Jannat rayhonlariga ozor bermang!
24.9.2016 6314

     Insoniyatga farzandni ne’mat qilib bergan Haq subhanahu va taologa beadad hamd-u sanolar, Farzandlarni asrab-avaylashga va ularni chiroyli tarbiyat qilishga buyurgan Rasululloh (s.a.v.)ga salot-u salomlar bo‘lsin. Jannat - mo‘min-muslumonlar unga doimo intilib yashaydigan va ularga beriladigan ulkan mukofat hisoblanadi. Jannatdagi har bir narsa bu dunyo hayotidan o‘n chandon, kerak bo‘lsa yuz chandon afzal sanaladi. Uning vasfi esa, Qur’oni Karimda juda chiroyli ta’riflangan. Shunday ulug‘ maskan rayhonlari -farzandlar hisoblanadi. 
     Farzand – inson hayotining mazmuni, nasl-nasabini davom ettiruvchisi, oilaning mustahkam zanjiri. Yaxshi, solih farzand – ota-onaning baxt-iqboli, ikki dunyo saodatiga yetkazuvchi dilbandidir. Uni asrab- avaylash berilgan ne’matni shukrini ado qilish desak, menimcha mubolag‘a bo‘lmaydi. Farzandlar beg‘ubor va mehrga muhtojdir. 
     Bizning yurtimizda farzandlar salomatligi, ularning bilim olishi, emin-erkin unib-o‘sishi doimo dolzarb masalalar qatoridan joy egallaydi. Hozirgi kunda yurtimizda ular uchun sport maskanlari, ilm dargohlari va dam olish oromgohlari kundan kunga ko‘payib bormoqda. Bu yil “Sog‘lom ona- sog‘lom bola” yili munosabati bilan juda ko‘p islohotlar amalga oshirildi. Bu esa, Prezidentimizning: “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bizdan ko‘ra bilimli, bizdan ko‘ra dono va albatta bizdan ko‘ra baxtli bo‘lishlari lozim” degan so‘zlarini bevosita tasdiqlab kelmoqda. 
     Ammo, ming afsuslar bilan aytamiz-ki, ko‘zlarimiz oq-u qorasi, kelajagimiz poydevori bo‘lgan beg‘ubor bolalarni o‘z manfur maqsadlari yo‘lida halok qilayotgan berahm va imonsiz kimsalar ham yo‘q emas albatta. Bu insofsiz kimsalar hali yaxshi va yomonni ajratishni bilmay, endi hayotga qadam qo‘yayotgan qalbi pok bo‘lgan bolalarga portlovchi moddalar o‘rnatib, insoniyat halok bo‘lishini chetdan tomosha qilishni musulmonchilikdan deb hisoblaydilarmi?! 
     Yo‘q!!! Islom dini - tinchlik, osoyishtalik dini. Islom dini farzandlarga ozor berishdan qaytaradi. Nafaqat farzandlar, balki, barcha inson zotiga ozor berish hattoki, unga aziyat beruvchi biror so‘z aytishiga ham yo‘l qo‘ymaydi. Rasululloh (s.a.v.)dan rivoyat qilingan bir hadisda: “Komil musulmon boshqa musulmonlar uning tili va qo‘lidan ozor chekmaydiganlaridir”-dedilar. Agar bu manfur kimsalar o‘zlarini “musulumon” deb atashsa, qani? qaysi ishlari bizning dinimiz qoidalariga to‘g‘ri kelyapti. Ularning insoniylikdan, dindan, bugungi kun hayotidan ancha yiroqda ekanliklari ma’lum bo‘lib turibdi-ku! 
     Hozirgi kunda dinni niqob qilib olgan IShID terroristik guruhi xotin-qizlarni bozorda narxlashlari, qizlarni xorlashlari hech qaysi islom mezonlariga to‘g‘ri kelmaydi. Ammo, bu kimsalar uchun bu shafqatsizliklarning bari oddiy hol hisoblanadi. Hattoki yosh go‘daklarni ham o‘zlarining maxsus lagerlarida vaxshiylikka, shafqatsizlikka o‘rgatib, ularni berahm qilib tarbiyalashlari juda achinarli holatdir. Ulardan qochgan bir insonning aytishicha: “Suriyaning Raqqa shahrida oltita maxsus lager bo‘lib, undan har haftada 25-30 bola to‘liq harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, “jallod” bo‘lib yetishib chiqadi. Ular bu lagerda amaliy mashg‘ulot sifatida asirga tushgan tirik insonlardan foydalanishadi”. 
     Dono xalqimiz aytgandek, bola oppoq qog‘ozga o‘xshaydi. Unga nimani tushirsangiz, shuni o‘qisiz. Unga go‘zal satrlar bitsangiz, uni har qo‘lingizga olganingizda huzur-halovat olasiz. Ammo aksi bo‘lsa, uni o‘chirib tashlashni hech ham iloji yo‘q. Agar ming mehnat bilan uni o‘chirsangiz ham u avvalgidek, oppoq bo‘lmaydi, yozilganlardan qolgan dog‘lar qoladi. 
    Bizning bu yo‘ldagi hizmatimiz - farzandlarimizga chiroyli tarbiya berish, uni teran fikr sohibi bo‘lishi va jamiyatda o‘z o‘rnini egallashiga yordam berishimiz zarur. Ularga bu ne’matlarni shukrini ado qilish - mustaqillikni mustahkamlash va yurt ravnaqi uchun o‘z hissasini qo‘shishi bilan bo‘lishini tushuntira bilishimiz lozim! 

 

Xadichai kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti 4-kurs talabasi Alisherjonova Mohiraxon

Kun oyati

(Ey Muhammad,) oz jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bolmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magfirat qilur.…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217258
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24618
  • 19077
  • 12846
  • 15823