Internetning zulmidan ogoh bo‘ling!
19.9.2016 6752

     XXI asr – axborot texnologiyalari asri. Aynan shu asrda axborot va kommunikatsiya sohasida misli ko‘rilmagan yangi ixtirolar paydo bo‘lib, tobora taraqqiy topmoqda. Kun sayin rivojlanib, yangilanib borayotgan sohalar ichida internet alohida o‘rin egallaydi. Mutaxassislarning aniqlashicha, avvalgi zamonlarda ixtirolarning hayotga tatbiq qilinishi uchun bir necha yillar, hattoki asrlar kerak bo‘lgan ekan. Masalan, insonlarning hayotiy ehtiyojiga aylanishi uchun kir yuvish mashinasiga 150 yil, avtomobillarga 50-70 yil kerak bo‘lgan bo‘lsa, ijtimoiy tarmoqlar va virtual aloqa vositalari bu yo‘lni o‘ta qisqa muddatda – 1 yildan oz vaqtda bosib o‘tibdi.
     Albatta bu qaysidir ma’noda texnika asrining o‘ziga xos yutug‘i bo‘lishi mumkindir. Lekin masalaning boshqa tarafi kishini o‘yga toldiradi. Kundan-kun internetdan foydalanish imkoniyatlari tobora qulaylashib, arzonlashib borayotgani ko‘plab insonlarning “og‘irini yengil qilayotgani” sir emas. Shu jumladan, terrorist va buzg‘unchilarni ham. Aynan mana shu shaxslar internetni o‘zlarining g‘oyaviy qurollariga aylantirib olishdi. Eng achinarli tomoni shundaki, avvallari o‘zlarining manfur g‘oyalarini urush, qurol yoki shu kabi vositalar orqali insonlarga singdirishgan bo‘lsa, bugunga kelib, internet orqali bir necha daqiqada minglab, millionlab insonlarni o‘z qarmoqlariga ilintirmoqdalar. Ular insonlar ongini yolg‘on axborotlar, soxta iddaolar orqali egallab kelmoqdalar. Xolbuki, muqaddas dinimizda yolg‘on gunohi kabiralardan ekanligi aytilib, uni kasb qilganlar qattiq qoralanadi: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Alloh oyatlariga iymon keltirmaydiganlar to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchidirlar” (Nahl surasi, 105).
    Global tarmoqdagi xatarlar, xususan, ijtimoiy tarmoqlar yoshlarning ma’naviy tanazzuliga sabab bo‘lmoqda. Internetda ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi saytlar tobora ko‘paymoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2015 yilga kelib buzg‘unchilik, zo‘ravonlik, ekstremizm va terrorizmni targ‘ib qiluvchi veb-saytlar soni 10000 taga yetibdi. Ammo dinimizda odamlar orasida fitna-fasod qo‘zg‘ash, iymon-e’tiqod yo‘llariga to‘sqinlik qilish va buzuq ishlar bilan mashg‘ul bo‘lish og‘ir gunohdir. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Ularga: “Yer yuzida fasod (buzg‘unchilik) qilmangiz!”, deyilsa, ular: “Albatta, biz chin islohchilarmiz”, - deydilar. Ogoh bo‘lingizkim, aynan ularning o‘zlari buzg‘unchilardir, lekin (buni o‘zlari) sezmaydilar”. (Baqara surasi, 11 -12-oyatlar.)
      Terrorchilar islom dinini niqob qilib olib, “Biz islohchilarmiz”, deya, o‘zlarining vayronkor g‘oyalariga erishmaganlarni “adashganlar”, deb, butun bir mamlakatni vayron qilishmoqda. Ular tufayli o‘nlab yurtlarda ayollar, qariyalar, murg‘ak go‘daklar o‘limi to‘xtamayapti. Natijada, yetimlar ko‘payib, qadim-qadimdan insoniyat tamaddun beshiklari bo‘lgan o‘lkalar xarobaga aylanmoqda.
    Ma’lumki, qorong‘u tunda yoritgich qayerni ko‘rsatsa, odamlar o‘sha yerga qaraydi. Odamlarning qayerga borishi yoritgich tutgan inson izmida bo‘lib qoladi. Hozirgi kundagi ijtimoiy tarmoqlarni ham ana shu yoritqichga qiyoslasak bo‘ladi. Ular orqali “ayrim shaxslar” yoshlar ongiga turli yot g‘oyalarni singdirayapti. Oxir-oqibat esa, internet orqali ularni masofadan turib boshqarishni yo‘lga qo‘yishyapti. Yoshlar orasida ommaviy tarzda foydalaniladigan “Feysbook”, “Tviitter”, “Odnoklassniki” kabi ijtimoiy tarmoqlar bugungi kunga kelib, o‘sha “ayrim shaxslar” tuzog‘iga tushgan insonlar uchun dasturul amal bo‘lib qoldi. Oddiygina misol, “Tolibon” harakati 2011-yildan boshlab o‘zining tashviqotlarini “Tvitter” orqali amalga oshirishni boshlagan bo‘lsa, “Al Qoida” terrorchi guruhi o‘zining g‘oyalarini qariyb 99% ini ushbu tarmoqlar vositasida amalga oshirar ekan. Holbuki, aynan ular zamonaviy texnologiyalarni inkor etib, ulardan foydalangan insonlarni kufrda aylab, dindan chiqqan, deb hisoblashardi.

