Qo‘shniga yaxshilik qilish
25.12.2016 10612

     “Hovlidan oldin qo‘shni”, “Hovli olma qo‘shni ol”. Bular odamlar orasida yoyilgan maqollardir. Darhaqiqat, hovlining bahosi qo‘shnining qadriga, qandayligiga bog‘liq. Solih qo‘shni kishining saodatidandir. 


Islomda qo‘shniga yaxshilik qilishning fazli 

 

     Islom dini qo‘shnining haqqini ulkan qildi. Jabroil alayhissalom Nabiy sollallohu alayhi vasallamga qo‘shniga yaxshilik qilish haqida shunaqangi ko‘p gapirdilarki, hatto Nabiy sollallohu alayhi vasallam shariat qo‘shnini ham meros oladiganlar qatoriga qo‘shsa kerak, deb o‘yladilar. 
    Bir hadisda bu haqida shunday deyilgan: “Jibril menga qo‘shniga yaxshilik qilish haqida to‘xtamay gapiraverdi, hatto men “Qo‘shnini ham merosxo‘r qilsa kerak” deb o‘yladim”. Qur’onda qo‘shniga yaxshilik qilish haqida ko‘plab oyatlar bor. Alloh taolo Qur’onda marhamat qilib shunday degan: “Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo‘shni-yu begona qo‘shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo‘lovchi (musofir)ga va qo‘l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi” (Niso, 36). 
    Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam qo‘shniga yaxshilik qilish, uni ikrom qilishga qanday undaganlariga nazar soling! U zot sollallohu alayhi vasallam: “Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, banda, to o‘ziga yaxshi ko‘rgan narsani qo‘shnisiga ham yaxshi ko‘rib, ravo ko‘rmaguncha komil mo‘min bo‘lmaydi” deganlar. 
     Qo‘shnisiga yaxshilik qiladigan kishi Allohning nazdida insonlarning eng yaxshisi bo‘ladi. Bunga ushbu hadis dalil: “Allohning nazdida do‘stlarning yaxshisi do‘stlariga yaxshilik qiluvchisidir. Allohning nazdida qo‘shnilarning yaxshisi qo‘shnisiga yaxshilik qiluvchisidir”. 
      Xo‘sh, qo‘shni kim? Qo‘shni – sizga yondosh bo‘lgani, uyi uyingizga tutashganidir. U musulmon bo‘ladimi yoki kofir bo‘ladimi, sizga uyi tutashgan bo‘lsa, qo‘shni hisoblanadi. Qo‘shnichilikning chegarasi haqida ulamolar turli gaplarni aytganlar. Urfga ko‘ra, bir mahallada yashayotgan kishilar o‘zlariga qancha xonadonni qo‘shni deb bilsalar, shular qo‘shni hisoblanadi. Qo‘shnilar o‘z martabalariga ko‘ra tafovut qiladilar. Musulmon va qarindosh qo‘shnilar bor, musulmon, ammo qarindosh bo‘lmagan qo‘shnilar bor, musulmon emas, ammo qarindosh qo‘shnilar bor, musulmon ham, qarindosh ham bo‘lmagan qo‘shnilar bor. Bularning hammasi ko‘plab huquqlarda ishtirok etsalar ham, ba’zilari o‘zlarining holatlari va martabalari e’tiboridan boshqalaridan ziyodaroq huquqlarga ega bo‘ladilar. 


Qo‘shnichilikning ko‘rinishlari 

 

    Ko‘pchilik insonlar qo‘shni deganda faqat hovli qo‘shnichiligini tushunadilar. Albatta, bu ham qo‘shnichilikning ko‘rinishlaridan biri. Lekin yana shunday turlar ham borki, ular ham qo‘shnichilik hisoblanadi. Ishdagi qo‘shnichilik, bozordagi qo‘shnichilik, dehqonchilikdagi qo‘shnichilik, maktab kursisidagi qo‘shnichilik va boshqa qo‘shnichiliklar. 

 

Qo‘shnining haqlari: 

 

    Shubha yo‘qki, qo‘shnining o‘z qo‘shnisida ko‘plab haqlari bor. Quyida eng muhim haqlarga ishora qilamiz:

     Salomiga alik olish va chaqirgan joyiga borish. 
     Bular garchi musulmonlarning bir-birlari zimmalaridagi umumiy haqlaridan bo‘lsa ham, qo‘shnichilik borasida yanada ta’kidliroq bo‘ladi. Chunki, bir-biriga salom berish, to‘y va boshqa marosimlarga chaqirganda borish qo‘shnichilikni mustahkamlaydigan, qo‘shnilarning bir-biriga mehru muhabbatini, ulfatligini kuchaytiradigan omillardandir. 
     Qo‘shniga ozor berishdan tiyilish 
   Darhaqiqat, bu qo‘shnichilikdagi eng katta haqlardan biri. Birovga ozor berish umumiy holatda harom bo‘lsa-da, qo‘shnichilik borasida bu ishning haromligi yanada qattiqlashadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam qo‘shniga ozor berishdan qattiq qaytarganlar. Bu qaytariqlar turli uslublarda bo‘lgan. Quyidagi hadislarda diqqat bilan nazar solaylik: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Allohga qasamki, mo‘min bo‘lmaydi. Allohga qasamki, mo‘min bo‘lmaydi. Allohga qasamki, mo‘min bo‘lmaydi” dedilar. “Kim, ey Allohning Rasuli?” deyildi. Yomonliklaridan qo‘shnisi omonda bo‘lmagan kishi” dedilar. 
    Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga: “Ey Allohning Rasuli! Falon ayol kechasi namoz o‘qiydi, kunduzi ro‘za tutadi, tilida qo‘shnisiga ozor beradigan narsa bor” deyilganda, u zot alayhissalom: “U ayolda yaxshilik yo‘q. U ayol do‘zaxdadir” deganlar. Boshqa bir hadisda: “Yomonliklaridan qo‘shnisi omonda bo‘lmagan kishi jannatga kirmaydi” deganlar.

