Yahyo ibn Muoz ar-Roziy
24.3.2016 6728

     Abu Zakariyo Yahyo ibn Muoz ar-Roziy hijriy 258, milodiy 872 yilda vafot etgan. Rayda yashagan. Keyin Balxga safar qilgan. U yerda bir muddat turgan. Keyin Naysoburga safar qilgan. O‘sha yerda yashab, vafot etgan.
     Ular uch o‘g‘il edilar: Ismoil, Yahyo va Ibrohim. Ismoil eng kattalari edi. Yahyo o‘rtanchalari, Ibrohim esa eng kichiklari edi. Barcha aka-ukalar zohid edilar. Xatib Bag‘dodiy o‘zining asarlaridan birida Yahyo haqida shunday deydi: “U zamonasining hakimi edi. Odamlar uning gaplarini yozib olganlar, talaffuz qilgan jumlalarini jamlaganlar”.
      Sulamiy o‘zining “Tabaqot as-sufiyya” asarida u haqida shunday degan: “U ustunlardan biri edi. U o‘z davrining o‘z sohasidagi yagonasi edi”. U haqida Ibn Nadim o‘zining “Al-Fehrist” asarida shunday degan: “U tunlari kam uxlab, ko‘p ibodatga sho‘ng‘uvchi zohidlardan edi. U obid (ibodatgo‘y) bo‘lib, bir qancha suhbatdoshlari bor edi”.
       Yana u haqida Zahabiy o‘zining “Tariyx al-islam” va “Al-ibar fiy axbari man g‘obar” asarida shunday deydi: “Yahyo ibn Muoz zohid, orif bo‘lib, solih obid, zamonasining donishmandi, asrining voizi edi”.
       Yana u kishi haqida Qazviniy o‘zining “Osor al-bilod va axbar al-ibod” asarida shunday degan: “U o‘z davrining shayxi, va’zda tili fasohatli, odamlar tarafidan qabul qilingan zot edi”.
“Hadyatul orifiyn” asarida shunday deyilgan: “U tasavvuf kishilaridan bo‘lib, zohid, voiz edi”.

 


Ustozlari

 


     Abu Tolib Makkiy “Qut al-qulub”da, G‘azoliy “Ihyo”da, Qazviniy “Osor al-bilod va axbor al-ibod”da uning ustozi Abu Yazid Bastomiy bo‘lganini aytgan. Qazviniydan naql qilinadi: “Yahyo ibn Muoz oriflar ziynati Abu Yazid Bastomiyga bog‘landi. Unda aqlni lol va hayron qoldiradigan narsalarni ko‘rdi va fazl Allohning qo‘lida ekanini, uni xohlagan bandasiga berishini bildi. Bas, uning xizmatini lozim tutdi va undan ajoyib hikoyalar zikr qildi”.
      Xatib Bag‘dodiy “Tarixu Bag‘dod” va boshqa asarida, Ibn Javziy “Muntazam”da, Zahabiy “Tarix al-Islam”da shunday deydi: “U Ishoq ibn Sulaymon ar-Roziydan, Makkiy ibn Ibrohim al-Balxiydan va Ali ibn Muhammad at-Tanofusiydan ilm eshitdi (o‘rgandi)”.



Shogirdlari va undan rivoyat qilganlar

 

 

      Shogirdlari va rivoyat qiluvchilari ko‘p bo‘lgani uchun sanashning imkoni yo‘q. Ular nomma-nom bir qancha asarlarda keltirib o‘tilgan. Jumladan: Abu Nuaymning “Hulya”sida, uning muxtasari “Sifat as-sofva”da, “At-tadvin fiy axbari Qazvin”da, “Tarixu Bag‘dod”da, “Shu’abul iymon”da, “Az-zuhd al-kabir”da, “Al-muntazam”da, “Tabaqot as-sufiyya”da, “Mu’jam al-buldon” va boshqa asarlarda keltirilgan.
     Shogird va rivoyat qiluvchilarni qisqacha keltiradigan bo‘lsak, ular quyidagilardir: Ismoil ibn Husayn Sufiy Qazviniy, Ahmad al-Molikiy, Ja’far ibn Namiyr Qazviniy, Hasan Domg‘oniy, Hasan ibn Ali ibn Yahyo, Sirriy ibn Sahl, Abdulloh ibn Solih, Tohir ibn Ismoil, Abdulloh ibn Sahl Roziy, Abdulloh ibn Muhammad ibn Vahb, Muhammad ibn Ismoil ibn Muso, Muhammad ibn Husayn Balxiy, Abu Usmon Zohid, Abul Abbos Roziy, Abu Muhammad Iskof, Abu Ya’qub Qori va boshqalar.