 

“Terrorchilarning internetdagi saytlarining o‘ziga xos xususiyatlari mavjud:

 

- ular sahifa va guruhlarida o‘zlarini yagona to‘g‘ri yo‘lda yuruvchilar deb hisoblab, qolganlarni kofir sanaydilar;

 

- imon keltirmagan yoki boshqa dinga e’tiqod qiladigan har qanday kishini dushman deb ataydilar;

 

- yer yuzida adolat o‘rnatishning yagona yo‘li – go‘yo islomiy davlat qurish va shu maqsadda “hijrat” va “jihod” qilish g‘oyalarini ilgari suradilar;

 

- dunyo tanigan olimalarni qoralab, ularni yomonotliq qilib, haqoratlagan holda, o‘zlarini jinoyatchi to‘daboshilarini yagona olimlar deb hisoblashadi;

 

- ixtilof chiqaradigan masalalarni bo‘rttirgan holda o‘z sahifalarida yoritib, odamlarga o‘z qarashlari to‘g‘riligiga ishonch hosil qilishga undaydilar;

 

- o‘z sahifalarida yoritilgan fikrlarni asoslash uchun, asosan, ushbu “sanoqli ulamolardan” iqtibos keltirishadi: Muhammad ibn Abdulvahhob, Hasan al–Banno, Sayyid Qutb, Muhammad ibn Ilyos Kandehlaviy, Taqiyuddin Nabahoniy, Abdul Qadim Zallum;

 

- bundan tashqari diniy bilimi sayoz yoshlarni o‘z tuzoqlariga ilintirish uchun “o‘rgimchak to‘rida” bir nechta to‘dalar tuzib, ularni quloqqa yoqimli – “Kun hadisi”, “Salaflar hikmati”, “Tavhid” kabi nomlar bilan nomlashgan”. (“Internetdagi tahdidlardan himoya”, Aydarbek Tulepov, Movorounnahr, 2015.)

 

     Ushbu xurujlardan himoyalanishda axborot kimdan, qanday, nima maqsadda kelayotganiga e’tibor qaratishimiz lozim. Zero, Hujurot surasining 6-oyatida Alloh Taolo shunday deydi: “Ey mo‘milar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltiradigan bo‘lsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qo‘yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo‘lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko‘ringiz!”. Ushbu oyati karimaning tafsirida ulamolar bu kabi vaziyatda o‘sha ma’lumotning haqiqat ekani ma’lum bo‘lguncha kutish lozimligi, uni shoshib qabul qilish mumkin emasligini aytadilar. Agar fitna xabarlarni keltirgan insonlarga ko‘r-ko‘rona ishonilsa, davlatda notinchlik yuzaga kelib, jamoa a’zolarining birdamligi yo‘qoladi.
    Shu o‘rinda, bu holda, dinga oid savollarimizga qayerdan to‘g‘ri va ishonchli javob topamiz, degan savol tug‘ilishi mumkin. Agar siz bu borada biror ko‘makka ehtiyoj sezsangiz, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tasarrufidagi muslim.uz, mumina.uz, muxlis.uz, xatib.uz hamda diniy idoraga qarashli “uz” domenidagi boshqa saytlarga murojaat qilishingiz mumkin.
     Albatta, buzg‘unchi shaxslarning aksar qismi yosh o‘smirlarni yo‘ldan urishga harakat qilishadi. Shu sababdan, yoshlarimiz O‘zbekistonning kelajagi, ertangi kuni, hal qiluvchi kuchi,orzu-umidi ekanligini yurakdan his etgan holda ushbu kimsalarning tuzog‘idan o‘zlarini asrashlari kerak. Buning uchun esa, avvalambor, albatta o‘qish, o‘rganganlariga amal qilish hamda vaqtlarini zoye ketkazmasliklari kerak. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytganlaridek: “Banda Qiyomat kuni 4 narsadan so‘ralmaguncha, bir qadam ham oldinga siljimaydi. Bu savollardan birinchisi – umrini nima bilan o‘tkazgani, ikkinchisi – yoshlik davrida nima bilan mashg‘ul bo‘lgani, uchinchisi – mol-dunyosini qay yo‘sinda (qaysi kasb orqali) topgani va nimalarga sarflagani, to‘rtinchisi – o‘rgangan ilmiga qanday amal qilgani haqida bo‘ladi”.

 

Xadichai Kubro ayol qizlar bilim yurti 3 kurs talabasi Yusufiy Rokiya

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217260
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24619
  • 19077
  • 12846
  • 15823