Ассалому алейкум
Mavzu:

To‘satdan kelgan o‘lim yaxshimi yoki yomon? 27.07.2016

Savol:

Assalomu alaykum! Sizga bir savolim bor edi: musulmon kishi uchun to‘satdan kelgan o‘lim yaxshi, degan gapni eshitgandim. Shu gap to‘g‘rimi? Savolim noo‘rin bo‘lsa, uzr!

Bo`lim Aqida
10903
Javob:

Va alaykum assalom. Hadisi shariflarda to‘satdan keluvchi o‘lim haqida ma’lumotlar bor. Bu bobdagi ayrim rivoyatlarni o‘rganish orqali dinimizda mazkur masalaga qanday qaralishini bilib olamiz. 

 

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا أَنَّ رَجُلا قَالَ لِلنَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: إِنَّ أُمِّي افْتُلِتَتْ نَفْسُهَا وَأَظُنُّهَا لَوْ تَكَلَّمَتْ تَصَدَّقَتْ فَهَلْ لَهَا أَجْرٌ إِنْ تَصَدَّقْتُ عَنْهَا قَالَ: نَعَمْ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ.

 

   Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinishicha, bir kishi Nabiy sollallohu alayhi va sallamga: “Mening onam to‘satdan vafot etdi. O‘ylashimcha, agar biron narsa deganida, sadaqa ber(ishni vasiyat qil)ardi. Shuning uchun uning nomidan sadaqa bersam bo‘ladimi?” dedi. Shunda u zot: “Ha”, dedilar (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Nasoiy rivoyati). 
Bu rivoyatda to‘satda keluvchi o‘lim bandani vasiyat qilishdan, gunohlariga tavba qilib, o‘lim oldidan solih amallarni bajarish imkonidan mahrum etishi aytilmoqda. Shu ma’noda kutilmaganda keladigan o‘limdan panoh so‘raladi. 

 

عَنْ عَبْدِ اللهِ قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: إِنَّ نَفْسَ الْمُؤْمِنُ تَخْرُجُ رَشْحًا وَلا أُحِبُّ مَوْتًا كَمَوْتِ الْحِمَارِ قِيلَ: وَمَا مَوْتُ الْحِمَارِ قَالَ: مَوْتُ الْفَجْأَةِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَالطَّبَرَانِيُّ وَسَنَدُهُ ضَعِيفٌ.

 

   Abdulloh ibn Mas’udroziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Mo‘minning joni ter oqqan holdan chiqadi. Men eshakning o‘limi kabi o‘limni xushlamayman”, deganlarini eshitdim. Shunda: “Eshakning o‘limi qanday bo‘ladi?” deb so‘raldi. U zot: “To‘satdan o‘lib qoladi”, dedilar” (Termiziy va Tabaroniy rivoyati. Rivoyat sanadi zaif). 
Ushbu rivoyatda mo‘min bandaning joni terlagan holida chiqishi, to‘satdan keluvchi o‘lim yaxshi emasligi ma’lum qilinmoqda. 

 

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرِو بْنِ الْعَاصِي أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ اسْتَعَاذَ مِنْ سَبْعِ مَوْتَاتٍ: مَوْتِ الْفَجْأَةِ وَمِنْ لَدْغِ الْحَيَّةِ وَمِنْ السَّبُعِ وَمِنْ الْحَرَقِ وَمِنْ الْغَرَقِ وَمِنْ أَنْ يَخِرَّ عَلَى شَيْءٍ أَوْ يَخِرَّ عَلَيْهِ شَيْءٌ وَمِنْ الْقَتْلِ عِنْدَ فِرَارِ الزَّحْفِ. رَوَاهُ أَحْمَدُ وَالطَّبَرَانِيُّ وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ.

