma anta Robbiy la ilaha illa anta xolaqtaniy va ana abduka va ana ala ahdika va vadika mastatotu. Auzu bika min …

    17.12017 98114
  • Alloh la’natlagan pardoz

    Alloh taolo Ozi yaratgan barcha jonzotlar ichida insonni eng gozal suratda yaratganini takidlab, Quroni karimda shunday…

    19.32017 47140
  • QUR’ON tilovati

    Quron oqishdan avval poklanib oling. "Uni (Quronni) tahoratli kishilardan ozgalar ushlamaslar" (Voqea, 79). Quron oqi…

    18.82016 45553
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24735
  • 19193
  • 12926
  • 15929