 


Asarlari

 



     Tarixchilar va biograflarning so‘zlariga ko‘ra, uning “Kitob al-muriydiyn” asari borligi aytiladi. “Al-Fehrist” asarida esa, kitobning nomi aslida “Murod al-muriydiyn” ekani aytiladi. Bundan tashqari yana “Al-munojot van navh” degan kitobi ham borligi aytiladi.




Foydali ma’lumot

 



      Yahyo ibn Muoz nomi bilan tanilgan ulug‘ zotlar 3 ta bo‘lgan. Xatib Bag‘dodiy va Ibn Javziylar buni o‘zi asarlarida aytib o‘tishgan. Xatib Bag‘dodiy aytadi: “Yahyo ibn Muozlar 3 tadir. 1. Yahyo ibn Muoz ibn Muslim Naysoburiy. U obid kishi bo‘lib, Abdussomad ibn Ali ibn Abdulloh ibn Abbosdan hadis rivoyat qilgan. Undan o‘g‘li Sulaymon rivoyat qilgan. 2. Yahyo ibn Muoz Abu Zakariyo Roziy. U voiz va zamonasining hakimi edi. Odamlar uning so‘zlarini yozib olganlar va uning lafzlarini jamlaganlar. U Ishoq ibn Sulaymon Roziy, Makkiy ibn Ibrohim Balxiy va Ali ibn Muhammad Tonofusiydan qisqa hadislar rivoyat qilgan. Undan Hasan Domg‘oniy va boshqalar rivoyat qilishgan. 3. Yahyo ibn Muoz ibn Horis Tustariydir”.
      Ibn Javziy aytadi: “Yahyo ibn Muoz ismi bilan nomlanganlar 3tadir. Birinchisi Naysoburiy, ikkinchisi Roziy, uchinchisi Tustariy. Bulardan tashqari yana shunday nom bilan nomlanganlar ham bor. Ammo faqat shu uchtalari bilan cheklaniladi. Chunki bulardan hadis rivoyat qilingan. Bulardan boshqa yana amirlikka va adabga nisbat beriladiganlar ham bor. Ularning xabarlari Abul Farajning “Ag‘oniy” kitobida kelgan. Asfahoniy Abu Nuvosning Yahyo ibn Muoz ismli sherigi bo‘lganini zikr qilgan. Zahabiy “Tarix”da shunday deydi: “Yahyo ibn Muoz Jaziraning voliysi bo‘lib, u Ma’munning yirik qo‘mondonlaridan biri edi. 206 hijriy sanada vafot etgan”.




Foydalanilgan adabiyotlar

1. “Hulyatul avliyo”.
2. Ibn Nadim. “Al-Fehrist”.
3. Abu Abdurrahmon Sulamiy. “Tabaqot as-sufiyya”.
4. Ibn Mulaqqan. “Tabaqot al-avliyo”.
5. Abdurrouf Munoviy. “Al-kavokib ad-durriyya fiy tarojim as-sadat as-sufiyya”.
6. Ibn Imod Hanbaliy. “Shazarot az-zahab”.
7. Bag‘dodiy. “Hadyat al-orifiyn”.
8. Zirkliy. “Al-A’lom”.



Internet materiallaridan Nozimjon Iminjonov tarjima qildi

Kun hadisi

Oziga aloqasi bolmagan narsalar bilan shugullanmaslik kishining Islomi gozalligidan darakdir (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis). Izoh: Ushbu hadis…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217078
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар

24599
  • 19064
  • 12832
  • 15802