 

    Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yetti xil o‘limdan: to‘satdan keluvchi o‘limdan, ilon chaqishi yoki yirtqich hayvon tishlashi sababli o‘lishdan, o‘tda yonib, suvda cho‘kib, biron narsa ustiga yiqilib tushib yoki biron narsa bosib qolib o‘lishdan va jangdan qochayotganda o‘lishdan panoh so‘raganlar (Ahmad va Tabaroniy rivoyati. Rivoyati sanadi sahih). 
      Mana shu rivoyatning sanadini zaif deganlar ham bor. Sababi sanadda Ibn Lahiy’a bor. U haqida bir nimalar aytilgan. Bu rivoyatga ko‘ra, Nabiy sollallohu alayhi va sallam yetti xil o‘limdan panoh so‘raganlar. Ular orasida to‘satdan o‘lish ham bor. Shunday ma’lum bo‘ladiki, umuman olganda to‘satdan o‘lish yaxshi sanalmaydi. 

 

عَنْ عَائِشَةَ قَالَتْ: سَأَلْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَنْ مَوْتِ الْفَجْأَةِ فَقَالَ: رَاحَةٌ لِلْمُؤْمِنِ وَأَخْذَةُ أَسَفٍ لِفَاجِرٍ. رَوَاهُ أَحَمَدُ وَالْبَيْهَقِيُّ وَسَنَدُهُ ضَعِيفٌ.

 

   Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan to‘satdan o‘lish haqida so‘ragandim, u zot: “U mo‘minga rohat, fojirga nadomatdir (yoki g‘azablanish ila olishdir)”, dedilar” (Ahmad va Bayhaqiy rivoyati. Rivoyat sanadi zaif). Mana shu rivoyatdan kelib chiqib, ba’zilar: “Bu har kimning holatiga qarab turlicha bo‘ladi”, deyishgan. Chunonchi, gunohlardan tiyilgan, bandalik vazifasini mukammal bajarib, oxirat uchun yetarlicha tayyogarlik ko‘rgan mo‘min banda uchun to‘satdan o‘lish rohatdir. Bu bilan u dunyo qiyinchiliklaridan qutuladi, Allohning marhamatiga erishadi. Gunohlarga botgan fojir uchun kutilmaganda kelgan o‘lim hasrat-nadomatdan boshqa narsa emas. Sababi u ibodatlarni bajarmagan, gunoh-ma’siyatga botgan, bandalik vazifalarini tugal bajarolmagan va tavba qilishga ulgurmagan bo‘ladi. Mana shu sabab osiy banda ajal bilan yuzlashganda nadomat chekadi. 
    Bunda musulmon banda nazarda tutiladi. Ammo kofir xoh betob bo‘lib to‘shakka mixlangan holda o‘lsin, xoh to‘satdan joni uzilsin, farqi yo‘q: imoni bo‘lmagani uchun, Allohga va oxirat kuniga ishonmagani uchun azobga yo‘liqadi. Alloh bizlarga haqiqiy musulmon bo‘lib yashab, shu holda dunyoni tark qilishni nasib etsin! (Manba: “Fathul boriy”, “Avnul ma’bud”, “Tuhfatul ahvaziy”).

Kun hikmati

Keliniga zulm qilayotgan qaynonalar "Hargiz Alloh zolimlar qilayotgan amallardan gofil, deb hisoblama!" (Ibrohim surasi: 42) oyatini yodiga keltirsin…

Kitoblar
Eng ko`p o`qilgan maqolalar
Istixora duosi

Istixora sozi lugatda yaxshilik sorash manosini bildiradi. Shariy istilohda, bandaning namoz oqish yoki duo qilish bil…

8.112015 217722
Энг кўп ўқилган савол-жавоблар
To‘satdan kelgan o‘lim yaxshimi yoki yomon? 27.07.2016

Assalomu alaykum! Sizga bir savolim bor edi: musulmon kishi uchun tosatdan kelgan olim yaxshi, degan gapni eshitgandim. Shu gap togrimi? Savolim noorin bolsa, uzr!

10903