     Qo‘shnining ozoriga sabr qilish 

   Albatta, bu muruvvatli, oliyhimmat kishilarning axloqidandir. Zero, ko‘pchilik boshqalarga ozor berishdan tiyila oladi. Ammo boshqalardan yetgan ozorga savob umidida sabr qilish, u ozorlarga bardosh berish oliyjanob insonlarning qo‘lidan keladi. 
      Alloh taolo Qur’onda shunday deb marhamat qilgan: “Siz (ular qilayotgan) yomonlikni go‘zal (so‘zlar) bilan daf eting!” (Mu’minun, 96). Yana bir oyatda Alloh taolo bunday deb marhamat qilgan: “Albatta, kimki (aziyatlarga) sabr qilsa va (Alloh uchun) kechirib yuborsa, albatta, bu puxta ishlardandir” (Sho‘ro, 43). 
     Hasan Basriy rahimahullohdan quyidagi gap rivoyat qilingan: “Yaxshi qo‘shnichilik ozor berishdan tiyilish emas, balki, yaxshi qo‘shnichilik ozorga sabr qilishdir”. 

Qo‘shnining ahvolidan xabardor bo‘lib turish va hojatlarini ravo qilish 

 

     Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Yon qo‘shnisi ochligini bila turib, qorni to‘q holda tunagan kishi menga iymon keltirmabdi”. Salafi solihlar qo‘shnilaridan xabar olib, ularning haojatlarini ravo qilishga shoshardilar. 
    Solihlardan birlariga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalarining biridan hadya keldi. Hadyani olgan kishi uni qo‘shnisiga yubordi. Shu tarzda hadya o‘nta hovlini aylanib chiqib, yana birinchi kishiga qaytib keldi. 
     Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo qo‘y so‘yganlarida, xizmatkorlariga: “Agar go‘shtni teridan ajratsang, (berishni) yahudiy qo‘shnimizdan boshlagin!” deganlar. Mo‘minlarning onasi Oisha roziyallohu anho Rasululloh sollalohu alayhi vasallamdan: “Mening ikkita qo‘shnim bor. Ularning qaysi biriga hadya beray?” deb so‘raganlarida, u zot alayhissalom: “Eshigi senikiga yaqinrog‘iga” deb javob berganlar. 

 

Qo‘shnini satr qilish va obro‘sini saqlash 

 

     Bu ham eng muhim qo‘shnichilik haqlaridan biridir. Qo‘shnichilikda bir-birining uyiga kirish holatlari ko‘p bo‘ladi. Ana shunday kezlarda qo‘shnisining hovlisiga kirgan odam ko‘zini tiyishi, qo‘shnisining uyida biror noma’qul ishni ko‘rsa, uni satr qilishi lozim bo‘ladi. Bu ishni qilayotganda, “Agar shunday qilsam, Alloh meni dunyo va oxiratda satr qiladi” degan narsani his qilish kerak. Ammo qo‘shnining satrni yirtsa, ko‘rgan noma’qul narsasini atrofga yoyadigan bo‘lsa, o‘zini qilgan ishining jinsidan bo‘lgan jazoga ro‘para qilibdi. Arablar johiliyat paytida qo‘shnilarining obro‘sini saqlab, ularni satr qilib yurishlaridan faxrlanar edilar. 
    Xulosa o‘rnida shuni aytamizki, jamiyatning saodati, birdamligi, aholi o‘rtasida muhabbatning keng yoyilishi yuqorida sanab o‘tilgan va boshqa ko‘plab qo‘shnichilik haqlarini o‘z o‘rniga qo‘yish bilan bo‘ladi. Hozirgi paytda shu huquqlar borasida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Hatto yonma-yon qo‘shnisining ismini bilmaydigan qo‘shnilar bor. Qo‘shnisiga to‘xtovsiz ozor beradiganlar, qo‘shnisiga xiyonat qiladiganlar, qo‘shnisining qorni och-to‘qligi bilan ishi bo‘lmaydiganlar bor. Bu ishlar kabira gunohlardandir. 
     Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: “Qaysi gunoh kattaroq?” deb so‘raldi. “Qo‘shningning xotini bilan zino qilishing” deb, bu ishni eng katta va og‘ir gunohlar qatorida sanadilar. Allohdan biz musulmonlarni qo‘shnichilik haqlariga rioya etishimizga yordam berishini so‘raymiz. Olamlarga rahmat qilib yuborilgan zotga va u kishining oilalari hamda sahobalarining barchalariga Allohning salomi, salovoti va barakoti bo‘lsin! 

 

Mohir Sayyidning “Qo‘shniga yaxshilik qilish” maqolasidan Nozimjon Hoshimjon tarjimasi 

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217237
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24617
  • 19075
  • 12844
  • 15820